1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.02.00 Mualliflik huquqi;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.12.00 Teatr-konsert faoliyati]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 28-noyabrdagi PQ-4038-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar faoliyatini yanada rivojlantirish, shu sohada mehnat qilayotgan, oʻzining badiiy, ijtimoiy-siyosiy ruhdagi ijodiy asarlari bilan xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotgan dramaturg va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-may,
385-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 385-son qaroriga ILOVA
Ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida tashkil etiladigan Dramatik va musiqiy asarlarni tanlash va xarid qilish boʻyicha ishchi guruhning (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyrugʻiga asosan toʻlanadi.
3. Ishchi guruh kollegial maslahat organi hisoblanadi va uning faoliyati jamoatchilik asosida tashkil etiladi. Ishchi guruh aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tavsiyasi bilan asosiy ish joyidan belgilangan tartibda ragʻbatlantirilishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Teatr va sirk sanʼatini rivojlantirish boshqarmasi Ishchi guruhning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 7-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son)
2-bob. Ishchi guruhning asosiy vazifalari
5. Ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan asarlarni koʻrib chiqish;
taqdim etilgan asarlarni muhokama qilish va uning mohiyati va mazmuni, badiiy, gʻoyaviy, maʼnaviy, maʼrifiy, tarbiyaviy ahamiyati va tomoshabopligini baholash;
asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash boʻyicha xulosalarni tayyorlash;
taqdim etilgan asarlarni yaratganligi uchun mualliflik haqini qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda belgilash;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
asarlarning davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida sahnalashtirilishi va ijro etilishi boʻyicha tavsiyalar berish;
madaniyat va sanʼat muassasalarining repertuarini yuksak badiiy gʻoyaga ega boʻlgan musiqiy va dramatik asarlar bilan boyitib borishga koʻmaklashish va bu borada tegishli takliflar tayyorlash;
asarlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tayyorlangan xulosa va tavsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etish;
ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan talab etiladigan mablagʻlar boʻyicha soʻrovni shakllantirish.
3-bob. Ishchi guruhning huquq va majburiyatlari
6. Ishchi guruh oʻziga yuklangan asosiy vazifalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
asarlar mualliflariga asarlarni qayta koʻrib chiqish va Ishchi guruhga kiritish toʻgʻrisida tavsiyalar va takliflar berish;
asarlarni koʻrib chiqish jarayoniga sohaning yetakchi mutaxassislarini jalb etish.
Ishchi guruh qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Ishchi guruh mazkur Nizomda belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlashga majbur.
Ishchi guruh qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Ishchi guruh faoliyatini tashkil etish
8. Ishchi guruh tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan kelishgan holda, qoida tariqasida, 15 nafardan (Ishchi guruh rahbari, oʻrinbosari, masʼul kotibi va komissiya aʼzolari) iborat tarkibda shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Ishchi guruh tarkibiga yetakchi teatrshunoslar, sanʼatshunoslar va dramaturglar, kompozitorlar, mutasaddi rahbarlar, teatr adabiy emakdoshlari, rejissyorlar va aktyorlari, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi taʼlim va fan muassasalarining xodimlari kiritiladi.
10. Ishchi organ:
ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi toʻlash maqsadida taqdim etilgan asarlarni qabul qiladi, ularning roʻyxatini shakllantiradi hamda asarlarni koʻrib chiqish va qiymatini baholash uchun Ishchi guruhga taqdim etadi;
Ishchi guruhda ish yuritilishini tashkil etadi, hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanishni belgilangan tartibda taʼminlaydi.
11. Ishchi guruh majlislari zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
12. Ishchi guruh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik, adabiy asarlar yaratish boʻyicha buyurtmalarni bajargani, haykaltaroshlik asarlari, tasviriy sanʼat asarlari yaratgani, badiiy loyihalashtirish va konstruksiyalash ishlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari, shuningdek, ushbu pul Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanganda uning eng yuqori stavkalariga mos ravishda asarlarning bahosini belgilaydi.
Ishchi guruhga maʼlum bir asarga xulosa berish ehtiyoji tugʻilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan soha mutaxassislari qoʻshimcha jalb etilishi mumkin.
13. Ishchi guruh majlisi Ishchi guruh rahbari va uning oʻrinbosarlari rahbarligida oʻtkaziladi hamda Ishchi guruh qarori aʼzolarning kamida 2/3 qismi ishtirok etgan taqdirda, ochiq ovoz berishi yoʻli bilan majlisda qatnashayotgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda, majlisga raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Ishchi guruhning har bir aʼzosi umumiy qarordan norozi boʻlgan taqdirda, oʻz fikrini bildirish huquqiga ega va bu bayonnomada qayd etiladi. Bayonnomada har bir asar boʻyicha ovoz berish natijalari koʻrsatiladi. Qoʻshimcha taklif etilgan maslahatchilar va ekspertlar ovoz berishda ishtirok etmaydilar.
14. Ishchi guruh majlislarining bayonnomalarida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
Ishchi guruh majlisida ishtirok etgan aʼzolar va taklif etilganlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
taqdim etilgan asarlarni davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari repertuariga kiritishning (kiritilganligining) maqsadga muvofiqligi;
taqdim etilgan asarlar haqida qisqa maʼlumotlar ( asar nomi, muallifi, qisqa vizual taʼrifi, janri, imzoning mavjudligi hamda asarga taqrizlar koʻrsatilgan holda);
taqdim etgan mualliflarning familiyasi, ismi va otasining ismi, pochta manzili va pasport maʼlumotlari.
15. Komissiya bayonnomasining qaror qismida asar muallifiga mualliflik haqini toʻlash toʻgʻrisidagi tavsiya yoziladi.
Bayonnoma Komissiya raisi, kotibi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
16. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi toʻlash boʻyicha barcha asarlar mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq namunaviy arizaga asosan mualliflarining pasport nusxasi, STIR, shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varaqasi, mutaxassislarning (sanʼatshunos, teatrshunos, musiqashunos) taqrizlari hamda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining maʼlumotnomalarini ilova qilgan holda Ishchi organga taqdim etiladi.
Ishchi guruh tomonidan zarur hollarda muallifdan qoʻshimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
17. Ishchi guruh tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan hamda mualliflik haqi toʻlash maqsadga muvofiq deb topilgan asarlar boʻyicha xulosalar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Ishchi guruh tomonidan kiritilgan ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi toʻlash boʻyicha xulosalarga muvofiq asar mualliflari bilan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan mualliflik shartnomasini tuzish masalasini koʻrib chiqadi.
Bunda asar muallifi Komissiya xulosasida asarni yaratganlik uchun mualliflik haqi qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda toʻlanishiga rozilik bildirganda, u bilan belgilangan tartibda mualliflik shartnomasi tuziladi.
(17-bandning uchiinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqi toʻlash boʻyicha asar mualliflari bilan shartnomalar:
mualliflik haqi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanganda — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
mualliflik haqi davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻlanganda — tegishli davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari tomonidan belgilangan tartibda tuziladi.
Bunda Ishchi guruhning xulosasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yoki tegishli davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan mualliflik haqini toʻlash koʻrsatiladi.
5-bob. Asarlarni koʻrib chiqish tartibi, har bir asarga qoʻyiladigan talab va mezonlar
19. Asarlarni koʻrib chiqish tartibi mazkur Nizomga 2-ilovadagi sxemaga asosan amalga oshiriladi.
20. Asarlar quyidagi talab va mezonlarga javob berishi shart:
a) dramatik asarlar:
asarning gʻoyaviy jihatdan yetukligi;
asar matnining badiiyligi;
dramatizmning rang-barangligi;
obrazlar toʻqnashuvining taʼsirchanligi va tomoshabopligi;
personajlar xarakteri va tilining oʻziga xosligi;
asar qahramonining ikkinchi darajadagi obrazlardan farqi;
joziba hukmronligi;
asar yaratishda janrlarga qatʼiy amal qilinganligi;
b) musiqiy asarlar:
asar gʻoyasi, badiiy mohiyati, shakli, rivojlanish janr qonuniyatlari va talablariga javob berish kerak;
kompozitor musiqiy asarlarning milliy xususiyatlari, bayon etish uslubiga eʼtibor berish kerak;
sahna asarlari — opera, balet, musiqali drama, musiqa kabi janrlar mavzusining dolzarbligi, zamonaviyligi bilan jalb etishi lozim. Vatanparvarlik va qahramonlik gʻoyalari, yoshlarni maʼnaviy tarbiyalash, ularga maʼnaviy ozuqa berish sahna asarlarining asosiy maqsadiga aylanishi lozim. Hajm nuqtai nazardan, opera va balet kamida 2 aktni tashkil etishi zarur. Operadagi ariya, duet, ansambl, xor shaklan mukammal, badiiy gʻoyani ochib berishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak. Baletda bunday mohiyat orkestr imkoniyatlari, musiqaning sahna harakatlari bilan mutonosiblikda yoʻnalishi bilan xarakterlanadi. Musiqali drama va komediya 10 — 15 ta musiqiy nomerdan kam boʻlmasligi kerak. Ular ariya va duetlarni, ansambllarni oʻzida mujassam etishi shart. Musiqiy leytmotivlar asar dramaturgiyasini ochib berishi lozim;
simfoniya, konsert, orkestr uchun yaratilgan yirik janrdagi asarlar janr talablariga muvofiq global gʻoyalarni oʻzida mujassam etishi, uni bosqichma-bosqich ochib berishi, simfoniya, konsert janrlari sonat-simfonik turkum shaklini oʻzida namoyon etishi kerak. Konsert janri mavzusini ochib berish barobarida undagi solist partiyasi yorqin, lirik va texnik rivojlanishni ham oʻzida mujassam etishi, ijrochilar mahoratini oshirishda yordam berishi hamda zamonaviy orkestrovka, texnika omillarini koʻrsatib berishi lozim;
oʻquv-pedagogik va konsert repertuarlari uchun moʻljallangan yirik janrdagi asarlar kamer cholgʻu va kamer vokal asarlarni ijro etuvchi talabalarning ijro mahoratini oshirishga, texnik rivojlanishiga xizmat qilishi, shu bilan birga, asarlar badiiy mohiyatni kasb etishi lozim;
kamer cholgʻu asarlar oddiy va murakkab ikki qismli, uch qismli, rondo, variatsiya, aralash shakllarda bayon etilishi, ular oʻquvchi va talabalarning badiiy didini, melodik tafakkuri, lado — tonal, garmonik, texnik xususiyatlarini shakllantirish va amaliy koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilishi, shuningdek, asarlar (noktyurn, ballada, prelyudiya, mazurka, marsh, skerso, etyud, polka va boshqalar) 3 betdan (100 taktdan) kam boʻlmasligi kerak;
romans badiiy mohiyati, uslubiy yoʻnalishi nuqtai nazardan mukammal, xonandalarning ijro imkoniyatlarini rivojlantirishga, yoʻnaltiruvchi xususiyatlarga ega boʻlishi, ijro koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi, ular uch qismli, murakkab aralash shakllarda (3 bet — taxminan 100 taktdan kam boʻlmasligi) bayon etilgan boʻlishi kerak;
qoʻshiq band — naqorat shaklida, lirik, tantanavor ruhni oʻzida mujassam etishi, joʻrovoz partiyasi romansga nisbatan oddiy, gamofon-garmonik va akkordli tuzilmalar asosida rivojlanishi zarur.
6-bob. Moliyalashtirish va hisob-kitob tartibi
21. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari doirasida hamda davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
22. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash uchun Ishchi guruhning xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tegishli buyrugʻi hamda unga asosan muallif bilan tuzilgan shartnoma asos boʻladi.
23. Asarning badiiy-gʻoyaviy saviyasidan kelib chiqqan holda, mualliflik haqining miqdori belgilanadi hamda ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mualliflik haqi toʻlanadi va ular bilan hisob-kitob qilish boʻyicha tuzilgan shartnomaga asosan toʻlovlar amalga oshiriladi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
24. Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash boʻyicha tuzilgan barcha shartnomalar va ushbu shartnomalarga asosan amalga oshirilgan xarajatlar hisobi va hisobotlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida alohida yuritilishi zarur.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining repertuarlarini shakllantirish va toʻldirish uchun badiiy-gʻoyaviy yuksak asarlarni xarid qilish uchun buyurtma berish huquqiga ega.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ishchi guruh faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
27. Ishchi guruh tomonidan asarlarni yaratganlik uchun mualliflik haqi toʻlash boʻyicha ijobiy xulosa berilgan mualliflik asarlarining nusxalari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida saqlanadi.
28. Mualliflik haqi toʻlangan asarlar 6 — 12 oy davomida davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida sahnalashtirilishi hamda ijro etilishi shart.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Mualliflik haqini olish boʻyicha arizaning
NAMUNAVIY SHAKLI
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ___________________________da (manzil) yashovchi fuqaro _____________________dan (F.I.O.)
Ariza
Menga ______________________ni koʻrib chiqib, belgilangan tartibda (asar nomi) mualliflik haqi toʻlab
(asar nomi)
berilishini soʻrayman.
Asar nusxasi va tegishli hujjatlar ilova qilinadi.
Maʼlumot uchun telefon raqami:____________
Imzo:___________
Sana:___________
Ommaviy ijro uchun dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlar yaratganligi uchun mualliflik haqini toʻlaga tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Asarlarni koʻrib chiqish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2019-y., 09/19/385/3107-son; 09.01.2021-y., 09/21/7/0005-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)