1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.04.00 Sogʻliqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sogʻliqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 31-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3082]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-sentabrdagi PQ-3948-son “Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va ularning aylanishini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-oktabr,
51-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2018-yil 30-oktabrdagi 51-son buyrugʻiga ILOVA
Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-sentabrdagi PQ-3948-son “Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va ularning aylanishini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom talablari giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
“angro” mahsuloti — yirik qadoqda ishlab chiqariladigan va sotiladigan, shuningdek, keyinchalik tayyor dori vositalarini ishlab chiqarish (tayyorlash) uchun ishlatiladigan dori vositasi hisoblanadi;
qadoqlash — dori vositalarini tegishli idishlarga solish, joylashtirish.
3. Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish dori vositalarini tayyorlash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.
4. “angro” mahsulotini respublikaga olib kirishga va qadoqlashga asos boʻlib, ishlab chiqaruvchi tomonidan tegishli dori vositasi isteʼmol qadoqlarida Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yuqori tartibga soluvchi talablar qoʻyilgan mamlakatlar va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazish natijalari Oʻzbekiston Respublikasida tan olishi hisoblanadi.
5. Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Dorixonalar tomonidan dori vositalarini saqlash, qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish SanQvaM 0337-16-son “Dorixonalarni joylashtirish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari va normalari” bilan oʻrnatilgan talablarga javob beradigan xonalarda amalga oshiriladi.
7. Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini uning xususiyatlariga muvofiq maxsus uskunalardan foydalangan holda qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish amalga oshiriladi.
8. Dorixona sharoitida qadoqlangan, oʻralgan va markirovka qilingan “angro” mahsulotini chakana realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan retseptlar boʻyicha yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan, retseptsiz sotiladigan dori vositalari roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Dorixona sharoitida qadoqlangan, oʻralgan va markirovka qilingan “angro” mahsulotini ulgurji realizatsiya qilinmaydi.
10. Dorixonalarda qadoqlangan, oʻralgan va markirovka qilingan “angro” mahsuloti tegishli dori vositasining tibbiyotda qoʻllanilishi boʻyicha yoʻriqnoma bilan beriladi.
2-bob. “angro” mahsulotini dorixona sharoitida qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilishga qoʻyiladigan talablar
11. “angro” mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish SanQvaM 0337-16-son “Dorixonalarni joylashtirish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari va normalari” talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Dorixonaga kelib tushgan “angro” mahsuloti belgilangan tartibda kirim qilinadi. Varaqlari raqamlangan, ip oʻtkazib tikilgan hamda tashkilot rahbarining imzo va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan jurnallarda yoki elektron shaklda 1-ilovada keltirilgan jadval shakliga muvofiq hisobi olib boriladi.
13. Dorixonalarda “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan qadoqlovchi tomonidan amalga oshiriladi. Qadoqlovchi sanitariya qoidalari va normalari talablariga amal qilishi, shuningdek, bir martalik tibbiy qoʻlqoplar bilan barcha jarayonlarni amalga oshirishi shart.
14. Dorixonalarda “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish jarayonida quyidagilarga rioya qilinishi zarur:
qadoqlash vositalarini sanitariya qoidalari va normalari talablariga muvofiq yuvish va quritish;
dori vositalarini idishlarga qadoqlash jarayonini maxsus qadoqlash uskunalarida amalga oshirish;
qadoqlashdan oldin qadoqlash uskunasining asosiy ishchi qismlarini normativ hujjatlarda belgilangan tartibda yuvish va tozalash;
“angro” mahsulotini qadoqlashda amaldagi standart talablariga javob beradigan qadoqlash materiallaridan foydalanish;
“angro” mahsulotini qadoqlash uskunasida kerakli miqdorda idishlarga (flakon, banka, shisha idish, plastmassa idish, karton va qogʻoz quti) qadoqlash va markirovka qilish.
15. Dorixona sharoitida “angro” mahsuloti qadoqlangandan soʻng markirovkasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktabrdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarining xavfsizligi umumiy texnik reglamentida koʻrsatilgan shartli belgilar va yozuvlardan tashqari quyidagi yozuvlar boʻlishi kerak:
a) “angro” mahsulotini ishlab chiqargan tashkilot nomi, davlati, seriya raqami (“angro” mahsulotini ishlab chiqargan tashkilotning seriya raqami bilan qadoqlangan dori vositasining seriya raqami kasr belgisi (/) orqali koʻrsatiladi);
b) qadoqlangan sanasi, yaroqlilik muddati va narxi. Bunda “angro” mahsulotining ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda dorixona tomonidan qadoqlangan dori vositasining oʻramida bir yildan ortiq boʻlmagan yaroqlilik muddati koʻrsatiladi. Dorixona tomonidan belgilanadigan yaroqlilik muddati “angro” mahsulotining yaroqlilik muddatidan oʻtib ketmagan holda belgilanishi shart.
16. Dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash va markirovka qilishning barcha jarayonlari 2-ilovada keltirilgan jadval shakliga muvofiq qogʻoz yoki elektron koʻrinishda rasmiylashtiriladigan qadoqlash ishlari jurnaliga yozib qoʻyiladi.
Jurnalning varaqlari raqamlangan, ip oʻtkazib tikilgan hamda tashkilot rahbarining imzosi va muhr (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
17. Dorixonalarda qadoqlangan, oʻralgan va markirovka qilingan “angro” mahsulotining sifatini nazorat qilish Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, saqlash, ularning sifatini nazorat qilish hamda ularni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2990, 2018-yil 3-aprel) muvofiq quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha amalga oshiriladi:
tayyorlangan dori vositalarini tarqatishdan oldingi nazorat.
Dorixonalardagi “angro” mahsuloti sifatini nazorat qilish farmatsevt-analitik tomonidan amalga oshiriladi.
18. Qadoqlangan, oʻralgan, markirovka qilingan “angro” mahsulotini realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomiga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Dorixonalarda “angro” mahsulotini saqlash, qadoqlash, oʻrash, markirovka va realizatsiya qilish jarayoniga javobgar shaxs etib oliy farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan mutaxassis tayinlanadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
20. Ushbu Tartib qoidalarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.