toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Dori vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dori vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oydan keyin amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlarning amalga kiritilishi bilan ularda koʻrsatilgan mahsulotlar, ishlar va xizmatlarni standartlashtirish boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik tusini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllashning ixtiyoriyligiga ega boʻlishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament belgilangan tartibda amalga kiritilgan kundan boshlab dori vositalarining xavfsizligini standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylik tusini bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzfarmsanoat” AK, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:
aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlari tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida keng xabardor qilinishini;
2016-yil noyabr oyida dori vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, markalash, oʻrab-joylash, tashish, saqlash, sotish va yoʻq qilishda ularning xavfsizligiga qoʻyiladigan belgilangan talablarni tushuntirish boʻyicha respublika seminari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-oktabr,
365-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 43-son, 506-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/862/2097-son)