toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish sohasida qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratilayotgani natijasida tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻplab investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish choralari koʻrilmoqda.
Biroq, bugungi kunda ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona foydalanmaslik, shuningdek, foydalanilmayotgan obyektlarni boshqa mulkdorlar nomiga rasmiylashtirish orqali taʼsirchan soliq mexanizmidan qochish holatlari uchramoqda. Bu esa, oʻz navbatida, foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish jarayonini murakkablashtirmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga tezkor jalb etish mexanizmini yanada takomillashtirish, boʻsh turgan obyektlardan oqilona foydalanish hamda ular negizida zamonaviy ishlab chiqarishlarni va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddimaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
foydalanilmayotgan obyektlar xoʻjalik faoliyatiga jalb etilganda, taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash natijasida hisoblangan soliq summalarini qaytarish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash boʻyicha ishchi guruhining (keyingi oʻrinda 1-ishchi guruhi deb ataladi) namunaviy tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish boʻyicha ishchi guruhining (keyingi oʻrinda 2-ishchi guruhi deb ataladi) namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash va xoʻjalik faoliyatiga jalb etish sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruhlariga quyidagi vazifalar yuklansin:
a) 1-ishchi guruhi:
foydalanilmayotgan obyektlarni joyiga borgan holda xatlovdan oʻtkazish hamda ularning roʻyxatini shakllantirishni tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
foydalanilmayotgan obyektlar boʻyicha davlat soliq xizmati organlariga xulosa taqdim etish.
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
b) 2-ishchi guruhi:
foydalanilmayotgan obyektlarni ishga tushirish muammolarini oʻrganish;
aniqlangan muammolarni hal qilish va foydalanilmayotgan obyektlarni ishga tushirishga doir loyihalarni ishlab chiqishda va investorlarni jalb qilishda mulkdorga koʻmaklashish;
foydalanilmayotgan obyekt haqiqatda xoʻjalik faoliyatiga jalb qilinganligini joyiga borgan holda oʻrganish orqali taʼsirchan soliq mexanizmini toʻxtatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga xulosa taqdim etish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga foydalanilmayotgan obyektlar ishga tushirilganligining hisobini yuritish vazifalar yuklanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
xatlovdan oʻtkazish vaqtida belgilangan muddatda tugallanmagan qurilish obyektlari, boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari umumiy maydonining 50 foizidan koʻprogʻidan (bir bino yoki noturar joy xonasi konturi doirasida) tovarlar ishlab chiqarishda (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) foydalanilmay kelingan boʻlsa (mavsumiy tusdagi faoliyat amalga oshiriladigan obyektlar bundan mustasno), boʻsh turgan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari (keyingi oʻrinlarda foydalanilmayotgan obyektlar deb ataladi) sifatida eʼtirof etiladi;
davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan obyektlarni belgilangan tartibda sotish, ijaraga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida berish choralari koʻriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun.
foydalanilmayotgan obyekt xoʻjalik faoliyatiga jalb etilganda taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash natijasida hisoblangan soliq summalari xoʻjalik faoliyatiga jalb etilgan obyekt mulkdoriga tegishli miqdorda qaytariladi. Bunda taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash natijasida toʻlangan soliq summasini qaytarish 2-ishchi guruhning xulosasi asosida oxirgi 12 oy uchun tatbiq etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
ikki hafta muddatda foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash hamda foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish boʻyicha ishchi guruhlari xulosalarining namunaviy shaklini tasdiqlasin;
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda foydalanilmayotgan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish, ishga tushirish va ularning hisobini yuritish boʻyicha yagona dasturiy mahsulot ishlab chiqsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va Internet resurslarida ushbu qarorning mohiyati va ahamiyatining keng yoritilishini taʼminlasin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-avgust,
666-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi 666-son qaroriga
1-ILOVA
Foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash boʻyicha ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

Tuman (shahar) hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari

Ishchi guruhi rahbari

Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi

Ishchi guruhi rahbarining oʻrinbosari

Ishchi guruhi aʼzolari:

Tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr filiali boshligʻi

Tuman (shahar) prokurori oʻrinbosari

Tuman (shahar) iqtisodiyot va sanoat boʻlimi boshligʻi

Savdo-sanoat palatasi tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi

Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi masʼul xodimi

Ishchi guruhi kotibi

Izoh: Ishchi guruhi rahbari va aʼzolari boshqa lavozimga oʻtganda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Xatlov oʻtkazish jarayoniga zaruratga qarab, boshqa aloqador idora va tashkilotlar jalb qilinishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-maydagi 217-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2023-y., 09/23/217/0301-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi 666-son qaroriga
2-ILOVA
Foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb etish boʻyicha ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

Tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi

Ishchi guruhi rahbari

Ishchi guruhi aʼzolari:

Tuman (shahar) iqtisodiyot va sanoat boʻlimi boshligʻi

Savdo-sanoat palatasi tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi

Tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazi direktori

Tuman (shahar) investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi masʼul xodimi

Ishchi guruhi kotibi

Izoh: Ishchi guruhi rahbari va aʼzolari boshqa lavozimga oʻtganda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-maydagi 217-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2023-y., 09/23/217/0301-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi 666-son qaroriga
3-ILOVA
Foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash hamda xoʻjalik faoliyatiga jalb etish mexanizmi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

I. Foydalanilmayotgan obyektlarni aniqlash va taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash

1-bosqich

1-ishchi guruh

Foydalanilmayotgan obyektlarni oʻrganish uchun ularning roʻyxatini shakllantirish.

Har chorakda

2-bosqich

1-ishchi guruh

Obyektdan haqiqatdan foydalanilmayotganligiga aniqlik kiritish maqsadida ularni joyiga borgan holda xatlovdan oʻtkazish va davlat soliq xizmati organlariga xulosa taqdim etish.

Taqdimnoma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida

II. Foydalanilmayotgan obyektlarni ishga tushirishga koʻmaklashish va ularni monitoring qilish

3-bosqich

1-ishchi guruh

Xulosa qilingan obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni 2-ishchi guruhga taqdim etish.

Xulosa qabul qilingan kundan boshlab ikki ish kunida

4-bosqich

2-ishchi guruh

Foydalanilmayotgan obyektlarni ishga tushirishdagi mavjud muammolarni oʻrganish, bartaraf qilish hamda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning mulkdorlariga koʻmaklashish.

Xulosa kelib tushgandan keyin, doimiy

5-bosqich

2-ishchi guruh

Foydalanilmayotgan obyektlarning ishga tushirilishi va u bilan bogʻliq loyihalar amalga oshirilishini monitoring qilib borish.

Loyiha ishga tushgunga qadar, doimiy

6-bosqich

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Foydalanilmayotgan obyektlar ishga tushirilganligi hisobini yuritish.

Doimiy

III. Taʼsirchan soliq mexanizmi qoʻllanilgan obyektlar boʻyicha oshirilgan stavkalarda hisoblangan soliq summalarini qaytarish

7-bosqich

2-ishchi guruh

Xoʻjalik faoliyatiga jalb etilganligi sababli taʼsirchan soliq mexanizmini toʻxtatish yuzasidan obyekt mulkdorlarining yozma arizasi kelib tushganda, joyiga borgan holda oʻrganish.

Ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida

8-bosqich

2-ishchi guruh

Foydalanilmayotgan obyekt haqiqatda ishga tushirilib, xoʻjalik faoliyatiga jalb etilganligi aniqlangan taqdirda, taʼsirchan soliq mexanizmini toʻxtatish yuzasidan obyekt mulkdori hamda davlat soliq xizmati organiga xulosa taqdim etish.

Ikki ish kunida

9-bosqich

Davlat soliq xizmati organlari

Foydalanilmayotgan obyekt xoʻjalik faoliyatiga jalb etilganligi toʻgʻrisidagi xulosa asosida qoʻllanilgan taʼsirchan soliq mexanizmini toʻxtatish va soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasiga tegishli yozuvlarni kiritish, majburiy undiruv choralarini toʻxtatish.

Xulosa kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunida

10-bosqich

Davlat soliq xizmati organlari

Oshirilgan stavkalarni qoʻllash natijasida oxirgi 12 oylik davr uchun undirilgan yer va mol-mulk soligʻi summalarini xulosa asosida taʼsirchan soliq mexanizmi bekor qilingan obyekt mulkdoriga qaytarish.

Xulosa kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh kunda

IV. Foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini (mol-mulk va yer soliqlari toʻlovchisi boʻlmagan) aniqlash hamda xoʻjalik faoliyatiga jalb etish

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

11-bosqich

Tuman (shahar)

Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri filiallari, qurilish boʻlimlari, foydalanilmayotgan obyektni balansda saqlovchilar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari, hududiy tuman (shahar) hokimliklari

Foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini xatlovdan oʻtkazish.

2019-yil 1-oktabrga qadar, keyinchalik doimiy

12-bosqich

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari

Xatlov jarayonida aniqlangan foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish.

Xatlov yakuni boʻyicha uch kun ichida

13-bosqich

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari

Foydalanilmayotgan obyektni xoʻjalik faoliyatiga jalb qilish yuzasidan balansda saqlovchi va uning yuqori tashkilotiga taqdimnoma yuborish.

Xatlov natijasi boʻyicha 3 kun ichida

14-bosqich

Obyektni balansda saqlovchilar

Foydalanilmayotgan obyektni davlat mulki sifatida saqlash zaruratini asoslantirish, mazkur obyektning xoʻjalik faoliyatiga jalb etilishini taʼminlash.

Taqdimnoma kelib tushgan kundan boshlab bir oy ichida

15-bosqich

Hududiy tuman (shahar) hokimliklari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari, obyektni balansda saqlovchi

Obyekt bir oy ichida xoʻjalik faoliyatiga jalb qilinmagan taqdirda, obyektni hududiy tuman (shahar) hokimliklari tasarrufiga oʻtkazish choralarini koʻrish.

Belgilangan tartibda

16-bosqich

Vakolatiga koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlari,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Foydalanilmayotgan obyektning belgilangan tartibda xoʻjalik faoliyatiga jalb qilinishini taʼminlash yoki obyektni xususiy mulk sifatida sotish, ijaraga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.

Zaruratga koʻra

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2019-y., 09/19/666/3548-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son; 30.05.2023-y., 09/23/217/0301-son)