1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.12.00 Yerni olib qoʻyish natijasida yetkazilgan zarar va ziyonlarni qoplash]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-dekabr,
1047-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1047-son qaroriga ILOVA
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni (keyingi oʻrinlarda yetkazilgan zarar deb ataladi) qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida — respublika miqyosida (keyingi oʻrinlarda respublika jamgʻarmasi deb ataladi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida — hududiy miqyosda (keyingi oʻrinlarda hududiy jamgʻarmalar deb ataladi) tashkil etiladi.
3. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoniga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
4. Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish 1-ilovadagi sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish
5. Respublika jamgʻarmasi quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda respublika budjeti va respublika budjetining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik va xayriya yordamlari tarzidagi mablagʻlar.
6. Hududiy jamgʻarmalar quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining maxsus gʻazna hisob raqamlariga qoʻshimcha manba sifatida oʻtkaziladigan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik va xayriya yordamlari tarzidagi mablagʻlar;
7. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarga tushgan mablagʻlar tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari Gʻaznachiligida ochilgan shaxsiy hisob raqamlarida jamgʻariladi.
3-bob. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish
8. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
respublika jamgʻarmasi mablagʻlari — faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan qabul qilingan dasturlar, topshiriqlar asosida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
hududiy jamgʻarmalar mablagʻlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashabbusi bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash.
9. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlari mazkur jamgʻarmalarni boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Kuzatuv kengashlarining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlari tegishli ravishda mazkur Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq tarkibda faoliyat yuritadi.
10. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlari:
jamgʻarmalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
yetkazilgan zararlarni qoplashni moliyalashtirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
jamgʻarmalar mablagʻlarining tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini koʻrib chiqadi va ularni navbatdagi yil uchun tasdiqlaydi;
jamgʻarmalar daromadlarining barqaror shakllantirilishini, oʻz vaqtida moliyalashtirishni taʼminlaydi.
11. Kuzatuv kengashlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
12. Yetkazilgan zararlarni qoplash respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan tegishli ravishda respublika jamgʻarmasi kuzatuv kengashi va hududiy jamgʻarmalar kuzatuv kengashlari taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori, farmoyishi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida ajratiladi.
13. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning ishchi organlari ularning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika jamgʻarmasi kuzatuv kengashining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari esa — hududiy jamgʻarmalar kuzatuv kengashlarining ishchi organi hisoblanadi.
14. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalarning ishchi organlari:
tegishli jamgʻarmalar mablagʻlari tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi hamda ularni belgilangan muddatlarda jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
yetkazilgan zararlarni qoplashni moliyalashtirish uchun moʻljallangan mablagʻlar tushumi jadvallarini ishlab chiqadi, shuningdek, ularning bajarilishini tahlil qiladi va tegishli jamgʻarmalar mablagʻlarining oʻz vaqtida jamlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
yetkazilgan zararlarni qoplashni moliyalashtirishga ajratilgan mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishi monitoringini tizimli asosda olib boradi;
jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik va har yilgi hisobotlarni tuzadi hamda koʻrib chiqish uchun tegishli jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlariga kiritadi.
15. Respublika jamgʻarmasining ishchi organi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun hududiy jamgʻarmalarga mablagʻ ajratish yuzasidan murojaatlarini asoslantirilgan hujjatlar asosida koʻrib chiqadi va maʼlumotlarni respublika jamgʻarmasi kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
Respublika jamgʻarmasi kuzatuv kengashi oʻz ishchi organi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va respublika jamgʻarmasidan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun hududiy jamgʻarmalarga mablagʻ ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
16. Hududiy kuzatuv kengashi ishchi organi tuman (shahar) hokimliklarining jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha murojaatlarini asoslantirilgan hujjatlar asosida koʻrib chiqadi va maʼlumotlarni hududiy kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
Hududiy kuzatuv kengashi oʻz ishchi organi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va hududiy jamgʻarmadan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga mablagʻ ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
17. Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni, respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar kuzatuv kengashlarining taqdimnomalarini va boshqa zarur hujjatlarni tayyorlash hamda rasmiylashtirish tegishli jamgʻarmalar kuzatuv kengashlari kotiblari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarish hamda taqsimlash ushbu jamgʻarmalarning kuzatuv kengashlari raislari tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobot, nazorat va javobgarlik
19. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar kuzatuv kengashlari mablagʻlardan maqsadli va tejab foydalanishni belgilangan tartibda nazorat qiladi.
20. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va bu boradagi hisobot qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish
SXEMASI
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmasidan mablagʻ ajratish boʻyicha respublika kuzatuv kengashi
TARKIBI
1.
J. Qoʻchqorov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri, Kengash raisi
2.
A. Abdullayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi
3.
A. Tuxtayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vaziri
4.
M. Mirzayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari
5.
A. Karimov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining oʻrinbosari
6.
B. Musayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
7.
N. Sharipov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
8.
S. Boboyorov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimi, Kengash kotibi
Izoh. Respublika jamgʻarmasi kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalaridan mablagʻ ajratish boʻyicha hududiy kuzatuv kengashi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, Kengash raisi
2.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshliqlari
3.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qurilish vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi boshliqlari
4.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshliqlari
5.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmasi boshliqlari
6.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshliqlari
7.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari boshliqlari
8.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha kotibiyati mudirlari, Kengash kotibi
Izoh. Hududiy jamgʻarmalar kuzatuv kengashlari aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.