toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning ijrosi yuzasidan hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qaroriga muvofiq:
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalarining rahbarlari lavozimlari tugatilib, ularga ish haqi to‘lash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari saqlab qolingan holda, bo‘shayotgan shtat birliklari hisobidan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari (keyingi o‘rinlarda profilaktika inspektorlarining yordamchilari deb ataladi) lavozimlari joriy etilganligi hamda ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun shaxsiy javobgarlik yuklanganligi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan profilaktika inspektorlarining yordamchilariga Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining tavsiyasiga asosan ichki ishlar organlarining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi berilganligi;
profilaktika inspektorlarining yordamchilarini ichki ishlar organlarining oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish dastlabki va kasbiy tanlov natijalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan har yili belgilanadigan kvotalarga muvofiq amalga oshirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Yangi kiritilayotgan profilaktika inspektorlarining yordamchilari lavozimlarini saqlash xarajatlari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar:
Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
bir oy muddatda profilaktika inspektorlari yordamchilarining lavozimlari yangidan joriy etilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalarining (bo‘limlari) huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlariga (bo‘linmalari, guruhlari) Ichki ishlar vazirligi bo‘yicha tasdiqlangan shtat birliklari doirasida shtat birliklarini kiritsin;
profilaktika inspektorlari yordamchilarining xizmat faoliyatiga oid huquqiy bilimlarini oshirib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari o‘quv bazasida har yili bir marta haftalik o‘quv yig‘inlari tashkil etilishini ta’minlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, yuklangan vazifalarni bajarishda faollik ko‘rsatgan, o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududda huquqbuzarliklarning oldini olishda namuna ko‘rsatgan va sodir etilgan jinoyatlar soni nisbatan kam bo‘lgan taqdirda, profilaktika inspektorlarining yordamchilari yoki ularning ota-onalariga belgilangan tartibda ichki turistik yo‘nalishlarga hamda salomatligini tiklash maqsadida sog‘lomlashtirish muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yo‘llanmalar berish amaliyoti saqlab qolinadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, 2019-yilgi O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari joylashgan binolarda profilaktika inspektorlarining yordamchilari uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan xizmat xonalari ajratsin hamda ushbu xonalarni moddiy-texnik jihozlar bilan ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-mart,
251-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 251-son qaroriga
1-ILOVA
Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining (keyingi o‘rinlarda profilaktika inspektorlarining yordamchilari deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini va samaradorligini baholash mezonlarini belgilaydi.
2. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlariga muvofiq amalga oshiradi.
2-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar profilaktika inspektorlari yordamchilarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda ichki ishlar organlariga ko‘maklashish;
g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning, shuningdek, huquqbuzarliklardan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda ishtirok etish;
fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish;
voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish;
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari, “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatini kunlik nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish.
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
Profilaktika inspektorlari yordamchilarining zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklanishi mumkin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘zlariga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda ichki ishlar organlariga ko‘maklashish sohasida:
qishloqlar, ovullar va mahallalardagi kriminogen vaziyatni, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni o‘rganish, shuningdek, o‘rganish natijalari bo‘yicha profilaktika (katta) inspektorlariga tegishli ma’lumot va takliflarni taqdim etish;
jinoyatlarni aniqlash va fosh etish hamda surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan bo‘yin tovlayotgan, bedarak yo‘qolgan shaxslarni hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda boshqa shaxslarni qidirish, shuningdek, shaxsi noma’lum murdalarning shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashish;
(4-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
biriktirilgan hududni har bir oila kesimida o‘rganib chiqish, notinch oilalarni aniqlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda ularning maishiy va boshqa muammoli masalalarini hal etishga ko‘maklashish;
fuqarolar tomonidan pasport tizimi, sanitariya, ekologiya, yong‘in va harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarda ishtirok etish;
sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishida, jamoat tartibini ta’minlashda, majburiy keltirish ishlarida profilaktika (katta) inspektorlariga ko‘maklashish;
favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, aholi o‘rtasida bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishni targ‘ib etish va ushbu holatlarni bartaraf etishda ko‘maklashish;
ish faoliyatida hududlardagi jamoat joylari, mahalla ko‘chalari, qarovsiz joylarda jamoat tartibini saqlashda ishtirok etish;
b) g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning, shuningdek huquqbuzarliklardan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda ishtirok etish sohasida:
profilaktika (katta) inspektorlariga maxsus profilaktik chora-tadbirlarni, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktika ishlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
huquqbuzarliklardan jabrlangan, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etishga moyil hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatishga, shuningdek, ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashish;
ilgari sudlangan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan va ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turuvchi shaxslar, shu jumladan voyaga yetmagan hamda yoshlar bilan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish;
ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlar, oila-turmush va axloq-odob doirasida muntazam ravishda huquqbuzarlik sodir etuvchi shaxslar, farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yoki ular tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalar, voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar sodir etishga undovchi shaxslar, nosog‘lom turmush tarzida hayot kechirayotgan oilalarni aniqlash, ularga tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika (katta) inspektoriga ushbu ma’lumotlarni taqdim qilish hamda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashuvini ta’minlashda ishtirok etish;
fuqarolarning huquqbuzarlik jabrlanuvchisiga aylanish xavfini kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
v) fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish sohasida:
huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolarning, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy targ‘ibot ishlarini o‘tkazish masalalari bo‘yicha ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalari, davlat organlari, tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish;
aholi bilan o‘tkazilayotgan mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etishning maqbul yo‘llarini aniqlashga qaratilgan uchrashuvlarda ishtirok etish;
fuqarolar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalarida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(4-band “v” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
g) voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish sohasida:
voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligi va huquqbuzarliklari holatlari hamda ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlar to‘g‘risida tegishli tashkilotlarni o‘rnatilgan tartibda xabardor qilish;
yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda vasiylik va homiylik organlariga ko‘maklashish;
d) “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari, “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatini kunlik nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish sohasida:
(4-band “d” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari, “Jamoatchilik nazorati maskanlari” kunlik xizmatini tashkil etish, navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlash, profilaktika (katta) inspektori va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan birgalikda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
(4-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
xizmatga jalb etilgan jamoatchilik vakillari faoliyatini monitoring qilish, taxliliy baholab borish va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda alohida o‘rnak ko‘rsatganlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Profilaktika inspektorlarining yordamchilari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin.
(4-band “d” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining huquqlari va majburiyatlari
5. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
jamoat tartibi, xavfsizlik, jamiyatda yurish-turish va axloq-odob hamda pasport tizimi, sanitariya va ekologiya, yong‘in va harakat xavfsizligi qoidalariga fuqarolar tomonidan rioya qilinmagan hollarda, tegishli organlar bilan birgalikda tushuntirish ishlarini olib borish va tashkil etishda qatnashish;
fuqarolardan sodir etilayotgan har qanday huquqbuzarliklarni to‘xtatishni talab qilish;
tegishli hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘rtasidagi turli nizolarni hal etishda, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni muhokama qilishda, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etishga moyil shaxslar bilan huquqiy-tarbiyaviy mazmundagi suhbatlarda va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda huquqbuzarliklar profilaktikasining umumiy, yakka, maxsus va viktimologik profilaktik chora-tadbirlarida bevosita ishtirok etish;
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
huquq-tartibotni mustahkamlash va jamoat tartibini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan faoliyat samaradorligini oshirishga doir takliflarni huquqni muhofaza qilish organlariga kiritish;
tanosil kasalliklariga, odamning immunitet tanqisligi virusiga (OIV infeksiyasiga), ruhiy holat buzilishi xastaligiga, surunkali ichkilikbozlikka, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka chalingan, shuningdek, psixotrop moddalarni yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalarni iste’mol qiladigan, chaqiruv bo‘yicha yetib kelishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni olib kelishda sog‘liqni saqlash muassasalariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda ko‘maklashish;
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
chaqiruv bo‘yicha kelishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni majburiy keltirish to‘g‘risidagi sud ajrimlarini, prokuror, tergovchi va surishtiruvchining qarorlarini bajarishda ko‘maklashish;
huquqbuzarliklar yoki g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etgan voyaga yetmaganlarni, shuningdek, nazoratsiz va qarovsiz qolganlarni hududiy ichki ishlar organining xizmat binosiga olib borishda, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga joylashtirishda ko‘maklashish;
uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasining ijro etilishini nazorat qilishni amalga oshirishishda ko‘maklashish;
huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarni aniqlashda ko‘maklashish;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorlar bo‘yicha shaxsga nisbatan sud tomonidan yuklatilgan cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilishda ko‘maklashish;
jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish, g‘ayriqonuniy qilmishlarga chek qo‘yish, fuqarolarning xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi holatlarini, hodisa holatlarini hujjatlashtirishda, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, hodisa izlarining saqlanishini ta’minlashda ko‘maklashish;
jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyda yoki hodisa joyida jabrlangan, shuningdek, nochor ahvolda qolgan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam yoki boshqa yordam ko‘rsatilishini tashkil etishda ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etilganda uning huquqiy rejimini ta’minlashda ishtirok etish.
Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘z vazifalarini bajarishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(5-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
fuqarolar bilan muloqotda vazmin va xushmuomala bo‘lish;
shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash qoidalariga rioya etish;
o‘zining ijtimoiy-siyosiy, huquqiy bilimlarini oshirib borish;
jinoyat va huquqbuzarliklar yoki baxtsiz hodisalar sodir etilganda, bu haqda zudlik bilan profilaktika inspektoriga va boshqa tegishli tashkilotlarga xabar berish, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kelgunga qadar jinoyat sodir etilgan joylarga boshqa shaxslarning kirmasligi, jinoyat izlari va jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillarning yo‘qolmaslik choralarini ko‘rish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga ko‘maklashish va ularning qonuniy talablarini bajarish;
xizmatga doir axborotning, shuningdek, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligini va saqlanishini ta’minlash;
jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etayotgan shaxslar to‘g‘risida belgilangan tartibda profilaktika (katta) inspektorlariga xabar berish.
Profilaktika inspektorlarining yordamchilari zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
(6-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyatini tashkil etish tartibi
7. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Fuqarolarni profilaktika inspektorlarining yordamchilari lavozimiga ishga qabul qilish va hujjatlarini rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
8. Profilaktika inspektorlari yordamchilariga nomzodlar yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshdagi ham, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus yoki oliy, qoida tariqasida huquqshunos ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘zining shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha jamoat tartibini saqlashga qodir, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoki oliy ta’lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikni o‘taganlar orasidan tanlanadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
O‘z turmush tarzi bilan aholi o‘rtasida salbiy tavsiflanganlar, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turganlar, ruhiy kasalligi, giyohvandlikka, surunkali ichkilikbozlikka ruju qo‘yganligi uchun tegishli tibbiyot muassasalari hisobida turganlar, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmaganlar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari qabul qilinmaydi.
9. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘z vazifa va funksiyalarini davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
10. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyatiga bevosita rahbarlik ichki ishlar organlarining hududiy profilaktika (katta) inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
11. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari va “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatiga rahbarlik qiladi va ularning kunlik amalga oshirgan ishlarini muvofiqlashtirib boradi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
5-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari
12. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari o‘z faoliyati samaradorligi yuzasidan profilaktika (katta) inspektorlari oldida hisobdor bo‘ladi.
13. Profilaktika inspektorlari yordamchilari faoliyatining samaradorligi har yili o‘tgan yil natijalariga ko‘ra, tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ishtirokida baholanadi.
14. Profilaktika inspektorlari yordamchilari faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasini tahlil qilish orqali baholanadi:
huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlaganligi va tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika inspektoriga o‘z vaqtida taqdim qilib borganligi;
biriktirilgan hududda aniqlangan, fosh etilgan jinoyatlar, ushlangan tergov yoki suddan yashirinib yurgan shaxslar soni;
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari va “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatini samarali tashkil etganligi natijasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinganligi;
(14-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan shaxslar, shu jumladan voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda faol ishtirok etganligi;
ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazganligi;
mehnat intizomiga rioya qilganligi va qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaganligi;
biriktirilgan hududda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish chora-tadbirlari o‘z vaqtida ko‘rilganligi natijasida jinoyatlar va ijtimoiy-maishiy tusdagi huquqbuzarliklar sodir etilishi darajasining pasayganligi.
15. Baholash natijalariga ko‘ra, profilaktika inspektorlari yordamchilariga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarini rag‘batlantirish
16. Jinoyatchilikning oldini olishda, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashda, jamoat tartibini saqlashda, shuningdek, jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni aniqlashda hamda o‘ziga yuklangan boshqa vazifalarni bajarishda o‘rnak ko‘rsatgan profilaktika inspektorlarining yordamchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rag‘batlantirishga va davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarini ichki ishlar organlarining kadrlar zaxirasiga kiritish
17. Ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttiz beshdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz besh yoshdagi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoxud oliy ta’lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikni o‘tagan, faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan profilaktika inspektorlari yordamchilari kiritiladi.
8-bob. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyatini monitoring qilish tartibi
18. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyati profilaktika (katta) inspektorlari hamda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tomonidan mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq monitoring qilib boriladi.
19. Profilaktika inspektorlari yordamchilari faoliyatining monitoringi natijalari tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari)ning boshliqlari tomonidan har yarim yil yakunida muhokama etib boriladi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi profilaktika inspektorlari yordamchilarining faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
21. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarini (keyingi o‘rinlarda hisobotlar deb ataladi) har oyning oxirgi sanasida profilaktika (katta) inspektoriga taqdim qiladi.
22. Profilaktika (katta) inspektori ushbu hisobotlarni o‘rganib, tahlil qiladi va keyingi oyning 1 sanasiga qadar tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari)ning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limiga (bo‘linmasiga, guruhiga) taqdim etadi.
23. Tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari)ning huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari) tomonidan ushbu hisobotlar umumlashtirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalariga keyingi oyning 3 sanasiga qadar taqdim etadi.
Tuman (shahar) ichki ishlar organi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari) boshliqlari hisobotlarni haqqoniyligiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari ushbu hisobotlarni o‘rganib, umumlashtiradi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga keyingi oyning 5 sanasiga qadar taqdim etadi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi ushbu hisobotlarni har oyning 15 sanasiga qadar umumlashtirib, o‘rganadi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga hamda manfaatdor tashkilotlarga taqdim etadi.
26. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi taqdim etilgan hisobotlardan hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilik dinamikasidan kelib chiqib, mamlakatda osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquq-tartibotni mustahkamlashga doir takliflarni hududiy ichki ishlar organlariga ijrosini ta’minlash uchun yuboradi.
9-bob. Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining mehnatiga haq to‘lash
27. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari mehnatiga haq to‘lash turlari:
egallab turgan shtat lavozimi bo‘yicha oylik maoshini tashkil etuvchi lavozim maoshidan;
mehnatiga haq to‘lashning oylik qo‘shimcha turlari, bir yo‘la to‘lov hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan va ushbu Tartib bilan o‘rnatilgan ustama va to‘lovlardan iborat.
(27-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari mehnatiga haq to‘lash uchun ichki ishlar organi rahbarining tasarrufiga kiruvchi shtat lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i asos bo‘ladi.
29. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari mehnatiga haq to‘lash lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sanadan, sana ko‘rsatilmagan holda, buyruq imzolangan kundan boshlab amalga oshiriladi.
30. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari mehnatiga haq to‘lash respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
31. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlar qo‘yidagicha to‘lanadi:
posyolkalar, qishloqlar, ovullar va shaharlar mahallalarining profilaktika inspektorlarining yordamchilariga 6 razryad;
shaharlar hududidan tashqarida joylashgan mahallalarning profilaktika inspektorlarining yordamchilariga 5 razryad bo‘yicha.
32. Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yordamchilariga rag‘batlantirish koeffitsiyenti sifatida oylik lavozim maoshining 20 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
33. Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yordamchilariga alohida mehnat sharoitlari uchun oylik lavozim maoshining 12 foizi miqdorida oylik ustama haqi to‘lanadi.
34. Profilaktika inspektorlarining yordamchilariga budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus unvonga ega bo‘lmagan ishchi va xizmatchilari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
35. Profilaktika inspektorlarining yordamchilari budjet mablag‘lari hisobidan bir yilda bir oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda mukofotlanadi hamda ularga bir yilda bir oylik ish haqi fondining 50 foizi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda moddiy yordam ko‘rsatiladi.
36. Ushbu Nizomda ko‘rsatib o‘tilmagan boshqa turdagi qo‘shimcha to‘lovlar amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Mahalliy davlat hokimiyati organlari profilaktika inspektorlarining yordamchilari yordamidan faqat ushbu Nizomda belgilangan vazifalar doirasida profilaktika (katta) inspektori bilan kelishilgan holda foydalanishi mumkin.
Profilaktika inspektorlarining yordamchilarini ushbu Nizomda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilmagan vazifalarni bajarishga jalb etish taqiqlanadi.
(37-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
38. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Profilaktika inspektorlarining yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni taqdim etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi 251-son qaroriga
2-ILOVA
Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qaroriga muvofiq profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarining (keyingi o‘rinlarda profilaktika inspektorlarining yordamchilari deb ataladi) kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga (keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb ataladi) o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibini belgilaydi.
2. Tavsiyanomalar mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxema bo‘yicha egallab turgan lavozimida ta’lim muassasalariga qabul yilining 1-may kuniga qadar kamida bir yil muddat faoliyat ko‘rsatgan profilaktika inspektorlari yordamchilariga bitta ta’lim muassasasiga bir marta kirishi uchun bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
3. Profilaktika inspektorlarining yordamchilariga ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berishda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:
huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlaganligi va tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika inspektoriga o‘z vaqtida taqdim qilib borganligi;
biriktirilgan hududida aniqlangan, fosh etilgan jinoyatlar, ushlangan tergov yoki suddan yashirinib yurgan shaxslar soni;
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari va “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatini samarali tashkil etganligi natijasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinganligi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan shaxslar, shu jumladan voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda faol ishtirok etganligi;
ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazganligi;
biriktirilgan hududda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish chora-tadbirlari o‘z vaqtida ko‘rilganligi natijasida jinoyatlar darajasi pasayganligi.
4. Tavsiyanomalar blanklari qat’iy hisobda turuvchi hujjat hisoblanadi, hisob seriyasi, raqami va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi, “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi va ushbu tavsiyanomalar blanklari bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2-bob. Tavsiyanomalarni berish tartibi
5. Profilaktika inspektorlari yordamchilarining ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishiga imtiyoz beradigan tavsiyanomalarni olish masalasini ko‘rib chiqish uchun har yili 15-martdan 1-aprelga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining takliflari quyidagi hujjatlar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga (keyingi o‘rinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) taqdim etiladi:
lavozimga tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
fuqarolik pasporti nusxasi;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
ma’lumotnoma-obyektivkasi;
bevosita rahbarining fikrnomasi;
xizmat faoliyati natijalari bo‘yicha batafsil hisobot;
biriktirilgan hududda jinoyatchilik holati to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar.
Mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining profilaktika inspektorlari yordamchilariga ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish to‘g‘risidagi takliflari Bosh boshqarma tomonidan har yili 1-mayga qadar ko‘rib chiqiladi.
7. Takliflarni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha Bosh boshqarma boshlig‘i huzurida yig‘ilish bayonnomasi tuziladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
8. Bosh boshqarma tomonidan profilaktika inspektorlari yordamchilariga mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda berilgan tavsiyanomalar ta’lim muassasalariga har yili 5-mayga qadar yuboriladi.
9. Ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomaga ega bo‘lgan profilaktika inspektorlari yordamchilari o‘rnatilgan tartibda dastlabki va kasbiy tanlovda ishtirok etadi va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan kvotalarga muvofiq qabul qilinadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
10. Bosh boshqarmaning tavsiyanoma berish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyati yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi mumkin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
11. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilarining kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Profilaktika inspektorlari yordamchilarining O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish
SXEMASI
Profilaktika (katta) inspektorlarining yordamchilarining kvota asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
TAVSIYANOMA BLANKASINING SHAKLI

TAVSIYANOMA № 000000

(Vazirlik (bosh boshqarma, boshqarma), tuman (shahar)

ichki ishlar organi nomi)

-profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchisi___________________________________________

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

-ga berildi.

Tavsiyanoma O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’ining 20__-yil “____” ___dagi ____-sonli bayoniga asosan berildi.

M. O’.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’ining imzosi, familiyasi, ismi, otasining ismi)

20___-yil ____ __________

TAVSIYANOMA 000000

(Vazirlik (bosh boshqarma, boshqarma), tuman (shahar) ichki ishlar organi nomi)

-profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchisi

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

-ga berildi.

Ushbu tavsiyanoma egasi____________________________________________

(familiyasi, ismi, otasining ismi)

_________________________________________________________________ga

(passport seriyasi, raqami)


O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qaroriga muvofiq
ichki ishlar organlarining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan, kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kvota asosida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi.

Tavsiyanoma O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’ining 20__-yil “___” ___dagi ____ -sonli bayoniga asosan berildi.

Tavsiyanoma rasmiylashtirib berilgan sanadan e’tiboran bir yil muddat davomida kuchga ega bo’ladi.

M. O’.

(Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’ining familiyasi, ismi, otasining ismi)

20___-yil ___ __________

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.03.2019-y., 09/19/251/2838-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)