toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” 2018-yil 4-avgustdagi PQ-3898-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilar va fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasining buyurtmalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomacining belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri A.A. Azizov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi I.B. Abdullayev va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-dekabr,
1020-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-dekabrdagi 1020-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi
NIZOM
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda ko‘krak nishoni deb ataladi) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilar va fuqarolar taqdirlanadi.
Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi ushbu Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha nomzodlar har yili 1-dekabrga qadar tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Bosh prokuraturasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, shuningdek, tegishli vazirlik, idora va boshqa respublika tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, har yili 10-dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda Respublika idoralararo komissiyasi deb ataladi) taqdim etiladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar belgilangan tartibda o‘rganib chiqiladi va nomzodlar yuzasidan xulosalar har yili 3-yanvarga qadar tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasiga yuboriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Harbiy xizmatchi va fuqarolarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyruqlari qabul qilinadi. Ko‘krak nishonining guvohnomasi tegishlicha har bir vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan imzolanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Ko‘krak nishoni har yili 14-yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” bayrami arafasida tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori (yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasining gazeta va jurnallari hamda respublikaning boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
10. Xizmat burchini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va fuqarolar ham ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishlari mumkin. Bu holatda ko‘krak nishoni va pul mukofoti ularning oila a’zolariga topshiriladi.
11. Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
12. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
13. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu Nizomga muvofiq ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlari xolis ko‘rib chiqilishi uchun bevosita mas’uldir.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI

Bosqichlar

Mas’ullar

Tadbirlar

Muddat


1-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, shuningdek, tegishli vazirlik, idora va boshqa respublika tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha nomzodlarni ko‘rib chiqish.

har yili 1-dekabrga qadar


2-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, shuningdek, tegishli vazirlik, idora va boshqa respublika tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga taklif etilayotgan nomzodlarning ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi PQ-898-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasiga taqdim etish.

har yili 10-dekabrga qadar


3-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi PQ-898-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi

Nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda o‘rganib chiqish va nomzodlar yuzasidan xulosalarni tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Bosh prokuraturasiga yuborish.

har yili 3-yanvarga qad�r


4-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Ma’naviy- ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini qabul qilish va ko‘krak nishonini tantanali vaziyatda topshirish.

har yili 14-yanvarga qadar

(ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-avgustdagi 388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-dekabrdagi 1020-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonining
TAVSIFI
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonining (keyingi o‘rinlarda ko‘krak nishoni deb ataladi) diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Ko‘krak nishonining old tomonida sakkiz qirrali yulduzga kitob orqali taralayotgan nur tasvirlangan, ya’ni ma’naviyat nurlarining Qurolli Kuchlarga taralayotgan foni aks ettirilgan. Kitobning pastki qismida harflarining balandligi 1,3 millimetr bo‘lgan “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI” so‘zlari yozilgan.
Ko‘krak nishonining aylanasi bo‘ylab zarhal hoshiya bilan o‘ralgan oq rangdagi emal doira ichida “MA‘NAVIY-MA‘RIFIY ISHLAR A‘LOCHISI” so‘zlari yozilgan. Harflarning balandligi 2,3 millimetr, yozuvlar zarhallangan. Uning pastki qismi markazida faxr-iftixor va sharaf ma’nolarini ifoda etuvchi dafna yaproqlari tasvirlangan.
Ko‘krak nishonining orqa tomoni markazida olti qatorda harflarning balandligi 2 millimetr bo‘lgan “Harbiy xizmatchilar va yoshlarning tarbiyasiga qo‘shgan munosib hissasi uchun” so‘zlari yozilgan.
Ko‘krak nishonining qalinligi 2,2 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
Ko‘krak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan.
Ko‘krak nishoni shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadag‘ichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
Shoyi lentaning eni 24 millimetr. Matoning o‘rtasidan eni 4 millimetrli ko‘k rang yo‘l o‘tgan. Uning ikki yonidan eni 1 millimetrli oq yo‘llar joy olgan. Oq yo‘llarning yonidan eni 2 millimetrli ko‘k rang yo‘llar va eni 5 millimetrli yashil rang yo‘llar o‘tgan. Matoning chekkalaridan eni 2 millimetrli ko‘k rang yo‘llar o‘tgan.
Qadag‘ichning bo‘yi 48 millimetr, eni 45 millimetr.
Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-dekabrdagi 1020-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr o‘lchamdagi kitobcha shaklida bo‘lib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qog‘ozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va to‘rtinchi betlari) yashil rangda bo‘lib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, tashqi burchaklari aylana shaklida bo‘lgan to‘q yashil rangli hoshiya bilan o‘ralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 20 millimetr pastda, markazda, oralig‘i 3,5 millimetrli 5 satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “O‘zbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Qurolli Kuchlarining” uchinchi satrda “Ma‘naviy-ma‘rifiy”, to‘rtinchi satrda “ishlar a‘lochisi” va beshinchi satrda “ko‘krak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) so‘zlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) so‘zi yozilgan. Yozuvlar to‘q yashil rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och yashil rangda bo‘lib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), tepa qismidan 8 millimetr pastda, markazda, oralig‘i 3 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “O‘zbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Qurolli Kuchlari” va uning pastki qismida ko‘krak nishonining rangli tasviri aks ettirilgan. Ko‘krak nishonining pastki qismidan 8 millimetr yuqorida, markazda, oralig‘i 3 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Ma‘naviy-ma‘rifiy”, ikkinchi satrda “ishlar a‘lochisi”, uchinchi satrda “ko‘krak nishoni” so‘zlari yozilgan.
Guvohnomaning ichki o‘ng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) so‘zi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVOHNOMA” so‘zidan 7 millimetr pastda taqdirlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oralig‘i 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 10 millimetr quyida, markazda, oralig‘i 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “O‘zbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “mudofaa vazirining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl) so‘zlari yozilgan.
Undan 6 millimetr pastda oralig‘i 4 millimetr bo‘lgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ yil. “__” ________dagi”, ikkinchi satrda “__-sonli buyrug‘iga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda, oralig‘i 3 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi catrda “Ma‘naviy-ma‘rifiy”, ikkinchi satrda “ishlar a‘lochisi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14-kegl), uchinchi satrda “ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.
So‘nggi so‘zlardan 8 millimetr pastda, chap tomondan “Vazir” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10-kegl) so‘zi yozilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonining namunaviy guvohnomasi
Eslatma. Ko‘krak nishonining guvohnomasi tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni tomonidan imzolanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2018-y., 09/18/1020/2334-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2023-y., 09/23/388/0617-son)