1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.09.00 Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari / 09.14.09.05 Sabzavotchilik;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.07.00 Yerlarning ayrim toifalari va turlarining huquqiy rejimi / 11.03.07.01 Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er;
2.Iqtisodiyot / Qishloq xo‘jaligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2021-yil 1-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 17-oktabrdagi PQ-3978-son qaroriga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-fevral,
167-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 167-son qaroriga ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari qishloq xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun hamda loyihalarni erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiradigan investorlar uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi.
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq bekor bo‘lganda yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq ham bir vaqtning o‘zida bekor bo‘ladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — ushbu Nizom talablariga muvofiq yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlari;
vakolatli organ — qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalari ajratish vakolatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari;
yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari (keyingi o‘rinlarda yengil konstruksiyali obyekt deb ataladi) — yengil konstruksiyalardan barpo etilgan, chuqurlashtirilgan poydevorlarga va yer osti inshootlariga (0,5 metrdan ko‘p) ega bo‘lmagan, buzib olib (bartaraf etib) ko‘chirish imkoniyati mavjud meva-sabzavot mahsulotlarini sug‘orish, tayyorlash va saqlash maqsadida, shuningdek, kapital hisoblanmagan ombor sifatida ishlatiladigan bino va inshootlar;
yengil konstruksiyali issiqxona — yerning ustki qatlamiga zarar yetkazilmasdan ixcham metall yoki yog‘och konstruksiyalardan foydalanib plyonka bilan yopiladigan issiqxona;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega bo‘lgan qismi;
ijrochi — ushbu Nizomga muvofiq yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratish materiallarini tayyorlash va kelishish ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)lardagi filiallari.
5. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish ushbu Nizomga ilova qilingan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish bo‘yicha ariza berish
6. Tadbirkorlik subyekti yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta aloqasi vositasi orqali tuman (shahar) hokimliklariga beradi (yuboradi).
O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilgan arizalar tuman (shahar) hokimliklariga avtomatik ravishda yuboriladi.
7. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
Tadbirkorlik subyektidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni va boshqa ma’lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Tuman (shahar) hokimligi tushgan arizani bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va ularda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda ariza hamda tegishli hujjatlarni shu kunning o‘zida ijrochiga yuboradi.
9. Tuman (shahar) hokimligi ariza va hujjatlarda tegishli kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, tadbirkorlik subyektiga ariza tushgan kunning ertasidan kechiktirmay kamchiliklarni aniq ko‘rsatgan holda asoslangan yozma xabar beradi. Ushbu xabarda ariza va hujjatlardagi kamchiliklar tegishli qonun hujjatlari normalariga asoslangan holda bayon etilib, ularni bartaraf etish va arizani qayta taqdim etish muddatlari ko‘rsatiladi.
Ariza ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi tomonidan shu kunning o‘zida ijrochiga yuboriladi.
3-bob. Yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratish materiallarini tayyorlash va kelishish tartibi
10. Ijrochi besh ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlaydi va ularni kelishish uchun bir ish kuni mobaynida vakolatli organlarga yuboradi.
11. Ijrochi tomonidan yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlash davomida:
yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun joylashadigan yer maydoni aniqlanadi;
yer tuzish hujjatlari, yer kadastrlari ma’lumotlari o‘rganiladi;
yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun, birinchi navbatda, tadbirkorlik subyektiga ajratilgan yerlardagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlardan beriladi;
yer uchastkalarini tanlashda bog‘ va uzumzorlar hamda boshqa daraxtzorlar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, suv xo‘jaligi obyektlaridan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishda noqulayliklar yaratmaslik holatlari inobatga olinadi.
12. Ijrochi tayyorlangan yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalarini tanlash materiallarini quyidagi vakolatli organ (tashkilot)larga:
a) xulosa olish uchun:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga;
tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) yong‘in xavfsizligi bo‘limiga;
tuman (shahar) davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, viloyatlar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga;
b) kelishish uchun:
tuman (shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limiga;
tuman (shahar) irrigatsiya bo‘limiga;
tegishli hududlar va inshootlardan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarga yuboradi.
13. Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni uch ish kuni mobaynida kelishadi yoki tegishli xulosalar beradi.
14. Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi xulosalardan birini chiqaradi:
yengil konstruksiyali obyektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiqligi;
yengil konstruksiyali obyektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiq emasligi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada yer uchastkasidan foydalanish, shaharsozlik, tabiatni muhofaza qilish, yong‘inga qarshi talablar, shuningdek, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etish talablari bayon etiladi.
Ushbu bandning uchinchi xatboshida nazarda tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada tegishli qonun hujjatining aniq normalariga asoslangan holda bo‘sh yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining sabablari ko‘rsatiladi.
15. Tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xulosasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
yengil konstruksiyali obyekt, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishi uchun tanlangan yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilarning nomi;
yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilardan yer uchastkasini olib qo‘yishning shartlari (mavjud bo‘lsa).
16. Yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun materiallarni kelishish va (yoki) ular bo‘yicha xulosalar berish uchun vakolatli organlar tomonidan to‘lov undirilmaydi.
17. Ijrochi vakolatli organlardan tegishli xulosalarni olgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun kelishilgan materiallar asosida tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning (keyingi o‘rinlarda tuman (shahar) komissiyasi deb ataladi) dalolatnomasini va tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlaydi.
Yer uchastkasida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish bo‘yicha dalolatnoma faqat tuman (shahar) komissiyasining a’zolari tomonidan imzolanadi.
18. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish bo‘yicha quyidagi materiallar ijrochi tomonidan tuman (shahar) hokimiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi:
tuman (shahar) hokimining tuman (shahar) qurilish bo‘limi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi, irrigatsiya bo‘limi hamda yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi bilan kelishilgan qarori loyihasi;
vakolatli organlarning yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish bo‘yicha xulosalari;
yengil konstruksiyali obyektlarni, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi dalolatnomasi.
19. Tuman (shahar) hokimi o‘z vakolati doirasida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida ikki ish kuni mobaynida qaror qabul qiladi va ijrochiga taqdim etadi.
20. Tuman (shahar) hokimining yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorida quyidagilar aks ettirilishi kerak:
yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar quriladigan yer uchastkasi kimga, qanday maqsadlar uchun va qancha muddatga (er vaqtincha foydalanishga va ijaraga berilganda aniq muddati ko‘rsatiladi) beriladi, shuningdek, ularni qurish shartlari;
qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish nobudgarchiliklari miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari (mavjud bo‘lganda);
tuproqning unumdor qatlamini ko‘chirib olish taqiqlanganligi;
suv muhofazasi, ekologik, yong‘inga qarshi shartlar va talablar, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (zarurat bo‘lganda).
21. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan ajratilgan taqdirda, yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha materiallar va tuman (shahar) hokimligining takliflari bir ish kunida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yoki viloyat hokimligiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Ushbu takliflar hamda tegishli hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ushbu yer uchastkasini yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun berishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning ijobiy xulosasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining tegishli qarori qabul qilinadi.
Quyidagi holatlarda:
qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning, eng avvalo sug‘oriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini hamda ulardan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash maqsadida;
yong‘inga qarshi, tabiatni muhofaza qilish talablari, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari buzilishi mumkin bo‘lgan holatlarda;
ulardan yer uchastkalari olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari yoki mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganda yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasini ajratish rad etilishi mumkin.
22. Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
23. Yer ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlaganlik va kelishganlik uchun ariza beruvchidan Vazirlar Mahkamasining “Kadastr hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2014-yil 10-iyuldagi 186-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi.
Ushbu to‘lov vakolatli organning yengil konstruksiyali obyektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan so‘ng ariza beruvchi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining bankdagi hisob raqamiga o‘tkaziladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun ajratilgan, yer uchastkalaridan maqsadsiz (boshqa turdagi poydevor (fundament) quyib qurilgan binolar qurilganda, tuproqning ustki qatlami qazib olinganda) foydalanilgan taqdirda, ushbu qurilmalar yerdan foydalanuvchi tomonidan o‘z hisobidan buzdirilib, ushbu yer uchastkalari foydalanish uchun yaroqli holatga keltiriladi.
25. Yengil konstruksiyali obyektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish materiallarini kelishishni amalga oshiruvchi tuman (shahar) hokimliklarining va boshqa vakolatli tashkilotlarning mansabdor shaxslari ushbu Nizom talablarining buzilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/167/2665-son)