toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.07.2022
Hujjat 18.06.1996 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
INVESTITSIYa FONDLARI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholini davlat korxonalarini aksiyalashtirish jarayoniga keng jalb qilish, aksiyalarning barqaror daromad keltirishini taʼminlashga qaratilgan investitsiya fondlari tarmoqlarini tashkil etgan holda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi Nizom va Xususiylashtirish investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi Nizom 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilayotgan investitsiya fondlarini qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi investitsiya fondlari va xususiylashtirish investitsiya fondlari faoliyatini tartibga soluvchi quyidagi normativ hujjatlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar:
Fondning namunaviy ustavi;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Investitsiya fondining namunaviy ustavi” (roʻyxat № 328, 02.04.1997-y.) va “Xususiylashtirilgan investitsiya fondining namunaviy ustavi” (roʻyxat № 264, 15.07.1996-y.).
Fondning depozitariy bilan tuzilgan namunaviy kontrakti;
 LexUZ sharhi
Qarang: Investitsiya fondning depozitariy bilan tuzilgan namunaviy kontrakti (roʻyxat № 309, 26.02.1997-y.) va Xususiylashtirish investitsiya fondining “Vaqt” milliy depozitariysi bilan tuzilgan namunaviy kontrakti (roʻyxat № 266, 15.07.1996-y.).
Fondning fondni boshqarish haqida kompaniya boshqaruvchisi bilan tuzilgan namunaviy kontrakti;
 LexUZ sharhi
Qarang: Investitsiya fondning fondni boshqarish haqida kompaniya boshqaruvchisi bilan tuzilgan namunaviy kontrakti (roʻyxat № 308, 26.02.1997-y.) va Xususiylashtirilgan investitsiya fondning fondni boshqarish haqida kompaniya boshqaruvchisi bilan tuzilgan namunaviy kontrakti (roʻyxat № 645, 19.02.1999-y.).
Fond emissiyasining namunaviy prospekti;
 LexUZ sharhi
Qarang: Investitsiya fondining namunaviy prospekti (roʻyxat № 327, 02.04.1997-y.) va Xususiylashtirish investitsiya fondining namunaviy prospekti (roʻyxat № 271, 12.08.1996-y .).
Fondning moliyaviy faoliyatini tahlil qilish uslubi;
Fondning sof aktivlarini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
 LexUZ sharhi
Qarang: Investitsiya fondining sof aktivlarini baholash tartibi toʻgʻrisida nizom (roʻyxat № 334, 28.04.1997-y.) va Xususiylashtirish investitsiya fondining sof aktivlarini baholash tartibi toʻgʻrisida nizom (roʻyxat № 270, 12.08.1996-y.).
Xususiylashtirish investitsiya fondlari tomonidan maxsus davlat kreditini qaytarish tartibi va shartlari;
Investitsiya fondlarida buxgalteriya hisobi va hisoboti toʻgʻrisida nizom.
Adliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan normativ hujjatlarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
3. “Vaqt” milliy depozitariysi investitsiya fondlariga va xususiylashtirish investitsiya fondlariga xizmat koʻrsatish uchun yagona depozitariy texnologiyasini ishlab chiqishni va joriy etishni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank “Vaqt” milliy depozitariysi toʻgʻrisidagi Nizomga mazkur qaror talablariga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Vaqt” milliy depozitariysiga xususiylashtirish investitsiya fondlariga xizmat koʻrsatish texnologiyasini ishlab chiqish uchun mablagʻ ajratsin, shuningdek, aksiyalarning harakatini nazorat qilishni taʼminlash uchun uni zarur kompyuter texnikasi va telekommunikatsiyalar vositalari bilan butlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid takliflarni bir oy muddatda tayyorlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari V.A. Chjen, B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 18-iyun,
220-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
18-iyundagi 220-son qaroriga
1-ILOVA
Investitsiya fondlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya fondlarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi tartibini belgilaydi. Xususiylashtirish investitsiya fondlarini taʼsis etish va ular faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari Xususiylashtirish investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
3. Investitsiya fondlari foyda (daromad) olish, respublika aholisi va yuridik shaxslarining qimmatli qogʻozlarga qoʻyiladigan mablagʻlarini himoya qilish uchun ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash va aksionerlarning qimmatli qogʻozlar bozorida faoliyat koʻrsatishida tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida tashkil etiladi.
4. Investitsiya fondi investorlarning pul mablagʻlarini safarbar qilish va ularni fond nomidan qimmatli qogʻozlarga, bank schyotlariga va omonatlarga qoʻyish maqsadida aksiyalarni sotib oluvchi va chiqaruvchi, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar tuzuvchi yuridik shaxs hisoblanadi. Koʻrsatib oʻtilgan operatsiyalar investitsiya fondi faoliyatining alohida turi hisoblanadi.
Investitsiya fondining bunday mablagʻ qoʻyish bilan bogʻliq barcha tavakkalchiliklari, ular bozor narxi oʻzgarishidan koʻrishgan barcha daromad va zararlar fond aksiyalarining joriy narxlarini oʻzgartirish yoʻli bilan toʻliq hajmda ushbu fond aksionerlari hisobiga tegishli boʻladi.
5. Investitsiya fondlari qimmatli qogʻozlarni ularni sotib olish majburiyati bilan chiqarishlari mumkin, yaʼni ushbu fondning qimmatli qogʻozlari egalariga ularning talablariga koʻra qimmatli qogʻozning oʻrniga pul olish yoki ustav fondi (ochiq tur)ga muvofiq, boshqa mol-mulkni olish yoki emitent (yopiq tur) tomonidan qimmatli qogʻozlarni ularni sotib olish majburiyatisiz chiqarish huquqini beradilar.
6. Investitsiya fondlari faqat ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari koʻrinishida tashkil etilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi barcha yuridik shaxslar oʻzlarining taʼsis hujjatlarini mazkur Nizomga muvofiqlashtirganlaridan soʻng investitsiya fondi maqomini oladilar. Faoliyatlari banklar va sugʻurta kompaniyalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadigan banklar va sugʻurta kompaniyalari investitsiya fondlari hisoblana olmaydilar.
7. Investitsiya fondi faoliyatini faoliyatning boshqa turlari bilan birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Investitsiya fondini tashkil etish va uning faoliyati ilova qilingan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II. INVESTITSIYa FONDINI TAʼSIS ETISh VA ROʻYXATDAN OʻTKAZISh
9. Investitsiya fondi kamida ikki muassisga ega boʻlishi kerak. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining investitsiya fondlari faoliyatida ishtirok etishlariga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilik bilan davlat mulkini boshqarish boʻyicha berilgan vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlarining investitsiya fondlari qatnashchilari boʻla olish hollari bundan mustasnodir.
Xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning investitsiya fondlarida ishtirok etishlarining xususiyatlari amaldagi qonunchilik bilan belgilanadi.
10. Yuridik va jismoniy shaxslar investitsiya fondining muassislari boʻlishlari mumkin. Fond muassislarining oʻzaro munosabatlari taʼsis shartnomasi bilan tartibga solinadi, shartnomada shartnoma qatnashchilari, shartnomaning mavzui va muddatlari, fond faoliyatining maqsadi va mavzui, nomi hamda joylashgan oʻrni, ustav fondining miqdori va uni tashkil etish tartibi, daromad (foydasi, dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi, muassislarning aksiyaga yozilgan shaxslar va uchinchi shaxslar oldidagi javobgarliklari hamda qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlar belgilab qoʻyiladi.
Muassislar majlisi Investitsiya fondining namunaviy ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan investitsiya fondining ustavini tasdiqlaydi, kuzatuvchi kengashni saylaydi. Depozitariy bilan tuzilgan namunaviy kontraktga va boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan fondni boshqarish toʻgʻrisidagi namunaviy shartnomaga muvofiq investitsiya fondini boshqarish uchun depozitariy va boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan kontraktlar loyihalarini tasdiqlaydi, fondning kuzatuvchi kengashi raisini ushbu kontraktlarni tuzishga vakil qiladi. Muassislar investitsiya fondining davlat roʻyxatidan oʻtgunga qadar paydo boʻlgan majburiyatlari boʻyicha birgalikda javobgar boʻladilar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan aksionerlik jamiyati ustavi mazmuniga qoʻyiladigan talablarga qoʻshimcha ravishda investitsiya fondi ustavi majburiy tartibda quyidagi qoidalarni oʻz ichiga olishi kerak:
investitsiya fondini ochiq turdagi aksionerlik jamiyati sifatida belgilash;
investitsiya fondining turi — ochiq yoki yopiq, (mazkur Nizomning 5-bandiga muvofiq);
fond faoliyatidagi cheklashlar;
boshqaruvchi kompaniyaning huquqlari va majburiyatlari, investitsiya fondini boshqarish toʻgʻrisida u bilan kontrakt tuzish, zarar yetkazilgan hollarda uning investitsiya fondi va aksionerlar oldidagi javobgarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
depozitariy bilan kontraktlar tuzish tartibi, depozitariy toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qarz mablagʻlarini jalb qilish tartibi;
investitsiya fondining barcha aksiyalari bir xil ovoz berish huquqi bilan oddiy aksiyalar boʻlib hisoblanadi degan koʻrsatma aksionerga boshqaruvda qatnashish huquqini va fond tugatilganda dividendlar hamda mol-mulk olish huquqini beradi;
aksionerlar reyestrini yuritish tartibi;
dividendlarni toʻlash tartibi.
12. Investitsiya fondi nomiga “investitsiya fondi” soʻzlari qoʻshib yozilishi kerak. Mazkur Nizomga muvofiq faoliyat koʻrsatuvchi investitsiya fondlaridan tashqari boshqa shaxslar oʻz nomlariga “investitsiya fondi” soʻzlarini yoki shunga oʻxshash maʼnoga ega boʻlgan soʻzlarni qoʻshib yozish huquqiga ega emaslar.
Investitsiya fondining nomi uning biror-bir milliy-davlat yoki maʼmuriy-hududiy tuzilishga, shuningdek, vazirliklar, idoralar yoki jamoat tashkilotlariga taalluqli ekanligini anglatmasligi kerak.
13. Investitsiya fondining ustav fondi u taʼsis etilayotganda uning muassislari hissalari hisobiga shakllanadi va u eng kam oylik ish haqining kamida 200 baravarini tashkil etishi kerak. Investitsiya fondi taʼsis etilayotgan vaqtda uning ustav fondi muassislar oʻrtasida toʻla taqsimlangan boʻlishi kerak.
Muassislar investitsiya fondi roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab kechi bilan 30 kunda ustav fondining 100 foiz qiymatini toʻlashlari shart. Fond aksiyasiga birinchi yozilish investitsiya fondi roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab kechi bilan uch oyda amalga oshirilishi kerak.
14. Investitsiya fondining ustav fondi naqd pul yoki naqd pulsiz tartibda pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk bilan toʻlanishi mumkin.
Investitsiya fondini tasdiqlashda uning ustav fondining kamida 15 foizi pul shaklida toʻlanishi kerak.
15. Muassislar fondni roʻyxatdan oʻtkazish vaqtiga qadar boshlangʻich kapital sifatida qoʻyilgan ulushlarni qaytarib olish huquqiga ega emaslar.
16. Investitsiya fondini roʻyxatdan oʻtkazish aksionerlik jamiyatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda, mazkur Nizomda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
III. QIMMATLI QOGʻOZLAR ChIQARIShNI ROʻYXATDAN OʻTKAZISh VA INVESTITSIYa FONDI FAOLIYATINI LITSENZIYALASh
17. Aksiyalar chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish uchun investitsiya fondi-emitent Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi deb ataladi) Emissiyaning namunaviy prospektiga muvofiq tuzilgan emissiya prospektini taqdim etishi shart.
18. Investitsiya fondi aksiyalarini chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan belgilangan aksionerlik jamiyatlari aksiyalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Investitsiya fondi boshqaruvchi kompaniya orqali oʻz faoliyatini (qimmatli qogʻozlar chiqarish, sotib olish yoki sotish, oʻz faoliyatini reklama qilish va ommaviy axborot vositalari orqali aksiyalarni sotish toʻgʻrisida xabardor qilish) faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olingandan soʻng amalga oshirish huquqiga egadir.
Investitsiya fondi faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
20. Aksionerlarning investitsiyalarini himoya qilish maqsadida Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi investitsiya fondi rioya qilishi majburiy boʻlgan iqtisodiy normativlarni belgilaydi.
IV. FAOLIYAT KOʻRSATISh VA NAZORAT
21. Investitsiya fondining faoliyat koʻrsatishi va uning faoliyatini nazorat qilish aksionerlik jamiyatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan nazarda tutilgan hamda mazkur Nizom bilan belgilanadigan xususiyatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
22. Aksionerlarning umumiy majlisi fondning yuqori organi hisoblanadi, umumiy majlisning mutlaq vakolatiga amaldagi qonunchilik bilan belgilangan vakolatlardan tashqari fond faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlarni, maqsadlar va cheklashlarni, depozitariy bilan tuzilgan kontraktni, investitsiya fondini boshqarish toʻgʻrisida boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan kontraktni, shu jumladan, depozitariyni va boshqaruvchi kompaniyani mukofotlash miqdorlarini belgilash tartibini, ularga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishni maʼqullash kiradi.
Umumiy majlis, agar unda investitsiya fondi ustaviga muvofiq kamida 60 foiz ovozga ega boʻlgan (kvorum) aksionerlar qatnashayotgan boʻlsa, qonuniy huquqqa ega boʻladi. Investitsiya fondi umumiy majlisida ovoz berish bir aksiya — bir ovoz asosida amalga oshiriladi.
Investitsiya fondi ustavini oʻzgartirish va unga qoʻshimchalar kiritish, uning faoliyatini toʻxtatish, filiallar tashkil etish va ularning faoliyatini toʻxtatish, ustav fondini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish uchun aksionerlar majlisida qatnashayotganlarning toʻrtdan uch qismidan koʻp ovozi zarur boʻladi.
Qolgan boshqa barcha masalalar boʻyicha qarorlar majlisda qatnashayotgan aksionerlarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Kvorum boʻlmaganda aksionerlarning yangi majlisini chaqirish sanasi 14 kalendar kunga koʻchiriladi.
Qayta majlisdagi qaror majlisda ishtirok etayotgan aksionerlarning yoki ularning vakolatli vakillarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
23. Aksionerlarning birinchi majlisi investitsiya fondi roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng kechi bilan 30 kunda oʻtkaziladi. Investitsiya fondi bir yilda bir marta, aksionerlarning boshqa majlislaridan qatʼi nazar, aksionerlarning umumiy yillik majlisini oʻtkazadi. Umumiy yillik majlislar orasidagi davr 15 oydan oshib ketmasligi kerak.
24. Investitsiya fondi aksionerlarining umumiy yigʻilishlari orasidagi davrda kengash aʼzolari tomonidan saylangan rais boshchilik qilayotgan kuzatuvchi kengash uning yuqori organi hisoblanadi.
25. Investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi aʼzolarining soni aksionerlarning umumiy majlisi tomonidan belgilanadi, ammo ularning soni toq boʻlishi kerak.
V. INVESTITSIYa FONDINING BOShQARUVChI KOMPANIYASI
26. Investitsiyalarni boshqarish va fondning qimmatli qogʻozlari paketini shakllantirish hamda investitsiya maslahatchisi sifatida fondga xizmat koʻrsatish investitsiya fondining boshqaruvchi kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
27. Aksionerlarning umumiy majlisi tomonidan vakil qilingan investitsiya fondi kuzatuvchi kengashining raisi boshqaruvchi kompaniya bilan investitsiya fondini boshqarish toʻgʻrisida kontrakt tuzadi. Unda kontrakt tomonlari, kontrakt mavzusi, tomonlarning huquq va majburiyatlari, fond faoliyatidagi cheklashlar, boshqaruvchi kompaniyaning mukofotlari va xarajatlari, kontraktning amal qilishini toʻxtatish shartlari va tomonlarning javobgarligi belgilanadi.
Kontraktning amalda boʻlishi muddatidan oldin toʻxtatilganligi uchun kompensatsiya belgilashga yoʻl qoʻyiladi. Uning miqdori kontraktda nazarda tutilgan boshqaruvchi kompaniyani yillik ragʻbatlantirish miqdorining 20 foizidan oshib ketmasligi kerak.
Koʻrsatib oʻtilgan kontraktning har qanday qoidasi, agar investitsiya fondining amalda boʻlishi fondning amal qilishini muddatidan oldin toʻxtatish huquqini cheklab qoʻysa, haqiqiy emas deb hisoblanadi. Investitsiya fondi faoliyatidagi cheklashlarni boshqaruvchi kompaniya tomonidan bajarish majburiy hisoblanadi.
28. Boshqaruvchi eng kam oylik ish haqining kamida 200 baravari miqdorida aktivlarga egalik qilishi kerak.
29. Fondning kuzatuvchi kengashi boshqaruvchi kompaniya bilan tuziladigan bitishuvlar roʻyxatini, shuningdek, bitishuvlarning xususiyati va hajmiga koʻra cheklashlarni belgilashga haqlidir.
30. Boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan kontraktga investitsiya aksiyalarining umumiy majlisi qaroriga koʻra boshqaruvchi kompaniya bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
31. Investitsiya fondi bilan investitsiya fondini boshqarish toʻgʻrisida kontrakt tuzuvchi yuridik shaxsning qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya institutlari sifatida faoliyat koʻrsatish huquqiga ega degan litsenziyasi boʻlishi shart.
Investitsiya fondlarini boshqarish investitsiya fondini boshqarish uchun kontrakt tuzgan boshqaruvchi kompaniya faoliyatining mutlaq turi hisoblanadi.
32. Boshqaruvchi kompaniya investitsiya fondi kuzatuvchi kengashining topshirigʻiga koʻra investitsiya fondi nomidan oʻz faoliyatini amalga oshiradi, ushbu korxonalarning investitsiya fondiga tegishli aksiyalariga muvofiq korxonalar aksionerlarining majlislarida qatnashadi.
33. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari shuningdek, ustav fondidagi davlat ulushi 25 foizdan ortiq boʻlgan ular tomonidan taʼsis etilgan korxonalar boshqaruvchi kompaniya muassislari boʻla olmaydilar.
34. Investitsiya fondining boshqaruvchi kompaniyasi depozitariy boʻla olmaydi.
35. Davlat boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va ular tomonidan tashkil etilgan korxonalar, tobe shaxslar investitsiya fondining boshqaruvchi kompaniyasi boʻla olmaydilar.
Tobe shaxslar deganda jismoniy yoki yuridik shaxslar — muayyan-investitsiya fondi ovoz beruvchi aksiyalarining 15 foizidan ortigʻi tegishli boʻlgan boshqaruvchi kompaniya va uning mansabdor shaxslari, muassislari, shuningdek aksionerlari, investitsiya fondining biror-bir yuridik yoki jismoniy shaxsga ovoz beruvchi aksiyalarning 15 foizdan ortigʻi tegishli boʻlgan aksionerlik jamiyati tushuniladi.
36. Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqaruvchi kompaniyaning mansabdor shaxslari va mutaxassislari ushbu faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi tomonidan berilgan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradigan malaka attestati asosida olib borishga haqlidirlar.
37. Boshqaruvchi kompaniya eʼtiborsizlik, qalloblik va qonun bilan taqiqlangan boshqa xatti-harakatlar natijasida sud tomonidan isbotlangan yoʻqotishlar uchun javob beradi.
38. Boshqaruvchi kompaniya tomonidan olinadigan mukofotning yillik miqdori investitsiya fondi bilan tuziladigan kontraktda nazarda tutiladi va investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining 5 foizidan koʻp boʻlmasligi kerak. Koʻrsatilgan summaga investitsiya fondlarining sof aktivlarini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan boshqaruvchi kompaniya tomonidan qilingan barcha sarf-xarajatlar oʻrnini toʻldirish ham qoʻshiladi.
39. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari investitsiya fondining kuzatuvchi kengashi, shuningdek uning boshqaruvchi kompaniyasi tarkibiga saylanishi yoki tayinlanishi mumkin emas. Investitsiya fondi Kuzatuvchi kengashi aʼzolari boshqaruvchi kompaniya aʼzolari boʻla olmaydilar.
40. Investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi aʼzolariga va shuningdek boshqaruvchi kompaniya rahbarlariga aksiyalarni fond birjasida (birjalarning fond boʻlimlarida) sotuvlarga qoʻyish ekspertizasida qatnashish taqiqlanadi.
41. Boshqaruvchi kompaniyaning faoliyati investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi va depozitariy tomonidan nazorat qilinadi.
VI. DEPOZITARIY VA MUSTAQIL AUDITOR
42. Investitsiya fondi aksiyalarining har bir chiqarilishi hisobi “Vaqt” milliy depozitariysida yuritiladi. Investitsiya fondi aksiyalarining ikkinchi va undan keyingi chiqarilishlarini hisobga olish, shuningdek “Vaqt” milliy depozitariysi bilan shartnomaviy munosabalarga ega boʻlgan boshqa depozitariylarda ham amalga oshirilishi mumkin.
43. Depozitariy bilan tuzilgan kontraktga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar depozitariyning bunga roziligini olgan holda investitsiya fondi aksionerlarining umumiy majlisi qaroriga koʻra kiritilishi mumkin.
44. Depozitariy investitsiya fondining kreditori va kafolatchisi boʻlish huquqiga ega emas. Depozitariy depozitariy bilan tuzilgan kontrakt talablarini, shu jumladan qimmatli qogʻozlarni almashtirish, sotib olish va sotishga cheklashlarni nazarda tutgan holda investitsiya fondi qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalarni hisobga oladi va nazorat qiladi.
45. Depozitariyning talabiga koʻra uning vakili fond kuzatuvchi kengashining majlisiga qoʻyilishi kerak.
46. Boshqaruvchi kompaniya, investitsiya fondining kuzatuvchi kengashi va depozitariyning mansabdor shaxslari oʻz xatti-harakatlarida quyidagi qoidalarga amal qilishga majburdirlar:
kuzatuvchi kengashning ruxsatisiz ustav fondida investitsiya fondining ulushi boʻlgan korxona tomon hisoblangan qimmatli qogʻozlar bilan boʻladigan bitishuvlarga nisbatan biror-bir uchinchi shaxsga maslahat berish huquqiga ega boʻlmaydilar;
investitsiya fondi boshqaruvchi kompaniyasi bilan ustav fondida investitsiya fondining ulushi boʻlgan korxona oʻrtasidagi har qanday shartnoma koʻzatuvchi kengash tomonidan maʼqullanishi shart;
investitsiya fondi bilan, korxona yoxud unda mansabdor shaxslar, shuningdek, investitsiya fondining kuzatuvchi kengashi xodimlari iqtisodiy manfaatdor boʻlgan boshqa yuridik shaxs oʻrtasidagi har qanday bitishuv fondning kuzatuvchi kengashi tomonidan maʼqullanishi shart. Investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi va boshqaruvchi kompaniya aʼzolari, agar ular mehnat yoki fuqarolik huquqiy munosabatlarda boʻlsalar yoxud ustav fondida 5 va undan koʻp ovoz ulush investitsiya fondiga tegishli boʻlgan yoki investitsiya fondi aksiyalarining 5 va undan koʻp foizi unga tegishli boʻlgan yuridik shaxsga nisbatan mulk egasi yoki kreditor huquqlariga ega boʻlsalar iqtisodiy manfaatdor deb hisoblanadilar;
boshqaruvchi va depozitariyning mansabdor shaxslari, shuningdek, investitsiya fondining kuzatuvchi kengashi aʼzolari investitsiya fondidan olingan axborotning maxfiyliligini taʼminlashga majburdirlar.
47. Investitsiya fondi boshqaruvchi kompaniyasi va depozitariy oʻz xatti-harakatlari bilan investitsiya fondiga va aksionerlarga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikka muvofiq, shuningdek, investitsiya fondi bilan boshqaruvchi kompaniya va depozitariy oʻrtasida tuzilgan kontraktlarda nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda javob beradilar.
48. Investitsiya fondi fondning, boshqaruvchi kompaniya va depozitariyning hujjatlarini va hisobotlarini har yili tekshirish uchun mustaqil auditor tayinlaydi.
49. Hujjatlarni, pul belgilarini, qimmatli qogʻozlarni soxtalashtirganliklari, oʻgʻirlaganliklari, talon-toroj yoki poraxoʻrlik va boshqa gʻarazli jinoyatlar qilganliklari uchun sudlangan shaxslar investitsiya fondi kuzatuvchi kengashining aʼzolari boʻlishlari, shuningdek, uning boshqaruvchi kompaniyasi mustaqil auditor yoki depozitariy vazifasini bajarishlari mumkin emas.
VII. INVESTITSIYa FONDI FAOLIYATINI ChEKLAShLAR
50. Investitsiya fondi quyidagi huquqlarga ega emas:
qimmatli qogʻozlarga qoʻyilmalardan tashqari investitsiyalarning boshqa turlarini amalga oshirish;
obligatsiyalarni, imtiyozli aksiyalarni va boshqa pul majburiyatlarini chiqarish (ustavda belgilangan tartibda bank kreditlarini jalb qilish bundan mustasno), ularning egalari egasi yozilgan oddiy aksiyalar egasi boʻlganlarga nisbatan fond mulkiga egalik qilish uchun ustun huquqqa ega boʻladilar;
aksiyalar sotib olingandan soʻng ushbu jamiyat aksiyalarining 15 foizdan koʻprogʻi investitsiya fondining tobe shaxslariga tegishli boʻlgan hollarda har qanday aksionerlik jamiyatining oddiy aksiyalarini sotib olish;
bir emitentga qarashli nominal qiymatga ega boʻlgan qimmatli qogʻozlarning 30 foizdan koʻprogʻini sotib olish yoki oʻz aktivida saqlash;
oʻz sof aktivlarining 10 foizidan koʻprogʻini bir emitentga qarashli qimmatli qogʻozlarga investitsiya qilish, davlat qimmatli qogʻozlari bundan mustasno;
investitsiya fondi tobe shaxslarining qimmatli qogʻozlariga mablagʻlarni investitsiya qilish;
unga tegishli boʻlmagan yoki ularni sotib olish huquqiga ega boʻlmagan qimmatli qogʻozlarni sotish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
kredit bitimi imzolangan sanada uzilishi shart boʻlgan qarzlarning umumiy miqdori investitsiya fondi sof aktivlarining bozor qiymatidan 15 foiz oshib ketgan hollarda qarz mablagʻlarini jalb etish. Qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak va muddati uzaytirilmaydi. Fond kredit bitimini faqat oʻz aksiyalarini aksionerlardan sotib olish uchun pul mablagʻlariga boʻlgan qisqa muddatli ehtiyojni qondirish maqsadida tuzishi mumkin;
qarz majburiyatlarini chiqarish;
har qanday kafolat berish, mulk yoki mulkka egalik qilish huquqini garovga qoʻyish;
tashkiliy-huquqiy shakllari uning qatnashchilarining toʻliq javobgarligini nazarda tutuvchi yuridik shaxslarning qimmatli qogʻozlariga investitsiya qoʻyish;
kompaniya boshqaruvchisi, depozitariy, mustaqil auditor, fond muassislari tomonidan, shuningdek, fond aksiyalarining 5 va undan koʻproq foiziga egalik qiluvchi aksionerlar, ushbu shaxslar nazorat qiluvchi yoki ularning nazorati ostida boʻlgan korxonalar tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiya qoʻyish;
oʻz tobe shaxslaridan qimmatli qogʻozlarni va boshqa mulklarni sotib olish yoki ularga sotish;
qarz majburiyatiga mablagʻ qoʻyish, davlat qimmatli qogʻozlari bundan mustasno;
vositachilar, xususiylashtirish obyektlari, shu jumladan xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksiyalarini, ulushlarini, paylarini sotishda ularning vakillari sifatidagi faoliyatni amalga oshirish;
boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini sotib olish va oʻz aktivlarida saqlash;
fond tomonidan chiqarilgan investitsiya fondi sof aktivining 5 foizidan oshib ketuvchi summadagi aksiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi egalik qiladigan, davlat tasarrufidan chiqarish jarayonida tashkil topgan aksionerlik jamiyatlarining aksiyalariga almashtirish. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi egalik qiluvchi investitsiya fondi aksiyalarining ulushi investitsiya fondi sof aktivlarining 5 foizidan oshib ketishi mumkin emas;
Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida asosiy faoliyatni amalga oshirayotgan korxonalarning qimmatli qogʻozlariga investitsiya qoʻyish;
investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlarni tuzish, har qanday opsionlarni yoki fyurcherslik kontraktlarini sotib olish.
51. Yuqorida koʻrsatilgan cheklashlarga rioya qilmaslik investitsiya fondining faoliyatini toʻxtatishga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda investitsiya fondini tugatishga va kompaniya boshqaruvining mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy, moddiy va jinoiy javobgarlikka tortish choralari qoʻllanilishiga olib keladi.
VIII. MOLIYAVIY AHVOLNI, SOF AKTIVLARNI BAHOLASh VA FOYDANI TAQSIMLASh
52. Moliyaviy ahvolni, sof aktivlarni baholash Investitsiya fondlari moliyaviy faoliyatini tahlil qilish usuli va Investitsiya fondlarining sof aktivlarini baholash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
53. Fond sof foydasining bir qismi dividendlarni toʻlash uchun taqsimlangunga qadar uning ustavi va investitsiya deklaratsiyasi bilan belgilangan tartibda va doirada aksiyadorlar umumiy majlisining qaroriga koʻra ustav kapitalini koʻpaytirishga yoʻnaltirilishi mumkin.
Soliqlar, majburiy toʻlovlar va boshqaruvchi kompaniyani ragʻbatlantirish toʻlovi toʻlangandan soʻng qolgan hamda kapitalni koʻpaytirish uchun yoʻnaltirilmagan fond foydasi uning aksionerlari oʻrtasida dividendlar holida taqsimlanadi.
54. Dividendlarni toʻlash shartlari, tartibi va muddatlari qonunchilik va investitsiya fondi ustavi bilan belgilanadi.
55. Investitsiya fondining buxgalteriya hisobi va hisoboti Investitsiya fondlarida buxgalteriya hisobi va hisoboti toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq boshqaruvchi kompaniya tomonidan yuritiladi.
IX. INVESTITSIYa FONDLARINING MAJBURIYATLARI VA ULARNING AKSIONERLAR OLDIDAGI JAVOBGARLIGI
56. Investitsiya fondi moliyaviy yil choragi tugagandan keyin 30 kundan hamda moliyaviy yil tugagandan keyin 60 kundan kechikmay moliyaviy hisobotni aksionerlarni xabardor qilish uchun taqdim etishga va Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga berishga, shuningdek, respublika matbuotida eʼlon qilishga majburdir. Moliyaviy hisobot quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
fond investitsiyalari roʻyxati yoyilmasi berilgan buxgalteriya balansi (hisobot tuzilgan sanadagi qimmatli qogʻozlarning soni, turlari va ularning joriy vaqtdagi bozor narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda);
xarajatlar, foyda va zararlar, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan davr uchun toʻlanadigan dividendlar toʻgʻrisidagi hisobot;
koʻrsatib oʻtilgan davrning soʻnggi kunidagi investitsiya fondining moliyaviy faoliyati va sof aktivlarining ahvoli toʻgʻrisidagi, investitsiya fondi tomonidan chiqarilgan aksiyalarning soni, hisobot tayyorlangan sanadagi bir aksiyaning nominal va joriy bozor narxi toʻgʻrisidagi, shuningdek, investitsiya fondi aksionerlardan oʻz aksiyalarini sotib olish majburiyatini olgan narx toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
koʻrsatib oʻtilgan davr uchun boshqaruvchi kompaniyaning xizmatiga toʻlanadigan haq miqdori;
asoslar (sabablar) koʻrsatilgan holda tobe shaxslar, investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi aʼzolari, boshqaruvchi kompaniya depozitariy tarkibidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Yil yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobot mustaqil auditor tomonidan tasdiqlanadi. Auditorlik tekshirishlari natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yoki boshqa hujjat investitsiya fondi faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotning ajralmas qismi hisoblanadi.
57. Investitsiya fondi moliyaviy yil tugagandan soʻng 60 kundan kechiktirmay fondning har qanday aksioneriga investitsiya fondi bilan tuzilgan barcha kontraktlar va uning tomonidan tuzilgan yigʻimlar toʻgʻrisidagi, shuningdek, boshqaruvchi kompaniya boshqaruvi yoki har qanday tobe shaxs va hisobot davrida qimmatli qogʻozlariga investitsiya fondi tomonidan mablagʻ qoʻyilgan har qanday shaxs oʻrtasida bajarilgan barcha toʻlovlar toʻgʻrisidagi axborotlar bilan tekin tanishish imkonini beradi.
58. Investitsiya fondi Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markaziga oʻzining boshqaruvchi kompaniya, depozitariy va mustaqil auditor toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, investitsiya fondi kuzatuvchi kengashi, boshqaruvchi kompaniya boshqaruvi barcha aʼzolarining, depozitariy, mustaqil auditorning roʻyxatini taqdim etadi, shuningdek, har qanday manfaatdor shaxsning yoki tashkilotning ushbu maʼlumotlar va roʻyxatlar bilan tanishib chiqishi uchun imkoniyat yaratadi.
59. Investitsiya fondiga yozma holda yoki reklama qilish yoʻli bilan investorlarga ijobiy daromad olish uchun kafolat berish taqiqlanadi.
60. Investitsiya fondlari boshqaruvchi kompaniya orqali oʻz aksionerlariga oʻz faoliyati va moliyaviy ahvoli, aksiyalarni sotish shartlari va emissiyalar prospekti, dividendlarni toʻlash tartibi, fond birjalaridagi faoliyati qimmatli qogʻozlarga qoʻyilmalar toʻgʻrisidagi zarur va ishonchli axborotlarni berishga majburdirlar.
Koʻrsatib oʻtilgan axborotlar aksiyalarni emissiya qilishda koʻrgazmali va qulay shaklda fuqarolar eʼtiboriga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali, aksionerlarning umumiy majlislarida, bundan tashqari, aksioner (aksionerlar)ning talabiga koʻra, taʼsis hujjatlari bilan belgilangan tartibda aksionerlar eʼtiboriga yetkaziladi.
61 Investitsiya fondlari aksionerlar reyestri yuritilishini taʼminlashga majburdirlar. Uni yuritish fond topshirigʻiga koʻra depozitariy tomonidan amalga oshiriladi, bunda investitsiya fondi aksionerlar reyestrini yuritish va uni saqlash majburiyati va masʼuliyatidan ozod etilmaydi.
62. Aksioner investitsiya fondi tomonidan eʼlon qilingan dividendlar toʻlanishini sud yoʻli bilan talab qilishga haqlidir.
63. Investitsiya fondlari aksiyalarining joriy emissiyasi quyidagi hollarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra yoki sud qaroriga koʻra haqiqiy emas deb topilganda toʻxtatib qoʻyilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari buzilganligi aniqlanganda;
roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarida ishonchsiz axborotlar mavjudligi aniqlanganda.
X. INVESTITSIYa FONDINI TUGATISh VA QAYTA TAShKIL ETISh
64 Investitsiya fondi:
aksionerlarning umumiy majlisi qaroriga binoan;
xoʻjalik sudining qaroriga binoan;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslarga binoan tugatiladi.
Investitsiya fondini qayta tashkil etishga faqat unga litsenziya bergan Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bilan kelishilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
65. Investitsiya fondini ixtiyoriy ravishda tugatish aksionerlarning umumiy majlisi tayinlagan tugatish komissiyasi tomonidan, majburiy tugatish — xoʻjalik sudi tayinlagan komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan boshlab fond ishlarini boshqarish boʻyicha vakolatlar unga oʻtadi.
Tugatish komissiyasi investitsiya fondining mol-mulkini baholaydi, uning debitorlarini va kreditorlarini aniqlaydi va ular bilan hisob-kitob qiladi, fond qarzlarining uchinchi shaxslarga toʻlanishi uchun choralar koʻradi, tugatish balansini tuzadi va uni aksionerlarning umumiy majlisiga taqdim etadi.
66. Investitsiya fondida mavjud boʻlgan pul mablagʻlari, shu jumladan, fond tugatilishi vaqtida uning mol-mulki sotilishidan olingan pul tushumlari, budjet va kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan soʻng, fond Ustavi va mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda tugatish komissiyasi tomonidan fond aksionerlari oʻrtasida taqsimlanadi.
67. Investitsiya fondini tugatish toʻgʻrisida davlat roʻyxatidan oʻtkazish reyestrida tegishli yozuvlar qayd etilgan vaqtdan boshlab u tugatilgan, fond esa oʻz faoliyatini toʻxtatgan hisoblanadi.
68. Investitsiya fondlari bilan yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, sud yoki xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi Nizomga
Ilova
Investitsiya fondlarini tashkil etish va ularning faoliyati
SXEMASI
Stryelka tartib raqami‎

Opretsiya turlari nomi‎

1.‎ Muassislar tomonidan investitsiya fondini tashkil etish, taʼsis shartnomasini tuzish va investitsiya fondi ustavini ishlab chiqish‎
2.‎ Investitsiya fondini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish‎
3.‎ Investitsiya fondi hisob-kitob schyotini ochish‎
4 va 4a.‎ Boshqaruvchi kompaniya, shuningdek depozitariy bilan kontrakt tuzish‎
5.‎ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazida roʻyxatdan oʻtkazish‎
6.‎ Investitsiya fondi aksiyalarini chiqarish‎
7.‎ Investitsiya fondi aksiyalarini sotish‎
8.‎ Investitsiya fondi aksiyalarini sotishdan olingan mablagʻlarni fond birjasi va fond doʻkonlari brokerlari schyotlariga oʻtkazish‎
9 va 9a.‎ Investitsiya fondi aksiyalarini sotishdan olingan mablagʻlarni investitsiya fondi schyotlariga oʻtkazish‎
10 va 10a.‎ Investitsiya fondi aksiyalarini sotish toʻgʻrisida depozitariyga axborot taqdim etish‎
11.‎ Aksionerlik jamiyatlarining erkin sotishga qoʻyiladigan aksiyalari‎
12 va 12a.‎ Investitsiya fondi tomonidan erkin bozorda aksiyalarni sotib olish, shuningdek investitsiya fondining fond birjasidagi birja oʻyini‎
13 va 13a.‎ Investitsiya fondi tomonidan oʻz aksiyalarini sotib olish‎
14 va 14a.‎ Investitsiya fondi tomonidan AJ aksiyalari boʻyicha dividendlar olish‎
15 va 15a.‎ Investitsiya fondi tomonidan aksionerlarga dividendlar toʻlash‎

Investitsiya fondi‎

Xususiylashtirish investitsiya fondida‎

Fondni tashkil etishning maqsadi

Foyda (daromad) olish, yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qogʻozlariga qoʻyadigan mablagʻlarining himoya qilinishini taʼminlash hamda aksionerlarning qimmatli qogʻozlar bozoridagi faoliyatida ularning tavakkalchiliklarini kamaytirish maqsadida tashkil etiladi‎

Aholi keng qatlamlarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish, daromad olish, aholi mablagʻlarini himoya qilish va aksionerlarning tavakkalchiliklarini kamaytirish maqsadida tashkil etiladi‎

Ustav fondini shakllantirish‎‎

Ustav sarmoyasi pul mablagʻlari, shuningdek qimmatli qogʻozlar va koʻchmas mulk bilan toʻlanishi mumkin‎

Ustav sarmoyasi mutlaq; pul mablagʻlaridan shakllantiriladi‎

Aksiyalarni chiqarish va joylashtirish‎‎

Aksiyalarning nominal qiymati nazarda tutilmaydi‎ Aksiyalar 100 soʻmdan koʻp boʻlmagach nominal qiymatga ega boʻladi‎
Sotib olinadigan aksiyalar miqdori cheklanmaydi‎

Aksiyalar xususiylashtirish investitsiya fondi (XIF) tomonidan, bitta jismoniy shaxsga koʻpi bilan 100 tadan, nominal qiymati boʻyicha sotiladi‎

Investitsiya fondi (IF) aksiyalarni investorlarning cheklanmagan doirasi oʻrtasida joylashtiradi‎

XIF oʻz aksiyalarini faqat jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida joylashtiradi. Yuridik shaxslar XIF aksiyalarini ikkilamchi bozorda, bozor narxi boʻyicha sotib olish huquqiga egadirlar‎

Qarz mablagʻlarini jalb etish‎‎

Maxsus davlat krediti nazarda tutilmagan‎ Maxsus davlat kreditlari olish huquqiga ega‎
Kreditlarni uch oygacha boʻlgan muddatga jalb etish huquqiga ega ‎

Qarz mablagʻlarini jalb etish huquqiga ega emas, maxsus davlat kreditlari bundan mustasno‎

‎‎Fond chiqargan aksiyalarni aksionerlik jamiyatlari aksiyalariga almashtirish imkoniyati

IF chiqargan aksiyalarni davlat tasarrufidan chiqarish jarayonida tashkil etilgan aksionerlar jamiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi egasi boʻlgan, IF sof aktivning 5 foizidan oshadigan miqdordagi aksiyalarga almashtirish huquqiga ega emas‎

XIF chiqargan aksiyalar jamiyati aksiyalariga almashtirish huquqiga ega emas‎

‎‎Fond chiqargan aksiyalarni aksionerlardan sotib olish imkoniyati

IF fond aksiyalarini ular egasining talabiga binoan sotib olish huquqiga ega‎

XIF oʻz aksiyalarini aksionerlardan sotib olish huquqiga ega emas‎

Xususiylashtirish investitsiya fondlarining va investitsiya fondlarining faoliyati xususiyatlari‎
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
18-iyundagi 220-son qaroriga
2-ILOVA
Xususiylashtirish investitsiya fondlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom investitsiya fondlarining turi boʻlgan xususiylashtirish investitsiya fondlarini taʼsis etish va ularning faoliyati xususiyatlarini, ularga maxsus davlat kreditlari berish tartibini, shuningdek mulkchilik shakli oʻzgartirilgan davlat korxonalari aksiyalarini sotish xususiyatlarini belgilaydi.
2. Xususiylashtirish investitsiya fondlari (XIF) aholining keng tabaqalarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish maqsadida tashkil etiladi hamda aholining pul mablagʻlarini ulardan keyinchalik xususiylashtiriladigan davlat korxonalari aksiyalarini xarid qilish uchun jamlashga daʼvat etilgandir.
3. XIFlar oʻz aksiyalari emissiyalari hisobidan mablagʻlarni jalb etishdan, oʻz mablagʻlarini va xususiylashtiriladigan korxonalar qimmatli qogʻozlari shaklida olingan maxsus davlat kreditlarini investitsiya qilishdan, qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilishdan iborat boʻlgan faoliyatni amalga oshiruvchi ochiq turdagi aksionerlik jamiyati hisoblanadi.
4. XIFni tashkil etish va uning faoliyati, ushbu Nizomdan kelib chiqadigan xususiyatlarni hisobga olgan holda, Investitsiya fondlari toʻgʻrisida Nizom bilan tartibga solinadi.
5. Quyidagilar XIFlarning oʻziga xos xususiyatlari hisoblanadi:
har bir XIF tomonidan xususiylashtirilayotgan korxonalarning chiqarilayotgan aksiyalari umumiy sonining kamida 35 foizgachasini nominal qiymati boʻyicha sotib olish imkoniyati;
maxsus davlat kreditini olish huquqining mavjudligi;
XIF yopiq turdagi investitsiya fondi hisoblanadi (Investitsiya Fondlari toʻgʻrisidagi Nizomning 5-bandiga muvofiq).
6. XIFlar faqat xususiylashtirilgan davlat korxonalari aksiyalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, davlat qimmatli qogʻozlariga mablagʻlarni investitsiya qilish huquqiga egadirlar.
7. Xususiylashtirish investitsiya fondini tashkil etish va uning faoliyati ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II. XIFNI TAʼSIS ETISh VA UNING FAOLIYATINI LITSENZIYALASh
8. XIF kamida ikkita, biroq 20 tadan koʻp boʻlmaga muassisga ega boʻlishi mumkin. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ustav sarmoyasida aksiyalarning 25 foizidan kamrogʻi davlatga tegishli boʻlgan korxonalar XIF muassislari va aksionerlari boʻlishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari XIFlarning muassislari boʻlishi mumkin emas. Har bir alohida muassis eng kam oylik ish haqining koʻpi bilan 100 baravariga teng boʻlgan miqdordagi XIF aksiyasiga egalik qilish huquqiga egadir.
9. XIFni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror muassislar tomonidan qabul qilinadi, bu haqda ular oʻrtasida taʼsis shartnomasi tuziladi.
10. XIFning ustav fondi muassislarining uni taʼsis etishdagi ulushlari hisobiga shakllanadi va u eng kam oylik ish haqi miqdorining kamida 200 baravariga teng boʻlishi kerak. XIF ustav fondini shakllantirish faqat pul mablagʻlari qoʻyish orqali amalga oshiriladi. Muassislar ustav fondi qiymatining 100 foizini XIF roʻyxatga olingan kundan boshlab 30 kundan kechikmay toʻlashlari shart.
11. XIF oʻz aksiyalarini aksionerlardan sotib olish huquqiga ega boʻlmaydi XIF aksiyalari ushbu aksiyalarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin qimmatli qogʻozlar bozorida erkin muomalada boʻlishi mumkin. Aksionerlarga tegishli boʻlgan aksiyalarni sotishda XIF aksionerlari huquqini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu aksiyalar sotib olish uchun XIFlarga, davlat muassasalariga va ustav sarmoyasida aksiyalarning 25 foizidan koʻprogʻi davlatga tegishli boʻlgan korxonalarga tavsiya etiladigan hollar bundan mustasno. Aksionerlar birja va birjadan tashqari bozorlarda oʻzlariga tegishli aksiyalar oldi-sotdisi boʻyicha bitishuvlarni amalga oshirish huquqiga egadirlar.
12. XIF faoliyatiga litsenziya berish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori ishini Muvofiqlashtirish va uni nazorat qilish markazi (bundan keyin Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi. Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi XIFga litsenziyani quyidagi hujjatlar olingandan keyin va ular ushbu Nizom talablariga muvofiq kelgan taqdirda 10 kalendar kundan kechikmay berishi shart:
XIF muassislari tomonidan imzolangan, litsenziya soʻrab murojaat qilingan ariza;
XIF aksionerlik jamiyatlari davlat reyestriga kiritilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
vakolatli davlat organida roʻyxatga olingan XIF ustavining notariusda tasdiqlangan nusxasi;
XIF emissiyasi prospekti;
litsenziya berilganligi uchun yigʻim va davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
XIF bilan boshqaruvchi kompaniya oʻrtasida fondni boshqarish huquqi boʻyicha tuzilgan kontraktning notariusda tasdiqlangan nusxasi;
XIF bilan depozitariy oʻrtasidagi kontraktning notariusda tasdiqlangan nusxasi.
Koʻrsatib oʻtilgan kontraktlar XIF litsenziya olganidan soʻng kuchga kiradi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun arizachi tomonidan eng kam oylik ish haqining 0,5 miqdorida yigʻim oʻtkaziladi.
Litsenziya olish uchun eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida davlat boji toʻlanadi.
Quyidagi hollarda litsenziya beruvchi organ litsenziya berishni yozma ravishda rad etishi mumkin:
zarur tartibda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilsa;
basharti XIF yoki uning muassislari ushbu Nizom shartlarini toʻliq bajarmasalar.
Litsenziya besh yil muddatga beriladi.
13. Hujjatlarni, belgilarini, qimmatli qogʻozlarni soxtalashtirganligi, talon-toroj qilganligi yoki poraxoʻrligi va boshqa moliyaviy jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar, shuningdek mansabdor shaxslar va davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari boshqaruvchi kompaniya, XIF depozitariysi xizmatchilari, mansabdor shaxslari yoki rahbarlari, shuningdek XIF kuzatuvchi kengashining aʼzolari boʻlishlari mumkin emas. Ushbu talabning bajarilishi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan nazorat qilinadi.
III. BOShQARUVChI KOMPANIYANI TAShKIL ETISh VA UNGA LITSENZIYA BERISh TARTIBI
14. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq boshqaruvchi kompaniya muassislari boʻlishlari mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek ustav sarmoyasidagi davlat ulushi 25 foizdan koʻproq boʻlgan korxonalar boshqaruvchi kompaniya muassislari boʻlishi mumkin emas.
15. Boshqaruvchi kompaniya XIFning kuzatuvchi kengashi topshirigʻiga binoan oʻz faoliyatini XIF nomidan amalga oshiradi, korxonalar aksionerlari majlislarida ushbu korxonalarning XIFga tegishli aksiyalariga muvofiq qatnashadi.
16. Boshqaruvchi kompaniya eng kam oylik ish haqining kamida 200 baravari miqdorida aktivlarga ega boʻlishi lozim.
17. XIFni boshqarish XIFni boshqarish yuzasidan kontrakt tuzgan boshqaruvchi kompaniya faoliyatining mutlaq turi hisoblanadi.
18. XIFni boshqarish huquqiga ega boʻlish uchun boshqaruvchi kompaniya investitsiya instituti sifatida qimmatli qogʻozlar bozorida faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan Muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi litsenziyasini olishi kerak.
Boshqaruvchi kompaniya cheklanmagan miqdordagi XIFlarni boshqarishi mumkin.
Boshqaruvchi kompaniyalarning xodimlari va ularning affilirlangan shaxslari XIFlar kuzatuvchi kengashlarining aʼzolari boʻlishi mumkin emas.
IV. XIFLAR TOMONIDAN AKSIYALAR ChIQARISh
19. Yalpi xususiylashtirish jarayoniga aholining keng tabaqasini jalb qilish maqsadida XIFlar tomonidan Xususiylashtirish investitsiya fondlari aksiyalari (keyingi oʻrinlarda XIF aksiyalari deb ataladi) chiqariladi. XIF aksiyalari fond doʻkonlari va boshqa sotish joylari orqali nominal qiymati boʻyicha 100 soʻmdan sotiladi. Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi pasportini koʻrsatgan holda har bir XIFda koʻpi bilan 100 ta XIF aksiyalarini nominal qiymati boʻyicha sotib olishi mumkin.
XIF bilan tuzilgan kontraktga muvofiq ushbu bandga rioya etishni depozitariy nazorat qiladi.
20. XIF aksiyalari egasi yozilgan oddiy aksiyalar hisoblanadi har bir aksiya aksionerlar umumiy majlisida bir ovoz huquqini, shuningdek dividendlar va XIF tugatilganda mol-mulkning bir qismini olish huquqini beradi.
21. XIFning birinchi XIF aksiyalari XIF taʼsis etilganda chiqariladi.
XIF aksiyalarining ikkinchi chiqarilishi XIF tomonidan XIF sifatida faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olingandan keyin 3 oydan kechikmay chiqarilishi kerak.
XIFlar XIF sifatida faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olganlariga qadar eʼlon berish yoki XIF aksiyalarini sotishga taklif qilish (muassislardan tashqari) huquqiga ega emaslar.
XIFlar XIF aksiyalarini tarqatishda olinishi kutilayotgan daromadlar miqdorlarini eʼlon qilish va reklama etish huquqiga ega emaslar.
22 XIF aksiyalari chiqarilishini va emissiya prospektlarini roʻyxatga olish, shuningdek XIF aksiyalarini tarqatish, saqlash hamda hisobga olish amaldagi qonunchilikka va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
23. XIFlar XIF aksiyalarini yuridik shaxslarga sotish huquqiga ega emaslar, yuridik shaxslar XIF aksiyalarini XIFning muassislari sifatida oladigan hollar bundan mustasno.
24. XIF aksiyalari bilan va XIFga tegishli qimmatli qogʻozlar bilan barcha operatsiyalar faqat “Vaqt” milliy depozitariysida hisobga olinishi kerak.
V. XIFLAR TOMONIDAN MAXSUS DAVLAT KREDITLARINI OLISh TARTIBI
25. Aholining xususiylashtirish jarayonida qatnashishi uchun XIFlarga beriladigan maxsus davlat krediti (bundan keyin kredit deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarini sotib olishga beriladi.
26. Kredit har bir XIFga uning talabnomasi boʻyicha faqat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasidan xususiylashtirilgan korxona aksiyalari sotib olingandan soʻng majburiy tartibda beriladi.
Xususiylashtirilgan korxona aksiyalari qiymatining kamida oltidan bir qismi XIFning oʻz pul mablagʻlari hisobidan toʻlanishi lozim, aksiyalar qiymatining qolgan oltidan besh qismi kredit hisobidan sotib olinadi.
27. XIF hech qanday qarz taʼminotlarini berishi yoki boshqacha usulda, maxsus davlat kreditlaridan tashqari, qarz majburiyatlarini oʻz zimmasiga olishi mumkin emas.
28. Maxsus davlat kreditini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus davlat kreditini toʻlash tartibi va shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. XIFga tegishli boʻlgan barcha qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari va boshqa aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan beriladigan kreditlar uchun ushbu kreditning toʻliq summasiga garov predmeti hisoblanadi. XIF mazkur garov huquqiga tegishli oʻsha aksiyalarni yoki ular boʻyicha ovozga ega boʻlish huquqini berishda cheklanmagan huquqqa egadir, bunda ana shunday aksiyalarni sotishda sotishdan tushgan tushumlarni taqsimlash Davlat mulki qoʻmitasi garov huquqi foydasiga cheklanishi shart.
30. XIF bankrot boʻlgan taqdirda yoki tugatilganda uning aktivlarini tugatish tugatish komissiyasi tomonidan ochiq kimoshdi savdosi shaklida oʻtkazilishi kerak. Bunday savdoda xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari aksiyalarini sotib olish boʻyicha qonuniy huquqqa ega boʻlgan har qanday yuridik va jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xususiylashtirilayotgan davlat korxonalarining kimoshdi savdosida sotilayotgan aksiyalarini sotib olish yoki boshqacha usulda xususiy mulk qilib olish yoki oʻz tasarruflariga olish huquqiga ega emaslar.
VI. XUSUSIYLAShTIRILGAN KORXONALAR AKSIYALARINI XIFLAR TOMONIDAN SOTIB OLISh TARTIBI
31. Xususiylashtirilgan har bir korxona aksiyalari umumiy miqdorining kamida 30 foizi XIFlarga quyidagi tartibga muvofiq sotilishi kerak:
a) xususiylashtirilgan korxonalarning aksiyalari aksiyalarning nominal qiymatiga teng boʻlgan belgilab qoʻyilgan narx boʻyicha ochiq obunaga tavsiya qilinishi kerak.
Ochiq obunani oʻtkazish vaqti u oʻtkaziladigan vaqtdan bir hafta oldin, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
Agar bitta emitent aksiyalarini sotib olish uchun bir nechta talabnoma tushsa, u holda talabnomalar talab qilinayotgan aksiyalar miqdoriga boʻlingan, tavsiya etilayotgan aksiyalar miqdoriga teng nisbatda qondiriladi;
b) ochiq obuna oʻtkazilgandan soʻng 30 kundan kechiktirilmay, sotilmay qolgan aksiyalar ular uchun eng yuqori narxni taklif qilgan XIFlarga sotilishi kerak. U hatto emitent aksiyalari nominal qiymatidan past boʻlgan taqdirda ham aksiyalar taklif etilayotgan eng yuqori narx boʻyicha sotilishi kerak;
v) aksiyalar sotilgandan keyin Davlat mulki qoʻmitasi aksiyalarga egalik qilish huquqini kechiktirmay xaridorga berishi kerak. Hech qanday shaxs yoki davlat organi bunday sotish sanasi va mazkur aksiyalarga egalik qilish huquqi xaridorga oʻtishi sanasi oʻrtasidagi davrda xususiylashtirilgan davlat korxonasi sarmoyasiga, aktivlariga yoki aksiyalariga taʼsir etadigan biror-bir harakatni amalga oshirishi yoki boshqacha usulda bunday korxona aksiyalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishi mumkin emas.
32. Xususiylashtirilgan korxonalarning ushbu Nizomga muvofiq sotilgan barcha aksiyalari “Vaqt” milliy depozitariysida hisobga qoʻyilishi kerak.
Xususiylashtirilgan korxonalarning aksiyalari XIF tomonidan uning oʻz mablagʻiga yoki kredit hisobiga sotib olinishi mumkin.
VII. XIFLARNING MAJBURIYATLARI VA ULARNING AKSIONERLAR OLDIDAGI JAVOBGARLIGI
33. XIFlar boshqaruvchi kompaniya orqali oʻz aksionerlariga oʻzining faoliyati va moliyaviy ahvoli, aksiyalarni sotish shartlari va aksiyalar emissiyasi prospekti, dividendlarni toʻlash tartibi, fond birjalaridagi faoliyati hamda qimmatli qogʻozlarga qoʻygan mablagʻlari toʻgʻrisida zarur va ishonchli axborotni berishga majburdir.
Koʻrsatib oʻtilgan axborot aksiyalar emissiyasi vaqtida koʻrgazmali va tushunarli shaklda fuqarolarga, shuningdek aksionerlarga ommaviy axborot vositalari orqali, aksionerlarning umumiy majlislarida, bundan tashqari, taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda aksioner (aksionerlar) talabiga koʻra maʼlum qilinadi.
34. XIFlar aksionerlar reyestri yuritilishini taʼminlashga majburdirlar. Reyestrni yuritish fond topshirigʻiga binoan depozitariy tomonidan amalga oshiriladi, bunda XIF aksionerlar reyestrning yuritilishi va saqlanishi boʻyicha majburiyatdan hamda javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
35. Qimmatli qogʻozlar bozor narxining oʻzgarishlaridan olinadigan barcha daromadlar va koʻriladigan zararlar toʻliq hajmda ushbu fond aksionerlari hisobiga yoziladi.
36. Aksioner XIF tomonidan eʼlon qilingan dividendlarning toʻlanishini sud tartibida talab qilishga haqlidir.
37. XIFlar aksiyalarining joriy emissiyasi quyidagi hollarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan toʻxtatib turilishi yoki sud qaroriga koʻra haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari buzilganligi aniqlanganda;
roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarida ishonchsiz axborotlar topilganda.
VIII. XIFLAR FAOLIYATINI TOʻXTATISh
38. Kredit boʻyicha qarzlarini toʻlagandan soʻng XIFlar xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarini nominal qiymati boʻyicha xarid qilish va kreditlar olish huquqini yoʻqotgan holda umumiy maqsadlardagi investiya fondlariga aylantirilishi mumkin.
39. XIFlarni umumiy maqsadlardagi investitsiya fondlariga aylantirish XIF aksionerlarining umumiy majlisi qaror chiqargandan, Ustav Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirilgandan hamda litsenziya beruvchi organdan tegishli litsenziya olingandan keyin kuchga kiradi.
Xususiylashtirish investitsiya
fondlari toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
Xususiylashtirish investitsiya fondlarini tashkil etish va ularning faoliyati
SXEMASI
Stryelka tartib raqami‎

Opretsiya turlari nomi‎

1.‎ Muassislar tomonidan xususiylashtirish investitsiya fondini tashkil etish, taʼsis shartnomasini tuzish va xususiylashtirish investitsiya fondi ustavini ishlab chiqish
2.‎ Xususiylashtirish investitsiya fondi ustavini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish

3.‎‎

Xususiylashtirish investitsiya fondi hisob-kitob schyotini ochish
4 va 4a.‎ Boshqaruvchi kompaniya, shuningdek depozitariy bilan kontrakt tuzish
5.‎ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qiimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazida roʻyxatdan oʻtkazish
6, 7 va 11. Aksiyalarning birinchi va ikkinchi emissiyasi va ularni joylashtirish
8. Aksiyalarning birinchi va ikkinchi emissiyasidan olingan mablagʻlarni fond birjasi va fond doʻkonlari brokerlari schyotlariga oʻtkazish
9. Birinchi va ikkinchi emissiya aksiyalarini sotishdan olingan mablagʻlarni xususiylashtirish investitsiya fondi schyotlariga oʻtkazish
10 va 10a. Birinchi va ikkinchi emissiya aksiyalarini sotish toʻgʻrisida depozitariyga axborot taqdim etish
12. XIF tomonidan Davlat mulki qoʻmitasidan xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalari sifatida davlat krediti olish
13a. Aksiyalar chiqarish va ularni joylashtirish
14.‎ Aksiyalarni sotishdan olingan mablagʻlarni fond birjasi va fond doʻkonlari brokerlari schyotlariga oʻtkazish
15. XIF aksiyalarini sotishdan olingan mablagʻlarni XIF schyotlariga oʻtkazish
16 va 16a. XIF aksiyalarini sotish toʻgʻrisida depozitariyga axborot taqdim etish
17. Aksionerlik jamiyatlarining erkin sotishga qoʻyiladigan aksiyalari
18 va 18a. XIF tomonidan erkin bozordan aksiyalar sotib olish, shuningdek XIFning fond bozoridagi birja oʻyini

19 va 19a‎

XIF tomonidan aksionerlik jamiyatlari aksiyalari boʻyicha dividendlar olish‎

20 va 20a.‎

XIF tomonidan dividendlar toʻlash ‎
Keyingi tahrirga qarang.