1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.04.00.00 Milliy iqtisodni himoya qilish borasida davlatning chora-tadbirlari / 10.04.03.00 Eksportni qullab-quvvatlash]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 437-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining buyurtmalariga muvofiq mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismini kompensatsiya qilish uchun subsidiya mablagʻlari 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha mablagʻlari va keyingi yillarda esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining eksport yuklarini tashqi bozorlarga yetkazib berish boʻyicha asosiy temir yoʻl marshrutlari kesimida mahsulotlarni temir yoʻlda tashish xarajatlarini har yil yakuniga koʻra oʻrganib chiqib, zarur hollarda Nizomda nazarda tutilgan bir vagonning bir kilometr temir yoʻl masofasi uchun belgilangan kompensatsiya miqdoriga oʻzgartirish kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari ― moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-avgust,
660-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 660-son qaroriga ILOVA
Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotni eksport qilishda temir yoʻl transportida tashish boʻyicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ ― Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi;
mahsulotlar ― Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son qarori bilan tasdiqlangan Eksport qilishda temir yoʻl transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar;
vositachilik shartnomasi ― bir taraf (vositachi) ikkinchi taraf (komitent)ning topshirigʻi boʻyicha oʻz nomidan, biroq komitent hisobidan eksport shartnomalari tuzish orqali komitent mahsulotlarini maʼlum bir haq evaziga eksport qilish boʻyicha tuzilgan shartnoma;
manfaatdor subyekt ― Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatiga olingan, mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalari (invoys)ga muvofiq sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga binoan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan, uning vakolatli vakili;
transport-ekspeditorlik tashkiloti ― manfaatdor subyektning mahsulotlarini temir yoʻl transporti orqali eksport qilishda transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyekti;
transport xarajati ― manfaatdor subyekt tomonidan mahsulotlarni temir yoʻl transportida eksport qilishda temir yoʻl va (yoki) transport-ekspeditorlik tashkilotlariga tashish bilan bogʻliq xizmatlar uchun tegishli shartnoma (invoys)larga muvofiq toʻlangan mablagʻ;
subsidiya ― davlat tomonidan mahalliy manfaatdor subyektlarga tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq mahsulotlarni eksport qilishda temir yoʻl transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga vakolatli organga beriladigan mablagʻlar;
kompensatsiya ― manfaatdor subyektga mahsulotlarni temir yoʻl transportida eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizgacha qismini ushbu Nizomda belgilangan tartibda qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobiga vakolatli organ tomonidan toʻlab beriladigan mablagʻ;
mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati ― mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjat.
2-bob. Kompensatsiyataqdim etish uchun asosiy shartlar
3. Vakolatli organ tomonidan manfaatdor subyektga kompensatsiya taqdim etilishi uchun:
manfaatdor subyekt Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatiga olingan;
mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan;
mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan chegaradosh (Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Afgʻoniston Islom Respublikasi) boʻlmagan mamlakatlarga eksport qilingan, tuxum (TIF TN kodi 0407210000) mahsuloti bundan mustasno;
mahsulotlar belgilangan tartibda eksportga rasmiylashtirilgan;
mahsulotlar uchun kamida 30 foiz toʻlovlar tushgan yoki bank akkreditivi ochilgan (mahsulotlar manfaatdor subyektning tashqi savdo uylariga konsignatsiya shartnomalari asosida chiqarilgan holatlar bundan mustasno);
eksport shartnomasi (vositachilik shartnomasi, invoys)da mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha transport harajatlari manfaatdor subyekt zimmasiga yuklangan va ushbu xarajatlar uchun toʻlovlar manfaatdor subyekt tomonidan amalga oshirilgan boʻlishi zarur.
3-bob. Kompensatsiya taqdim etish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
4. Vakolatli organ tomonidan transport xarajatlarining 50 foizgacha qismiga Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish boʻyicha manfaatdor subyektlarning arizalarini koʻrib chiqish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Transport xarajatlari boʻyicha kompensatsiya olish uchun manfaatdor subyekt tomonidan vakolatli organga ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza quyidagi hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi:
eksport shartnomasi (invoys) va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi;
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
manfaatdor subyekt bilan temir yoʻllar va (yoki) transport-ekspeditorlik tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan yukni temir yoʻl transportida tashish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnoma nusxasi;
manfaatdor subyekt tomonidan temir yoʻllari va (yoki) transport-ekspeditorlik tashkilotlariga amalga oshirilgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
mahsulotlar eksport qilingan davlat bojxona organi va yukni qabul qilgan temir yoʻl stansiyasi belgisi qoʻyilgan temir yoʻl yukxati nusxasi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi yuk yuborilayotgan temir yoʻl stansiyasidan mahsulotlar eksport qilingan mamlakatdagi yukni qabul qiluvchi soʻnggi stansiyagacha boʻlgan temir yoʻl masofasi toʻgʻrisidagi maʼlumot (manfaatdor subyekt tomonidan temir yoʻl yukxati va boshqa tegishli hujjatlardagi maʼlumotlardan kelib chiqqan holda temir yoʻl uchastkalari boʻyicha taqdim etiladi);
mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.
6. Manfaatdor subyektdan ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
7. Manfaatdor subyekt tomonidan kompensatsiya olish uchun ariza vakolatli organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi.
Bunda, manfaatdor subyektlar 2019-yil 1-maydan boshlab eksport qilgan mahsulotlari boʻyicha amalga oshirgan transport xarajatlarining 50 foizigacha qismiga kompensatsiya olish uchun vakolatli organga arizalar taqdim etishga haqli.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar manfaatdor subyektning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Arizada manfaatdor subyektning elektron manzili koʻrsatilganligi uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga boʻlgan roziligi hisoblanadi.
8. Kompensatsiya olish uchun ariza vakolatli organga manfaatdor subyekt tomonidan bevosita taqdim etilayotganda ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan holatlarda ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
9. Kompensatsiya olish uchun ariza vakolatli organga manfaatdor subyekt tomonidan pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etilganda, ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa, vakolatli organ 3 ish kuni mobaynida manfaatdor subyektga hujjatlarni tegishli javob xati bilan yozma yoki elektron shaklda qaytaradi.
10. Ushbu Nizomning 5-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilgan arizalar vakolatli organ tomonidan 7 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
11. Vakolatli organ manfaatdor subyekt va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3-bandidagi shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganib chiqadi.
12. Vakolatli organ manfaatdor subyekt va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni axborot tizimlari, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimi orqali va tegishli organlarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi maʼlumotlar bazalari yordamida hamda soʻrovnomalar yuborib, javoblar olish orqali oʻrganib chiqadi.
13. Manfaatdor subyekt arizasi boʻyicha kompensatsiya berish yuzasidan xulosa vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi. Manfaatdor subyektning arizasini koʻrib chiqish uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Kompensatsiya berishni rad etishning asoslari
14. Manfaatdor subyektga kompensatsiya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
manfaatdor subyekt va u tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan shartlarga yoki ularning biriga nomuvofiqligi;
manfaatdor subyekt tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan tartibda oʻrganishlar natijasida ishonchsiz va notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlari aniqlangan taqdirda.
15. Ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilmagan asoslarga koʻra manfaatdor subyektga kompensatsiya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Manfaatdor subyekt kompensatsiya berilishini rad etish toʻgʻrisida xulosa olganda rad etish asoslarini bartaraf etgan holda kompensatsiya olish uchun vakolatli organga ariza bilan qayta murojaat qilishga haqli.
17. Manfaatdor subyekt kompensatsiya berilishini rad etish toʻgʻrisidagi xulosadan norozi boʻlgan taqdirda, shuningdek, vakolatli organning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
5-bob. Kompensatsiya miqdorini aniqlashva toʻlovni amalga oshirish tartibi
18. Kompensatsiya miqdori quyidagi formula yordamida aniqlanadi*:
Kt=(T*k ≤M*V*S) ≤E
Kt ― kompensatsiya miqdori, milliy valyutada;
M ― Oʻzbekiston Respublikasidagi yuk yuborilayotgan temir yoʻl stansiyasidan mahsulot eksport qilinayotgan mamlakatdagi yukni qabul qiluvchi soʻnggi stansiyagacha boʻlgan temir yoʻl masofasi, kilometrda;
V ― mahsulotlar eksport qilingan vagonlar soni;
S ― bir vagonning bir kilometr temir yoʻl masofasi uchun belgilangan kompensatsiya miqdori, milliy valyutada ― 8 500 soʻm/km;
T ― manfaatdor subyektning transport xarajati miqdori, milliy valyutada;
k ― kompensatsiya koefitsenti ― 0,5;
E ― manfaatdor subyektga eksport qilingan mahsulotlarning umumiy qiymatiga nisbatan ajratiladigan kompensatsiyaning eng yuqori miqdori, milliy valyutada ― manfaatdor subyekt tomonidan kompensatsiya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq eksport qilingan mahsulotlar umumiy qiymatining 10 foizi. Eksport qilingan mahsulotlarning milliy valyutadagi qiymati, bu mahsulotlarga bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tegishli valyuta kursiga asosan hisoblanadi.
* Kompensatsiya miqdori formuladagi tengsizlikda aniqlangan qiymatlarning eng kichigiga teng boʻladi. Misol uchun: T=113 400 000 soʻm, M=10500 km, V=1, S=8 500 soʻm, mahsulotlarning umumiy qiymati 300 000 000 soʻm. Bu holatda T*k=56 700 000 coʻm, M*V*S=89 250 000 soʻm, E=30 000 000 soʻm. Dyemak, jami kompensatsiya miqdori qiymat boʻyicha eng kichik boʻlgan E belgisining qiymatiga, yaʼni 30 000 000 soʻmga teng.
19. Xorijiy valyutada toʻlov amalga oshirilgan transport xarajatlari uchun kompensatsiya milliy valyutada amalga oshiriladi. Xorijiy valyutada toʻlov amalga oshirilgan transport xarajatining milliy valyutadagi qiymati manfaatdor subyekt tomonidan transport xarajatlari uchun toʻlov amalga oshirilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan tegishli valyuta kursiga asosan hisoblanadi.
20. Manfaatdor subyektning transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini kompensatsiya qilish vakolatli organ tomonidan uning buyurtma nomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga ajratiladigan subsidiyalar doirasida amalga oshiriladi.
21. Vakolatli organ har hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida manfaatdor subyektlar tomonidan taqdim etilgan arizalarni koʻrib chiqish yakunlariga muvofiq manfaatdor subyektlarga kompensatsiyalar berish uchun Davlat budjeti mablagʻlaridan subsidiyalar ajratish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomani olgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida buyurtmanomada koʻrsatilgan subsidiya mablagʻlarini vakolatli organning maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Bunda, moliya yili yakuni boʻyicha ushbu shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
23. Vakolatli organ maxsus gʻazna hisobvaragʻiga tushgan subsidiya mablagʻlarini 3 ish kuni mobaynida vakolatli organ tomonidan kompensatsiya berilishi belgilangan tegishli manfaatdor subyektlarning tijorat banklaridagi hisob raqamlariga oʻtkazib beradi.
24. Kompensatsiya berilgan manfaatdor subyektlarning reyestri ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq vakolatli organ tomonidan yuritiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Vakolatli organ tomonidan manfaatdor subyektga mahsulotlarni eksport qilishdagi transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya mablagʻlari ajratilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan transport xarajatlarining 50 foizgacha qismiga Davlat budjeti hisobiga kompensatsiya berish boʻyicha manfaatdor subyektlarning arizalarini koʻrib chiqish
SXEMASI
* Manfaatdor subyekt ― Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatiga olingan, mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalari (invoys)ga muvofiq sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga binoan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan, uning vakolatli vakili.
Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga ________________________dan
(manfaatdor subyektning nomi)
Ariza
__________________________________ (manfaatdor subyektning nomi) tomonidan _____________(mamlakat nomi) temir yoʻl transportida eksport qilingan, umumiy qiymati AQSh dollariga teng, TIF TN kodi ______________ boʻlgan _______________ (mahsulotning nomi) mahsulot(lar)ini eksport qilish uchun sarflangan _________________ coʻm miqdoridagi temir yoʻl transporti xarajatlarining 50 foizigacha qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga kompensatsiya qilish masalasini koʻrib chiqishingizni va tegishli kompensatsiya toʻlovini ___________________ (tijorat bankining nomi) tijorat bankining ___________________________ (hududning nomi) filialidagi bizning ______________________ hisob raqamga oʻtkazib berishingizni soʻrayman.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinmoqda: 1. Eksport shartnomasi (invoys) va (yoki) vositachilik shartnomasi nusxasi. 2. Bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi. 3. Manfaatdor subyekt bilan temir yoʻllar va (yoki) transport-ekspeditorlik tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan yukni temir yoʻl transportida tashish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnoma nusxasi. 4. Manfaatdor subyekt tomonidan temir yoʻllar va (yoki) transport-ekspeditorlik tashkilotlariga amalga oshirilgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi. 5. Mahsulotlar eksport qilingan mamlakat bojxona organi va yukni qabul qilgan temir yoʻl stansiyasi belgisi qoʻyilgan temir yoʻl yukxati nusxasi. 6. Oʻzbekiston Respublikasidagi yuk yuborilayotgan temir yoʻl stansiyasidan mahsulotlar eksport qilingan mamlakatdagi yukni qabul qiluvchi soʻnggi stansiyagacha boʻlgan temir yoʻl masofasi toʻgʻrisida maʼlumot. 7. Mahsulotlarning kelib chiqish sertifikati nusxasi.
____________ rahbari
______________________
(F.I.O.)
Bogʻlanish uchun telefon: +998 (___)__________
Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Kompensatsiya berilgan manfaatdor subyektlarning
reyestri
T/r
Manfaatdor subyekt nomi
Eksport shartnomasi (invoys)ning identifikatsiya raqami va/yoki vositachilik shartnomasi raqami va sanasi
Mahsulot nomi
Mahsulot TIF TN kodi
Bojxona yuk deklaratsiyasi raqami va sanasi
Temir yoʻl transporti bosib oʻtgan jami yoʻl masofasi, km
Eksportga yuk ortish stansiyasi nomi va raqami
Eksportga ortilgan yukning soʻnggi yetib borish stansiyasi nomi va raqami
Eksport qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati, soʻm
Manfaatdor subyektning transport xarajati, soʻm
Bir kilometr/vagon temir yoʻl masofasi uchun belgilangan kompensatsiya miqdori boʻyicha hisoblangan transport xarajati, soʻm
Manfaatdor subyektga taqdim etilgan kompensatsiya miqdori, soʻm
1.
2.
3.
...
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2019-y., 09/19/660/3534-son)