toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 25-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2166-6]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 21-dekabrdagi 304-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2166, 2010-yil 21-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 499-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-sentabr,
433-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 25-sentabrdagi 433-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan
qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. 6-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oliy malaka komissiyasi raisi, uning oʻrinbosari va masʼul kotibi komissiya tarkibidan tayinlanadi.”.
2. 7-banddan ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2019-y., 10/19/2166-6/3810-son)