1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.06.00 Turli toifadagi fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi. Bepul tibbiy yordam]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-iyundagi 382-sonli “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) shakllantiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Roʻyxatga muvofiq tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli moliya yili uchun “Sogʻliqni saqlash” moddasi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlari doirasida moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
2019-yil 20-dekabrgacha boʻlgan muddatda Roʻyxatni ishlab chiqsin va Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida 31-dekabrgacha joylashtirsin hamda ularni kelgusi yillarda ham shu muddatlarda har yili yangilab borsin;
respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida Roʻyxatdan tegishli koʻchirmalar (davlat tilida va rus tilida) mazkur muassasalar faoliyati ixtisosligiga muvofiq har yili 31-dekabrgacha majburiy joylashtirilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-sentabr,
832-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 832-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb ataladi) shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga kiradigan tibbiy tashkilotlarda tibbiy yordam koʻrsatishga tatbiq etiladi.
3. Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli moliya yili uchun “Sogʻliqni saqlash” moddasi boʻyicha nazarda tutilgan mablagʻlari doirasida tuziladi va tasdiqlanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari — aholiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrsatiladigan tibbiy yordam;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
tibbiy yordam — inson salomatligi holatini baholash va unga tibbiy taʼsir koʻrsatish, shu jumladan tibbiyot xodimlari tomonidan profilaktika qilish, tashhis qoʻyish, davolash, reabilitatsiya qilish va palliativ tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha kompleks tadbirlar;
tibbiy xizmat — profilaktika qilish, tashhis qoʻyish, davolash, reabilitatsiya qilishga qaratilgan, shuningdek, homiladorlik va tugʻish vaqtida koʻrsatiladigan, mustaqil yakunlangan ahamiyat va qiymat xususiyatiga ega boʻlgan harakat yoki harakatlar toʻplami;
kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam — bemor hayotiga xavf soladigan aniq belgilari boʻlmagan toʻsatdan kuchli kasalliklarda, holatlarda va surunkali kasalliklar kuchayganda koʻrsatiladigan tibbiy yordam turi;
tez tibbiy yordam — bemor hayotiga xavf soladigan toʻsatdan kuchli kasalliklarda, holatlarda va surunkali kasalliklar kuchayganda shoshilinch koʻrsatiladigan tibbiy yordam turi;
shoshilinch tibbiy yordam — kasalliklarga chalinganda, baxtsiz hodisalar yuz berganda, jarohat olganda, zaharlanganda va tez tibbiy aralashuv har qanday sharoitda koʻrsatilishini talab qiladigan boshqa holatlarda koʻrsatiladigan tibbiy yordam turi. Shoshilinch tibbiy yordam kechiktirib boʻlmaydigan va tez tibbiy yordamni oʻz ichiga oladi;
rejali tibbiy yordam — profilaktika tadbirlari oʻtkazishda, bemor hayotiga xavf solmaydigan, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam talab qilmaydigan kasalliklar va holatlarda koʻrsatiladigan tibbiy yordam turi. Bunday yordamning muayyan vaqt kech koʻrsatilishi bemor hayotining yomonlashishiga, hayoti va sogʻligʻi xavf ostida qolishiga sabab boʻlmaydi;
palliativ tibbiy yordam — bedavo dardga chalingan bemorlarning hayotini yaxshilash maqsadida ogʻriqdan xalos qilishga va kasallikning boshqa ogʻir koʻrinishlarini yengillashtirishga qaratilgan tibbiy aralashuvlar kompleksini ifoda etadigan tibbiy yordam turi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami — ambulatoriya sharoitida koʻrsatiladigan va profilaktika qilish, tashhis qoʻyish, kasalliklarni davolash, homiladorlik kechishini kuzatish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va aholini sanitariya-gigiyena xususida xabardor qilish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga oladigan tibbiy yordam turi;
klinik bayonnoma — muayya sindromli aniq bir kasallikka chalinganda yoki tibbiyot tashkilotidagi muayyan klinik vaziyatda bemorga tibbiy yordam koʻrsatishga qoʻyilgan minimal talablarni belgilovchi normativ hujjat;
tibbiy yordamning sifat standarti — muayyan vaqt davomida tibbiy yordam darajasiga erishishni aks ettiruvchi normalar, qoidalar va talablar toʻplamini oʻz ichiga oladigan hujjat. Tibbiy yordamning sifat standartlari tibbiy faoliyat bilan shugʻullanadigan tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi va ular tomonidan tibbiy yordam koʻrsatishda rejalashtirish va iqtisodiy hisob-kitoblar uchun foydalaniladi;
ixtisoslashgan tibbiy yordam — maxsus usullar va murakkab tibbiyot texnologiyalaridan foydalanishni talab qiladigan kasalliklar va holatlarni profilaktika qilish, tashhis qoʻyish va davolashni (shu jumladan homiladorlik, tugʻish davrida va tugʻishdan keyingi davrda), shuningdek, tibbiy reabilitatsiya qilishni oʻz ichiga oladigan tibbiy yordam turi;
yuqori texnologik tibbiy yordam — yangi murakkab va (yoki) davolashning noyob usullarini, shuningdek, samaradorligi ilmiy isbotlangan davolashning resurs tejaydigan usullarini, shu jumladan tibbiyot fani va ilm-fan hamda texnikaning oʻzaro bogʻlangan tarmoqlari yutuqlari asosida ishlab chiqilgan hujayrali texnologiyalarni, robotlashtirilgan texnikani, axborot texnologiyalarini va gen injeneriyasini oʻz ichiga olgan ixtisoslashgan tibbiy yordam turi.
2-bob. Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini aniqlash prinsiplari va mezonlari
5. Quyidagilar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini aniqlash prinsiplari hisoblanadi:
aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan foydalana olishi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordam tibbiyot muassasalarida koʻrsatiladigan profilaktika chora-tadbirlari va tibbiy xizmatlar ustuvorligi;
tibbiy xizmat turlarining tibbiyot muassasalari darajalari boʻyicha tabaqalanishi, shuningdek, koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarning murakkabligiga qarab ularni koʻrsatish izchilligi;
tibbiy xizmatlardan foydalanish va ularni taqdim etish jarayoning oshkoraligi.
6. Roʻyxatga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini kiritishda quyidagi mezonlarga rioya etilishini taʼminlash kerak:
moliyalashtirishda aholi salomatligi koʻrsatkichlarining yuqori darajasiga erishishni, 2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish samaradorligining maqsadli koʻrsatkichlarini bajarishni taʼminlaydigan tibbiy yordam turlariga koʻproq eʼtibor beriladi;
tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ustuvor tartibda profilakatika, reabilitatsiya tadbirlari va palliativ yordam xizmatlarini qamrab olishi, shuningdek, oʻlim va nogironlik koʻrsatkichlari boʻyicha yetakchi boʻlgan asosiy kasalliklarning oldini olish va ularni davolashga qaratilgan boʻlishi kerak.
3-bob. Roʻyxatni shakllantirish
7. Roʻyxat har yili Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, tegishli moliya va rejali davr uchun Davlat budjeti parametrlari tasdiqlangandan keyin 15 kundan kechikmay ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
8. Roʻyxat tibbiy yordamning quyidagi turlari boʻyicha shakllantiriladi:
shoshilinch tibbiy yordam;
rejali tibbiy (shu jumladan birlamchi tibbiy-sanitariya) yordam;
ixtisoslashgan (shu jumladan yuqori texnologik) tibbiy yordam;
palliativ tibbiy yordam.
9. Roʻyxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash kiritiladi.
10. Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini shakllantirishda shoshilinch tibbiy yordam hajmi cheklanishi mumkin emasligi hisobga olinadi. Bunda bila turib yolgʻon shoshilinch yordam soʻrab qoʻngʻiroq qilgan shaxslar va xuddi shuningdek uni koʻrsatishni asossiz rad etgan shaxslar belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 199-moddasi.
11. Roʻyxat tibbiy xizmatlar turlari va hajmlari belgilab olingan holda, tibbiyot tashkilotlari darajasi boʻyicha shakllantiriladi.
Klinik bayonnomalar, shuningdek, tibbiy yordamning sifat standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
12. Roʻyxatni shoshilinch tibbiy yordam hajmlari boʻyicha shakllantirishda quyidagi harajat turlari hisobga olinadi:
transport harajatlari, shu jumladan bemorlarni shoshilinch yordam koʻrsatiladigan joyga, shuningdek, shoshilinch yoki kechiktirib boʻlmaydigan koʻrsatmalar boʻyicha bir tibbiyot muassasasidan ikkinchisiga transportda olib borish, tashhis qoʻyish, davolash, shu jumladan dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash;
shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan koʻrsatkichlar boʻyicha statsionarda boʻlish;
shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan holatlar boʻyicha statsionarda boʻlish davrida ovqatlanish.
13. Roʻyxatni birlamchi tibbiy-sanitariya yordami mutaxassislari va ixtisoslashgan mutaxassislar tomonidan ambulatoriya sharoitlarida va kunduzgi statsionar sharoitlarda koʻrsatiladigan rejali tibbiy yordam hajmlari boʻyicha shakllantirishda quyidagi harajatlar hisobga olinadi:
a) katta yoshli aholini bir yilda ikki marta, endi turmush quradiganlarni profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, davlat budjet tashkilotlarining xodimlarini birlamchi va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
b) ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf soladigan kasalliklardan aziyat chekayotgan fuqarolarni, shuningdek, surunkali kasalliklarga aziyat chekayotgan shaxslarni dispanserda kuzatish;
v) chaqiruv komissiyalari yoʻllanmalari boʻyicha chaqiruv yoshidagi (18 — 27 yosh) shaxslarni tekshirish va davolash;
g) onalar va bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish, shu jumladan:
homilador ayollarni homiladorlik yoki gestatsiya davomida (kamida 7-marta) oʻtkaziladigan organizmning boʻyida boʻlishdan boshlab tugʻilgunicha qorin ichida normal rivojlanshini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladigan kompleks tashhis qoʻyish, davolash va profilaktika tadbirlarini nazarda tutuvchi vantenatal (tugʻishgacha) parvarish qilish;
homila anomal oʻsishining oldini olish uchun 16 — 20 haftalik muddatlarda homiladorlarning xavfli guruhini skrining tekshirish;
homiladorlarga OIV-infeksiyasi xususida maslahat berish va tekshirish;
tugʻdirish;
chaqaloqlarda irsiy va tugʻma kasalliklarni erta aniqlash hamda oʻz vaqtida davolash maqsadida ularni neonatal skrining yoki ommaviy tekshirish;
chaqaloqlarni va 1 yoshga toʻlmagan bolalarni audiologik skrining tekshirish;
tugʻilgandan keyin 42 kun davomida parvarishlash va maslahat berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy emlash taqvimiga muvofiq emlash;
18 yoshga toʻlmagan bolalarni tekshirish va davolash;
oilani rejalashtirish masalalari yuzasidan maslahat berish.
14. Roʻyxat belgilangan tartibda beriladigan yoʻllanmalar boʻyicha tuman, shahar, viloyat, respublika darajasidagi tashkilotlarda statsionar sharoitlarda koʻrsatiladigan ixtisoslashgan (shu jumladan yuqori texnologik) tibbiy yordam boʻyicha tasdiqlangan hajmlar doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish navbatini qayd etadigan elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda kvotalash orqali tartibga solinadi.
15. Roʻyxatni palliativ yordam hajmlari boʻyicha shakllantirishda quyidagi harajat turlari hisobga olinadi:
a) zarur hajmlarda dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash;
b) statsionar/xospisda boʻlish bilan bogʻliq xarajatlar (koyka-oʻrinni taʼminlash);
v) belgilangan normalarga muvofiq ovqatlanish.
16. Jismoniy shaxslarning quyidagi toifalari tibbiy koʻrsatmalar boʻlganda asoslantirilgan murojaatlar bilan Roʻyxatga kiritilgan tibbiy yordamni olish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
chet el fuqarolari.
4-bob. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/832/3842-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)