toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mamlakatda soliq siyosatini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yuki kamaytirildi, aylanma mablag‘lardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta ko‘rib chiqildi.
Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish va O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tadbirkorlik subyektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 174-175-moddalari, Jinoyat kodeksining 184-moddasi.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi;
qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishda ushbu soliq summasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning tasdiqlangan qoldiqlari bo‘yicha realizatsiya hajmiga mos keladigan ulushda hisobga olinadi;
qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish yoki yagona soliq to‘lovini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
3. Quyidagilar:
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Belgilansinki, “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari, Davlat soliq qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi:
a) uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:
chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tishda xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (“tax free”) tartibini belgilash;
soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutini joriy etish;
soliq to‘lovchi — yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor unga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan boshlab, qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar miqdorining 50 foizini o‘n kun davomida ixtiyoriy ravishda to‘laganda, uni jarima summasining qolgan qismini to‘lashdan ozod etish bo‘yicha moliyaviy jarimalarni undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish;
yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash maqsadida yalpi tushumning chegaraviy miqdorini sun’iy pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarga (bo‘linish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va boshqalar) chek qo‘yish choralarini ko‘rish, mazkur holatlar aniqlanganda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summasiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan tuzatish kiritish va ularni sud tartibida undirish mexanizmlarini joriy etish;
b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar buxgalteriya hisobini amalga oshirish hamda soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumotlar almashish imkonini beradigan, soliq hisobotini topshirish tizimi bilan integratsiya qilingan buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — Yagona axborot tizimi) ishlab chiqsin va joriy qilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimi bazasida quyidagilarni ta’minlaydigan “Yuk tashishlar monitoringi” axborot platformasini (keyingi o‘rinlarda — Axborot platformasi ) ishlab chiqishni ta’minlasin:
yuk tashuvchilar tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini (schyot-faktura (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish;
yuk jo‘natuvchilar va uni qabul qilib oluvchilar tomonidan real vaqt rejimida tovarlar harakatini monitoring qilish.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
Yagona axborot tizimidan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ushbu dasturiy mahsulotni qo‘llagan davrida tekshirilmaydi;
yuk tashuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini Axborot platformasida majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda:
xo‘jalik yurituvchi subyektlarni davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sifatida hisobga olish tartibini ishlab chiqsin;
onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari bilan tasdiqlangan xarajatlar bo‘yicha jismoniy shaxslarga daromad, mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha chegirmalar berish yoki cheklarda ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarib berish tartibini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi (KPI) ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, ularni moddiy rag‘batlantirish, xizmatda lavozimini oshirish, mukofotlash, intizomiy choralar qo‘llash tizimini joriy etsin;
Savdo-sanoat palatasi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan birgalikda insofli tadbirkorlarni rag‘batlantirish va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish maqsadida “Chekni talab qil va sovg‘a yutib ol” ommaviy aksiyalari o‘tkazilishini tashkil etsin;
v) Strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati keng yoritilishini ta’minlasin hamda Strategiyani amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira va xorijiy ekspertlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etgan holda joylarda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlarini tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-iyul,
PQ-4389-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son qaroriga
1-ILOVA
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish
strategiyasi
1-bob. Umumiy qoidalar
Soliq tizimi iqtisodiyotning ajralmas qismi bo‘lib, mamlakatni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga erishishda muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi.
2018-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi soliq yukini kamaytirish va soliq tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhitni shakllantirish vazifalarini amalga oshirishni davom ettirish imkonini berdi.
Shu bilan birga, soliq tizimida ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, soliq islohotlarini samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan quyidagi kamchilik va muammolar mavjud:
birinchidan, soliq ma’muriyatchiligini tashkil etish prinsiplari eskirgan bo‘lib, soliq to‘lovchilarga kompleks xizmatlar ko‘rsatishni, shuningdek ular tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishini ta’minlamayapti;
ikkinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda ma’muriy xarajatlar (sarflanadigan vaqt va mablag‘) darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda;
uchinchidan, soliq sohasida imtiyozlar berish borasida aniq mezon va mexanizmlar mavjud emas;
to‘rtinchidan, xufiyona iqtisodiyot darajasini qisqartirishga qaratilgan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish jarayonlarini rag‘batlantiruvchi jamoatchilik nazorati mexanizmlari mukammal emas;
beshinchidan, soliq to‘lovchi bilan soliq organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini ta’minlovchi yagona standart va dasturiy mahsulotlar mavjud emas;
oltinchidan, soliq hisobi sifatini pasaytiradigan, soliq bazasining kengayishi va barqaror soliq tushumlarini ta’minlashga to‘sqinlik qiladigan idoralararo axborot hamkorligi sust yo‘lga qo‘yilgan;
yettinchidan, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamda soliq organlari xodimlari faoliyatini baholashda tizimli kamchiliklar mavjud.
Ushbu kamchilik va muammolar soliq tizimini jadal rivojlantirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish hamda soliqlar va majburiy to‘lovlarning talab darajasida yig‘ilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagi maqsad, vazifa va asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Strategiyaning asosiy maqsadi iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili sifatida tadbirkorlik subyektlari va investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, soliq solish jarayonlarini avtomatlashtirgan holda, davlat soliq organlarida zamonaviy yo‘naltirilgan servis soliq xizmatlari ko‘rsatishni tashkil qilish hisoblanadi.
2. Quyidagilar Strategiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Davlat budjetiga soliq tushumlarining barqarorligini ta’minlash;
soliq organlari xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish va soliq ma’muriyatchiligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali ko‘rsatilayotgan soliq xizmatlari sifatini yaxshilash;
barcha toifadagi soliq to‘lovchilar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy ravishda bajarish asosida ularning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni yaratish;
soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qisqartirish, barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlarni ta’minlaydigan transparent va barqaror soliq tizimini shakllantirish;
soliq to‘lovchilar faoliyatiga aralashishni, shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida “inson omili”ni hamda korrupsiya holatlarining salbiy ko‘rinishlarini kamaytirish imkonini beradigan tavakkal-tahlil va masofaviy tahliliy ishlar tizimi asosida soliq nazorati tizimini shakllantirish.
Belgilangan vazifalarning bajarilishi biznes faolligini oshirish va soliq majburiyatini bajarish bo‘yicha ma’muriy xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi va bu, o‘z navbatida, Jahon bankining biznes yuritish reytingida respublika pozitsiyalariga ijobiy ta’siri ko‘rsatadi.
3-bob. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari
3.1. Soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanma darajasini qisqartirish
1. Soliq va soliq rejimlarini birxillashtirish, shuningdek, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish.
2. Soliq yukini (kamaytirish va baravarlashtirish) optimallashtirish.
3. Soliq imtiyozlarining samaradorlik darajasini baholash asosida ularni taqdim etishning aniq mezon va mexanizmlarini belgilash.
4. Soliq va buxgalteriya hisobi o‘rtasida farqni imkon qadar kamaytirish.
5. Joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining budjetning daromad qismini shakllantirishda rolini kuchaytirish va hissasini oshirish.
6. Xorijiy davlatlar tajribasi hisobga olingan holda, tavakkalchiliklarni baholashning zamonaviy usullarini joriy qilish va iqtisodiy faoliyat sohasida xufiyona aylanma hamda nazorat qilinmaydigan daromadlar ko‘lamini qisqartirish.
7. Soliq qonunchiligi sohasidan tashqarida faoliyatni amalga oshiradigan shaxslarni norasmiy sektordan chiqishiga (qonuniylashishiga) ko‘maklashish.
8. Transfert narxni belgilash sohasida soliq ma’muriyatchiligining yangi uslublarini joriy etish.
9. 2021-yilga kelib jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini to‘lovchilarni 1,5 baravar, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilarni 2 baravar hamda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i to‘lovchilarni 2 baravar ko‘paytirish.
3.2. Xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan soliq xizmatlarini rivojlantirish
1. Soliq to‘lovchilar soliq majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish.
2. Birlamchi hisob hujjatlarini raqamlashtirish va birxillashtirish hamda soliq hisobotlari shakllarini soddalashtirish.
3. Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning eksterritorial prinsipini rivojlantirish.
4. Soliq xizmatlari sifatini va soliq organlari faoliyatini jamoatchilik tomonidan mustaqil baholash (teskari aloqa) mexanizmini yaratish.
5. Soliq organlari faoliyatining shaffofligi va soliq solish sohasidagi ma’lumotlarning ochiqligi.
6. Soliq nizolarini sudgacha hal qilish tizimini rivojlantirish.
7. Korxonalarning to‘lovga layoqatsizligini va ularni tugatishni hal etish tartib-taomillarini soddalashtirish (xarajatlar, vaqt va qoidalar auditi).
8. Soliq maslahatchilari institutini takomillashtirish.
9. Soliq to‘lovchilarga maslahat ko‘rsatish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini markazlashtirish va standartlash.
3.3. Soliq tavakkalchiliklarini baholash tizimini joriy qilish va soliq hisobini takomillashtirish
1. Nazorat faoliyatini amalga oshirishda tavakkalchiliklarni tahlil qilish va boshqarishning zamonaviy tizimini joriy etish.
2. Soliq nazoratining shaffofligini ta’minlash, korrupsiya omillarini kamaytirish.
3. Hududlarning soliq imkoniyatlarini baholash usullarini joriy qilish va budjet daromadlarini prognozlashtirish.
4. Umumiy ovqatlanish va savdo sohasida, shuningdek, ko‘chmas mulk bo‘yicha soliq solinadigan obyektlarni to‘liq hisobga olinishini ta’minlash.
5. Soliq majburiyatini ixtiyoriy bajarish darajasini 90 foizgacha yetkazish.
3.4. Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish
1. Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va maslahatlar berishga yo‘naltirilgan soliq organlari tashkiliy tuzilmasini yaxshilash.
2. Soliq to‘lovchilarni segmentatsiyalash asosida davlat soliq xizmati organlarining eng maqbul modelini joriy etish.
3. Soliq xizmati organlarida zamonaviy biznes-tahlil (Business Intellegence) tizimini, shuningdek, strategik va protsessual boshqaruvni joriy etish.
4. Soliq xizmati xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi ko‘rsatkichlaridan (KPI) kelib chiqqan holda ularni rag‘batlantirish.
5. Kadrlarni tayyorlash va tanlash tizimini takomillashtirish.
6. Soliq organlari xodimlari motivatsiyasini mustahkamlash.
7. Soliq ma’muriyatchiligi jarayonini avtomatlashtirish.
3.5. Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini rivojlantirish
1. Kadrlar siyosatida korrupsiyaga qarshi komponentlarni kuchaytirish.
2. Soliq sohasida korrupsiya xavflarini nazorat qilish va ularning oldini olish tizimini joriy etish.
3. Korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari asosida normativ-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish (taftish qilish).
4. Soliq organlarida shaffoflik (oshkorlik) va hisobdorlikni kengaytirish, korrupsiya ko‘rinishlariga jamoatchilikda murosasizlik hissini shakllantirish.
4-bob. Kutilayotgan natijalar
1. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sur’ati o‘sishiga erishiladi.
2. O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalari, shuningdek, ishbilarmonlik faolligining indeks ko‘rsatkichlari yaxshilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish orqali soliq tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 17,3 foizga yetkaziladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)
4. Mahalliy va xorijiy investorlar o‘rtasidagi soliq imtiyozlari hajmi bo‘yicha tafovuti qisqarishi ta’minlanadi.
5. Soliq to‘lovchilarning ma’lumotlardan foydalanishda hamda ko‘rsatilayotgan servis xizmatlaridan qanoat hosil qilish darajasi oshadi.
6. Nizolarni sudga qadar hal etish ko‘lami kengayadi.
7. Soliq sohasida huquqbuzarliklar soni kamayishiga erishiladi.
8. Soliq to‘lovchilarning haqiqatdagi va taqdim etilgan ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farqlar kamayadi.
9. Soliq tekshiruvlari soni qisqaradi.
10. Nazorat tadbirlari natijasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlar miqdori pasayadi.
11. Soliqlarning undirilish darajasi oshadi.
12. Soliq idoralari o‘rtasida hujjatlarning aylanishi kamayadi, ijro intizomi oshadi, kadrlarning qo‘nimsizligi bartaraf etiladi va kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshilanadi.
13. Soliq organlari xodimlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etish hollari bartaraf etiladi.
14. Soliq xizmatlarini standartlashtirish va tartibga solish darajasi ortadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes subyektlari orasida uch va undan ortiq yil faoliyat ko‘rsatayotgan subyektlar ulushi 60 foizga yetkaziladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-iyuldagi PQ-4389-son qaroriga
2-ILOVA
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”

T/r

Tadbir nomi

Amalga oshirish
mexanizmi

Ijro
muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Soliq siyosatini takomillashtirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish

1.

Tadbirkorlik subyektlariga teng fiskal sharoitlar va raqobat muhitini ta’minlash uchun qo‘llash sohalari va faoliyat turlarini hisobga olgan holda, soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qayta ko‘rib chiqish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining yangi tahriri doirasida

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev),

Savdo-sanoat palatasi
(A. Ikramov)

2.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tish tartibini ishlab chiqish.

Qo‘shma qaror

2019-yil
1-oktabr

DSQ (B. Musayev),
Adliya vazirligi (R. Davletov),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

3.

Soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutinijoriy etish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining yangi tahriri doirasida

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

4.

Soliq to‘lovchilarga keyinchalik soddalashtirilgan “yashil yo‘lak” tartibida xizmat ko‘rsatish maqsadida soliq tavakkalchiliklarini baholash va insoflilik mezonlari asosida segmentlash tizimini joriy qilish.

Qo‘shma qaror

2020-yil

1-yanvar

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

5.

Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda soliq majburiyatlarini kamaytirib ko‘rsatish (yashirish) faktlarini ko‘rsatib, soliq qarzining bir qismini to‘laganda, uni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi “soliq kelishuvi” mexanizmini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish

Soliq kodeksining yangi tahriri doirasida

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev)

6.

O‘zaro bog‘langan yoki afillangan shaxslar o‘rtasidagi bitimlar bo‘yicha transfert narxlar belgilanishining, shu jumladan bunday shaxslar bo‘yicha mezonlarni belgilashni nazarda tutuvchi soliq nazorati mexanizmini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining yangi tahriri doirasida

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),
DSQ (B. Musayev),
Bosh prokuratura (N. Yo‘ldoshev),
Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

7.

Soliq va buxgalteriya hisobi qoidalaridagi tafovutlarni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish va ularni xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga to‘liq moslashtirish.

Kompleks

chora-tadbirlar

2020-yil

1-iyul

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev),

Markaziy bank (M. Nurmuratov)

8.

Ayrim tovarlar uchun identifikatsiya markirovka qilishning yagona tizimini joriy etish va soliq organlari tomonidan mahsulotni hisobga olishning elektron bazasini yaratish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil

1-avgust

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), Loyiha boshqaruvi agentligi (D. Li), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

9.

Hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining soliq imkoniyatlarini baholash metodikasini ishlab chiqish va joriy etish, soliq tushumlarini hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha prognoz qilish uchun indikatorlar va ma’lumotlar manbalarini shakllantirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil

1-iyul

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), DSQ (B. Musayev),

Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

10.

Iqtisodiyotda xufiyona aylanma darajasini kamaytirish bo‘yicha “yashirin iqtisodiyot” ko‘lamini baholashning asosiy ko‘rsatkichlarini belgilash, idoralararo hamkorlik tizimini, ko‘riladigan choralar samaradorligini baholash tizimini joriy qilishni, shuningdek, iqtisodiy faoliyatni legallashtirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Markaziy bank (M. Nurmuratov),
DBQ (M. Azimov),
Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Mehnat vazirligi (Sh. Kudbiyev), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev), Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

11.

Chakana savdoda naqd pulda sotib olinadigan tovarlar va xizmatlar uchun yuqori to‘lov chegarasini belgilash hamda bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdoridan ortiq bo‘lgan bitimlar uchun soddalashtirilgan hisobvaraq-fakturani joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.

Tahliliy

ma’lumotnoma

2020-yil

1-fevral

DSQ (B. Musayev),

Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi (J. Sarimsakov)

12.

Mol-mulk va yer solig‘i o‘rniga ko‘chmas mulk solig‘ini joriy qilish.

Tahliliy ma’lumot

2021-yil

1-iyul

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev),

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi (A. Abdullayev)

13.

Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va xufiyona faoliyat amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan (ma’lumot taqdim etgan) shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy etish.

Idoraviy hujjat

2019-yil
1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

14.

Mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish uchun “onlayn” nazorat-kassa mashinalari cheklari bilan tasdiqlangan xarajatlar miqdorida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha chegirmalarni amalga oshirish tartibini ishlab chiqish.

Tahliliy

ma’lumotnoma

2020-yil

1-oktabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

15.

O‘zini o‘zi ish bilan band qilgan shaxslar mezonlari va toifalarini aniqlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqish, soliq solish maqsadida faoliyatni qonuniylashtirishni rag‘batlantirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil
1-mart

Mehnat vazirligi (Sh. Kudbiyev),

DSQ (B. Musayev)

16.

Elektron platformalar, internet-do‘konlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshiriladigan elektron tijorat faoliyatini qonuniylashtirish va nazorat qilish mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Tahliliy

ma’lumotnoma

2019-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov),
Markaziy bank (M. Nurmuratov)

17.

Soliq to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish va Davlat budjetiga o‘tkazish maxsus hisobraqamlarini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Tahliliy

ma’lumotnoma

2019-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Markaziy bank (M. Nurmuratov)

18.

Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank va Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazalarini integratsiyalashtirish, “E-ombor” tovarlarni hisobga olishning elektron tizimini joriy etish va import qilingan tovarlar hisobotlarining elektron tarzda shakllanishini ta’minlash orqali import operatsiyalarini monitoring qilish tizimini takomillashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

2021-yil

1-yanvar

DBQ (M. Azimov),

DSQ (B. Musayev),
Markaziy bank (M. Nurmuratov),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov)

19.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani misolida jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni mulkning bozor qiymatiga nisbatan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblash tartibini ko‘rib chiqish va natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritish.

Tahliliy ma’lumotnoma

2019-yil
1-noyabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi (A. Abdullayev)

II. Xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan soliq xizmatlarini rivojlantirish

20.

Soliq xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha mobil ilovalar sonini ko‘paytirish (o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan fuqarolarning ro‘yxatdan mustaqil o‘tishi va soliqlarni to‘lashi, yuridik shaxsning ulushi bo‘yicha qo‘yilgan taqiqlar (band solingan) haqidagi ma’lumotnomalarni olish, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini tekshirish va boshqalar).

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil
1-fevral,

keyinchalik doimiy

DSQ (B. Musayev),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov)

21.

Soliq solish maqsadida yer va ko‘chmas mulkning kadastr hisobi va qiymatini baholash bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun kadastr va soliq organlari ma’lumotlar bazalarini integratsiyalashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil

1-dekabr

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi (A. Abdullayev), DSQ (B. Musayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov)

22.

Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha soliq organlarining ayrim funksiyalarini nodavlat tashkilotlarga (autsorsing) o‘tkazish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Tahliliy

ma’lumotnoma

2019-yil

1-avgust

DSQ (B. Musayev),
Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

23.

Daromad solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatlarini va ma’lumotnomalar taqdim etish tizimini qayta ko‘rib chiqish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining yangi tahriri doirasida

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev), Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev)

24.

Ko‘rsatiladigan soliq xizmatlari sifatiga soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasini anonim baholash imkoniyatini yaratish uchun Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida qo‘shimcha funksiyalar kiritish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

“Ijtimoiy fikr”markazi (R. Ubaydullayeva)

25.

Soliq organlari bo‘linmalari faoliyatining samaradorligini jamoatchilik fikri natijalarini hisobga olgan holda reyting baholashni joriy etish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi (B. Xodjayev),

“Ijtimoiy fikr”markazi (R. Ubaydullayeva)

26.

Soliq to‘lovchilarning aniq ehtiyojlaridan kelib chiqib (to‘liq maslahat berish, buyurtmanomalar, ariza va shikoyatlar qabul qilish), “call-sentr” funksiyalarini kengaytirish orqali soliq to‘lovchilarga xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini yaxshilashga doir takliflarni ishlab chiqish borasidagi dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilish uchun ko‘p beriladigan savollar va kelib tushadigan murojaatlar asosida Davlat soliq qo‘mitasining doimiy yangilanadigan ma’lumotlar bazasini yaratish.

Idoraviy hujjat

2020-yil

1-mart

DSQ (B. Musayev)

27.

O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasini soliq maslahatchilari tashkilotlarining unga majburiy a’zo bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zini o‘zi nazorat qiladigan tashkilotga aylantirish, soliq maslahatchilarini o‘qitishni tashkil qilish, malaka imtihonlarini o‘tkazish va sertifikat berish vazifalarini topshirish orqali uning faoliyatini takomillashtirish.

Tahliliy ma’lumot

2020-yil

1-fevral

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

DSQ (B. Musayev),

Soliq maslahatchilari palatasi (B. Mansurov)

III. Soliq tavakkalchiliklarini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimini yaratish

28.

Nazorat, axborot va xizmat ko‘rsatish orqali potensial soliq tavakkalchiliklarini baholash va boshqarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni nazarda tutadigan soliq tavakkalchiliklarini tizimli boshqarish (Compliance Strategy) mexanizmini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2020-yil

1-fevral

DSQ (B. Musayev)

29.

Tavakkalchiliklarni, shu jumladan QQS to‘lovchilarini tahlil qilish va boshqarish tizimi asosida soliq nazoratining simsiz (masofadan turib) usullarini (soliq to‘lovchilarni segmentlash asosida) takomillashtirish.

Tahliliy ma’lumotnoma

2019-yil

1-dekabr

DSQ (B. Musayev),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov),
Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

30.

Jahon bankining kompleks intellektual modeli asosida soliq ma’muriyatchiligini tahlil qilish yakunlari bo‘yicha takliflar tayyorlash (hozirgi holatni baholash va soliq ma’murchiligi kamchiliklarini aniqlash, soliq islohotlari natijalarini monitoring qilish).

Tahliliy ma’lumotnoma

2019-yil

1-oktabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

31.

Soliq organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini video-tasvirga olish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy hujjat

2019-yil

1-noyabr

DSQ (B. Musayev),

Adliya vazirligi (R. Davletov), Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

32.

Ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda, identifikatsiya kartochkalari tizimiga (ID kartalariga) jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami tizimini bosqichma-bosqich integratsiyalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Tahliliy ma’lumotnoma

2021-yil

1-yanvar

DSQ (B. Musayev),

Davlat personallashtirish markazi (N. Turaxodjayev),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov)

33.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga davlat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuv holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, nazorat tadbirlarini faqat profilaktika choralari qo‘llanilgandan so‘ng amalga oshirish imkonini beradigan tartibni belgilash.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining
yangi tahriri doirasida

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

34.

Sayyor tekshirishlarni kamaytirish va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligining simsiz usullari ro‘yxatini kengaytirgan holda soliq nazorati shakllarini takomillashtirish.

Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish

Soliq kodeksining
yangi tahriri doirasida

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

35.

Yuqori darajadagi daromadga va mulkka ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning soliq tavakkalchiliklarini tahlil qilish(Nigh Net Worth Individuals) tizimini joriy etish.

Kompleks

chora-tadbirlar

2021-yil

1-yanvar

DSQ (B. Musayev)

IV. Davlat soliq xizmati organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish

36.

Soliq ma’muriyatchiligi xarajatlarini kamaytirish va soliq nazorati sifatini oshirish, shuningdek, uni avtomatlashtirish maqsadida soliq organlari tizimiga zamonaviy biznes-tahlillar modellarini (Business Intellegence) joriy etish.

Kompleks

chora-tadbirlar

2020-2021-yillar

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov)

37.

Soliq to‘lovchilarga aniq vaqt rejimida ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini, shu jumladan, eksterritorial prinsip asosida ko‘rsatiladigan xizmatlarni kengaytirishga yo‘naltirilgan raqamli texnologiyalarni soliq ma’muriyatchiligiga bosqichma-bosqich joriy etish, soliq organlarining axborot kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

Kompleks

chora-tadbirlar

2019-2020-yillar

DSQ (B. Musayev),

Axborot texnologiyalari
vazirligi (Sh. Sadikov),
Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

38.

Soliq organlari xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi (KPI) ko‘rsatkichlaridan (ko‘rsatilgan xizmatlarning soni va sifati, xizmat ko‘rsatish tezligi, xodimning xushmuomalaligi va bilimidan) kelib chiqib, ularni moddiy rag‘batlantirish, xizmatda lavozimini oshirish, mukofotlash, intizomiy choralar qo‘llash tizimini joriy etish.

Idoraviy hujjat

2019-yil

1-dekabr

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

39.

“Xolis xaridor” tizimini keng joriy qilish, “xufiyona iqtisodiyot” bo‘yicha “ishonch telefonlari”ni tashkil qilish va mazkur sohada tasdiqlangan xabarni bergan shaxslarni hamda soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash “sxema”larini va xufiyona faoliyatlarni aniqlaganlik uchun soliq organlari xodimlarini rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil
1-avgust

DSQ (B. Musayev)

40.

Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfer narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma’murchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big Data) qo‘llash asosida soliq organlarining xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Tashkiliy tadbirlar

Doimiy
asosda

DSQ (B. Musayev)

41.

Soliq organlariga ishga qabul qilishda (vakant lavozimlarni egallash) tanlov tizimini, shu jumladan, nomzodlarning elektron shaklda murojaat etish imkoniyatini nazarda tutgan holda joriy etish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil

1-fevral

DSQ (B. Musayev)

V. Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaning oldini olish tizimini takomillashtirish

42.

Korrupsiyaning oldini olish tizimini rivojlantirish, xodimlarning halolligini baholash mezonlarini ishlab chiqish va ishga qabul qilish shartlarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni hisobga olgan holda kadrlar siyosatini takomillashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil
1-dekabr

DSQ (B. Musayev)

43.

Davlat soliq xizmati organlarida korrupsion xavflar yuzaga kelishining oldini olish (nazorat qilish) va holatni monitoring qilish bo‘yicha xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, shuningdek, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali noinsof xodimlarni tizimdan chetlashtirishni nazarda tutuvchi tizimni joriy etish.

Idoraviy hujjat

2019-yil

1-oktabr

DSQ (B. Musayev),

Bosh prokuratura (N. Yo‘ldoshev)

44.

Moddiy va nomoddiy rag‘batlantirish, xizmatda o‘sish, bilimini oshirish, sog‘lig‘ini tiklash, dam olish va boshqa yo‘nalishlarni yaxshilashni nazarda tutuvchi mehnat qilish sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil

1-avgust

DSQ (B. Musayev),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

45.

Korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari talablariga muvofiq soliq sohasidagi korrupsion xavflarni bartaraf etish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani va biznes-jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni takomillashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish.

Tahliliy ma’lumot

2019-yil

1-sentabr

DSQ (B. Musayev),

Bosh prokuratura (N. Yo‘ldoshev),

Adliya vazirligi (R. Davletov)

46.

Faoliyatning ochiqligini ta’minlash, fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish va soliq organlarining ijobiy imijini shakllantirish.

Tashkiliy tadbirlar

Doimiy

DSQ (B. Musayev),
“Ijtimoiy fikr” markazi (R. Ubaydullayeva)

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 07/19/4389/3409-son; 20.05.2026-y., 06/26/95/0508-son)