1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.11.00 Favquloddagi holatlar va jamiyat xavfsizligining boshqa masalalari]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Favqulodda vaziyatlar. Ommaviy tartibsizliklar]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 330-sonli “Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va aholi hayot maromini ta’minlash uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Ma’muriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.04.00 Favqulodda vaziyatlar rejimi]
O‘zbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son Farmoni talablarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining namunaviy nomenklaturasi ro‘yxatini ikki oy muddatda tasdiqlasin;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash yuzasidan nazoratni va uslubiy rahbarlikni amalga oshirsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar uch oy muddatda quyidagilarni:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining namunaviy nomenklaturasi ro‘yxatiga muvofiq, Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimida bajariladigan funksiyalar, hududning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar prognozini inobatga olgan holda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralari hajmini va nomenklaturasi ro‘yxatini;
2022-yilgacha bo‘lgan davrda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini bosqichma-bosqich yaratish bo‘yicha tegishli kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
137-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 137-son qaroriga ILOVA
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibini belgilaydi.
2. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda zaxira yaratuvchi organlar deb ataladi) tomonidan, ularni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda shoshilinch ravishda jalb etish maqsadida yaratiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
moddiy resurslar zaxirasini qayta tiklash — moddiy zaxiralarni, ularni hamda idishi va qadog‘ining belgilangan saqlash muddati tugaganligi, saqlash muddati tugamagan holda idishi buzilishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahsulotning yaroqsiz holga kelishi, sifati buzilishi natijasida mahsulotning ro‘yxatdan chiqarilishi va bir vaqtning o‘zida uning miqdoriga teng bo‘lgan xuddi shunday moddiy boylikni uning o‘rniga qo‘yish;
moddiy resurslarni zaxiradan chiqarish — zaxiradagi moddiy boyliklarni muayyan shartlar asosida yoki beg‘araz tarzda oluvchiga (iste’molchiga) berish yoki ularni bozorda sotish;
moddiy resurslarni zaxiradan olib turish — moddiy zaxiralarni keyinchalik uning o‘rniga shunga o‘xshash bo‘lgan teng miqdordagi moddiy boylikni qaytarish sharti bilan olib turish;
zaxiradagi moddiy resurslarni almashtirish — standartlar va tayyorlash texnologiyalarining o‘zgarishi munosabati bilan zaxiradagi moddiy boyliklarni chiqarish va bir vaqtning o‘zida uning o‘rnini shunga o‘xshash va shunga teng miqdordagi moddiy boyliklar bilan to‘ldirish;
moddiy resurslarni mas’uliyatli saqlash — tomonlardan biri (saqlab beruvchi) ikkinchi tomon bergan moddiy resurslarni saqlash va talab qilinganda but holda qaytarishni o‘z zimmasiga oluvchi shartnomaviy munosabatlar;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxirasi — favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, dori-darmonlar, tibbiy texnika va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, shaxsiy himoya vositalari va boshqa moddiy resurslarning maxsus zaxiralari;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun moliyaviy resurslar zaxirasi — tegishli zaxira yaratuvchi organlar tasarrufidagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda ko‘zda tutilmagan xarajatlarni qoplash uchun mo‘ljallangan pul mablag‘lari;
moddiy resurslar zaxiralarini saqlash — saqlanayotgan moddiy resurslarning birlamchi holatda saqlanishini, shu bilan birga, ularga xizmat ko‘rsatish, ularni yangilash, almashtirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar.
4. Zarur holatlarda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda davlat moddiy zaxiralari resurslaridan foydalanish mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2-bob. Moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish tartibi
5. Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun quyidagi turdagi moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari yaratiladi:
idoraviy moddiy resurslar zaxiralari — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan respublika favqulodda vaziyatlarini bartaraf etish va 500 dan ortiq odamning hayot faoliyatini ta’minlash uchun;
mahalliy moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari — bazaviy hisoblash miqdorining kamida 1,0 ming barobaridan ko‘pi bilan 5,0 ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi budjeti, tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjetlari hisobidan mahalliy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 dan kam bo‘lmagan va lekin 500 dan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta’minlash uchun;
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
obyektning moddiy resurslar zaxiralari — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda budjet, budjetdan tashqari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, boshqa tashkilotlarda esa o‘z mablag‘lari hisobidan lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 kishidan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta’minlash uchun.
6. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarini yaratadigan vazirliklar va idoralar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ularning Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimida (keyingi o‘rinlarda FVDT deb ataladi) bajaradigan funksiyalarini hisobga olgan holda belgilanadi.
7. Obyektlarning moddiy resurslar zaxiralari fuqaro muhofazasi bo‘yicha toifaga ega bo‘lgan hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda majburiy tarzda, boshqa tashkilotlarda esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar xavfi va manbalarini hisobga olgan holda ushbu tashkilotlarning rahbarlari ixtiyoriga ko‘ra yaratiladi.
8. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasi va hajmi, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning prognozi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalari, shuningdek, hududning tabiiy, iqtisodiy va boshqa o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib zaxirani yaratuvchi organlar tomonidan ishlab chiqiladi va quyidagilar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi:
Idoralar uchun — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi bilan;
mahalliy va obyektlar uchun — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari bilan.
Oziq-ovqat mahsulotlarining zaxiralari faqat mahalliy moddiy resurslar zaxirasi tarkibida yaratiladi.
Davlat moddiy zaxirasini shakllantirish vazifasi yuklangan tashkilotlar tomonidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasini ishlab chiqishda, takrorlanishning oldini olish maqsadida, ularga topshiriqda belgilangan moddiy boyliklarni kiritmaydi.
9. Ayrim moddiy resurslarni (oziq-ovqat mahsulotlari, neft mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqalarni) sotib olish va saqlash o‘rniga, ular doimo mavjud yoki muomalada bo‘lgan korxonalar bilan shoshilinch yetkazib berish (sotish) yuzasidan tegishli shartnomalar tuzilishi mumkin. Bunda ushbu moddiy resurslarni sotib olish, saqlash va ushlab turishga mo‘ljallangan moliyaviy mablag‘lar, zarur bo‘lgan holatlarda foydalanish uchun maxsus bank hisobraqamlarida tashkil etiladigan moliyaviy resurslar zaxirasiga maqsadli yo‘naltiriladi.
10. Zaxiraga qo‘yilayotgan moddiy resurslar, agar ularga odamlarning hayot xavfsizligi, salomatligi va atrof-muhit muhofazasiga doir talablar belgilangan bo‘lsa, saqlash muddati davomida ushbu talablarga mosligi yuzasidan muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
11. Avval foydalanilgan, biroq soz va butlovchi qismlari to‘liq bo‘lgan maxsus jihozlarni moddiy resurslar zaxirasiga to‘plashga ruxsat etiladi.
12. Moddiy resurslar zaxiralari ular qayerga joylashtirilganligidan qat’iy nazar davlat yoki ularni tashkil etgan (sotib olgan) yuridik shaxsning mulki hisoblanadi.
3-bob. Moddiy resurslar zaxiralaridan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi
13. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralari ushbu resurslarni saqlashga mo‘ljallangan, favqulodda vaziyat hududiga tezkor yetkazib borish imkoni mavjud bo‘lgan obyektlarda saqlanadi.
14. Moddiy resurslar zaxiralarini saqlashning asosiy vazifasi, ularni butun saqlash muddati davomida miqdor va sifat jihatidan saqlab turish hamda ularning maqsadli foydalanish uchun doimiy tayyorligini ta’minlashdan iborat.
15. Moddiy resurslarning miqdor va sifat jihatidan saqlab turishni ta’minlash ularni mas’uliyatli saqlashni amalga oshiruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklanadi.
16. Moddiy resurslar quyidagi holatlarda zaxiradan chiqariladi:
favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun;
harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflarni bartaraf etish uchun;
ularni yangilash yoki almashtirish munosabati bilan.
17. Chegaradosh yoki boshqa hududlarda va obyektlarda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslarni zaxiradan chiqarish, vaqtincha foydalanish sharti bilan, agar boshqa tartib belgilanmagan bo‘lsa, zaxira yaratuvchi organ va oluvchi o‘rtasida olti oygacha bo‘lgan muddatga tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnomada vaqtincha foydalanish uchun olingan vositalarni qaytarish tartibi, muddati va shartlari hamda shartnoma talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanadi.
18. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun sarflangan moddiy resurslarni qayta tiklash tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlar hisobidan amalga oshiriladi.
Zaxiradan ishlatilgan barcha turdagi resurslar uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda qayta tiklanadi. Moddiy resurslarni qayta tiklash muddati ularni yetkazib berish shartlarini hisobga olgan holda uzaytirilishi mumkin.
19. Saqlash muddati tugashi munosabati bilan moddiy resurslar zaxirasini qayta tiklash, ushbu zaxirani yaratuvchi organ tomonidan har yili ishlab chiqiladigan jadval asosida saqlash muddati tugagan moddiy resurslarni tashkilotlar ehtiyoji uchun berish yoki sotuvga chiqarish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
20. Moddiy resurslarni zaxiradan chiqarish, ularni vaqtincha foydalanish sharti bilan olish, qayta tiklash va almashtirish, shuningdek, moliyaviy resurslar zaxirasidan foydalanish tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining — fuqaro muhofazasi boshliqlarining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
21. Lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun ushbu obyektning va yuqori turuvchi organlarning moddiy resurslar zaxirasi, mahalliy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun — mahalliy moddiy resurslar zaxirasi, respublika favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun — tegishli hududlarning mahalliy moddiy resurslar zaxirasidan foydalaniladi.
Ayrim holatlarda tegishli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hududiy komissiyalarning qarorlariga asosan lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mahalliy moddiy resurslar zaxirasidan foydalanish mumkin.
Moliyaviy va moddiy resurslar zaxirasi yetarli bo‘lmagan taqdirda vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan mablag‘ ajratilishi yuzasidan asoslantirilgan talabnoma bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilishlari mumkin.
4-bob. Moddiy resurslar zaxiralari bilan ishlashda hisobga olish va hisobotni yuritish tartibi
22. Moddiy resurslar zaxiralarini hisobga olishning asosiy maqsadi ularning miqdor va sifat jihatdan saqlab turishni ta’minlash, foydalanilmayotgan, belgilangan tartibda sotishga chiqarilishi lozim bo‘lgan vositalarni aniqlash, mavjud qoldiq to‘g‘risida aniq ma’lumotlarni olishdan iborat.
23. Moddiy resurslar zaxiralarini hisobga olish, ular to‘g‘risida birlamchi hujjatlarni talab darajasida rasmiylashtirish (nomi, soni, navi, markasi va o‘lchami) hamda moddiy resurslarning harakati va sifat (texnik) holatining o‘zgarishlari bilan bog‘liq barcha qaydlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.
24. Zaxira yaratuvchi organlar har yili 1-yanvardagi holatiga favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy zaxiralarning mavjudligi, foydalanilganligi va qayta to‘ldirilganligi to‘g‘risida hisobot (keyingi o‘rinlarda hisobot deb ataladi) tayyorlashadi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy zaxiralarning mavjudligi, foydalanilganligi va qayta to‘ldirilganligi yuzasidan hisobotlarni taqdim etish ushbu Nizomga ilova qilingan sxema asosida amalga oshiriladi.
5-bob. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mablag‘lar ajratish tartibi
25. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan (keyingi o‘rinlarda zaxira fondi deb ataladi) budjet mablag‘larini ajratish va o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun zaxira fondi mablag‘laridan foydalanish yuzasidan takliflar tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritiladi.
26. Zaxira fondi mablag‘larini ajratish yuzasidan qarorda ajratilayotgan mablag‘larning umumiy miqdori hamda ularni tadbirlar turlariga ko‘ra taqsimlanishi ko‘rsatiladi, shu jumladan:
favqulodda vaziyat hududida qutqaruv ishlarini olib borish;
favqulodda vaziyat oqibatida shikastlangan obyektlarda avariya-qutqaruv ishlarini olib borish;
evakuatsiya qilingan fuqarolarning kerakli biroq bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatgacha vaqtincha yashashi va ovqatlanishi uchun punktlarni tashkil etish va saqlash;
jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
jabrlanganlarni favqulodda vaziyatning zararli omillaridan muhofaza qilish;
favqulodda vaziyat hududidan aholini evakuatsiya qilish va ularni doimiy yashash joylariga qaytarish;
hududlarni va obyektlarni muhofaza qilish uchun vaqtinchalik qurilmalarni tashkil etish va qurish, ularni demontaj qilish.
Zaxira fondi mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
27. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda zaxira fondidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun ajratilgan mablag‘larning hisobi yuritilishini tashkillashtiradi hamda ulardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
Zaxira fond mablag‘larini oluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Moliya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklariga zaxira fondidan ajratilgan mablag‘lar ishlatilganligi to‘g‘risida hisobot taqdim etadilar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ILOVA
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari mavjudligi, ulardan foydalanilganligi va ularning qayta to‘ldirilganligi to‘g‘risida hisobotlarni taqdim etish
SXEMASI
Bosqich
Tadbirlar
Mas’ul ijrochilar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari mavjudligi, ulardan foydalanilganligi va ularni qayta to‘ldirilganligi to‘g‘risida hisobotlarni (keyingi o‘rinlarda hisobotlar deb ataladi)
Idoraviy, mahalliy va obyektning zaxiralarini yaratuvchi tashkilotlar
Har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 5-yanvaridan kechikmasdan
2-bosqich
Hisobotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga taqdim etish
Mahalliy va obyektning zaxiralarini yaratuvchi tashkilotlar
Har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 10-yanvaridan kechikmasdan
3-bosqich
Hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etish
Idoraviy zaxiralarni yaratuvchi tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari
Har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 20-yanvaridan kechikmasdan
4-bosqich
Hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevralidan kechikmasdan
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.02.2019-y., 09/19/137/2624-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)