toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida
“Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini ta’minlash, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari, ish beruvchilar kasaba uyushmalari va birlashmalari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha samarali hamkorlikni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Quyidagilar Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat amalga oshirilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish asosida amaliy hamkorlikni ta’minlash;
bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga ko‘maklashish;
xalqaro tajribani o‘rganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savollarga javoblar va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etilayotgan fikr-mulohazalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish;
Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil, 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish to‘g‘risida yillik ma’ruzalar e’lon qilish;
ratifikatsiya qilinmagan konvensiyalar va tavsiyalar qo‘llanishiga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilinishiga ko‘maklashish uchun amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqish.
3. Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kasaba uyushmalari tashkilotlari va ish beruvchilarning tegishli hududiy birlashmalari bilan birgalikda ikki oy muddatda ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar tuzilishini va ularning faoliyati tashkil etilishini ta’minlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyul,
553-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son qaroriga
1-ILOVA
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasining
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatidan

B.E. Zaxidov

O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri

B.B. Ashrafxanov

moliya vazirining o‘rinbosari

X.X. Meliyev

adliya vazirining o‘rinbosari

lavozim bo‘yicha

sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari

Z.M. Ziyayev

Milliy statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari

lavozimiga ko‘ra

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i

lavozimiga ko‘ra

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari

Respublika kasaba uyushmalari birlashmalaridan
(kelishuvga ko‘ra)

K.M. Rafikov

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi

B.X. Maxmadaliyev

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari

R.M. Bedilov

O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi

M.X. Xalilova

O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi

I.K. Raxmatov

Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi

N.B. Karimova

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining mehnatni himoya qilish bo‘limi mudiri

M.N. Isayev

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri

Ish beruvchilar respublika birlashmalaridan
(kelishuvga ko‘ra)

lavozim bo‘yicha

O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi raisi

A.I. Ikramov

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi

A.A. Xaitov

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

G.G‘. Maxmudova

O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi

U.T. Abdullayev

O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi

B.S. Xamidov

O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi bosh direktori

A.X. Xursanov

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi

F.F. Omonov

O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi raisining o‘rinbosari

Izoh: Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 553-son qaroriga
2-ILOVA
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalarni (keyingi o‘rinlarda Komissiyalar deb ataladi) tashkil etish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Komissiya o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi va mehnat sohasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ijtimoiy sheriklik organi hisoblanadi.
2. Komissiya quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda Tomonlar deb ataladi) o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish;
Bosh va hududiy bitimlar tuzish hamda ularning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga ko‘maklashish;
Xalqaro mehnat tashkilotining (keyingi o‘rinlarda XMT deb ataladi) 1981-yilgi jamoa muzokaralariga ko‘maklashish to‘g‘risidagi konvensiyasiga (154-son) muvofiq mehnat va bandlik sharoitlarini aniqlash, ish beruvchilar va xodimlar, shuningdek, ish beruvchi va xodimlar tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha jamoa muzokaralariga ko‘maklashish.
3. Komissiya:
respublika darajasida (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida (keyingi o‘rinlarda Hududiy komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
4. Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, boshqa qonun hujjatlariga, XMT konvensiyalari va tavsiyalariga, ushbu Nizomga amal qiladi hamda o‘z faoliyatini “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan ijtimoiy sheriklik prinsiplariga rioya qilgan holda amalga oshiradi.
2-bob. Respublika komissiyasining vazifalari, funksiyalari va huquqlari
5. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va tomonlar pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini ta’minlash;
Bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga ko‘maklashish;
xalqaro tajribani o‘rganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga doir savolnomaga javoblar va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish;
Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish haqidagi yillik ma’ruzalarni e’lon qilish;
ratifikatsiya qilinmagan va hali qo‘llanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qo‘llashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga ko‘maklashish uchun ko‘riladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqish.
6. Respublika komissiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va Tomonlar pozitsiyalarini kelishish sohasida:
mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlarni amalga oshirishga, shu jumladan birlashishga va kollektiv muzokaralar olib borishga doir huquqlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi, bolalar mehnatining majburiy va eng yomon shakllariga barham berish, kamsitmaslik, teng huquqlar, teng imkoniyatlar va teng qiymatli mehnat uchun teng haq to‘lash prinsiplariga rioya qiladi;
XMTning xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasiga (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) muvofiq xalqaro mehnat standartlarini qo‘llashga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ish haqi masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar, shu jumladan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining va tarif setkalarini belgilash yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
2) pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini ta’minlash sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi, ularni takomiliga yetkazish yuzasidan takliflar kiritish, shuningdek mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqadi;
(6-band 2-kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
jamiyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha tomonlarning hamkorlik mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
3) Bosh bitim tuzish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa-shartnoma asosida tartibga solishga ko‘maklashish sohasida:
Bosh bitimni bajarish chog‘ida yuzaga keladigan masalalarni Tomonlar tashabbusiga ko‘ra ko‘rib chiqadi;
mehnatni himoya qilish va xavfsizligini boshqarishning samarali tizimini yaratishda ishtirok etadi;
tomonlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh bitimni va uni amalga oshirishga oid tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi, shuningdek uning bajarilishini nazorat qilish;
4) xalqaro tajribani o‘rganish, ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish sohasida:
ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida tegishli xorijiy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadi;
xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazishni tashkil etadi;
xalqaro mehnat standartlarini qo‘llash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganadi;
5) Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomaga javoblarni shakllantirish va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish sohasida;
vakolatli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomalarga javoblarni shakllantirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazadi;
aholini ish bilan ta’minlash respublika dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish orqali O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko‘maklashadi;
yangi mehnat sharoitlarini belgilash yoki mavjudlarini o‘zgartirish xususidagi jamoa mehnat nizolarini hal qilishga ko‘maklashadi;
Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savolnomalar bo‘yicha va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama qilinadigan matnlarga taklif etiladigan fikr-mulohazalari bo‘yicha tahliliy materiallar hamda ma’lumotlar tayyorlaydi;
6) Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasida (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish to‘g‘risida yillik ma’ruzalarni e’lon qilish sohasida:
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solishning ijobiy tajribasini o‘rganadi, umumlashtiradi va tarqatadi, uni amalda qo‘llash yuzasidan tavsiyalar va takliflar ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalariga rioya etilishini tahlil qiladi va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli takliflar kiritadi;
ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni ta’minlash va mehnat munosabatlari sohasida ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha hududiy uch tomonlama komissiyalarga amaliy yordam ko‘rsatadi;
7) ratifikatsiya qilinmagan va hali qo‘llanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qo‘llashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga ko‘maklashish uchun ko‘riladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqish sohasida:
xalqaro hamkorlik, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish hamda takomillashtirish sohasida takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
ratifikatsiya qilinmagan va hali qo‘llanilmayotgan konvensiyalar hamda tavsiyalarni qo‘llashga va tegishli hollarda ratifikatsiya qilishga ko‘maklashish uchun ko‘riladigan chora-tadbirlarni aniqlab olish maqsadida bunday konvensiya va tavsiyalarni muntazam ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalari qoidalari, xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlari, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar ijrosini monitoring qiladi;
jamoatchilikning Respublika komissiyasi ishlari, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solishning mamlakatimiz va xorij tajribasi to‘g‘risida xabardor bo‘lishini ta’minlaydi.
7. Respublika komissiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasidagi Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiya, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va mehnat munosabatlari sohasidagi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
Bosh va hududiy bitimlarning bajarilishi, respublika, hududlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida vakolatli davlat organlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot olish;
(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar tashkilotlari va kasaba uyushmalari mansabdor shaxslarining ijtimoiy-mehnat munosabatlar masalalari bo‘yicha ma’ruzalarini (axborotini) eshitish;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va davlat dasturlari, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini tayyorlash bo‘yicha komissiya tarkibiga o‘z vakillarini tavsiya qilish, o‘z majlislarida tegishli takliflarni ko‘rib chiqish;
Respublika komissiyasi ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar respublika birlashmalari va kasaba uyushmalari, shuningdek, tashkilotlar vakillarini jalb qilish;
olimlar va mutaxassislarni jalb qilib, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
jamoa muzokaralar va ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga soladigan bitimlarni tayyorlash, ushbu bitimlarni amalga oshirish jarayonida ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha tarmoq (tarmoqlararo) va boshqa komissiyalar bilan hamkorlik qilish;
uch tomonlama hamkorlik bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish yuzasidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;
o‘z faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika komissiyasi ushbu nizom va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(7-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Hududiy komissiyaning vazifalari, funksiyalari va huquqlari
8. Quyidagilar hududiy komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha kelishilgan hududiy ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda ishtirok etish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tomonlar pozitsiyalarini kelishish;
pozitsiyalar, huquqlar va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish asosida tomonlarning amaliy hamkorligini ta’minlash;
xalqaro mehnat normalarini qo‘llash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish.
9. Hududiy komissiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha kelishilgan hududiy ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni ta’minlashda ishtirok etish sohasida:
fuqarolarning ijtimoiy-mehnat sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir hududiy dasturlar loyihalarini ko‘rib chiqadi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
tomonlar o‘rtasida hududiy (mintaqaviy) bitim loyihasini va uni amalga oshirish tadbirlarini ishlab chiqadi, shuningdek uni bajarish jarayonini nazorat qiladi;
tomonlarning tashabbusiga ko‘ra hududiy (mintaqaviy) bitimni bajarish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni ko‘rib chiqadi;
2) hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tomonlar pozitsiyalarini kelishish sohasida;
hududni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlik mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganadi, umumlashtiradi va tatbiq etadi, uni amalda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalariga rioya etilishini tahlil qiladi va ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli takliflar kiritadi;
mehnat sohasidagi asosiy prinsiplar va huquqlarni hududiy darajada amalga oshirishga, shu jumladan birlashishga va kollektiv muzokaralar olib borishga doir huquqlarni amalga oshirishga, bolalar mehnatining majburiy va eng yomon shakllariga barham berish, kamsitmaslik, teng huquqlar, teng imkoniyatlar va teng qiymatli mehnat uchun teng haq to‘lash prinsiplariga rioya qilishga ko‘maklashadi;
aholini ish bilan ta’minlash hududiy dasturini shakllantirishda, yaratilayotgan ish o‘rinlari, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan ish o‘rinlari haqiqiyligi uchun jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi, bu yo‘nalishda hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan choralar ko‘radi;
ish haqi masalalari, shu jumladan, tashkilotlarda mehnatga haq to‘lashning minimal standartlariga rioya qilish, ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazadi;
mehnatni muhofaza qilish va xavfsizligini boshqarishning samarali tizimini yaratishda ishtirok etadi;
yangi mehnat shart-sharoitlarini belgilash yoki mavjudlarini o‘zgartirish bo‘yicha jamoa mehnat nizolarini hal etishga ko‘maklashadi;
davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
Respublika komissiyasi bilan hamkorlik qiladi;
hududiy komissiyaning ishlari, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish tajribasi to‘g‘risida jamoatchilik xabardor bo‘lishini ta’minlaydi.
10. Hududiy komissiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishni ta’minlash va mehnat munosabatlari sohasida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Hududiy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning mintaqaviy vakili, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy (mintaqaviy) bitimni bajarish, hududlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, shuningdek, ijtimoiy muloqotni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida vakolatli davlat organlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda axborot olish;
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar birlashmalari va kasaba uyushmalari mansabdor shaxslarining ijtimoiy-mehnat munosabatlar masalalari bo‘yicha ma’ruzalarini (axborotini) eshitish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini va dasturlarini, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini tayyorlash bo‘yicha Komissiya tarkibiga o‘z vakillarini tavsiya qilish, o‘z majlislarida tegishli takliflarni ko‘rib chiqish;
hududiy komissiya ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar birlashmalari va kasaba uyushmalari, shuningdek, tashkilotlar vakillarini jalb qilish;
olimlar va mutaxassislarni jalb qilib, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha doimiy va vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
jamoa muzokaralar va ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga soladigan hududiy (mintaqaviy) bitimlarni tayyorlash jarayonida ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha Respublika komissiyasi bilan hamkorlik qilish;
o‘z faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish.
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy komissiya ushbu Nizom va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(10-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Komissiya tarkibi va uning faoliyatini tashkil etish
11. Komissiya tarkibiga har bir tomondan hal qiluvchi ovozga ega kamida yetti nafardan vakil, shu jumladan bir nafar hamrais (tenglik prinsipi asosida) kiradi.
Respublika komissiyasida:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining doimiy a’zolari etib quyidagilar tayinlanadi: kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, moliya, adliya, sog‘liqni saqlash vazirlarining o‘rinbosarlari, Milliy statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari;
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
quyidagilar hamraislar hisoblanadi: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri, O‘zbekiston ish beruvchilari va xodimlari vakillari eng ko‘p bo‘lgan tashkilotlarning rahbarlari.
(11-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Hududiy komissiyada:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining doimiy a’zolari etib hokim o‘rinbosari (Qoraqalpog‘iston Respublikasida Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i (Qoraqalpog‘iston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri), moliya, adliya, sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalari rahbarlari o‘rinbosarlari, Statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi) boshlig‘i;
(11-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
quyidagilar hamraislar hisoblanadi: ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha hokim o‘rinbosari (Qoraqalpog‘iston Respublikasida Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari), hududning ish beruvchilari va xodimlari vakillari eng ko‘p bo‘lgan tashkilotlarning rahbarlari.
12. Hududiy komissiyaning shaxsiy tarkibi tomonlarning takliflari asosida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi) tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaning a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan (saylangan) yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
13. Komissiyaga hamraislar orasidan uch yil muddatga saylanadigan rais rahbarlik qiladi. Komissiyaga raislik qilish uch yilda bir marta rotatsiya asosida hamraislardan biriga o‘tadi.
14. Komissiya raisi:
komissiya majlislarida raislik qiladi;
komissiya ish rejasiga takliflar kiritadi;
komissiya majlislarini chaqiradi, komissiya, uning ishchi organlari faoliyatini, majlislarda ko‘rib chiqilayotgan masalalar tayyorlanishini va qabul qilingan qarorlar ijrosini tashkil etadi, shuningdek, har chorakda tomonlarni ularning bajarilish jarayonidan xabardor qiladi;
tomonlar hamkorligiga va komissiya qarorlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ular o‘rtasida kelishuvga erishilishiga ko‘maklashadi;
komissiya ishida ishtirok etish uchun ularning tarkibiga kirmaydigan mansabdor va boshqa shaxslarni taklif qiladi;
o‘z vakolati doirasida boshqa funksiyalarni bajaradi.
15. Hamraislar taqdimnomasi bo‘yicha komissiya raisi tomonidan shakllantiriladigan kotibiyat komissiyaning ishchi organi hisoblanadi. Kotibiyat tarkibiga har bir tomondan bittadan vakil kiradi.
Komissiya kotibiyati:
komissiya majlislariga tayyorgarlik ko‘radi;
komissiya qarorlari ijrosini nazorat qiladi;
komissiya a’zolarini olib borilayotgan tadbirlardan xabardor qiladi;
komissiya ish rejalarini tayyorlaydi;
komissiya ish yurituvini amalga oshiradi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari, zarur hollarda esa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan tezkor aloqani amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
komissiya faoliyati to‘g‘risida yillik ma’ruzalar tayyorlaydi.
16. Komissiya o‘z faoliyatini ish rejalari asosida va ijtimoiy-mehnat sohasidagi masalalarni zudlik bilan hal etish zaruratini hisobga olib tashkil etadi.
Komissiya majlisi bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
Majlis kun tartibi kotibiyat tomonidan ish rejasi va hamraislarning kelishilgan takliflari asosida tuziladi.
Majlis o‘tkaziladigan sana, vaqt, joy va uning kun tartibi to‘g‘risida komissiya a’zolari oldindan, biroq majlisdan kamida 10 kun avval xabardor qilinadi.
Komissiya majlisi, agar unda har bir tomondan a’zolarning kamida yarmi ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
17. Komissiya qarori kelishuv asosida yoki agar kelishuv bo‘lmasa, har bir tomondan bittadan ovoz prinsipi bo‘yicha ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Komissiya qarori bayonnoma shaklida qabul qilinadi, hamraislar tomonidan imzolanadi va tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi.
Qarorlarni tez qabul qilish maqsadida komissiya hamraisi komissiyaning alohida masalalari bo‘yicha so‘rov orqali a’zolar bilan kelishilgan qarorlarni tasdiqlashi mumkin.
Komissiyaning vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarini tomonlar idora ichki qarorlarini qabul qilish orqali amalga oshiradi.
18. Komissiya tarkibida quyidagi doimiy ishchi guruhlar tuzilishi mumkin:
Bosh (hududiy) bitimni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha;
xalqaro mehnat normalarini qo‘llashga ko‘maklashish uch tomonlama maslahatlashuvlarni o‘tkazish bo‘yicha;
jamoa mehnat nizolarini va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha;
mehnatni muhofaza qilish va uning xavfsizligi bo‘yicha;
bandlik, ish haqi va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha.
19. Doimiy ishchi guruhlarga komissiya a’zolari orasidan uch nafar hamraislar tenglik asosida rahbarlik qiladi.
Doimiy ishchi guruhlarning tarkibi iqtisodiyot, mehnat huquqi, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya sohasidagi mutaxassislar orasidan ularning komissiyaga a’zoligidan qat’i nazar tuziladi va komissiya majlisida tasdiqlanadi.
Doimiy ishchi guruhlar o‘z faoliyatini o‘z hamrahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan yillik ish rejalari asosida amalga oshiradi.
Doimiy ishchi guruhlar o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha tavsiyalar shaklida qarorlar qabul qiladi. Tavsiyalar ishchi guruh majlisida uning hamrahbarlari o‘rtasida kelishuvga erishish orqali tasdiqlanadi.
Doimiy ishchi guruhlar majlislari, agar ularda ishchi guruh a’zolari umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Doimiy ishchi guruhlarning u yoki bu masalalar bo‘yicha tavsiyalari qarorlar qabul qilish uchun Komissiya majlislarida ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Komissiyaning a’zolari huquqlari va majburiyatlari
20. Komissiya a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va komissiya qarorlarini qabul qilishda ishtirok etish;
komissiya va doimiy ishchi guruhlar majlislarida ko‘rib chiqish uchun komissiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari rahbarlariga, shuningdek, bevosita tashkilotlarga komissiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan so‘rovlar bilan murojaat qilish;
normativ-huquqiy hujjatlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari loyihalari, statistika, axborot va ma’lumotnoma materiallari bilan belgilangan tartibda tanishish.
21. Komissiya a’zolari:
komissiya faoliyatiga taalluqli hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi;
komissiya qarorini ijro etishga ko‘maklashishi;
ish beruvchilar kasaba uyushmalari va birlashmalarini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini Komissiya faoliyati va Bosh (hududiy) bitim ijrosining borishidan muntazam xabardor qilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Komissiya faoliyati to‘g‘risidagi axborotning maxfiyligiga rioya qilishi va uni oshkor etmasligi shart.
(21-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Komissiya qarorlari ijro etilishini nazorat qilish, tomonlar javobgarligi va komissiya faoliyatini moliyalashtirish
22. Komissiya qarorlarining ijrosini tomonlar mustaqil nazorat qiladi.
23. Bir yilda kamida bir marta bitimlarni amalga oshirish yakunlari va komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi masalalar komissiyaga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
24. Bosh (hududiy) bitimni amalga oshirish yakunlari va komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi yozma axborotni tomonlar kotibiyatga ularning bajarilishiga qarab yuboradi.
25. Komissiya faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni tomonlar o‘zaro kelishuv bo‘yicha qoplaydi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019-y., 09/19/553/3372-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)