1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.13.00 Kinematografiya]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 24-iyuldagi PQ-3880-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatda kino sanoatini yanada rivojlantirish, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-yil, 12-son, 308-modda) bilan tasdiqlangan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizomga2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
3. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori F.Sh. Zokirov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-noyabr,
947-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 947-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekkino” Milliy agentligining Badiiy kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) maqomi, maqsadi va vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Kengash kinoloyihalarni koʻrib chiqish, saralash va davlat ijtimoiy granti asosida filmlar yaratish masalalari boʻyicha xulosa va tavsiya berish vakolatiga ega boʻlgan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.
3. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
adabiy ssenariy — film epizodlaridagi koʻrish va ovozli tasvirlar matnda ifoda etiladigan, film ishlab chiqarish talablariga muvofiq boʻlgan oʻziga xos tugal badiiy asar;
davlat ijtimoiy granti — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan filmlar yaratish uchun yoʻnaltiriladigan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablagʻlar hisobiga tanlovlar asosida milliy filmlar ishlab chiqarishga maqsadli ajratiladigan mablagʻlar;
kinoloyiha — filmning adabiy ssenariysi, sinopsisi, rejissyor ssenariysi, film uchun yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari, tasvirga olish joyi va obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, tasvirga olish guruhi, aktyorlar tarkibi, sarf-xarajatlar smetasi, filmning ishchi materiallari va filmni yaratish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa jarayonlarni qamrab oluvchi materiallar majmui;
rejissyor ssenariysi — filmni tasvirga olish uchun zarur boʻlgan barcha detallar aks ettirilgan, rejissyorning tasvirga olish maydonchasida qulay ishlashiga moslashtirilgan ssenariy;
sinopsis — adabiy ssenariyning qisqacha bayoni va syujeti mazmun-mohiyati;
talabgor — tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, kinematografiya sohasida faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxs;
film — badiiy, badiiy-publitsistik, xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, oʻquv, animatsion yoki boshqa shakllarda ijodiy gʻoya asosida yaratilgan, bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan tasvirlarning ovoz joʻrligida yoki ovoz joʻrligisiz yozib olingan turkumdan iborat boʻlgan, tegishli texnika vositalari yordamida qayd etilgan, koʻrib va eshitib idrok etish uchun moʻljallangan audiovizual asar.
2-bob. Kengashning maqsadi va vazifalari
5. Milliy kinematografiyaning jamiyat ijtimoiy-madaniy hayotidagi rolini oshirish, oʻzbek kino sanʼati qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, davlat ijtimoiy granti uchun eʼlon qilingan tanlovning shaffofligi va xolisligini taʼminlash, taqdim etilgan kinoloyihalarni badiiy-ijodiy mezonlar asosida baholashning sogʻlom muhitini yaratish Kengashning maqsadi hisoblanadi.
6. Quyidagilar Kengashning vazifalari hisoblanadi:
fuqarolar, ayniqsa yosh avlodni jasorat va qatʼiyatlilik ruhida tarbiyalash, yot ommaviy madaniyatga qarshi immunitetni shakllantirishga xizmat qiladigan milliy filmlar yaratish, gʻoyaviy-badiiy darajasi yuksak boʻlgan, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahorati yetarli darajada sifatli boʻlgan kino mahsulotlarini ishlab chiqish uchun tanlov asosida sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish;
mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy filmlarning gʻoyaviy, maʼnaviy va badiiy saviyasini oshirish choralarini koʻrish, kinostudiyalarga zarur tavsiyalar berish va ularning vakillari uchun seminarlar oʻtkazish;
bolalar va oʻsmir yoshlarga moʻljallangan yuqori saviyadagi badiiy va multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar va yumoristik kinojurnallar ishlab chiqarilishini kengaytirish, kinoijodkorlarning mazkur yoʻnalishdagi faoliyatiga ijodiy koʻmaklashish;
davlat buyurtmasi boʻyicha ishlab chiqariladigan badiiy filmlarning yillik hajmiga nisbatan foizda janrlar boʻyicha kvotalarni belgilash;
davlat ijtimoiy grantiga muvofiq yaratiladigan filmlar uchun taqdim etilgan kinoloyihalarni oʻrganib chiqish va malakali baholash natijasida eng yaxshilarini saralash va ularni davlat budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan toʻliq yoki qisman moliyalashtirish boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlash;
milliy kinematografiya tizimida shakllangan eng yaxshi ijodiy anʼanalarni izchil davom ettirish, yozuvchilar, kinodramaturglar, rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar va boshqa ijodkorlar faoliyati samaradorligini oshirishda ularning xizmatlaridan unumli foydalanish;
kinematografiya sohasida faoliyat koʻrsatayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning ijodiy faoliyatiga koʻmaklashish;
tomoshabinlarning talab va istaklarini oʻrganish asosida filmlarning mavzu va janrlarini shakllantirib borish va ularni kinoijodkorlarga tavsiya etish;
har yili keyingi kalendar yili boshlanguniga qadar iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim hamda ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining mazmunli kinofilmlarga boʻlgan real ehtiyojidan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy granti asosida milliy filmlar ishlab chiqarish uchun ustuvor mavzular roʻyxatini shakllantirish va ularni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish.
3-bob. Kengashning huquqlari va majburiyatlari
7. Kengash oʻz vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
Agentlikning yillik ijodiy rejasini belgilash, uni dolzarb ijtimoiy mavzular va davlat buyurtmalari asosida boyitib borish;
Kengash muhokamasiga qoʻyilgan har bir kinoloyiha yuzasidan fikr va mulohazalar bildirish, loyihalarni rad etish, ularni qayta ishlashga yoki ishlab chiqarishga tavsiya berish;
davlat ijtimoiy granti asosida ishlab chiqishga tushirilgan filmlarni tasvirga olish bosqichlari va jarayonlarini, shartnomada belgilangan har bir bosqichi yakunida tayyor mahsulotning Kengash tasdigʻidan oʻtgan rejissyor ssenariysiga, sarf-xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligini hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholash hamda ishlab chiqarish ishlari yakunlangan filmlarni qabul qilish;
filmlarni ishlab chiqarish jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tuzatish yuzasidan kino ishlab chiqaruvchilarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berish;
filmni tasvirga olish jarayonida tasvirga olinayotgan materialning haqiqiy mazmuni bilan rejissyor ssenariysi oʻrtasida tafovutlar aniqlangan hollarda Agentlik rahbariyatiga tegishli choralar koʻrish masalasida bildirishnoma kiritish;
muayyan mavzu boʻyicha ikki yoki undan ortiq talabgorlar tomonidan kinoloyiha taqdim etilganida, Kengash tomonidan eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilish;
zamonaviy, tarixiy va turli ijtimoiy dolzarb mavzularda filmlar ishlab chiqarish boʻyicha davlat grantlarini ajratish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
turli mavzularda ssenariylarni va kinoloyihalarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan tavsiyalar berish.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Kengash:
kinematografiya sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etishi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borishi lozim.
Kengash oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi va natijadorligi uchun javob beradi.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengash aʼzolari tarkibi oʻn bir kishidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlik bosh direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Kengash tarkibiga prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislar bilan birga Agentlik tomonidan eʼlon qilinadigan tanlovning ishchi guruhi rahbari kiritiladi. Zarur hollarda, Kengash ishiga boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.
Kengash tarkibiga Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlardan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi
10. Kengash tarkibi har yili kamida 15 foiz rotatsiya qilish yoʻli bilan yangilanib boriladi. Kengash yigʻilishlarida uzrli sabablarsiz ikki yoki undan ortiq marotaba ishtirok etmagan, shuningdek, oʻzining harakatlari yoki harakatsizligi bilan Kengashning normal ish faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan aʼzolar Kengash aʼzoligidan chiqarilishi mumkin. Kengash aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Kengash raisining bildirishnomasiga asosan Agentlik bosh direktori tomonidan qabul qilinadi.
11. Kengash yigʻilishiga Agentlik bosh direktori raislik qiladi. Kengash raisi uzrli sabablarga koʻra ishtirok etolmagan holatlarda yigʻilishni u vakolat bergan Kengash aʼzolaridan biri boshqaradi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-dekabrdagi 813-sonli qarori tahririda)
12. Kengash kinoloyihalarni koʻrib chiqish va baholash uchun kamida bir oyda bir marta chaqiriladi. Kengash aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda Kengash vakolatli hisoblanadi.
13. Kengash aʼzosi koʻriladigan har bir masala boʻyicha muhokamada qatnashish, zarurat tugʻilganda ekspert sifatida xulosalarini taqdim etish, qaror qabul qilish jarayonida ovoz berish huquqiga ega.
14. Tanlovda qatnashgan ijodiy guruhning tarkibida Kengash aʼzosi ham qatnashgan hollarda, u faqat oʻzi taqdim qilgan kinoloyiha taqdimotida qatnashadi, biroq kinoloyiha muhokamasida va qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi mumkin emas.
15. Kengash va uning aʼzolari tomonidan quyidagi holatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
Kengashga taqdim qilingan kinoloyihalarning muhokamasida ijodkorlarning shaxsiyatini kamsitish;
kinoloyihalarning qiymatini sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish;
davlat ijtimoiy grantiga talabgor boʻlgan kinostudiyalarga bosim oʻtkazish, ularni noqonuniy ravishda tanlovdan chetlatish;
Kengash tomonidan tasdiqlanmagan va rasmiy tus olmagan notoʻgʻri axborotlarni tarqatish.
16. Kengash aʼzolari har oyda Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdorida ragʻbatlantirib boriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
5-bob. Kengash tomonidan kinoloyihalarni koʻrib chiqish
17. Kengash aʼzolari Kengashning navbatdagi yigʻilishidan kamida besh kun oldin xabardor qilinadi hamda koʻrib chiqiladigan ssenariylar nusxasi bilan taʼminlanadi. Biror uzrli sabab bilan yigʻilishda qatnasha olmaydigan aʼzolar yigʻilish oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor qilinganidan soʻng darhol bu haqda Kengash raisini xabardor qilishlari shart.
18. Kengash ssenariylar va kinoloyihalarni koʻrib chiqishda quyidagilarni oʻrganib chiqadi:
ssenariy yoki kinoloyihalarda zoʻravonlik va pornografiyaning targʻib qilinishi holatlarining mavjudligi yoki mavjud emasligi;
mamlakatda xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka tahdid qiluvchi, fuqarolar tinchligi, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna soluvchi holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi haqida notoʻgʻri axborot tarqatilishini hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari, adabiy til meʼyorlari buzib koʻrsatilishi mumkin boʻlgan hamda taqiqlangan leksikadan foydalanilganligi;
oʻziga xos yangi ijodiy gʻoya va fikrlardan foydalanilganligi,
mavzuning dolzarbligi;
badiiy sifati va syujetning qiziqarliligi;
kino tilining oʻziga xos uslubi;
rejissyorlik topilmalari;
ijtimoiy ahamiyati, tarbiyaviy yoʻnalishi, maʼnaviy va umuminsoniy qadriyatlarning targʻib qilinganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqlarining tarixi, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarining haqiqatga muvofiqligi;
Oʻzbekistonning oʻziga xos ijobiy nufuzi koʻrsatib berilganligi;
mamlakatda erkin demokratik jamiyat qurish yoʻlida yuz berayotgan oʻzgarishlar va real yutuqlar, milliy mustaqillik gʻoyasining mohiyati aks ettirilganligi;
nomzod sifatida koʻrsatilgan aktyorlarning bosh rol va asosiy personajlarga mosligi;
film ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mablagʻning asoslantirilganligi (film ishlab chiqarishning taxminiy xarajatlari);
ariza beruvchilarning sheriklikda (hamkorlikda) film ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladigan shaxsiy mablagʻlari va (yoki) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ulushi;
filmni ishlab chiqarishga boshqa film yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (prodyuserlar) jalb qilinganligi.
19. Koʻrib chiqilgan materiallar qaytarib berilmaydi.
20. Kengash qarori yigʻilishda ishtirok etayotganlarning ochiq ovoz berishi yoʻli bilan qabul qilinadi. Har bir Kengash aʼzosi bitta ovoz huquqiga ega.
Ovoz berish jarayonida tarafdorlar va qarshilar soni teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
21. Koʻrib chiqilgan ssenariy va kinoloyihalar Kengash bayoni bilan tasdiqlanadi.
Kengash bayonida koʻrib chiqilgan ssenariy va kinoloyihalar yuzasidan tegishli tavsiyalar umumlashtiriladi.
Kengash qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Kengash aʼzolari tomonidan imzolanganidan keyin Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Kengash qaroriga asosan ishlab chiqarishga tushirilgan kinoloyihalar Agentlikning bosh direktori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
23. Agentlik bosh direktori buyrugʻi hamda Kengash bayonidan koʻchirma tavsiyalar ilova qilingan holda kinoloyihani taqdim etgan studiyaga yuboriladi.
24. Agentlik kinoloyihalarni tanlash toʻgʻrisida Kengash qaror qabul qilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmasdan ariza beruvchilarga tanlov natijasi haqida xabar beradi va bu haqidagi axborotlarni belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
25. Kengash tomonidan davlat buyurtmasi boʻyicha kinomahsulotni ishlab chiqarish yuzasidan shartnomada belgilangan kinomahsulotlar ishlab chiqarishning har bir bosqichi yakunida tayyor mahsulot rejissyor ssenariysiga, xarajatlar smetasi parametrlariga, suratga olish jarayonining texnik va texnologik talablariga mosligi hamda boshqa talablarga rioya etilishi yuzasidan baholangandan soʻng ushbu kinomahsulot (uning qismlari) qabul qilinadi.
26. Talabgorlar Kengash qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, Agentlikning bosh direktoriga murojaat qilishlari yoki qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunining 63-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 947-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
“46. Agentlikda tarkibi prodyuserlar, adiblar, tarixchilar, kinooperatorlar, rejissyorlar, kinoprokatchilar, kinotanqidchilar, psixologlar, kinematografiya sohasidagi nodavlat tashkilotlar vakillari va boshqa mutaxassislardan iborat Badiiy kengash tuziladi.
Badiiy kengash tarkibi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlanadi. Uning tarkibiga Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlardan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlgan shaxslarning kirishiga va ularning tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Badiiy kengash oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/947/2212-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)