toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatda tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash hamda hududlarni bir maromda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 8-9-iyul kunlari Toshkent shahrida “yashil” iqtisodiyot boʻyicha normativ-huquqiy bazani va siyosatni takomillashtirish, davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi sheriklik munosabatlari orqali innovatsion “yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Yevropa va MDH davlatlarining “yashil” iqtisodiyot boʻyicha mintaqaviy vazirliklar konferensiyasi oʻtkazildi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil iqlimning oʻzgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni taʼminlashda oʻzaro bogʻliq muammolar va ehtiyojlar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining ortishi iqtisodiyotning resurslarga boʻlgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirmoqda, shuningdek, atrof muhitga salbiy antropogen taʼsirni kuchaytirmoqda va issiqxona gazlari ajratmalarining ortishiga olib kelmoqda.
Iqtisodiyot energiya samaradorligining past darajasi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda kichik biznes ishtirokining yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga toʻsqinlik qilmoqda.
Uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi “yashil” texnologiyalarni joriy etish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha tizimli choralar koʻrishni taʼminlashga imkon bermayapti.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, Parij bitimi (Parij, 2015-yil 12-dekabr) majburiyatlari bajarilishini va Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishining asosiy vazifalari etib belgilansin:
texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yoʻnalishlariga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish;
davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga oʻtish yoʻnalishlari boʻyicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
taʼlimga investitsiyalar kiritishni ragʻbatlantirish, yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hisobiga “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozori bilan bogʻliq kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish;
Orolboʻyidagi ekologik inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish choralarini koʻrish;
“yashil” iqtisodiyot sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash.
2. Quyidagilar:
a) 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagilar uni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish;
energiya resurslari isteʼmolini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish;
iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash;
“yashil” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Idoralararo kengashga, shu jumladan uning ishchi organi faoliyatini tashkil etish orqali har tomonlama koʻmaklashish;
“yashil” iqtisodiyotni bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha hisobotlar yuritishning oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlash.
5. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va maslahatchilariga — Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziriga — yalpi ichki mahsulotning uglerod sarfi hajmini kamaytirish, sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlarini qoʻllagan holda sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash;
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziriga — energiya samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik jihatdan yaxshilangan tavsiflarga ega motor yoqilgʻisini ishlab chiqarishni va undan foydalanishni kengaytirish, zamonaviy, arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziriga — asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning oʻrtacha mahsuldorligi va hosildorligini oshirish, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini samarali joriy etish, shuningdek, yerlarning tanazzulga uchrashi boʻyicha neytral balansga erishish;
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri hamda uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziriga — suvdan foydalanish samaradorligini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisiga — “yashil” iqtisodiyotni joriy etish boʻyicha tadbirlar amalga oshirilishini ekologik qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish va taʼminlash hamda atrof tabiiy muhit holati monitoringi natijalarini umumlashtirish;
(5-bandning uchinchi — yettinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va boshqa xorijiy donorlarning kreditlari va grantlarini jalb qilishni taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 4-oktabr,
PQ-4477-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qaroriga
1-ILOVA
2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish
STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qildi va uni amalga oshirish yuzasidan milliy miqyosda belgilanadigan hissa boʻyicha — 2030-yilga qadar issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 10 foizga qisqartirish miqdoriy majburiyatini qabul qildi.
Parij bitimi majburiyatlarini bajarish doirasida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish boʻyicha oʻrta muddatli ustuvor vazifalar mamlakatda iqtisodiyotning energiya va resurs sarfi hajmini kamaytirish, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, Orolboʻyida ekologik tanglik oqibatlarini bartaraf etishni nazarda tutadigan qator strategik va tarmoq rejalari, dasturlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning energiya samaradorligi yetarli darajada emasligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, texnologiyalar yangilanishining sustligi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda kichik biznesning faol ishtirok etmayotgani milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor maqsadlariga erishishga toʻsqinlik qilmoqda.
Mavjud muammolarni hal etish uchun iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kam uglerod sarflagan holda rivojlanish va resurslarni tejash, samarali va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, barqaror qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini integratsiya qilish orqali tabiiy va energiya resurslaridan foydalanish usullarini tubdan oʻzgartirish talab etiladi.
Bunda uzoq muddatli istiqbolda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanishi kerak:
barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsad va vazifalarga muvofiqlik;
resurslardan oqilona foydalanish, barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish;
iqtisodiy hisob tizimiga ekologik va ijtimoiy mezonlarni kiritish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga erishish uchun “yashil” vositalar va yondashuvlarni qoʻllash ustuvorligi;
eng muhim tarmoqlarda raqobatbardoshlikni oshirish va koʻrsatkichlarni yaxshilash, “yashil” ish oʻrinlarini yaratish, aholining farovonligini oshirish orqali mavjud makroiqtisodiy maqsadlarga erishish;
resurslardan samarali foydalanish tadbirlarining investitsion jozibadorligini taʼminlash.
Shu munosabat bilan iqlim oʻzgarishi masalalarini milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga integratsiya qilishga yoʻnaltirilgan 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Strategiyaning asosiy maqsadi mamlakatda amalga oshirilayotgan tuzilmaviy islohotlarga “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini integratsiya qilish orqali ijtimoiy rivojlanishga, issiqxona gazlarining ajratmalari darajasini pasaytirishga, iqlim va ekologiya barqarorligiga imkon beruvchi mustahkam iqtisodiy taraqqiyotga erishishdan iborat.
2. Strategiya maqsadlariga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish zarur:
texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
davlat investitsiyalari va xarajatlarining ustuvor yoʻnalishlariga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan “yashil” mezonlarni kiritish;
davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmlarini, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali “yashil” iqtisodiyotga oʻtish yoʻnalishlari boʻyicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
taʼlimga investitsiyalar kiritishni ragʻbatlantirish, yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hisobiga “yashil” iqtisodiyotdagi mehnat bozori bilan bogʻliq kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish;
Orolboʻyidagi ekologik inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish choralarini koʻrish;
“yashil” iqtisodiyot sohasida, shu jumladan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar tuzish orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash.
3-bob. Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari
§ 1. Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish
3. Elektr energetika sohasida:
bugʻ-gazli va gaz turbinali qurilmalar negizida yuqori samarali texnologiyalarni joriy qilish orqali ishlab turgan elektr stansiyalarining energiya ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash;
energiya tizimi barqarorligini oshirish uchun magistral elektr tarmoqlari konfiguratsiyasini takomillashtirish va modernizatsiyalash;
tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan elektr tarmoqlari rejimlarini maqbullashtirish, reaktiv quvvat va tarmoq sxemalarini kompensatsiya qilish;
texnologik jarayonlarning avtomatlashganlik darajasini oshirish, tashish va taqsimlashga sarflanadigan elektr energiyasi hajmini qisqartirish;
elektr energiyasi isteʼmoli tizimlarini avtomatik nazorat va hisobga olish asboblari bilan toʻliq jihozlash.
4. Issiqlik energetikasi sohasida:
issiqlik energiyasini ishlab chiqishning yangi texnologiyalari, shu jumladan markaziy qozonxonalarda kogeneratsiya texnologiyalari, bugʻning oʻta superkritik koʻrsatkichlariga ega koʻmir bugʻ-turbinali energiya bloklari texnologiyalarini joriy etish;
qozonxonalarning eskirgan asbob-uskunalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish;
turbokompressor qurilmalari chiqindi gazlari issiqligini utilizatsiya qilish;
issiqlik tarmoqlari joylashuvini maqbullashtirish va modernizatsiyalash;
issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashda zamonaviy, issiqlikni oʻtkazmaydigan materiallardan foydalanish;
issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va tashish tizimini isteʼmolchilar sonini hisobga olgan holda avtomatlashtirish, dispetcherlash va maqbullashtirish;
isteʼmolchilarni zamonaviy hisoblagichlar bilan taʼminlash;
qozonxonalarda suvni isitish uchun geliokollektorlardan foydalanish.
5. Neft va gaz sanoati sohasida:
uglevodorod resurslari yoʻqotilishi nazoratining samarali texnologiyalari (SCADA)ni joriy qilgan holda kompressor stansiyalar, past va oʻrta bosimli gaz taqsimlovchi tarmoqlar, shuningdek, gaz-transport tizimini modernizatsiyalash hisobiga tabiiy gaz qazib olish, uni qayta ishlash, tashish va taqsimlashdagi yoʻqotishlarni kamaytirish;
gaz bilan taʼminlashni hisobga olish va uni taqsimlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish;
neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash va saqlashda issiqxona gazlarining ajratmalarini qisqartirish;
neftga qoʻshilib chiqadigan gazlarni utilizatsiya qilish va chuqur qayta ishlash jarayonlarini joriy etish natijasida ularni yondirishdan hosil boʻladigan issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish;
neft va gaz qazib chiqarish obyektlarida muqobil energiya manbalarini joriy etish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun chiquvchi gazlar issiqligini utilizatsiya qilish.
6. Kimyo sanoati sohasida:
ammiak, azot kislotasi va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va energiya samaradorligi yuqori yangi quvvatlarni yaratish;
elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun energiya sarfi hajmi katta boʻlgan kimyoviy jarayonlarning issiqligini utilizatsiya qilish texnologiyalaridan foydalanish;
yirik tonnajli texnogen chiqindilardan sanoatda foydalanishni joriy etish.
§ 2. Energiya resurslari isteʼmolini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish
7. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlash, shuningdek, har yili qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi yangi quvvat ishlab chiqarish obyektlarini Oʻzbekistonning Yagona elektr energetika tizimiga xavfsiz integratsiya qilish texnik jihatlarini eʼtiborga olgan holda ularning joylashuvini belgilash;
tarif siyosatini takomillashtirish va mazkur sohada qulay raqobat muhitini ragʻbatlantirish maqsadida yangidan ishga tushiriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlari, xususan quyosh, shamol va biogaz stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilishning chegaralangan (maksimal darajada yoʻl qoʻyiladigan) tariflarini tasdiqlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini amalga oshirish doirasida elektr energetikasi bozoriga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar kirishini ragʻbatlantiruvchi auksion savdolarini joriy etish orqali salohiyatli investorlarni raqobat asosida tanlashning zamonaviy va shaffof uslublarini shakllantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amaldagi standartlarni tahlil qilish va milliy standartlarni ushbu sohadagi xalqaro meʼyorlar bilan uygʻunlashtirish;
energetika balansi tuzilmasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish uchun yirik, oʻrta, kichik va mikroGESlar, shamol generatorlari va geliostansiyalarni loyihalashtirish va qurishda zamonaviy asoslangan ilmiy-texnik yechimlarni joriy etish;
elektr tarmoqlarining energiya samaradorligi va ishonchliligini oshirish, avariya holatlarining oldini olish va elektr quvvatiga talab kuchayganda zaxira quvvatlarni oʻz vaqtida ishga tushirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiya ishlab chiqarishning nomarkazlashtirilgan tizimlarini joriy etish orqali elektr taʼminoti tizimlarini modernizatsiyalash va qayta qurish;
elektr energiyasini ishlab chiqish va taqsimlash balansini qayta tiklanuvchi energiya manbalarini alohida ajratgan holda monitoring qilish;
energiya tizimlariga ulanish orqali ishlab chiqarilgan energiyani toʻplash texnologiyalarini rivojlantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya olish uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish;
mavjud GESlarning energiya ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash;
kichik derivatsion GESlar va ularning infratuzilmalarini qurish;
respublikaning qishloq joylari va uzoq hududlarida elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun quyosh batareyalarini joriy etish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha namoyish markazlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi masalalari boʻyicha aholini keng xabardor qilish.
8. Binolarni qurish va ulardan foydalanish sohasida:
binolarning energiya samaradorligini oshirish boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan koʻp qavatli uy-joy va shaxsiy uy-joy fondini rekonstruksiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish meʼyorlari va qoidalarini qurilish va rekonstruksiyani amalga oshirishda energiya samaradorligi talablarini kuchaytirish yuzasidan har 3 yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqish;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
binolarni qurish va ulardan foydalanishda qurilish meʼyorlariga rioya qilishni nazorat/monitoring qilish tizimini yaratish;
binolarni qurish va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorligini oshirishni hisobga olgan holda arxitektura-rejalashtirish yechimlariga boʻlgan yondashuvlarni takomillashtirish;
binolarni energetik sertifikatlashtirish tizimini yaratish;
issiqni saqlovchi qurilish materiallari uchun amaldagi meʼyor va standartlarni qayta koʻrib chiqish va yangilarini qabul qilish;
energiya samarador shaklda taʼmirlash uchun ipoteka kreditlari tizimini rivojlantirish, xususan “yashil” ipoteka kreditlaridan foydalanish;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida koʻp qavatli binolarni energiya samarador shaklda taʼmirlash uchun maqsadli fondlar yaratish;
energiyani tejashni ragʻbatlantirish uchun tabaqalashtirilgan tariflar tizimini rivojlantirish;
binolarni zamonaviy issiq saqlovchi materiallar, steklopaketlardan foydalangan holda qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash texnologiyalarini takomillashtirish;
muhandislik uskunalari, issiq saqlovchi materiallar, isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqish texnologiyalarini “yashil” standartlar asosida rivojlantirish va modernizatsiyalash;
markaziy isitishda issiqlik taʼminotining “yopiq” tizimini keng joriy etish;
shaharlar va qishloqlardagi jamoat binolari, koʻp qavatli turar joylar va shaxsiy uy-joy fondini isitish va issiq suv bilan taʼminlash uchun yuqori samarali avtomatlashtirilgan tizimli mahalliy qozonxonalardan foydalanish;
parallel ishlaydigan isteʼmolchilar tizimiga issiqlikni bir tekis yetkazish maqsadida issiqlik boʻgʻinlari tartibotini boshqarish uchun smart-tizimlar ishlab chiqish va joriy etish;
alohida binolar ehtiyojlarini hisobga oluvchi yuqori texnologiyali sovitish va ventilyatsiya tizimlaridan, masalan, issiqlik nasosi funksiyasi boʻlgan split-konditsionerlardan foydalanish;
maishiy uskunalar uchun energiya samarador standartlarni joriy etish;
energiya taʼminoti manbai sifatida fotoelektrik panellarni joriy etish;
binolarni yoritish uchun smart-tizimlarni ishlab chiqish va zamonaviy energiya samarali lampalardan keng foydalanish;
aholi oʻrtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali binolarning energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha keng axborot kampaniyalarini oʻtkazish.
9. Transport sohasida:
transport xarajatlarini qisqartirish va transport sohasining samarali faoliyatini taʼminlashga qaratilgan yagona kompleks rivojlanish siyosatini shakllantirish, shaharni uzoq muddatli rivojlantirish rejalari va ekologik xavfsizlik choralariga muvofiq “yashil” transportni rivojlantirish;
Yevro-4 va undan yuqori standartlarga mos keluvchi energiya samaradorligi va ekologik tavsiflari yaxshilangan avtotransport vositalari, elektromobillar, gibrid dvigatelli avtomobillar va gaz yoqilgʻisida ishlaydigan avtomobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni kengaytirish;
yaxshilangan tavsifga ega motor yonilgʻilarini ishlab chiqarish;
avtotransport parkini yangilashda davom etish, eski avtomobillarni utilizatsiya qilish va yangi, yanada ekologik avtomobillarni sotib olishni ragʻbatlantiruvchi dasturlarni ishlab chiqish;
jamoat transportining samarali tizimlarini yaratish va takomillashtirish (yaxshilangan tavsifga ega jamoat transporti ulushini oshirish);
yangi transport-logistika tizimlarini yaratish va rivojlantirish, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish;
foydalanilayotgan transport vositalarining ekologik holati ustidan davlat nazoratini kuchaytirish.
10. Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida:
qurilish materiallari ishlab chiqarishda ikkilamchi resurslar va sanoat tarmoqlari (energetika, metallurgiya, kimyo sanoati)ning yirik tonnajli texnogen chiqindilaridan foydalanish hajmlarini oshirish;
quyidagi qurilish materiallari: sement, gʻisht, ohak, avtoklav usulidan foydalangan holda gazobetondan tayyorlangan buyumlar ishlab chiqarish, issiq saqlovchi materiallar, tom yopish materiallari, yogʻoch-qirindili plitalarni ishlab chiqarish boʻyicha innovatsion energiya samarador texnologiyalarni joriy etish;
issiqlikni utilizatsiya qilish texnologiyalari hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi texnologik jarayonlarni qoʻllagan holda sement ishlab chiqarishning rivojlangan texnologiyalarini (quruq usul) joriy etish.
§ 3. Iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy ekotizimlarni asrash
11. Suv xoʻjaligi sohasida:
suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlar shoʻrlanishi va sifat jihatidan yomonlashuvi davom etishining oldini olish;
gidrotexnik inshootlar, nasos stansiyalari va suv omborlari qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
suv xoʻjaligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsiyalardan keng foydalanish;
suv xoʻjaligi inshootlarini yangilash, modernizatsiyalash va avtomatlashtirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishning energiya samarador va suvni tejaydigan texnologiyalarini keng qoʻllash, suvni tejashni ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
suv resurslarini barqaror boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqish.
12. Qishloq xoʻjaligi sohasida:
tanazzulga uchragan yaylovlarni tiklash va yaylovlarni barqaror boshqarish mexanizmlarini joriy etish;
organik qishloq xoʻjaligi uslublarini joriy etish;
haydaladigan yer maydonlari yuzasining doimiy qoplanib turishini taʼminlash maqsadida ekinlarni takror ekish;
ekinlarni diversifikatsiya qilish (koʻp yillik daraxtlar va koʻp yillik oʻtlar ekilishini kengaytirish);
ishlab chiqarish va qayta ishlashga investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;
chorvachilikning organik chiqindilarini toʻgʻri saqlash/qayta ishlash;
suv manbalarining qishloq xoʻjaligi chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olish;
shoʻrlanish, qurgʻoqchilik va boshqa xavfli hodisalar va xatarlarga bardoshli yuqori mahsuldor chorva mol va oʻsimlik turlari (navlari)ni yetishtirish, mahalliy chorva turlari va oʻsimlik navlari genofondini, shuningdek, madaniy oʻsimliklarning yovvoyi ajdodlari genofondini saqlash.
13. Oʻrmon xoʻjaligi sohasida:
mamlakatning barcha tabiiy zonalarida oʻrmonlarni tiklash va tabiiy oʻsimlik qoplamini saqlash;
mamlakatning togʻli, togʻoldi va choʻl zonalarida oʻrmon maydonlarini kengaytirish, shuningdek, ularni saqlash, muhofaza qilish va barqaror rivojlanishini taʼminlash;
tez oʻsadigan mahalliy daraxt turlari plantatsiyalarini kengaytirish;
tuproqni himoyalovchi ixota daraxtzorlarini yaratish, tanazzulga uchragan yerlarda oʻrmonlar barpo qilish (agrooʻrmon melioratsiyasi);
oʻrmonlarni koʻpaytirish va koʻkalamzorlashtirish jarayonida shoʻrlanish, qurgʻoqchilik va boshqa xavfli hodisa va xatarlarga bardoshli mahalliy oʻsimlik turlari va navlaridan foydalanish;
oʻrmon xoʻjaligini zamonaviy yuqori ishlab chiqarish texnologiyalarini qoʻllagan holda takomillashtirish;
oʻrmon xoʻjaligida geoaxborot texnologiyalari va innovatsiyalardan keng foydalanish;
aholi oʻrtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali oʻrmonlarni muhofaza qilish va tiklash masalalari boʻyicha keng axborot kampaniyalarini tashkil qilish.
14. Qattiq maishiy chiqindilar (keyingi oʻrinlarda — QMCH) bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida:
aholining QMCHlarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan toʻliq qamrab olinishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;
QMCHlarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;
poligonlarga koʻmish uchun yoʻnaltiriladigan QMCH hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik meʼyorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy QMCH poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish chora-tadbirlarini koʻrish;
sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;
qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.
15. Orolboʻyidagi ekologik inqirozning salbiy taʼsirini yumshatish choralari:
Orol dengizi akvatoriyasidagi tabiiy suv havzalari tizimini saqlash;
Orol dengizining qurigan tubida daraxtzorlar barpo qilish va mintaqada choʻllanishning oldini olish boʻyicha keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirish;
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi doirasida mintaqa mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash va uning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish, shuningdek, Orol falokati bilan bogʻliq muammolarni hal etishga jahon hamjamiyati eʼtiborini jalb qilishga qaratilgan harakatlarni faollashtirish.
§ 4. “Yashil” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish
16. “Yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish:
texnologik ehtiyojlarni baholash, ustuvor vazifalarni belgilash va eng muhim texnologiyalarni tanlash, ularni ishlab chiqish/transferga koʻmak berish;
“yashil” texnologiyalarni tijoratlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash uchun tashkiliy tuzilmalar — texnologiyalarni yetkazib berish agentliklari, texnologik biznes-inkubatorlar, texnoparklar, klasterlar yaratish.
17. “Yashil” iqtisodiyot sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish:
Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlarini qamrab oluvchi normativ-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish, uni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
iqtisodiy choralar va vositalar ishlab chiqish, xususan, issiqxona gazlarining ajratmalarini qisqartirganlik uchun haq toʻlashni joriy etish;
energiya samaradorligiga qoʻyiladigan majburiy talablarni ishlab chiqish va joriy etish.
18. Energiya samaradorligini tartibga solish va nazorat qilish mexanizmlarini rivojlantirish:
energiya tejash va energiya samaradorligi boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini monitoring qilish, verifikatsiyalash va hisobotini yuritish tizimini joriy etish;
energiya sarfi hajmi yuqori boʻlgan korxonalarning energomenejmenti va auditini oʻtkazish;
barcha toifadagi isteʼmolchilar, shu jumladan sanoat va energetika obyektlari uchun elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olishning avtomatlashtirilgan davlat tizimini rivojlantirish.
19. “Yashil” iqtisodiyot tamoyillarini taʼlim va fanga integratsiya qilish:
“yashil” iqtisodiyot asoslari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, “sof” transportni rivojlantirish, energiya tejash va boshqa masalalarni eʼtiborga olgan holda oliy va oʻrta maxsus taʼlimning tegishli yoʻnalishlari oʻquv dasturlarini takomillashtirish, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlimning tegishli dasturlariga “yashil” iqtisodiyot asoslari boʻyicha mavzular kiritish;
oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim uchun tegishli oʻquv adabiyotlarini (yoʻnalishlar boʻyicha) tayyorlash yoki qayta nashr etish jarayonida ularga “yashil” iqtisodiyot asoslari boʻyicha mavzular kiritish;
pedagog va ilmiy xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlariga “yashil” iqtisodiyot asoslari, xususan, “Yashil texnologiyalar”, “Yashil mezonlarni hisobga olgan holda ekologik meʼyorlashtirish asoslari”, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari”, “Energiya tejamkorligi va energiya samaradorligi muammolari” mavzularini joriy etish;
“yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash.
20. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun salohiyatni oshirish va qulay muhit yaratish:
mamlakatimizning Parij bitimi boʻyicha miqdoriy majburiyatlari bajarilishini uzluksiz kuzatish uchun issiqxona gazlari ajratmalarini milliy sharoitlarni eʼtiborga olgan holda monitoring qilish, hisobini yuritish va verifikatsiyalash tizimini (MRV) yaratish hamda issiqxona gazlari ajratmalari boʻyicha hisobot berishni taʼminlash;
iqlim monitoringi tizimini rivojlantirish;
“yashil” texnologiyalarni ilgari surish uchun davlat-xususiy sheriklik salohiyatini rivojlantirish;
“yashil” innovatsiyalarni joriy etishda xususiy investorlarga, jumladan kichik biznesga koʻmak koʻrsatish;
tovar (ish, xizmat)lar energiya-resurs samaradorligining turli hisoblagichlari, spetsifikatsiyalar kataloglarini yaratish, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar energiya-resurs samaradorligini sertifikatlashtirish tizimini joriy etish orqali davlat “yashil” xaridlarini ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
kadrlar malakasini oshirish, energiya va resurslarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish madaniyatini shakllantirish;
kasbiy koʻnikmalarga “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishi bilan qoʻyiladigan yangi talablarni hisobga olgan holda tarmoqlar xodimlari, shu jumladan rahbar va muhandislar tarkibi xabardorligi va malakasini oshirish;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash davlat taʼlim dasturlarini ishlab chiqishda “yashil” iqtisodiyot asoslarini hisobga olish;
ekoinnovatsion texnologiyalarni yanada samarali joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalarining kadrlar va texnik salohiyatini oshirish;
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish masalalari bilan bogʻliq sohalarda tadqiqotlarni rivojlantirish;
milliy va xorijiy ilmiy tashkilotlarning “yashil” texnologiyalarni ilgari surish sohasidagi hamkorligini mustahkamlash.
21. “Yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash:
“yashil” kreditlash, venchur moliyalashtirish tizimini joriy etish;
“yashil” fondlar, energiya tejamkorligi maxsus fondlari va boshqa xuddi shunday mexanizmlar yaratish;
“yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektorni faollashtirish, shuningdek, “yashil” investitsiyalarga nisbatan bank tizimini ragʻbatlantirish;
fiskal (xazinaga oid) siyosat orqali davlat tomonidan “yashil” iqtisodiyotning barqaror oʻsishini qoʻllab-quvvatlash.
4-bob. Amalga oshirish mexanizmlari
22. Strategiyaning asosiy vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari milliy, tarmoq, soha rejalari va rivojlanish strategiyalarida belgilangan tadbirlar vositasida amalga oshiriladi.
23. Strategiyani amalga oshirishga barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, shuningdek, aholi jalb qilinadi.
24. “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Yashil iqlim jamgʻarmasi, Moslashish jamgʻarmasi va iqlim bilan bogʻliq boshqa resurslar mablagʻlari, shuningdek, xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda boshqa chet ellik donorlarning kredit va grantlari jalb qilinishi mumkin.
5-bob. Kutilayotgan natijalar
Oldingi tahrirga qarang.
25. Strategiyani amalga oshirish natijasida 2030-yilga borib quyidagilarga erishish kutiladi:
issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻprogʻiga yetkazish;
sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sugʻorish texnologiyasini joriy etish;
yiliga 200 million koʻchat ekish va koʻchatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
hududlarda yangi 600 ta chiqindi toʻplash shoxobchalarini tashkil etish.
(25-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)
26. Strategiyani amalga oshirish iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish sohasida boshqaruvni yaxshilashga, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanishga, issiqxona gazlarining ajratmalarini kamaytirishga, “yashil” energiyadan foydalanishni taʼminlashga, “yashil” ish oʻrinlari yaratishga va iqlim barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 07/19/4477/3867-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/436/1061-son; 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)