1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.23.00 Tibbiy sanoat. Mikrobiologiya sanoati. Farmatsevtika;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.04.00 Sogʻliqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019 — 2021-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 10-apreldagi PF-5707-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-avgust,
641-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi 641-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1- bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish hamda faoliyatini boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 407-sonli qaroriga asosan 2025-yil 1-yanvardan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan 25 mln AQSh dollari ekvivalentidagi milliy valyutadagi mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari hamda boshqa xorijiy donorlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) farmatsevtika mahsulotlarining yangi turlarini yaratish boʻyicha ilmiy ishlanmalarni tashkil etish uchun Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga grantlar taqdim etish;
b) Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalarini zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlash;
v) respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi turlardagi farmatsevtika mahsulotlarining klinik oldi va klinik tadqiqotlarini mahalliy muassasalarda oʻtkazish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining sarf-xarajatlarini bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorida qoplash;
g) mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75 foizini ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng qoplash;
(4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-sentabrdagi 519-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2022-y., 09/22/519/0840-son)
d) mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini taklif etish boʻyicha, shu jumladan xorijda koʻrgazma va yarmarkalar tashkil qilish, seminarlar oʻtkazish, taqdimot materiallari, koʻrgazma stendlarini tayyorlash, Agentlik va unga idoraviy mansub tashkilotlar mutaxassislarining mazkur tadbirlarda ishtirok etishi;
e) Agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uning xodimlari va jalb etiladigan mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, Agentlik xodimlarini hamda Agentlik tomonidan farmatsevtika sohasi uchun zarur boʻlgan boshqa kadrlarni oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash.
Bunda 2027-yil 1-yanvarga qadar Agentlik tomonidan iqtidorli kadrlarni tanlab olish va ularning yetakchi xorijiy muassasalarda amaliyot oʻtashi bilan bogʻliq, shuningdek, yuborilgan kadrlarning barcha xarajatlari, shu jumladan, yashash va oʻqish xarajatlari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(4-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 486-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2021-y., 09/21/486/0748-son)
e1) Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlik markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari uchun mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda shtat tuzilmasiga qoʻshimcha mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 486-sonli qaroriga asosan “e1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2021-y., 09/21/486/0748-son)
e2. Farmatsevtika texnik universiteti faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-maydagi 263-sonli qaroriga asosan “e2” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 09/22/263/0427-son)
j) mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan qiymati 1 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan kreditlarning foizlarini ikki yil mobaynida qoplash xarajatlarini moliyalashtirish.
j1) “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchi hamda “ISO:13485” sertifikatiga ega mahalliy tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaruvchi tashkilotlar farmatsevtika mahsulotlarining belgilangan talablarga muvofiqligi boʻyicha postmarketing nazoratini amalga oshirish xarajatlarini qoplash.
(4-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411-son qaroriga asosan “j1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 07/22/411/0961-son)
z) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan Agentlik faoliyati bilan bogʻliq boshqa maqsadlarda ham foydalanilishi mumkin.
3-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish
5. Jamgʻarma mablagʻlarini Agentlik direktori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq boshqariladi va taqsimlanadi.
6. Ushbu Nizomning 4-bandi “a” — “g” va “j” kichik bandlarida koʻrsatilgan maqsadlarga Jamgʻarmadan mablagʻlar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda shakllantirilgan Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) hulosasiga koʻra ajratiladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 486-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2021-y., 09/21/486/0748-son)
7. Quyidagilar Kengash aʼzolarining vazifalari hisoblanadi:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;
Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish.
Kengash aʼzolari majlisda shaxsan qatnashadilar, agar qatnashish imkoni boʻlmagan taqdirda, majlis kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
8. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Kengash kotibi:
Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlarni Kengash majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash uchun Agentlikning tegishli boʻlinmasiga taqsimlaydi;
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyi boʻyicha Kengash raisiga takliflar kiritadi;
kun tartibidagi masalalari boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasi boʻyicha xabardor qiladi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi Kengash aʼzosi hisoblanadi.
10. Kengash oʻz majlislarini zaruratga koʻra, biroq har oyda kamida bir marta oʻtkazadi.
11. Kengash majlisini Kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda esa Kengash raisining oʻrinbosari boshqaradi.
12. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda oʻtkazilgan hisoblanadi.
13. Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
14. Kengash majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra, manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, farmatsevtika sohasida faoliyat koʻrsatuvchi tashkilot vakillari taklif etilishi mumkin.
15. Kengash qarori Kengashning majlisda qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Agentlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
18. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Agentlik direktorining roziligi bilan Farmatsevtika tarmogʻi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha daromadlarni jalb etish maqsadida vaqtincha boʻsh mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtiradi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari xamda asosiy xarajatlari yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Agentlik direktoriga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
19. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Agentlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
20. Agentlik direktori:
Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu Nizomga hamda Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq tasarruf etadi;
har yili 25-dekabrgacha Jamgʻarmaning kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari smetalarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zarur hollarda, tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetalariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan shartnomalarni tuzadi;
Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlar boʻyicha, shu jumladan shartnomani uzaytirish va oʻzgartirish boʻyicha qarorlarni qabul qiladi, agar Jamgʻarma mablagʻlari Kengash qaroriga asosan ajratilgan boʻlsa, Kengash bilan kelishgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;
Tashkilotlar tomonidan Jamgʻarma ularga ajratgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi monitoringini taʼminlaydi;
Jamgʻarmaning chorak yakuni boʻyicha daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini bajarish boʻyicha choraklik va yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim qiladi;
Agentlik direktori Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini yoʻnalishlar boʻyicha ajratishning umumiy shartlari
21. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish uchun murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
1-§. Farmatsevtika mahsulotlarining yangi turlarini yaratish boʻyicha ilmiy ishlanmalarni tashkil etish uchun Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga grantlar taqdim etish
22. Farmatsevtika mahsulotlarining yangi turlarini yaratish boʻyicha ilmiy ishlanmalarni tashkil etish uchun grantlar ajratishda quyidagi talablarga javob beruvchi loyihalar tanlab olinadi:
farmatsevtika mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli va yangi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga koʻmaklashishga asoslangan;
respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalarini jadal va keng joriy qilish;
ilmiy-tadqiqot faoliyatini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning aniq vazifalarini hal etishga, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy natijalar olishga yoʻnaltirish;
yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratishga xizmat qiladigan yuqori texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida innovatsion tadqiqotlarni olib borish;
tadqiqotlarni mamlakatda izchil rivojlantirish boʻyicha zamon talablariga javob beradigan, talab yuqori boʻlgan farmatsevtika mahsulotlari va texnologiyalarini jadal ishlab chiqishga yoʻnaltirish;
dorivor oʻsimliklarning yangi turlarini respublikamiz hududida mahalliylashtirish.
23. Dorivor oʻsimliklar plantatsiyasini tashkil etish, dorivor oʻsimliklar xomashyosi asosida dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish, import oʻrnini bosuvchi dori vositalarini keng targʻib qilish va sotishga koʻmaklashishga asoslangan ilmiy ishlarni joriy etish.
24. Grantlar taqdim etishda Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan loyiha va ilmiy-tadqiqot ishlari Agentlik ilmiy-texnik kengashi tomonidan berilgan ijobiy xulosa asosida Kengashga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
2-§. Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalarini zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlash uchun mablagʻ ajratish
25. Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalarini zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlash uchun mablagʻ ajratishda quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
taklif etilayotgan asbob-uskuna va texnikaning sotib olish zarurati asoslantirilgani;
taklif etilayotgan asbob-uskuna va texnikaning halqaro standartlar talabiga mosligi;
taklif etilayotgan asbob-uskuna va texnikaning ishlab chiqarish samaradorligiga taʼsirining texnik-iqtisodiy asoslantirilgani;
laboratoriyalardagi mavjud boʻlgan asbob uskunalarning funksional holatini yaxshilash maqsadida joriy taʼmirlash zarurligi.
26. Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalari tomonidan sotib olinishi taklif etilayotgan asbob-uskuna va texnikalar narxlari “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni talablaridan kelib chiqib, auksion (tender) savdolari asosida shakllantiriladi va Kengashga taqdim etiladi.
Zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlashga mablagʻ ajratish uchun Kengash tomonidan berilgan ijobiy qarorga asosan Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalariga Agentlik tomonidan mablagʻlar moliyalashtirib beriladi. Bunda narxlarning toʻgʻri va shaffof shakllantirilgani, ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri va maqsadli ishlatilishi boʻyicha Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifatini nazorat qiluvchi davlat laboratoriyalari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
3-§. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarining klinik oldi va klinik tadqiqotlarini mahalliy muassasalarda oʻtkazish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining sarf-xarajatlarini bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobarigacha miqdorida qoplash uchun mablagʻ ajratish
27. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarining klinik oldi va klinik tadqiqotlarini mahalliy muassasalarda oʻtkazish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining sarf-xarajatlarini bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobarigacha miqdorda qoplash uchun mablagʻ ajratishda tashabbuskor tomonidan farmatsevtika mahsulotlarining klinik-oldi va klinik tadqiqotlarini (har biri uchun alohida) mahalliy muassasalarda oʻtkazish uchun tuzilgan shartnomaning asl nusxasini taqdim etadilar.
4-§. Mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 50 foizini ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng qoplash
28. Mahalliy ishlab chiqarish korxonalari oʻzlarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 50 foizini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplash uchun Agentlikka mazkur farmatsevtika mahsulotlarining xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazganligini tasdiqlovchi hujjat, shu jumladan xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazganligi uchun toʻlovni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadilar.
5-§. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan qiymati 1 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan kreditlarning foizlarini ikki yil mobaynida qoplash xarajatlarini moliyalashtirish
29. Agentlik tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan ekvivalenti 1 mln. AQSh dollaridan oshmagan kreditlarning foizlarni ikki yil mobaynida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan, tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, biroq 5 foizli punktdan oshmagan miqdorida qoplab beriladi.
30. Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
loyihaning texnik-iqtisodiy asosi;
bank va kredit tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomaning asl nusxasi.
31. Jamgʻarmaning joriy moliya yilida foydalanilmagan (oʻzlashtirilmagan) mablagʻlari keyingi moliya yiliga oʻtadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish
32. Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va ulardan foydalanishning buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek, hisobotlarni tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
33. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanish ustidan nazorat belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan nazorat qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
35. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini boshqarish kengashi
TARKIBI
1.
S. Kariyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori, kengash raisi
2.
B. Usmonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining oʻrinbosari
3.
B. Nizomov
—
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari
4.
B. Ashrafxonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari
5.
Y. Mansurov
—
Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining oʻrinbosari
6.
Oʻ. Boʻtayev
—
Savdo sanoat palatasi raisining oʻrinbosari
7.
N. Berdiyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, kengash kotibi
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish uchun murojaatlarni koʻrib chiqish
tartibi
Vazirlar Mahkamasining 2019 nil 1-avgustdagi 641-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantiriladi.
3. Agentlik xodimlarini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirish Agentlik direktori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
2-bob. Agentlik xodimlariga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ustamalar va moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlarini belgilash tartibi
4. Agentlik xodimlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagi shakllarda moddiy ragʻbatlantiriladi:
koʻp yillik mehnati uchun ustama;
ish haqiga qoʻshimcha oylik ustama toʻlovlar;
hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha va bayram kunlari bilan bogʻliq mukofotlar;
bir yoʻla mukofotlar toʻlash;
xodimlarga moddiy yordam va kompensatsiyalar toʻlash;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun toʻlovlar.
5. Agentlikda koʻp yillik mehnati uchun ustamalar har oyda lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) quyidagi miqdorlarida toʻlanadi:
Mehnat staji
Foiz miqdori
1 yildan 3 yilgacha
10 foizi
3 yildan 5 yilgacha
20 foiz
5 yildan 10 yilgacha
30 foizi
10 yildan 20 yilgacha
40 foiz
20 yildan ortiq
50 foiz
Koʻp yillik mehnati uchun ustamalar olish huquqini beruvchi ish staji Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
6. Xodimlarning ishga vijdonan munosabati va koʻrsatayotgan xizmatlari uchun oylik ustamalar tegishli xodimning lavozim maoshidan (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) 200 foizgacha miqdorda belgilanadi.
7. Agentlik direktori uchun oylik ustama miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 200 foizgacha miqdorda belgilanishi mumkin.
Xodimlarning lavozim maoshlariga shaxsiy ustamalar topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmagan, ishlar sifati yomonlashgan va mehnat intizomi buzilgan hollarda kamaytirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
8. Agentlikning oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini bir yilda bir marta bir yoʻla mukofotlash boʻyicha sohani rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi va faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishganligi uchun bir lavozim maoshi miqdorda mukofot tayinlanishi mumkin.
9. Quyidagi hollarda Agentlik xodimlariga ularning murojaatiga asosan kasaba uyushmasi tashkilotining tashabbusi bilan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn barobari miqdorida moddiy yordam toʻlanadi:
yaqin qarindoshlari (ota-ona, aka-uka, opa-singil, er-xotin) vafot etganda;
xodimning toʻyi yoki yubiley tantanasi munosabati bilan;
tabiiy ofatlar oqibatlari va boshqa shunga oʻxshash hollarda.
10. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ustamalar va boshqa moddiy ragʻbatlantirish turlar ish haqi bilan bir vaqtda toʻlanadi.
3-bob. Hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha va bayram kunlari munosabati bilan mukofotlar, shuningdek, bir yoʻla mukofotlar toʻlash
11. Agentlik xodimlarini hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha va bayram kunlari munosabati bilan mukofotlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha mukofotlar topshiriqlar oshirib bajarilganda, xodimlarga yuklangan lavozim vazifalari zarur darajada bajarilganda, amalda ishlangan vaqt (qonun hujjatlariga muvofiq uning uchun ish haqi yoziladigan vaqt) uchun toʻlanadi.
Yil yoki chorak yakunlari boʻyicha hamda bayram kunlari munosabati bilan har bir xodimga lavozim maoshining ikki barobarigacha (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) miqdorida toʻlanadi.
Ishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan va mehnat intizomini buzgan xodimlar mukofotdan toʻliq yoki qisman mahrum etiladi. Ishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyishlar va mehnat intizomini buzishlar roʻyxati ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilanadi.
4-bob. Xodimlarga moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari
12. Xodim mehnat taʼtiliga chiqqanda, unga bir lavozim maoshi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) miqdorida moddiy yordam toʻlanishi mumkin.
13. Xodimlarga ovqatlanishi uchun kompensatsiya toʻlovlari har oyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida toʻlanadi.
14. Xodimlarga jamoat transportida yurishi uchun kompensatsiya toʻlovlari har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida toʻlanadi (xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno).
Shuningdek, bir yilda bir marta Agentlik xodimlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn barobari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
Jamgʻarma hisobidan xodimlarga toʻlovlar toʻlash Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish boʻyicha Agentlik direktorining buyrugʻiga muvofiq toʻlanadi. Buyruqda ustamalar yoki moddiy ragʻbatlantirishning aniq turlari, uning miqdori va toʻlash muddatlari koʻrsatiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
16. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.08.2019-y., 09/19/641/3504-son; 28.03.2020-y., 09/20/187/0379-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2021-y., 09/21/486/0748-son; 18.05.2022-y., 09/22/263/0427-son; 21.09.2022-y., 09/22/519/0840-son; 27.10.2022-y., 07/22/411/0961-son; 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son)