toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmoni)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-iyul,
549-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 549-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizomda (O‘zbekiston Respublikasi QT 2017-y., 14-son, 228-modda):
a) 41-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Elektron tijorat orqali faqat retseptsiz beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish, saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, hujjatli va elektron rasmiylashtirish tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi”;
b) 5-band quyidagi mazmundagi o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
xalqaro patentlanmagan nom — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dori vositasi tarkibidagi faol dori moddasi (substansiyasi)ning qisqartirilgan nomini berish orqali dori vositasini identifikatsiya qilish;
elektron retsept — yagona elektron retseptlar ma’lumotlar bazasini shakllantirish va vrachning farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassisga dori preparatini tayyorlash va (yoki) berish hamda uning qo‘llanilish usuli to‘g‘risidagi ko‘rsatmasini tezkor ravishda olish imkonini beruvchi elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlarga ega bo‘lgan elektron hujjat. Elektron retsept axborot texnologiyalari va axborot tizimlari xizmatlari hamda texnik vositalardan foydalangan holda yaratiladi, qayta ishlanadi va saqlanadi”;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda davlat standartlari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga, yong‘in xavfsizligi qoidalariga, mehnat muhofazasi qoidalariga, texnika xavfsizligi qoidalariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ta’minlanishi kerak”;
birinchi xatboshiga “Dorixona filialining mudiri” so‘zlaridan keyin “oliy yoki o‘rta maxsus” so‘zlari qo‘shilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Dori vositalarini chakana realizatsiya qilishga faqat farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarga ruxsat etiladi”;
d) 15-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni elektron tijorat orqali chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi”;
e) 26-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Vrach retseptlari asosida beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda ular haqidagi ma’lumotlarni dorixonaning peshtaxtasi va xaridorlar uchun ko‘rinadigan boshqa joylarga qo‘yish ta’qiqlanadi”;
j) 27-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“27. Dori vositalarini chakana realizatsiya qilish shakli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan retseptlar, shu jumladan, elektron retseptlar bo‘yicha yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Dori vositalarini elektron retseptlar asosida chakana realizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlarining harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi”;
z) quyidagi mazmundagi 291-band qo‘shilsin:
“291. Dori vositalari (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bundan mustasno) va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali chakana realizatsiya qilishda dorixonalar tegishli veb-saytlar va (yoki) mobil ilovalarda quyidagi ma’lumotlarni joylashtirishga majburdir:
yuridik shaxsning to‘liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan holda;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tadbirkorlik subyektining identifikatsiya raqami;
joylashgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili, bog‘lanish telefon raqami;
litsenziyaning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (raqami, amal qilish muddati, litsenziyani berishga vakolatli organning nomi);
realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar haqidagi ma’lumotlar (xalqaro patentlanmagan va savdo nomi, chiqarilgan shakli, dozasi, seriyasi, yaroqlilik muddati, ishlab chiqargan davlat (yetkazib beruvchi), qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma, chakana realizatsiya narxi, savdo ustamasi miqdori, muvofiqlik sertifikati (belgilangan tartibda majburiy sertifikatsiyalanadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun);
realizatsiya qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlar analoglari haqidagi ma’lumotlar;
hisob-kitob shakli, yetkazib berish tartibi va narxi”;
i) 31-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“31. Vrach retsepti bo‘yicha dori vositasini berish retseptda qayd etilgan xalqaro patentlanmagan nom asosida amalga oshiriladi. Bunda dori vositalarini berish normasi vrach retseptiga muvofiq belgilanadi”;
k) quyidagi mazmundagi 311-band qo‘shilsin:
“311. Retsept asosida dori vositasini berishda dorixonaning farmatsevt xodimi retseptning yirtma koreshogiga berilgan dori vositasining nomi, seriya raqami, farmatsevt familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, uni imzolaydi va dorixonaning shtampi qo‘yilgan holda bemor (uning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs)ga topshiradi, retsept dorixonada qoldiriladi.
Retsept asosida tayyorlab berilgan dori vositalarini berishda, qo‘shimcha ravishda ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi dorixonada retseptlarni qayd etish jurnaliga tegishli yozuvlar kiritiladi.
Retseptning yirtma koreshogi bemor (uning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs) tomonidan yo‘qotilgan yoki u yaroqsiz xolga kelib qolgan xolatlarda dorixona xodimi tomonidan retseptning dorixonada saqlanayotgan, yirtma koreshogi o‘rnini bosuvchi, tasdiqlangan nusxasi berilishi mumkin.
Dori vositasini elektron retsept asosida berishda dorixonaning farmatsevt xodimi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlarining harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimi”dagi tegishli maydonchalarga dori vositasining nomi, seriya raqami, farmatsevtning familiyasi, ismi, otasining ismini kiritib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi”;
l) 34-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“34. Favqulodda holatlarda, bemorning yashash joyidan jo‘nab ketishi, vaqtincha ketishi dorixonaga muntazam qatnashining imkoni yo‘qligi va boshqa shu kabi holatlarda dori vositalari retsept bo‘yicha uch oygacha bo‘lgan muddat mobaynida qo‘llash uchun zarur miqdorda berilishiga yo‘l qo‘yiladi”;
m) 35-bandga quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Bunda retseptning yirtma koreshogi, unga ushbu Nizomga muvofiq ma’lumotlarni kiritgan holda bemor (uning qarindoshlari yoki uning holidan xabar oluvchi shaxs)ga qaytariladi”;
n) quyidagi mazmundagi 371-band qo‘shilsin:
“371. Retseptda ushbu Nizomga zid ravishda rasmiylashtirilgan yoki bir-biriga nomutanosib dori vositalari ko‘rsatilgan bo‘lsa, dorixona tomonidan unga “Retsept haqiqiy emas” shtampi bosiladi va bekor qilinadi. Bunda bekor qilingan retsept haqidagi ma’lumotlar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi noto‘g‘ri yozib berilgan retseptlarni dorixonada hisobga olish jurnalida qayd etiladi va retseptni bergan davolash-profilaktika muassasasining rahbariga noto‘g‘ri yozilgan retseptlar to‘g‘risida xabar beriladi hamda vrach tomonidan berilgan retseptga nomutanosib dori vositalari dorixona tomonidan berilganda, dori vositalari qaytariladi”;
o) quyidagi mazmundagi 391-band qo‘shilsin:
“391. Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilishda, zarur hollarda dorixonalar tomonidan aholiga sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish mumkin. Bunda dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish dorixona xodimi — farmatsevtik ma’lumotga ega mutaxassis bilan birga amalga oshirilishi kerak.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish uchun ularning sifati va xavfsizligiga rioya etilishini ta’minlovchi dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash kamerasi bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalaniladi.
Transport vositasi texnik soz va toza holatda tutilishi kerak. Tashish jarayonida dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash kamerasida kerakli zarur harorat, namlik, shuningdek, toza havo ta’minlab turilishi lozim.
O‘lchov uskunalariga kiruvchi asboblar foydalanishdan avval, shuningdek, ta’mirlangandan so‘ng belgilangan tartibda birlamchi tekshiruvdan o‘tadi va (yoki) qiyoslanadi, foydalanish jarayonida esa tekshiriladi va qiyoslanadi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni tashish shunday amalga oshirilishi lozimki, bunda ularning sifat ko‘rsatgichlari yo‘qolmasligi hamda dori vositalarining o‘ramlari va tibbiy qo‘llanilishi bo‘yicha yo‘riqnomalarda qayd etilgan saqlash sharoitlariga rioya etilishi kerak.
Alohida saqlash haroratini talab etuvchi dori vositalarini tashish haroratni doimiy ravishda kuzatib boruvchi qurilma bilan jihozlangan refrijerator uskunasi yoki termokonteyner bilan jihozlangan transport vositasida amalga oshirilishi kerak.
Dori vositalari va tibbiy buyumlar, ularning sifati, samaradorligi va xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan hamda tashqi muhit ta’siridan saqlovchi transport vositalarida tashiladi. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni boshqa turdagi yuklar bilan birga tashish taqiqlanadi”;
p) 41-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“41. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha dorixonalarda ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalashni amalga oshiruvchi hududiy komissiyalarning ishchi organlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga yuklanadi”;
r) Nizomga quyidagi mazmundagi 1 va 2-ilovalar qo‘shilsin:
“Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Retseptlarni qayd etish
JURNALI

Dorixona nomi
(dorixona filiali)

________________________________________________________________________________________________________________________

T/r

Sana

Bemorning
F.I.O.

Retseptni bergan davolash-profilaktika tashkilotining nomi

Davolovchi

shifokor
F.I.O.

Dori vositasining nomi, miqdori va dozasi

Dori vositasining shakli

Dori vositasining narxi

Bemorning manzili, telefon raqami

Izoh

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Noto‘g‘ri yozib berilgan retseptlarni dorixonada hisobga olish
JURNALI

Dorixona nomi
(dorixona filiali)

________________________________________________________________________________________________

T/r

Sana

Retseptni bergan davolash-profilaktika tashkilotining nomi

Noto‘g‘ri retsept bergan shifokorning

F.I.O.

Retsept tarkibi

Retseptdagi xatoliklar (dozasi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan dori vositalari yoki undagi yozuvlarning noaniqligi ko‘rsatiladi)

Davolash-profilaktika tashkilotining

rahbariga xabar

berilganligi haqidagi ma’lumot

Dorixona/filiali farmatsevtning
F.I.O.

Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 09/19/549/3364-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)