1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.94.00 (Кучини йукотган) Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-avgustdagi PQ-3907-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-aprel,
343-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-son qaroriga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida (keyingi o‘rinlarda maktablar deb ataladi) o‘quvchilar uchun ixtiyoriylik asosida tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Pullik ta’lim xizmatlari zarur moddiy-texnika bazasi hamda tegishli pedagog xodimlarga ega bo‘lgan yoki tegishli mutaxassis jalb qilingan holda maktablarda tashkil qilinishi mumkin.
Bunda pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish o‘quvchining maktablarda o‘quv dasturi bo‘yicha olib boriladigan ta’lim-tarbiya jarayoniga xalaqit bermasligi kerak.
Maktablarida o‘quvchilar uchun tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha ko‘rsatiladi.
2. Maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim berishga qaratilgan pullik ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda buyurtmachi deb ataladi) o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
3. Maktabning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishga qaratilgan yo‘nalishlar (aniq, ijtimoiy-gumanitar, tabiiy fanlar, to‘garaklar va sport seksiyalari) qonunchilikka muvofiq holda tashkil etiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Maktablarda tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlariga direktor va pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy tartibda jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2-bob. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish
5. Maktablarda pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish maktablarning pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha yillik rejasi (keyingi o‘rinlarda yillik reja deb ataladi) asosida tashkil etiladi.
6. Yillik reja maktablar tomonidan har kalendar yili boshlangunga qadar ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ishlab chiqiladi va kelishish uchun maktabning Kuzatuv kengashiga (keyingi o‘rinda Kuzatuv kengashi deb ataladi) kiritiladi.
Buyurtmachilarning talablariga ko‘ra, o‘quvchilarga individual tarzda mashg‘ulotlar o‘tkazilishi mumkin.
7. Kuzatuv kengashi har kalendar yilning boshida o‘tkaziladigan birinchi yig‘ilishda maktab tomonidan taqdim etilgan kelgusi yil uchun yillik rejani ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Yillik reja O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti yoki maktablarning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
8. Maktabda pullik ta’lim xizmat ko‘rsatishga, birinchi navbatda, shu maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar shartnoma asosida jalb etiladi.
Buyurtmachilar tomonidan kelib tushadigan mablag‘lar (lekin 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori) o‘qituvchilarga haq to‘lashga yo‘naltirilishi mumkin. Bunda qonunchilikda belgilangan soliqlar va yig‘imlar mazkur summadan chegirib olinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)
9. Ta’lim xizmatlari narxlari Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
10. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha to‘lovlar belgilangan tartibda banklar orqali maktabning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tegishli g‘aznachilik bo‘limlarida ochilgan shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqlariga naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tomonidan pul mablag‘larini naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li orqali to‘lanishidan qat’iy nazar, maktabda amalga oshirilishi qat’iyan taqiqlanadi.
11. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar xarajatlar turi bo‘yicha shartnoma asosida pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish maqsadida jalb etilgan o‘qituvchilarga to‘lanadigan to‘lovlar, soliq va yig‘imlar, mashg‘ulotlarni tashkil etish uchun moddiy-texnik ta’minot xarajatlari qoplangandan so‘ng maktabning rahbar va pedagog xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga va boshqa xarajatlarga Kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda yo‘naltiriladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)
3-bob. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishda tomonlarning huquqlari va majburiyatlari
12. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi maktab:
pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish doirasida o‘quv rejasi va dasturlari, maktab ichki qoidalari, tartib va talablari, mashg‘ulot jarayonida o‘quv intizomiga rioya etishini, o‘qituvchilarga hurmatda bo‘lish hamda maktab mulkini himoya qilishni talab qilish;
buyurtmachidan shartnomada belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni talab qilish va ushbu talab bajarilmasa, o‘quvchini pullik ta’lim xizmatlari bo‘yicha mashg‘ulotlardan chetlashtirish huquqiga ega.
Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi maktab qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi maktab:
mashg‘ulotlarni maktabdan tashqari davlat ta’lim standarti, pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish doirasida o‘quv rejasi va dasturlariga muvofiq tashkil etishga;
mashg‘ulotlar jarayonlariga malakali o‘qituvchilarni jalb etish, ilg‘or ta’lim texnologiyalarini, zamonaviy kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va vositalarini joriy etishga;
o‘quvchida bilim olish salohiyatini shakllantirish maqsadida o‘quv rejasiga qo‘shimcha ravishda turli interaktiv darslar tashkil etishga;
mashg‘ulotlarda o‘quvchiga maktabning mavjud o‘quv-uslubiy, axborot-resurs va moddiy-texnika bazasiga muvofiq o‘qish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga;
mashg‘ulotlar uchun belgilangan to‘lov miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘z vaqtida (o‘quv jarayoni boshlanishidan 10 kun oldin) buyurtmachilarga yetkazish va ularni belgilangan tartibda ko‘rsatiladigan pullik ta’lim xizmatlari shartlari bilan tanishtirishga majbur.
Pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi maktab qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(13-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Buyurtmachi:
ko‘rsatiladigan pullik ta’lim xizmatlari, shu jumladan o‘quv rejalari va dasturlari, o‘quvchilarni baholash tartibi va mezonlari bilan tanishish;
tuzilgan shartnomaga muvofiq maktabdan o‘quvchining tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni talab qilish, tegishli o‘qituvchilardan maslahatlar so‘rash huquqiga ega.
Buyurtmachi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(14-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ko‘rsatilayotgan pullik ta’lim xizmatlarining bir kalendar oyi uchun belgilangan to‘lov miqdorini shartnoma talablariga muvofiq to‘liq hajmda va o‘z vaqtida to‘lashga;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
shartnoma talablariga so‘zsiz amal qilish maqsadida va shartnomada ko‘rsatilgan qo‘shimcha ta’lim va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun o‘quvchining darslarga muntazam ravishda qatnashishini ta’minlashga;
o‘quvchi tomonidan maktabining mulkiga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga majbur.
Buyurtmachi qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
(15-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Kuzatuv kengashi muntazam (bir yilda kamida 2-marta) o‘quvchilar va buyurtmachilar o‘rtasida maktab tomonidan ko‘rsatilayotgan pullik ta’lim xizmatlari sifatini aniqlash maqsadida ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq so‘rovnoma o‘tkazib boradi.
17. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va boshqa vakolatli davlat organlari maktablarda pullik ta’lim xizmatlarining tashkil etilishi va tushgan mablag‘lar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat olib boradi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Ushbu Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomga 3-ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha
NAMUNAVIY YILLIK REJA
T/r
Ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari turi (qo‘shimcha ta’lim berish yo‘nalishlari)
Haftalik soatlar fondi (dars soatlari miqdori)
Har bir soat uchun to‘lanadigan narx miqdori
Shundan,kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun to‘lanadigan narx
Bitta guruhda mashg‘ulotlarda qatnashuvchilarning soni
Yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qituvchi mutaxassislar
Sinf xonalari
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida nizomga 4-ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlarni sifati bo‘yicha
SO‘ROVNOMA
I. O‘quvchilar uchun savollar:
1) qo‘shimcha ta’lim mashg‘ulotlari qiziqarli o‘tiladimi? (ha/yo‘q)
2) mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchi Sizni qanoatlantiradimi? (ha/yo‘q)
3) qo‘shimcha ta’lim olishingiz asosiy fanlarni o‘zlashtirishingizga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? (qoniqarsiz, yaxshi, a’lo);
4) qo‘shimcha ta’lim berayotgan o‘qituvchining dars o‘tishini qanday baholaysiz? (qoniqarsiz, yaxshi, a’lo);
II. Ota-onalar uchun savollar:
1) farzandingizni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga bo‘lgan qiziqishini qanday baholaysiz? (qoniqarsiz/yaxshi);
2) farzandingizni qo‘shimcha mashg‘ulotlardan olayotgan bilimlari asosiy fanlarni o‘zlashtirishda qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? (qoniqarsiz, yaxshi, a’lo);
3) qo‘shimcha ta’lim berayotgan o‘qituvchining faoliyatini qanday baholaysiz? (qoniqarsiz, yaxshi, a’lo);
4) qo‘shimcha pullik ta’lim xizmatlari uchun belgilangan narx Sizni qanoatlantiradimi? (ha/yo‘q).
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2019-y., 09/19/343/3004-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.05.2022-y., 09/22/255/0412-son)