toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 10-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3113-3]
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-550-son “Qurol to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-martdagi 2-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3113, 2019-yil 4-yanvar) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2019-y., 10/19/3113/2422-son) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zgartirish va qo‘shimchalarning 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kirgan kundan e’tiboran amalga kiritiladi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-oktabr,
463-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 10-oktabrdagi 463-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 3-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“xorijda doimiy yashayotgan va konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsi — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;”;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 41-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 6-ilovasida ko‘rsatilgan xorijiy mamlakatlar fuqarolari:
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — 400 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;
Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida — 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida — 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘chmas mulkni sotib olgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi.”.
3. 50 va 51-bandlarning oltinchi xatboshilari “doimiy propiska qilingan” degan so‘zlardan keyin “shaxs tomonidan kamida uch yil lavozimda bo‘lganligi munosabati bilan ko‘chmas mulk sotib olinayotgan bo‘lsa, ushbu” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
4. 65 va 66-bandlarning ikkinchi xatboshisidagi “O‘zdavtexnazorat” degan so‘z “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
5. 116-banddagi “ichki ishlar organlariga” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 10/19/3113-3/3897-son)