toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 10.05.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish reglamentini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 12-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3150]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 10-maydagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3366, 10.05.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-oktabrdagi 812-son “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-fevral,
16-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-fevral,
2019-09-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 21-fevraldagi 16 va 2019-09-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish
REGLAMENTI
Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-oktabrdagi 812-son “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
arizachi — Kengashga soliq nizolarini hal qilish uchun murojaat qilgan soliq toʻlovchi, soliq agenti va (yoki) soliq toʻlovchining vakili;
soliq nizosi — soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasida (bundan buyon matnda taraflar deb yuritiladi) yuzaga keladigan soliq solish obyektlarini aniqlash, soliq solinadigan bazani hisoblash, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini hamda soliq imtiyozlarini qoʻllash bilan bogʻliq kelishmovchiliklar.
2. Kengashning taraflar oʻrtasida yuzaga keladigan soliq nizolarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosalari tavsiya tusiga ega boʻladi.
3. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi tomonidan avval koʻrib chiqilgan, koʻrib chiqish natijalari soliq nizosini hal qilish uchun Kengashga murojaat qilgan arizachini qoniqtirmagan yoki qisman qoniqtirgan soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun qabul qiladi.
Kengash:
qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida oʻtkazilayotgan soliq tekshiruvlari boʻyicha;
soliq toʻlovchi soliq nizolari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari qarorlari, ularning mansabdor shaxslari harakati yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilgan hollarda soliq nizolarini koʻrib chiqmaydi.
4. Kengashning ishchi organi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida tashkil etiladigan Kotibiyat hisoblanadi.
Kotibiyat:
ariza beruvchilar murojaatlarini qabul qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi;
Kengash majlislariga tegishli hujjatlar, shuningdek, Kengashning qarorlari va xulosalari loyihalari tayyorlanishini tashkil qiladi;
soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni Kengash aʼzolariga tarqatadi;
Kengash xulosalarining hisobini olib boradi va Kengash aʼzolarining soliq nizolari boʻyicha fikrlarini umumlashtiradi;
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlaydi;
Kengash, shuningdek, uning huzurida tashkil etiladigan ishchi va ekspert guruhlar majlislarining bayonnomalari, stenogrammalarini yuritadi, ovozlarini yozib oladi.
Kotibiyat qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
(4-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Arizani taqdim etish tartibi
5. Arizachi soliq nizosini koʻrib chiqish uchun Kengashga mazkur Reglamentning ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soliq toʻlovchini qoniqtirmagan yoki qisman qoniqtirgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi xulosasi nusxasi;
ariza soliq agenti yoki vakil tomonidan taqdim etilganda ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
6. Arizachi oʻz xohishiga koʻra soliq nizosi masalasiga aloqador boʻlgan boshqa hujjatlarning nusxalarini ham ilova qilishi mumkin.
7. Arizachi Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.
3-bob. Arizani qoʻrib chiqish tartibi
8. Kengashga soliq nizosi yuzasidan kelib tushgan arizalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash boʻyicha boʻlimi tomonidan bir ish kuni davomida Kotibiyatga kiritiladi.
9. Kotibiyat kelgan arizalarni roʻyxatdan oʻtkazadi va bir ish kuni davomida ariza va unga ilova qilingan hujjatlar mazkur Reglamentning 2-bobi talablariga muvofiqligini tekshiradi. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar mazkur Reglamentning 2-bobi talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda Kotibiyat bir ish kuni davomida Kengash majlislariga tegishli hujjatlarni tayyorlaydi.
10. Ariza mazkur Reglamentning 2-bobi talablariga muvofiq emas deb topilgan taqdirda Kotibiyat arizani qabul qilishni rad etadi hamda Kengash raisi va arizachiga yozma shaklda maʼlum qiladi.
11. Kotibiyat Kengash aʼzolarini va manfaatdor shaxslarni Kengash majlisi oʻtkazilishi moʻljallangan kundan besh kun avval xabardor qiladi.
12. Soliq nizosi Kengash tomonidan oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Ayrim holatlarda soliq nizosining murakkabligiga qarab, soliq nizosi bilan bogʻliq hujjatlarni Kengash tomonidan tashkil etiladigan ishchi yoki ekspert guruhlari tomonidan qoʻshimcha oʻrganish, vakolatli organlardan xulosalar olish talab etilganda, soliq nizosini koʻrib chiqish muddati istisno tariqasida Kengash raisi tomonidan uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda Kotibiyat tomonidan arizachiga yozma shaklda xabar qilinadi.
4-bob. Kengash majlisini oʻtkazish tartibi
13. Kengash majlislari qoida tariqasida bir oyda kamida ikki marotaba oʻtkaziladi. Kengash majlisini sirtdan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Kengash faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik va kollegiallik tamoyillariga asoslanadi.
15. Kengash majlisini rais olib boradi, rais qatnashmagan hollarda esa — rais oʻrinbosari olib boradi. Kengash majlisi Kengash aʼzolaridan kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan boʻlsa vakolatli hisoblanadi.
16. Kengash majlisi Kengash raisi tomonidan Kengash aʼzolarini majlis kun tartibi bilan tanishtirishdan boshlanadi.
17. Har bir soliq nizosi Kengash tomonidan majlis zaliga taraflarni taklif etilgan holda alohida koʻrib chiqiladi. Kengash aʼzolari taraflarning vajlari va sabablarini eshitadi, taqdim etilgan hujjatlarni, vakolatli organlar, mutaxassis va ekspertlarni xulosalarini oʻrganadi.
18. Koʻrilayotgan soliq nizolari boʻyicha Kengash qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va Kengashning xulosasi tarzida rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda Kengash raisining yoki Kengash majlisiga raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bildirishga haqli.
19. Zarur boʻlgan hollarda, qonunchilik hujjatlariga muvofiq Kengash majlislari video yoki audio yozuvga tushirilishi mumkin.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
20. Kengash xulosalari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash majlisiga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Kengash majlisining bayonnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
Kengashni oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi hamda Kengash kun tartibi;
hozir boʻlgan va qatnashmayotgan Kengash aʼzolari soni, shuningdek taklif etilgan shaxslarning soni;
taraflarning nomi, taraflarning ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, taraflarning vakillari, mutaxassis va ekspertlar hamda Kengash majlisining boshqa ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Kengash majlisida soʻzga chiqqan, shuningdek, taraflarga soʻrovlar yoʻllagan yoki savollar bergan (yozma yoki ogʻzaki shaklda) Kengash aʼzolarining F.I.O. va lavozimi;
Kengash majlisining oʻtishi toʻgʻrisida qisqacha taʼrif, taraflarning vajlari, Kengash aʼzolari, taklif etilgan mutaxassis va ekspertlarning fikrlari;
soliq nizosi boʻyicha mutaxassis va ekspertlarning xulosalari;
Kengash aʼzolarining, taraflar hamda ular vakillarining imzolari;
qaror qabul qilgan Kengash aʼzolari soni hamda “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb berilgan ovozlar soni.
Bayonnomada Kengash kun tartibiga qoʻyilgan soliq nizolarining mohiyati ochib beriladi, Kengash majlisi davomida oʻtkazilgan muhokamalar qisqacha bayon etiladi, shuningdek Kengash kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish yakunlari qayd etiladi.
22. Koʻrib chiqilgan soliq nizolari boʻyicha Kengashning xulosasi, u tasdiqlangan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida soliq nizosi taraflariga yuboriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
23. Mazkur Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
24. Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 21-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish reglamentiga
ILOVA

‎‎‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi raisiga
‎ _______________________________________________
‎‎(F.I.O.)
‎____________________________________________dan ‎
‎(arizachining F.I.O. toʻliq koʻrsatiladi) ‎

Soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun
‎ARIZA ‎‎

‎‎Sizdan ___________________________________________________________________________________________

‎‎F.I.O. (jismoniy shaxs boʻlsa), yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor nomi)

‎‎‎va_______________________________________________________________________________________________

‎‎‎‎(soliq organi nomi)

‎‎‎oʻrtasidagi ________________________________________________________________________________________ ___________‎______________________________________________________________________________________ ‎

‎‎(nizo masalasi koʻrsatiladi)

masalani koʻrib chiqishga qabul qilishingizni soʻrayman.
‎Mazkur soliq nizosi qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doi�asida oʻtkazilayotgan soliq tekshiruvlari boʻyicha emasligini va ushbu nizo boʻyicha sudga shikoyat qilinmaganligini tasdiqlayman.
‎Ilova: ____ varaqda, jumladan:
‎1. Soliq nizosining tafsilotlari ___ varaqda;

2. ________________________________________________________________________________________ varaqda;

‎‎(ilova nomi) ‎‎

‎‎‎3. ________________________________________________________________________________________ varaqda;

‎‎‎‎(ilova nomi)

4. ________________________________________________________________________________________ varaqda;

‎‎‎‎(ilova nomi)

‎‎5. Ariza soliq agenti yoki soliq toʻlovchi vakili tomonidan taqdim etilganda ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ___ varaqda.
‎6. Arizachi xohishiga koʻra, uning masalasiga aloqador boshqa hujjatlar nusxalari _____ varaqda.

_______________________
‎ (F.I.O.) ‎

_______________________
‎ (imzo) ‎

_______________________________
‎(sana) ‎

‎‎Arizachining pochta manzili (toʻliq): ____________________________________________________________________
‎ _________________________________________________________________________________________________
‎Arizachining elektron manzili va telefon raqami:
‎_________________________________________________________________________________________________
‎‎
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2019-y., 10/19/3150/2927-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)