1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.13.00 Valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi boshqa masalalar]
[TSZ:
1.Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 18-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3183]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-avgust,
18/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 10-avgustdagi 18/3-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) 25 soʻmlik va undan kichik nominaldagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
eski namunadagi tangalar — Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1994-yil namunasidagi 1 tiyinlik, 3 tiyinlik, 5 tiyinlik, 10 tiyinlik, 20 tiyinlik, 50 tiyinlik, 1997-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 1999-yil namunasidagi 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 25 soʻmlik, 2000-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 10 soʻmlik, 2001-yil namunasidagi 5 soʻmlik, 10 soʻmlik nominal qiymatdagi tangalar;
eski namunadagi banknotlar — Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1994-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 3 soʻmlik, 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 25 soʻmlik nominal qiymatdagi banknotlar.
2. Eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotadi.
Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha belgilanadi.
2-bob. Eski namunadagi tangalar va banknotlarni muomaladan qaytarib olish
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari (bundan buyon matnda MBBB deb yuritiladi) Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari mijozlar, shu jumladan aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlarni 2020-yil 1-martga qadar almashtirib beradi.
4. 2020-yil 1-martdan boshlab (2020-yil 1-martdan — 2021-yil 1-yanvarga qadar) qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotgan eski namunadagi tangalar va banknotlar faqat MBBB Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.
5. Tijorat banklari va ularning filiallarida eski namunadagi tangalar va banknotlarni sanab-saralash, qimmatliklarni tashish ishlari Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 3028, 2018-yil 29-iyun) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. MBBB Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallarida mavjud boʻlgan eski namunadagi tangalar va banknotlar quyidagicha shakllantiriladi:
Markaziy bankning 1994-yil namunasidagi 1 tiyinlik, 3 tiyinlik, 5 tiyinlik, 10 tiyinlik, 20 tiyinlik, 50 tiyinlik tangalari, alohida, har birida 100 donadan solingan qoplarda;
Markaziy bankning 1997-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 1999-yil namunasidagi 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 25 soʻmlik, 2000-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 10 soʻmlik, 2001-yil namunasidagi 5 soʻmlik, 10 soʻmlik tangalari, alohida, har birida 1000 donadan solingan qoplarda;
Markaziy bankning 1994-yil namunasidagi 1 soʻmlik, 3 soʻmlik, 5 soʻmlik, 10 soʻmlik, 25 soʻmlik banknotlari qiymatiga qarab 100 donadan dastalab, 10 ta dastadan iborat boʻlgan bogʻlamlarda shakllantiriladi.
7. Qiymati va toifalari boʻyicha toʻliq shakllantirilgan tangali qoplar va toʻliq bogʻlamdagi banknotlar tijorat banklari va ularning filiallari tomonidan inkassatsiya xizmati orqali Hisob-kitob kassa markazlariga joʻnatiladi.
8. Eski namunadagi tangalar va banknotlar toʻlov vositasi boʻlib hisoblanishi boʻyicha belgilangan muddat tugaganidan soʻng tijorat banklari va ularning filiallarida toʻliq boʻlmagan holda shakllantirilgan bogʻlamlar ham MBBB Hisob-kitob kassa markazlariga joʻnatilishi lozim.
9. MBBB Hisob-kitob kassa markaziga tijorat banklari va ularning filiallaridan olib kelingan eski namunadagi tangalar va banknotlar toʻliq qayta sanaladi.
Qayta sanash jarayonida aniqlangan kamomad va ortiqcha qoʻyilmalar boʻyicha dalolatnoma tuziladi va rasmiylashtiriladi.
MBBB Hisob-kitob kassa markazlarida eski namunadagi tangalar va banknotlar qiymati boʻyicha alohida dastalanib hamda toʻliq bogʻlamlar shakllantirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Hisob-kitob kassa markaziga olib kelib topshiriladi.
10. Eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati tugaganidan soʻng 1 oy muddat ichida MBBB Hisob-kitob kassa markazlaridagi barcha eski namunadagi tanga va banknotlar Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Hisob-kitob kassa markaziga yuborilishi shart.
3-bob. Banklar tomonidan qabul qilingan eski namunadagi tangalar va banknotlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish
11. Belgilangan muddatga qadar MBBB Hisob-kitob kassa markazlari 2021-yil 1-yanvargacha, barcha tijorat banklari va ularning filiallari 2020-yil 1-martgacha mijozlar, shu jumladan aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlarni hech qanday moneliksiz, cheklovlarsiz qabul qilishlari va hech qanday toʻlov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda ular boʻyicha hisob-kitob qilishlari shart.
12. Markaziy bankning eski namunadagi tangalari va banknotlari boʻyicha hisob-kitoblar mijozlar va aholining talabiga asosan:
bank plastik kartasi hisobvaraqlariga kirim qilinish orqali (toʻliq qiymatda);
muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berish orqali;
mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilish orqali;
kommunal va boshqa bir martalik toʻlovlar uchun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
13. Eski namunadagi tangalar va banknotlar naqd koʻrinishda ayirboshlab berilganda eski namunadagi tangalar va banknotlar miqdorining 1 tiyindan 49 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan qismi, naqd puldagi toʻlovlar uchun eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018-yil namunasidagi 50 soʻmlik tanga boʻlib qolayotganligi bois, yaxlitlangan holda ayirboshlanadi. Bunda:
1 tiyindan 24 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan tangalar va banknotlar qiymati 0 soʻmga tenglashtirilgan holda;
25 soʻmdan 49 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan tangalar va banknotlar qiymati 50 soʻmga tenglashtirilgan holda yaxlitlanadi.
Eski namunadagi tangalar va banknotlarni yaxlitlanadigan qismi boʻyicha norozi boʻlgan mijozlar va aholi ushbu miqdorni bank plastik kartasiga, tegishli hisobvaraqlariga yoki toʻlovlarga (kommunal va boshqa) oʻtkazishlari mumkin.
14. Eski namunadagi tangalar va banknotlarni ayirboshlash natijasida vujudga keladigan farqlar bankning boshqa aktivlari yoki majburiyatlarining alohida hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
15. MBBB eski namunadagi tangalar va banknotlarni ayirboshlab berish uchun hududlardagi tijorat banklari va ularning filiallarini yetarli miqdordagi muomaladagi tangalar yoki banknotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrishlari lozim.
16. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2019-y., 10/19/3183/3761-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)