toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aholi oʻrtasida onkologik kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash, respublikada birlamchi tekshirishning ajralmas qismi sifatida nuklear (yadroviy) tibbiyotni rivojlantirish orqali onkologik kasalliklarga tashhis qoʻyish hamda ularni davolashning ilgʻor usullarini joriy qilish, onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarida va ixtisoslashtirilgan ravishda davolab boʻlmaydigan, oʻtkazib yuborilgan shakllarida bemorlarga malakali tibbiy va psixologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining:
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiallarining mavjud quvvatlari doirasida 20 tacha oʻringa moʻljallangan palliativ tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlarini tashkil qilish;
Samarqand, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarni optimallashtirish davomida tugatiladigan tibbiyot muassasalari yoki boʻlinmalari negizida 50 tadan oʻringa moʻljallangan toʻrtta hududlararo xospis tashkil etish;
Toshkent shahridagi hududlararo xospisni respublikadagi hududlararo xospislarga yordam koʻrsatuvchi uslubiy markaz etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) hududlararo xospislar onkologik va yuqumli boʻlmagan boshqa kasalliklarning oʻtkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati boʻlmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatadigan mustaqil tibbiyot muassasalari sifatida tashkil etiladi;
b) palliativ tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlarining oʻrinlar fondi tegishli hududdagi tibbiyot tashkilotlarining umumiy budjet oʻrinlar fondi doirasida shakllantiriladi;
v) hududlararo xospislar va palliativ tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan saqlanadi;
g) Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi:
muvofiqlashtirish-uslubiy ishlarni hamda onkologik kasalliklarning oldini olish va skrining tekshiruvlar oʻtkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar haqida axborot bazasini shakllantirish, epidemiologik vaziyatni monitoring qilish boʻyicha samarali dasturlar ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
ilmiy xodimlarni tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, fundamental, eksperimental va klinik onkologiya boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi.
5. Fargʻona, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari ikki oy muddatda hududlararo xospislar tashkil etilishini, ularning binolari joriy taʼmirlanishini va zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) oʻsma paydo boʻlishidan oldingi va oʻsma bilan bogʻliq kasalliklarni aniqlash maqsadida sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muassasalarini ilgʻor tibbiyot uskunalari bilan qoʻshimcha jihozlash orqali ularda sut bezi va bachadon boʻynini skrining tekshirishlarni tashkil etish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallarida hamda xususiy klinikalarda onkologik bemorlarga yordam koʻrsatish boʻyicha call-markazlar va bunday bemorlar bilan doimiy aloqani taʼminlash uchun veb-saytlar tashkil etsin, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, sayyohlik tashkilotlari va reklama agentliklari internet-resurslarida axborot joylashtirgan holda, aholini call-markazlar tomonidan mamlakatda va xorijda koʻrsatiladigan xizmatlardan xabardor qilish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda respublikada davlat-xususiy sheriklik asosida universitet klinikasini tashkil qilish masalasida tibbiyot markazlari hamda taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻysin va keyinchalik Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz hamda Fargʻona shaharlarida onkologik klinikalar tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda nuklear tibbiyot sohasidagi yuqori texnologik ilgʻor usullardan foydalangan holda, onkologik kasalliklarga tashhis qoʻyish va ularni davolash standartlari qayta koʻrib chiqilishini, ularning keyinchalik mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimidagi klinika amaliyoti va taʼlim jarayoniga joriy etilishini taʼminlasin;
b) ikki oy muddatda hududlararo xospislar toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va ularning tuzilmasini tasdiqlasin;
v) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda hududlararo xospislar va palliativ yordam koʻrsatish boʻlimlari xodimlarining namunaviy shtat normativlarini tasdiqlasin;
g) 2020-yil 1-fevralgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot taʼlim muassasalari va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining onkologiya kafedralari bazasida onkolog shifokorlarning malakasi oshirishni hamda magistrlar va klinik ordinatorlar uchun palliativ yordam koʻrsatish oʻquv kurslarini tashkil qilsin;
d) 2020-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xayriya mablagʻlarini, jumladan, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari yordamida qabul qilish uchun maxsus hisobraqam ochgan holda, saratonga qarshi ijtimoiy harakatni tashkil etish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun har yili zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsadlari va vazifalarini yoritish boʻyicha maqolalar hamda mavzuga oid materiallar joylashtirilishini tashkil etsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-oktabr,
892-son

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-oktabrdagi 892-son qaroriga

1-ILOVA

Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddatlari

Mablagʻ

Moliyalashtirish manbai

Ijrochilar

I. Onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga onkologik xizmat hamda tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish normativ bazasini takomillashtirish

1.

Ushbu sohada halqaro amaliyotdan kelib chiqqan xolda, onkologik kasalliklar bilan ogʻrigan, uning kechki bosqichlarini va oʻtkazib yuborilgan turlarini boshidan kechirayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha klinik bayonnomalarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2019-yilning IV choragi

-

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (Izamov)

2.

Onkologik bemorlarga narkotik va psixotrop vositalarni buyurish tartibini qayta koʻrib chiqish.

Narkotik analgetiklarning noinyeksion shakllarni roʻyxatga olish va amaliyotga tatbiq etish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yilning III choragi

-

-

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (Izamov)

II. Onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatuvchi muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash

3.

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida hamda Toshkent shahrida hududlararo xospislar tashkil etish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

Xokimlar qarori va Sogʻliqni saqlash vazirligi buyrugʻi Tashkiliy tadbirlar

2019-yilning IV choragi

-

Mahalliy budjet mablagʻlari

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari, Moliya vazirligi (Ishmetov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

Onkologik kasalliklarning oʻtkazib yuborilgan turlari bilan ogʻrigan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun xospislarni dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash.

2019 — 2021-yilninglar

7 300,0 mln soʻm

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari

4.

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida hamda Toshkent shahridagi 4 ta hududlararo xospis binosini taʼmirlash (qurish).

Tashkiliy tadbirlar

2019-yilning IV choragi

-

Mahalliy budjet mablagʻlari

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari

5.

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida hamda Toshkent shaxridagi 4 ta hududlararo xospisni zarur uskunalar bilan jihozlash.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yilning IV choragi

2 170,8 mln soʻm

Mahalliy budjet mablagʻlari

Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari

III. Onkologik kasalliklarning oldini olish va ularga erta tashhis qoʻyish chora-tadbirlarini takomillashtirish

6.

Quyidagi yoʻllar orqali sut bezi saratonini erta aniqlash boʻyicha skrining dasturini tatbiq etish:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini tomosintez funksiyasiga ega mobil (13) va statsionar (13) raqamli mammograflar bilan jihozlash. Tumanlararo mammografik skrining tekshirish xonalarini tashkil qilish maqsadida Toshkent shahri Yakkasaroy, Chilonzor va Yunusobod tumanlari tibbiyot birlashmalarini tomosintez funksiyasiga ega statsionar raqamli mammograflar bilan jihozlash;

Tashkiliy tadbirlar:

2019 — 2025-yillar

loyihaning texnik-iqtisodiy hisobini (TIH) tayyorlash, kelishish va tasdiqlash

2020-yilning IV choragi

13 mln. AQSH dollari

ITB va boshqa XMI mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Moliya vazirligi (Ashrafxanov)

qarz kelishuvini imzolash

2021-yilning III choragi

Xalqaro maslahatchini tanlash

2021-yilning IV choragi

tender hujjatlarini tayyorlash va kelishish

2022-yilning II choragi

uskunalarni sotib olish va yetkazish

2023 — 2025-yillar

skrining oʻtkazish uchun tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan taʼminlash;

-

2020 — 2022-yillar

(tasdiqlangan reja-jdvalga asosan)

200 mln soʻm

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov)

mammografik skriningni boshqarishning axborot tizimini yaratish;

-

2022-yil

(tasdiqlangan reja-jadvalga asosan)

100 mln soʻm

Sogʻliqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Xusanov), Moliya vazirligi (Ishmetov)

uzluksiz faoliyatni taʼminlash maqsadida sogʻliqni saqlash muassasalarining mavjud shtatlari doirasida yangi shtat birliklarini joriy etish.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2019-yilning IV choragi

-

-

7.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari va Toshkent shahar Yakkasaroy tumani tibbiyot birlashmasi bazasida ularni odam papillomasi virusiga tekshiradigan (OPV-tekshirish) zarur uskunalar bilan jihozlagan holda bachadon boʻyni saratonini erta aniqlash boʻyicha skrining dasturini tatbiq etish.

Sogʻliqni saqlash vaziri buyrugʻi

2020 — 2024-yillar (tasdiqlangan reja-jadvalga asosan)

2,0 mln. AQSH dollari

Xalqaro donorlar grantlari va boshqa manbalar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

IV. Onkologik kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish

8.

Onkologik muassasalarni oʻsmaga qarshi sifatli preparatlar, shu jumladan target va koʻmaklashuvchi davo preparatlari bilan tizimli taʼminlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish.

Tashkiliy tadbirlar

2019 — 2021-yillar

Xar yili 5,5 mln. AQSH dollari ekvivalentida

(44 mlrd soʻm)

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Moliya vazirligi (Ishmetov)

9.

Respublikada davlat-xususiy sheriklik asosida universitet klinikasini va keyinchalik Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Fargʻona shaharlarida onkologik klinikalarni tashkil etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni, jumladan, Koreya Respublikasi tibbiy markazlari va oʻquv muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

Tashkiliy tadbirlar

2019 — 2025-yillar

-

Investorlar mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Umurzakov), Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (Xoljigitov), viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

10.

Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallarida hamda xususiy klinikalarda onkologik bemorlarga yordam koʻrsatish boʻyicha call-markazlar va bunday bemorlar bilan doimiy aloqani taʼminlash uchun veb-saytlar tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, sayyohlik tashkilotlari va reklama agentliklari internet-resurslarida axborot joylashtirgan holda, aholini call-markazlar tomonidan mamlakatda va xorijda koʻrsatiladigan xizmatlardan xabardor qilish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yilning III choragi

-

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa ijrochilarning budjetdan tashqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov), Tashqi ishlar vazirligi (Kamilov), Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (Akkulov)

11.

Onkologik bemorlarga yuqori malakali yordam koʻrsatish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, rekonstruktiv va reabilitatsiya jarrohlik boʻlimlarini tashkil etish.

Tashkiliy tadbirlar

2021-yilning I choragi

-

Ijrochilar va investorlarning shaxsiy mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

V. Onkologik xizmatning va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash

12.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida, Andijon davlat tibbiyot institutida va Samarqand davlat tibbiyot institutida sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinida ishlash uchun asosiy tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan (davolash va pediatriya ishi) 10 nafar vrach uchun har yili onkologiya boʻyicha maqsadli kurslarni;

Sogʻliqni saqlash vaziri buyrugʻi

2020-2021-yillar

-

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining har yili ajratiladigan mablagʻlari doirasida

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Madjidov)



har yili

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yuqori texnologik davolash-diagnostika uskunasida ishlash uchun davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining “Fizika” yoʻnalishi boʻyicha 5 nafar bitiruvchisini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish.

har yili

13.

Oliy tibbiy taʼlim muassasalarining onkologiya va radiologiya kafedralari qoshida “Onkologiya” yoʻnalishi boʻyicha magistr va klinik ordinatorlar uchun palliativ yordam koʻrsatishni oʻrgatish kurslarini va onkolog-shifokorlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish.

Magistratura va klinik ordinatura oʻquv dasturlariga palliativ tibbiy yordam boʻyicha soatlar kiritish.

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2020/2021 oʻquv yilidan

-

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining har yili ajratiladigan mablagʻlari doirasida

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Madjidov)

14.

Palliativ tibbiyot va tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish sohasida har yili 5 nafar mutaxassisni yetakchi xorijiy tibbiyot tashkilotlariga yuborish.

Tashkiliy tadbirlar

2019 — 2021-yillar

-

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, grant mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

15.

Palliativ tibbiyot va tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Tashkiliy tadbirlar

muntazam

-

Ijrochilarning shaxsiy mablagʻlari, grant va xayriya mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

16.

Hududlararo xospislar va palliativ tibbiy yordam boʻlimlari mutaxassislari uchun yetakchi xorijiy mutaxassislar ishtirokida palliativ tibbiy va tibbiy-psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy mashgʻulot va seminarlar oʻtkazish.

Tashkiliy tadbirlar

2019 — 2021-yillar

-

Ijrochilarning shaxsiy mablagʻlari, grant va xayriya mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

17.

Yetakchi mahalliy va xorijiy onkolog va radiologlarni jalb qilgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallarida onkologiya kafedralarini joylashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-2020-yillar

-

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining har yili ajratiladigan mablagʻlari doirasida, ijrochilarning budjetdan tishqari mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov)

18.

Xayriya mablagʻlarini, jumladan, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari yordamida qabul qilish uchun maxsus hisobraqam ochgan holda, saratonga qarshi ijtimoiy harakatni tashkil etish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yilning IV choragi

-

Ijrochilar va xayriya mablagʻlari

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shadmanov), Adliya vazirligi (Davletov), “Mahalla” fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi

19.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “2-son Zangiota” maxsus shifoxonasida 20 oʻrinli bolalar xospis boʻlimini 2022-yil 1-avgustdan boshlab tashkil qilish. Bolalar xospis boʻlimi faoliyatini amalga oshirishda “Ezgu Amal” jamoatchilik fondi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2022-yil 1-avgust

-

Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

“Ezgu Amal” jamoat fondi

Chora-tadbirlar dasturi tadbirlarini amalga oshirish uchun jami xarajatlar:

10 170,8 mln soʻm va 31,5 mln AQSH dollari ekvivalentida

ulardan:

mln soʻmda

mln AQSH dollarida

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari

10 070,8

16,5

shundan mahalliy budjet mablagʻlari

2 170,8

—

ijrochilarning budjetdan tashqari mablagʻlari

100,0

—

XMI, xalqaro donor mamlakatlar kreditlari va grantlari

—

15,0

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-310-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 07/22/310/0607-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2019-y., 09/19/892/3986-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 07/22/310/0607-son; 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)