toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash va ushbu tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun tarkibiy islohotlarni yanada amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, o‘zida davlat tomonidan tartibga solish hamda tijorat faoliyatiga oid funksiyalarni mujassamlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof bo‘lmagan tizimi tarmoq korxonalarida menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini ta’minlash imkonini bermayapti.
Fuqaro aviatashishlarining, shu jumladan erdagi infratuzilmadan foydalanishning haddan ziyod monopollashuvi ushbu sohada xizmatlar ko‘rsatishning jahon darajasidan ancha ortda qolib ketishiga, shuningdek mamlakatdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab bo‘ldi.
Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari va standartlariga muvofiq tarkibiy o‘zgartirish, aviatashishlar bozorida raqobatni rivojlantirish va tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasini (keyingi o‘rinlarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK deb yuritiladi) quyidagi usullarda qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi, shuningdek, “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” moddiy-texnik ta’minot majmuasi” davlat unitar korxonalari negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda “Uzbekistan Airways” AJ deb yuritiladi) tashkil etish;
“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibiga kiradigan davlat unitar korxonalarini mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga 1-ilovaga muvofiq aylantirish;
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda “Uzbekistan Airports” AJ deb yuritiladi) unga 2-ilovaga muvofiq xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi davlat ulushini o‘tkazish yo‘li bilan tashkil etish;
“Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK negizida “Uzbekistan Nelicopters” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
2. Quyidagilar:
a) “Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
havo kemalari parkidan, shu jumladan parvozlarning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va geografiyasini kengaytirish yo‘li bilan samarali foydalanish;
ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizim va texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aviaparkni modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlash va yangilash;
havo kemalari bortida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari, aviatsiya texnikasiga, shu jumladan xorijiy aviakompaniyalarning aviatsiya texnikasiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari sifatini oshirish;
kompaniyaning raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida yo‘lovchilar, yuk, pochta va bagaj tashish sohasida qulay tarif siyosatini olib borish;
investitsiyalar, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini, shu jumladan aksiyalar va korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qilish;
parvozlarni amalga oshirishda yuqori darajadagi xavfsizlikni, shuningdek, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlash;
aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar hamjamiyatiga integratsiya qilish, aviatashishlar sohasida mintaqaviy yetakchi darajasiga erishish.
b) “Uzbekistan Airports” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan aeroportlarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik va yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish mexanizmlaridan foydalangan holda jalb qilish;
aeroportlarda aviatashuvchilar yo‘lovchilariga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, ular uchun barcha zarur qulay shart-sharoitlarni yaratish;
aeroportlar tegishli xizmatlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, yo‘lovchilar, yuk, pochta va bagajga xizmat ko‘rsatish jarayonini optimallashtirish;
aerodromlarni parvozlarga o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash, parvozlarning muntazamligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish, aerodromlarni ta’minlash va ularni ta’mirlashning zamonaviy usullarini joriy etish;
havo kemalariga yoqilg‘i quyish va xizmat ko‘rsatish uchun foydalaniladigan yoqilg‘i va boshqa yoqilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ta’minlash, shuningdek, ularning sifatini qat’iy nazorat qilish;
logistika sohasida xizmatlarni sifatli ko‘rsatish uchun infratuzilmani takomillashtirish va qulay shart-sharoitlar yaratish;
aeroportlarda savdo, ovqatlanish, yo‘lovchilarga bank va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi zamonaviy obyektlar tarmog‘ini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish.
3. “Uzbekistan Airways” AJ Jahon banki guruhi va boshqa xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda aviakompaniyaning rentabelligini ta’minlovchi aktivlarning maqbul tuzilmasini hisobga olgan holda o‘z faoliyatining barqaror biznes-modeli ishlab chiqilishini ta’minlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
“Uzbekistan Airways” AJ shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi, “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” moddiy-texnik ta’minot majmuasi” davlat unitar korxonalarining huquqiy vorisi hisoblanadi;
tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar bo‘yicha tegishli ravishda qayta tuzilayotgan davlat korxonalarining huquqiy vorislari hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaeronavigatsiya” Markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zaeronavigatsiya” DUK) shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning aeronavigatsiya qismi doirasida huquqiy voris hisoblanadi;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
“Uzbekistan Airways” AJ ustav kapitali qayta tuzilayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi, “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” moddiy-texnik ta’minot majmuasi” davlat unitar korxonalarining mol-mulkini qoldiq qiymati, shuningdek, tashkil etilayotgan “Uzbekistan Nelicopters”, “Uzbekistan Air technics”, “O‘quv-mashg‘ulot markazi” va “Ketring” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining davlat ulushini nominal qiymat bo‘yicha o‘tkazish hisobiga shakllantiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJ ustav kapitali mazkur Farmonning 2-ilovasida ko‘rsatilgan korxonalarning ustav kapitalidagi nominal qiymat bo‘yicha o‘tkazib beriladigan davlat ulushlari hisobiga shakllantiriladi;
“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan mol-mulki qayta tashkil etilayotgan va yangi tashkil etilayotgan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun o‘tkazib beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
6. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va amaliy ko‘maklashish bo‘yicha ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda — Ishchi komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi komissiya (A.N. Aripov):
a) ikki hafta muddatda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va uning tarkibiga kiradigan davlat korxonalarini qayta tashkil etish bo‘yicha tadbirlar rejasini unda har bir tadbir o‘tkaziladigan aniq muddatlar va mas’ul shaxslarni ko‘rsatgan holda tasdiqlasin;
b) 2019-yil 15-yanvarga qadar transport tarmog‘ini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solishga oid barcha kompleks masalalar uchun mas’ul Transport vazirligini tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin;
v) 2019-yil 1-mayga qadar “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarning:
qayta tashkil etilayotgan va yangi tashkil etilayotgan korxonalar ustav kapitali (fondi)ga o‘tkaziladigan;
qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan hamda qayta tashkil etilayotgan va yangi tashkil etilayotgan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun o‘tkaziladigan mol-mulki ro‘yxatini tasdiqlasin;
g) 2019-yil 1-iyunga qadar aviatashishlar bozoridagi qo‘shimcha kompaniyalar, shuningdek, kam budjetli aviakompaniyalar (loukosterlar) va tijorat aviatsiyasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilgan holda yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rsin.
7. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga — “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKni qayta tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, shuningdek, ushbu Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini muvofiqlashtirish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga — aviatashishlar bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini boshqarishning yangi tarmoq siyosatini ishlab chiqish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R. Xolmuradov zimmasiga — potensial investorlarni izlash va aviatsiya transporti sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga — aviatsiya transporti sohasidagi loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish mexanizmlarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK bilan birgalikda Ishchi komissiya tomonidan mazkur Farmonning 6-bandida ko‘rsatilgan ro‘yxatlar tasdiqlanganidan keyin olti oy muddatda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalar qayta tashkil etilishini oxiriga yetkazishni, shuningdek, ularning ustav kapitallari shakllantirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki guruhi o‘rtasida Aviatsiya transportini isloh qilish va mazkur sohaga investitsiyalarni jalb qilishga doir uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga ko‘maklashish to‘g‘risida bitim tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-mayga qadar Jahon banki guruhi tomonidan o‘tkazilgan ishlar yakunlari bo‘yicha 2019 — 2030-yillarda aviatsiya transporti sohasini isloh qilish va aeroportlarni rivojlantirishga xususiy, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini keng jalb qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ Jahon banki guruhini jalb qilgan holda:
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
2019-yil 1-aprelga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladigan aeroport yoki aeroportlar guruhi aniqlanishini;
2020-yil 1-yanvarga qadar tanlangan aeroport yoki aeroportlar guruhida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun tanlovlar o‘tkazilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik):
(11-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish;
aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga oid vakolatlarni o‘tkazish;
b) Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK tomonidan foydalanilayotgan AN-2 havo kemalarini va tegishli aviatsiya mol-mulkini qoldiq qiymati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
v) “O‘zaeronavigatsiya” davlat korxonasiga O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan tranzit foydalanishda ko‘rsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun xorijiy aviakompaniyalarning kechiktirilgan debitor qarzdorligini aeronavigatsiya xizmatlari ko‘rsatilganligi tasdiqlangan vaqtdan boshlab 12 oy davomida undirish huquqini berish. Bunda, O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududidan tranzit foydalanishda ko‘rsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun xorijiy aviakompaniyalarning kechiktirilgan debitor qarzdorligini undirish imkoniyati bo‘lmaganda, “O‘zaeronavigatsiya” DUK kechiktirilgan debitorlik qarzdorlik uchun jarima sanksiyalarini qo‘llashdan keyingi 12 oy muddatga ozod qilinsin.
(11-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
13. Belgilab qo‘yilsinki:
mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xo‘jalik jamiyatlari (keyingi o‘rinlarda — xo‘jalik jamiyatlari) ijro etuvchi organlarining a’zolari yetakchi aviakompaniyalarda yetarlicha ish tajribasiga hamda korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida zarur malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar, shu jumladan chet el fuqarolari orasidan tanlab olinadi;
mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari davlat paketi bo‘yicha aksiyadorning huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi amalga oshiradi;
mazkur Farmonga muvofiq o‘tkaziladigan va qabul qilinadigan mol-mulkning qiymati soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqishda soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi;
2020-yildan boshlab xo‘jalik jamiyatlarining moliyaviy hisoboti xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi, yetakchi xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda yillik mustaqil tashqi auditdan o‘tkazilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs tashkil etmasdan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
Belgilab qo‘yilsinki:
a) Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlari ko‘rsatishdan tushadigan yig‘imlar summasi;
(14-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.06.2023-y., 06/23/94/0362-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun Agentlik xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar summasining 80 foizi;
(14-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zaeronavigatsiya” DK sof foydasining 20 foizi;
(14-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.06.2023-y., 06/23/94/0362-son)
aviatsiya xavfsizligi uchun undiriladigan yig‘imlar summasining 3 foizi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
b) Jamg‘armaning mablag‘laridan faqat:
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini moddiy-texnik ta’minlash, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, ijtimoiy himoya qilish, o‘qitish va malakasini oshirish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yil 1-mayga qadar xorijiy kreditlar (qarzlar) bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasining to‘lov majburiyatlari yuzasidan avval taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-iyunga qadar aeroportlarni rivojlantirish va havo transporti qatnovini boshqarish uchun avval jalb qilingan kreditlarni “Uzbekistan Airports” AJ va “O‘zaeronavigatsiya” DKga qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-mayga qadar chegirmalarning qulay tizimini nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga aeronavigatsiya va aeroport xizmatlarini ko‘rsatish uchun yagona stavkalar hamda yig‘imlarni tasdiqlasin;
2019-yil 1-martga qadar rentabelligi past bo‘lgan ichki yo‘nalishlar bo‘yicha tashishlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar uchun zararlarni kompensatsiya qilishni moliyalashtirishning barqaror mexanizmini shakllantirishga oid takliflar kiritsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davavinazorat Adliya vazirligi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
sirtqi bo‘limlarda ta’lim olgan fuqaro aviatsiyasi mutaxassislarining ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilishga ruxsat berish;
ilg‘or xorijiy, shu jumladan ishlab chiqaruvchilar sertifikatlarini tan olishni nazarda tutuvchi tajribadan kelib chiqib, havo kemalari va aviadvigatellarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ularni ta’mirlash uchun olib kiriladigan butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlari, detallarni sertifikatlashtirish tartibini soddalashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.
17. Quyidagilarga:
a) O‘zbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi tizimi (IATA Clearing Nouse) va o‘zaro hisob-kitoblarning boshqa xalqaro tizimlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishga;
b) “O‘zaeronavigatsiya” davlat korxonasiga Yevropa aeronavigatsiya xavfsizligini ta’minlash tashkiloti (EUROCONTROL) orqali xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududidan tranzit foydalanishda ko‘rsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
18. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarga taqdim qilingan imtiyoz va preferensiyalar mazkur Farmonga muvofiq tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyatlariga tatbiq etilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalari O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan:
samolyotlar (TIF TN bo‘yicha kodi: 8802, 8803 va 8805), shu jumladan olib kirilgan vaqtga qadar ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan samolyotlar;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchungina foydalaniladigan servis inventari va jahon brendidagi alkogol ichimliklari uchun 2023-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
qayta tashkil etilayotgan va tuzilayotgan korxonalarning avtotransport vositalari;
qayta tashkil etilayotgan va tuzilayotgan korxonalarning ko‘chmas mulkiga oid kadastr hujjatlari;
qayta tashkil etilayotgan korxonalarning ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga yig‘imlar va bojlarni undirmasdan ta’minlasin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) ikki oy muddatda:
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlar uchun ruxsatnomalar berish;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘laridan foydalanish;
(21-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining xodimlarini uch baravar tarif koeffitsiyentini joriy etishni nazarda tutuvchi moddiy rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda:
korporativ boshqaruv va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi mustaqil, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ ijro etuvchi organlari tashkiliy tuzilmalari, shuningdek, kuzatuv kengashlari tarkiblarining tasdiqlanishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish funksiyalarini davlat organlariga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 251-moddasi.
22. Davavianazorat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
PF-5584-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-son Farmoniga
1-ILOVA
Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladigan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK davlat unitar korxonalarining
RO‘YXATI

1.

“Uzbekistan airways technics” aviakorxonasi” DUK

2.

“Ketring” DUK

3.

“O‘quv-mashq markazi” DUK

4.

“Andijon” xalqaro aeroporti” DUK

5.

“Buxoro” xalqaro aeroporti” DUK

6.

“Qarshi” xalqaro aeroporti” DUK

7.

“Navoiy” xalqaro aeroporti” DUK

8.

“Namangan” xalqaro aeroporti” DUK

9.

“Nukus” xalqaro aeroporti” DUK

10.

“Samarqand” xalqaro aeroporti” DUK

11.

“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” DUK

12.

“Termiz” xalqaro aeroporti” DUK

13.

“Urganch” xalqaro aeroporti” DUK

14.

“Farg‘ona” xalqaro aeroporti” DUK

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-son Farmoniga
2-ILOVA
Ustav jamg‘armalaridagi davlat ulushi “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkaziladigan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar
RO‘YXATI

1.

“Andijon” xalqaro aeroporti” MChJ

2.

“Buxoro” xalqaro aeroporti” MChJ

3.

“Qarshi” xalqaro aeroporti” MChJ

4.

“Navoiy” xalqaro aeroporti” MChJ

5.

“Nukus” xalqaro aeroporti” MChJ

6.

“Namangan” xalqaro aeroporti” MChJ

7.

“Samarqand” xalqaro aeroporti” MChJ

8.

“Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” MChJ

9.

“Termiz” xalqaro aeroporti” MChJ

10.

“Urganch” xalqaro aeroporti” MChJ

11.

“Farg‘ona” xalqaro aeroporti” MChJ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-son Farmoniga
3-ILOVA
“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy ko‘maklashish bo‘yicha ishchi komissiya
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

Aripov A.N.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Ishchi komissiya raisi

2.

Ramatov A.J.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari

3.

Qo‘chqorov J.A.

Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri

4.

Xolmurodov S.R.

Bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi

5.

Abduhakimov A.A.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari

6.

Raxmatov F.K.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi

7.

Maqsudov D.S.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi

8.

Davletov R.K.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri

9.

Igamov D.X.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari

10.

Abdullayev A.X.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi

11.

Sharipov N.Sh.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

12.

Burxanov A.J.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari

13.

Mahkamov I.R.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri

14.

Musayev B.A.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

15.

Akkulov A.U.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi

16.

Mamadjanov Sh.T.

Toshkent aviatsiya transport prokurori

17.

Uljayev T.E.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori

18.

Xakimov B.I.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK bosh direktori vazifasini bajaruvchi

19.

Obidov A.A.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Komissiya kotibi

Izoh. Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-martdagi PF-5971-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2018-y., 06/18/5584/2239-son; 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son; 14.06.2023-y., 06/23/94/0362-son)