toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 05.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 5-iyundagi 1339-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 10, 14 va 16-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Istamov zimmasiga yuklansin.
Rais M. ABDUSALOMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-oktabr,
966-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 22-oktabrdagi 966-sonli qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (bundan buyon matnda Saylov kodeksi deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Konsullik ustaviga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish, uchastka saylov komissiyalarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
I bob. Xorijdagi saylov uchastkalarini tuzish tartibi
1. Saylov kampaniyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari (bundan buyon matnda diplomatik vakolatxona deb yuritiladi) huzurida saylov uchastkalari (bundan buyon matnda xorijdagi saylov uchastkasi deb yuritiladi) tuzilishi mumkin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijdagi saylov uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda TIV deb yuritiladi) joylashgan hududdagi saylov okrugiga biriktiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylovlarida xorijdagi saylov uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda MSK deb yuritiladi) tomonidan TIV bilan kelishilgan holda tegishli saylov okruglariga biriktiriladi.
3. TIV xorijdagi saylov uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnomani MSKga saylovga kamida oltmish besh kun qolganida, ayrim hollarda esa saylovga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Xorijdagi saylov uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnoma saylovga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritilgan taqdirda ushbu taqdimnoma bilan bir vaqtda tegishli okrug saylov komissiyasiga diplomatik vakolatxonalar huzuridagi uchastka saylov komissiyasi (bundan buyon matnda xorijdagi uchastka saylov komissiyasi deb yuritiladi) aʼzoligiga nomzodlar ham tavsiya etiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
4. Xorijdagi saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi.
Zarur hollarda xorijdagi saylov uchastkalarining saylovchilar roʻyxatidagi saylovchilar soni belgilangan miqdordan kam yoki ortiq boʻlishi mumkin.
5. Diplomatik vakolatxonalar rahbarlari tomonidan xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga ovoz berish xonalari bepul taqdim etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
6. Diplomatik vakolatxonalar tomonidan xorijdagi saylov uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Ushbu maʼlumotlarda quyidagilar aks etgan boʻlishi lozim:
xorijdagi saylov uchastkasining tartib raqami;
xorijdagi saylov uchastkasi joylashgan manzil;
xorijdagi uchastka saylov komissiyasi telefon raqami.
Ushbu maʼlumotlar MSK va diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtiriladi.
7. Xorijdagi saylov uchastkalarida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlar boʻyicha ovoz berish tashkil etilmaydi.
II bob. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalarini tuzish tartibi
8. TIV xorijdagi uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni saylov uchastkasi biriktirilgan tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun saylovdan kamida ellik kun oldin tavsiya etadi.
9. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida qirq kun qolganida besh — oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini diplomatik vakolatxonalarning rahbarlari, rahbar tayinlanmagan boʻlsa, diplomatik xodimi amalga oshiradi.
Agar komissiya yetti nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining soni zarur hollarda (ish yuklamasi oʻzgargan va boshqa hollarda) koʻpaytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
10. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari shakllantirilgandan soʻng ularga MSK TIV orqali saylovlarni tashkil etish uchun zarur boʻlgan saylovga oid hujjatlarni, xususan, saylov byulletenlari, saylov qutilari, yashirin ovoz berish kabinalari, xorijdagi uchastka saylov komissiyasining muhri, plastmassali plombalar va boshqalarni yetkazib berish hamda topshirishni tashkil etadi.
III bob. Xorijdagi fuqarolarni saylovchilar roʻyxatiga kiritish
11. Xorijdagi saylov uchastkalari boʻyicha saylovchilarning roʻyxatlari diplomatik vakolatxonalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Shuningdek, xorijda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar, ularning murojaatlariga asosan xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.
12. Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash joyi manzili (vaqtincha yoki doimiy yashash manzili) kiritiladi.
13. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.
14. Chet davlatlarda turgan fuqarolar oʻzini saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovga kamida oʻn besh kun qolguniga qadar xorijdagi uchastka saylov komissiyalariga yozma shaklda yoki TIVning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
15. Saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatda fuqaro qoʻyidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi lozim:
familiya, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq pasport raqamidan aniqlashtiriladi);
tugʻilgan sanasi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi oxirgi doimiy yashash manzili (agar mavjud boʻlsa);
chet davlatdagi yashash manzili;
bogʻlanish uchun telefon raqamlari.
Murojaatga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining (nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik), fotosurati boʻlgan va manzili (agar mavjud boʻlsa) koʻrsatilgan varaqlari nusxasi ilova qilinadi.
Saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida TIVning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilinganda saylovchilar elektron shaklda koʻrsatilgan maʼlumotlarni kiritadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
16. Xorijdagi uchastka saylov komissiya aʼzosi fuqaroning saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroning maʼlumotlari boʻyicha roʻyxatga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
Fuqaro mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni toʻliq taqdim etmagan taqdirda, xorijdagi uchastka saylov komissiyasi fuqaroga maʼlumotlarni toʻldirish imkonini beradi. Agar fuqaro ushbu maʼlumotlarni toʻliq taqdim etmasa, xorijdagi uchastka saylov komissiyasi fuqaroni saylovchilar roʻyxatiga kiritilmaganligi haqida xabardor qilish choralarini koʻradi.
17. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylovchilar roʻyxatiga qoʻshimcha kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni TIVga taqdim etadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
TIV oʻz navbatida saylovchilar roʻyxatiga qoʻshimcha kiritilgan saylovchilar haqidagi maʼlumotlarni umumlashtirilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim qiladi.
18. TIV Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilari roʻyxatiga qoʻshimcha kiritilgan saylovchilar haqidagi maʼlumotlarni, yaʼni elektron shaklda jismoniy shaxsning identifikatsiya raqamini (u mavjud boʻlmaganda — fuqaro pasportining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek saylovchining tugʻilgan sanasi (yyyy.oo.kk), jinsi, millati), familiyasi, ismi va otasining ismini (davlat tilida, lotin yozuvida), fuqaroning xorijdagi yashash manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuboradi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
19. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi roʻyxat bilan tanishish usullari, joyi va vaqti toʻgʻrisida saylovchilarni xabardor etadi.
20. Har bir fuqaro saylovchilar roʻyxatidagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi, xato va noaniqliklarni bartaraf etishi yoki murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi toʻgʻrisida asoslangan javob berishi shart.
21. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovdan oʻn besh kun oldin oʻz hududidagi saylovchilarning roʻyxatini chop etadi va saylovchilar tanishib chiqishi uchun taqdim etadi.
22. Fuqarolarga TIV va diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari va binolarida ularning ichki tartib qoidalari va rejimini inobatga olgan holda saylovchilar roʻyxati bilan tanishish imkoniyati taʼminlanadi.
IV bob. Saylov komissiyalari faoliyatining oshkoraligini taʼminlash
23. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
24. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi diplomatik vakolatxonalarining maʼmuriyatiga mazkur Nizomning 23-bandida koʻrsatilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni (ularning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, saylovda kim sifatida ishtirok etishi) taqdim etadi.
V bob. Xorijdagi saylov kampaniyasining borishi haqida xabardor qilish
25. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni ommaviy axborot vositalari yoki boshqa yoʻllar bilan (mahalliy sharoitni inobatga olgan holda):
saylov kampaniyasi boshlangani;
saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish;
muddatidan oldin ovoz berish kunlari va saylov kuni;
xorijdagi saylov uchastkasi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan fuqarolarni tegishli xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi va muddatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar va ularni koʻrsatgan siyosiy partiyalar.
(25-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasining saylov qonunchiligi haqida xabardor qilishni amalga oshiradi.
26. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylov kuni, vaqti va joyi haqida saylovga kamida oʻn kun qolganda, muddatidan oldin ovoz berish boshlanishi haqida esa muddatidan oldin ovoz berish boshlanishiga besh kun qolganida ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa yoʻllar bilan xabardor qiladi.
Saylovchilarni xabardor qilish uchun MSKning rasmiy veb-sayti (www.elections.uz), diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda xorijdagi mahalliy ommaviy axborot vositalaridan (mahalliy sharoitni inobatga olgan holda) foydalaniladi.
27. Diplomatik vakolatxonalarining maʼmuriyati tomonidan nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratib beriladi.
28. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yoʻl qoʻyilmaydi.
VI bob. Saylov byulleteni
29. Xorijdagi saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqida TIV tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini taʼminlaydi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qaroriga asosan birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Saylov byulletenlarining topshirilgani hamda qabul qilingani toʻgʻrisida okrug saylov komissiyasi raisi yoki rais oʻrinbosari va TIVning masʼul xodimi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnomada oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
MSK TIV orqali xorijdagi uchastka saylov komissiyalariga saylov byulletenlarini muddatidan oldin ovoz berish kuniga qadar saylovchilar roʻyxatining umumiy sonidan kelib chiqqan holda 100,5 foizda yetkazib beradi.
30. Saylov byulleteni oʻng tomonining yuqori burchagiga xorijdagi uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi imzo qoʻyadi va imzolar xorijdagi uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi.
31. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
32. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarining saqlanishiga masʼuldir.
VII bob. Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish
(VII bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
33. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.
34. Muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti MSK tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari yoki boshqa manbalar orqali yetkaziladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
35. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylovchilar soni koʻpligini inobatga olgan holda va saylov kuni ovoz berish binosida navbatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarga muddatidan oldin ovoz berishni taklif qilishi mumkin.
36. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi (saylovchilar) zich joylashgan hududlarida muddatidan oldin ovoz berish saylovchilarning turgan joyida oʻtkazilishi mumkin.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari yoki boshqa manbalar orqali xabardor etadi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
37. Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish koʻchma saylov qutilari va kabinalaridan foydalanilgan holda oʻtkaziladi.
Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi koʻchma saylov qutilari va kabinalarining zaruriy soni haqida TIVga saylovga kamida oʻn besh kun qolgunga qadar maʼlum qiladi.
TIV zarur boʻlgan koʻchma saylov qutilari va kabinalarining soni haqidagi umumlashtirilgan maʼlumotni MSKga taqdim etadi.
MSK TIV yordamida xorijdagi uchastka saylov komissiyalarini muddatidan oldin ovoz berish boshlanguniga qadar zarur koʻchma saylov qutilari va kabinalari bilan taʼminlaydi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
38. Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish xorijdagi uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida oʻtkaziladi.
Bunda, oldindan plombalangan koʻchma saylov qutisi, koʻchma saylov kabinasi, maxsus qoplar, bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar, belgilangan shakldagi saylov byulletenlari, saylovchilar roʻyxati koʻchirmasi yoki saylovchilar roʻyxati, shuningdek saylovchi tomonidan saylov byulleteni toʻldirilishi uchun ruchka boʻlishi lozim.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
39. Saylovchi xorijdagi uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi (pasport — nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik, identifikatsiya ID-kartasi; harbiy guvohnoma; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi) hamda saylovchilar roʻyxatiga yoki saylovchilar roʻyxati koʻchirmasiga imzo qoʻyadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.
Saylov byulleteni saylovchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi (koʻchma saylov kabinasi) yoki xonasida toʻldiriladi. Saylov byulletenini toʻldirish vaqtida saylovchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.
Saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisini qoʻyadi.
Saylovchi toʻldirilgan saylov byulletenini koʻchma saylov qutisiga tashlaydi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
40. Tegishli hududda saylovchilarning turgan joyida ovoz berish tugaganidan keyin xorijdagi uchastka saylov komissiyasi aʼzolari koʻchma saylov qutisini ochadi, uning ichidagi saylov byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plomba bilan plombalaydi va bu haqda mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnomani rasmiylashtiradi.
Dalolatnomada saylovchilarning turgan joyida ovoz berish oʻtkazilgan kun va joy, saylov byulletenini olgan saylovchilar soni, xorijdagi uchastka saylov komissiyasi aʼzolari va ovoz berish jarayonida ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyalari koʻrsatiladi.
Mazkur dalolatnomaga saylovchilar roʻyxati yoki saylovchilar roʻyxati koʻchirmasi ilova qilinadi.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
41. Saylov byulletenlari solingan qop plombalangan holda dalolatnoma bilan birga xorijdagi saylov uchastkasiga olib boriladi va saylov kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.
Saylov byulletenlari solingan qop(lar) va dalolatnoma(lar)ni saqlash xorijdagi uchastka saylov komissiyasi kotibi tomonidan taʼminlanadi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
VIII bob. Saylov kuni ovoz berish
42. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylov kuni ovoz berish jarayonini ushbu komissiya joylashgan hududdagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 20:00 ga qadar amalga oshiradi.
43. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni diplomatik vakolatxonalardagi ichki tartib-qoidalari, rejimi va ularning boshqa oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tashkil etadi.
44. Fuqarolar diplomatik vakolatxona ichki-tartib qoidalari va rejimidan kelib chiqqan holda, ovoz berish xonasiga kiritiladi.
45. Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi xorijdagi uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi (pasport — nobiometrik, biometrik, xorijga chiqish va diplomatik; identifikatsiya ID-kartasi; harbiy guvohnoma; Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi) hamda saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
46. Saylov byulleteni saylovchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Saylov byulletenini toʻldirish vaqtida saylovchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.
47. Saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisini qoʻyadi.
Saylovchi toʻldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.
48. Xorijdagi saylov uchastkalarida saylov qutilarini mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Bayonnomaning asl nusxasini pochta aloqa vositalaridan foydalangan holda diplomatik vakolatxonalar orqali okrug saylov komissiyasiga yetkazib berish taʼminlanadi.
50. MSK xorijdagi uchastka saylov komissiyalari tomonidan bayonnoma nusxalarini tegishli okrug saylov komissiyalariga yetkazib berilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
IX bob. Yakuniy qoidalar
51. Ushbu Nizom bilan tartibga solinmagan masalalar tegishincha MSKning 2019-yil 23-iyuldagi 924-son hamda 2021-yil 14-apreldagi 1066-son qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlarda belgilangan tartibda hal etiladi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
52. Xorijdagi uchastka saylov komissiyasining saylov oʻtkazish bilan bogʻliq barcha hujjatlari, jumladan saylov byulletenlari diplomatik vakolatxonalarga topshiriladi.
Diplomatik vakolatxonalar saylovga oid hujjatlarni tegishli okrug saylov komissiyasiga yetkazilishini taʼminlaydi.
(52-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
53. Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilgandan soʻng va tegishli saylov okruglaridan saylangan Qonunchilik palatasi deputatlari Oʻzbekiston Respublikasi MSK tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.
54. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
(1-ilovaning belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

SAYLOV BYuLLETENLARINI TOPShIRISh VA QABUL QILISh
‎DALOLATNOMASI

20__ yil “___” oktyabr

_____________________________

(manzil)

______________________________________________ okrug saylov komissiyasi tomonidan

(okrug saylov komissiyasining tartib raqami va nomi)

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining masʼul xodimiga
‎_________________________________________________________________________________

(xorijdagi uchastka saylov komissiyasining tartib raqami va nomi)

uchastka saylov komissiyasi uchun ___________________________________________________dona

(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)

saylov byulletenlari topshirildi.
Saylov byulletenlarini topshirdim:
__________________________________okrug saylov komissiyasi raisi,

(okrug saylov komissiyasining tartib raqami va nomi)

rais oʻrinbosari, kotibi _____________________________________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Saylov byulletenlarini qabul qildim:

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining masʼul xodimi ___________________
‎_______________________________________________________________________________

(imzo)

(F.I.O.)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
__________________________________________________________________________________ huzuridagi

(diplomatik vaxolatxona nomi)

____ UChASTKA SAYLOV KOMISSIYASI

Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish haqidagi
‎DALOLATNOMA

Biz, quyidagi imzo chekuvchilar _____________________________________________________________ning

‎‎ (saylov okrugining tartib raqami va nomi)

_________________________________________________________ uchastka saylov komissiyasining aʼzolari:

‎‎(uchastka saylov komissiyasining tartib raqami va nomi)

___________________________________________________________________________________________
‎(F.I.O.)
‎___________________________________________________________________________________________,
‎(F.I.O.)

20__ yil “__” _______ kuni ________________________________________________________________�a

(muddatidan oldin ovoz berish oʻtkazilgan joy nomi)

saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etilganligi va koʻchma saylov qutisidagi saylov byulletenlari maxsus qopga joylanganligi va plombalanganligi haqida ushbu dalolatnomani tuzdik.

Plomba raqami ____________________________

‎‎ Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish uchun:
__________________________________________ saylov byulleteni olindi;
(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)
__________________________________________ saylov byulletenlari saylovchilarga berildi.
(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)
Qaytarilgan saylov byulletenlari:
Foydalanilmagan:____________________________________________________________________________;

(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)

Buzilgan:___________________________________________________________________________________.

(soni raqam va yozma shaklda aks ettirilishi lozim)

Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazgan uchastka saylov komissiya aʼzolari:
______________________‎‎ _________________________________‎‎

‎MOʻ

(Imzo)‎‎

(F.I.O.)‎‎

______________________‎‎ _________________________________‎‎

(Imzo)‎‎

(F.I.O.)‎‎

Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishda qatnashganlar (agarda bor boʻlsa):
______________________ _________________________________

(Imzo)‎‎‎‎

(F.I.O.)‎‎‎‎

______________________‎‎‎‎ _________________________________‎‎

(Imzo)‎‎‎‎

(F.I.O.)‎‎‎‎

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1079-sonli qarori tahririda)