toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 31.05.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-sonli ““Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5017-son farmoyishiga muvofiq vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga (keyingi o‘rinlarda — “Ijro.gov.uz” tizimi) ulanishi ta’minlandi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2800 dan ortiq qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan test rejimida tizimli nazorat olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, ayrim vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro intizomi nazoratini sifatli va samarali tashkil qilish, shuningdek, o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hanuzgacha talab darajasida yo‘lga qo‘yilmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlariga rioya etish masalalarida mas’uliyatsizlik va rasmiyatchilik holatlari uchramoqda, jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi choralar samarasizligicha qolmoqda, ish yuritishning ichki jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmayapti, shuningdek, ijro intizomiga konservativ-buyruqbozlik bilan yondashilishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Ijro intizomini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining ijrosi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazorat olib boruvchi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Ijro.gov.uz” tizimini doimiy asosda texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni ta’minlovchi ishchi organ hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari maxfiylik belgisi ostidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ma’lumotlar bazasini yuritish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas’ul;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi ommaviy axborot vositalarida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijro etilishi haqidagi jamoatchilik fikrini baholab borish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuraturasiga axborot kiritib borish uchun mas’uldir.
(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
2. “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ushbu nizomga muvofiq “Ijro.gov.uz” tizimida doimiy ishlashning tashkil qilinishini ta’minlasinlar.
3. Belgilansinki:
2019-yil 1-yanvardan boshlab respublika va hududlar darajasidagi majlis va yig‘ilishlarni o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlar bundan mustasno, faqatgina “Ijro.gov.uz” tizimidagi majlislar va yig‘ilishlar maxsus markazlashgan ma’lumotlar bazasiga o‘tkazilayotgan tadbirning maqsadi, natijalari, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi ko‘rsatilgan qaydlar kiritilganidan so‘ng amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarida belgilangan ijro muddatlari faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgandan so‘ng uzaytiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura bilan birgalikda majlislar va yig‘ilishlarning “Ijro.gov.uz” tizimidagi markazlashgan ma’lumotlar bazasida qayd etilmagan holda o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Bosh prokuraturasiga:
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining aniq amaliy natijalarga erishilishi ta’minlanmasdan turib, yuzaki bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijro holati to‘g‘risida ma’lumotlarning “Ijro.gov.uz” tizimi orqali o‘z vaqtida taqdim etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijro holatini vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida har oyda muhokama qilinishini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish;
byurokratik to‘siqlar va muammolarni hal etish muddatlarining cho‘zilishi holatlarini bartaraf etish orqali vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijro etilishida doimiy ravishda ko‘maklashib borish vazifalari yuklansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarmagan, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali ijro holati to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘liq bo‘lmagan holda, noto‘g‘ri va kechiktirib taqdim etgan, buyruqbozlikka va masalalarni hal etishda muddat buzilishiga yo‘l qo‘ygan vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarini javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritib borsin;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining ijrosi holati to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘liq bo‘lmagan holda, noto‘g‘ri va kechiktirib taqdim etgan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritib borsin.
Belgilansinki, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining taqdimnomalari va talablari bajarilmagan taqdirda tegishli materiallar javobgarlik choralarini ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari ijrosi yuzasidan aholi, senatorlar, deputatlar, tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazorati mexanizmining amalga oshirilishini ta’minlovchi “Jamoatfikri.uz” portalining tashkil etilishi va yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin.
7. “Ijro.gov.uz” tizimi va “Jamoatfikri.uz” portalini tashkil etish, texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmalari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini “Ijro.gov.uz” tizimiga monitoring rejimida ulanishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda har bir davlat organi va tashkilotlarida, ularning hududiy bo‘linmalarida majlislar va yig‘ilishlarni jismoniy shaxslar ishtirokisiz masofadan o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritsin;
2018-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida mavjud elektron hujjatlar almashinuvi tizimlarining xatlovdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
2019-yil 1-yanvarga qadar “Ijro.gov.uz” tizimida respublika va hududlar darajasida o‘tkaziladigan majlis va yig‘ilishlar markazlashgan ma’lumotlar bazasini yaratsin va yo‘lga qo‘ysin;
2019-yil 1-iyulga qadar elektron hujjatlar almashinuvi tizimlarini “Ijro.gov.uz” tizimiga integratsiya qilish maqsadida yagona talablar, shuningdek, ushbu tizimning davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarning elektron hujjat almashinuvi tizimlari bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha integratsiyaviy shlyuz ishlab chiqilishini ta’minlasin.
9. 2019-yil 1-yanvardan boshlab:
davlat organlari va tashkilotlarida qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida ro‘yxatga olish tartibi;
qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bo‘yicha hisob kartotekalarining qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi bekor qilinsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari bo‘yicha ijro intizomini nazorat qilish jarayonini, keyinchalik “Ijro.gov.uz” tizimi bilan integratsiya qilgan holda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini ta’minlasin.
11. Belgilansinki, adliya organlari mahalliy ijro hokimiyati organlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanishi va kelishilishida amaliy yordam ko‘rsatadilar.
12. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri (Aripov), uning o‘rinbosarlari (Ramatov, Qo‘chqorov, Xolmurodov, Sultonov, Otajonov, Abduhakimov, Mirzayev, Norboyeva), shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga (Abduqodirov) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining mas’ul vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan ishlarning tashkil qilinishi uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga (Nizomiddinov), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilariga — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ijro intizomini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining amalga oshirilishida ko‘maklashish uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga (Murodov) — vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali ijro etilishi yuzasidan tegishli prokuror nazorati ta’minlanishi, shuningdek, ularni to‘liq bo‘lmagan holda va kechiktirib bajargan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rilishi uchun;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisiga (Ikromov) — vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tegishli darajada ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining so‘zsiz, to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi uchun;
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga (Sodiqov) — “Ijro.gov.uz” tizimi va “Jamoatfikri.uz” portalining takomillashtirilishi, uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha doimiy asosda choralar ko‘rib borilishi uchun;
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziriga (Davletov) — normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida topshiriqlar ijrosining aniq muddatlari belgilanishi, shuningdek, ularning aniq va ravshan bayon qilinishi yuzasidan nazoratni ta’minlash uchun;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi, shuningdek, ularning ijro holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali to‘liq, to‘g‘ri va o‘z vaqtida taqdim qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikromov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-oktabr,
PQ-3962-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qaroriga
ILOVA
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi (bundan keyin — “Ijro.gov.uz” tizimi)ning ishlash tartibini belgilaydi.
“Ijro.gov.uz” tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining raisligi ostida o‘tkazilgan kengashlar bayonnomalarida belgilangan topshiriqlar (bundan keyin — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari) bajarilishining nazoratini ta’minlovchi axborot tizimi hisoblanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxfiylik grifi bo‘lgan hujjatlar va topshiriqlar bundan mustasno, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishining nazoratini ta’minlovchi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimi ishlashining koordinatori sifatida ish ko‘radigan O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi;
operator — “Ijro.gov.uz” tizimini vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga joriy qilish uchun javobgar bo‘lgan, shuningdek, uning uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi;
“Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilari — “Ijro.gov.uz” tizimida harakatlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar;
“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilari — “Ijro.gov.uz” tizimini qo‘llagan holda o‘z lavozim majburiyatlari doirasida harakatlanayotgan “Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilarining rahbarlari yoki vakolatli xodimlari.
3. “Ijro.gov.uz” tizimining asosiy vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida ko‘zda tutilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida, sifatli, samarali hamda natijadorlik bilan ijro etilishini ta’minlash;
“Ijro.gov.uz” tizimiga ulangan ishtirokchilar uchun yagona axborot makonini yaratish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishi bilan tasdiqlangan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga ulanadigan vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning ro‘yxatiga muvofiq);
vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalar va topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun shaxsiy javobgarligini kuchaytirish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini qo‘llash, shuningdek, ish yuritish ichki jarayonlarini avtomatlashtirish orqali vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini oshirish;
“Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilari o‘rtasida muntazam idoralararo elektron hamkorligini ta’minlash.
4. “Ijro.gov.uz” tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish idoralararo elektron hamkorlik ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritish tartibi
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining kanselyariyasi tomonidan tegishli hujjat qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay “Ijro.gov.uz” tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining elektron nusxalarini tarqatish, shu jumladan vakolatli davlat organiga yuborish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshirig‘ini shakllantirish amalga oshiriladi. Shoshilinch topshiriqlar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali darhol jo‘natilishi kerak.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarining elektron nusxalari olingan kundan boshlab — bir ish kuni davomida vakolatli davlat organi tomonidan mas’ul ijrochilari va bajarish muddatlari ko‘rsatilgan holda “Ijro.gov.uz” tizimiga nazorat topshiriqlari kiritiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijro nazoratini ta’minlash bo‘yicha biriktirilgan mas’ul tarkibiy bo‘linmalari) tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kelib tushgan nazorat bandlari belgilangan tartibda qabul qilinadi va bir ish kunidan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasi Apparatidagi mas’ul bajaruvchilarga yuboriladi.
8. “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan nazorat topshiriqlari “Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilarining rahbarlarida, shuningdek, ijro intizomi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarda aks etadi.
3-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarini ijro etish sifati va muddatlariga rioya etilishining “Ijro.gov.uz” tizimi orqali nazorat qilish tartibi
9. Vakolatli davlat organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosining muntazam nazorati va tahlili ta’minlanadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini nazorat qilish maqsadida vakolatli davlat organiga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali ijro natijalari bilan tanishib chiqishga ruxsat beriladi.
11. “Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilari — mas’ul bajaruvchilar tegishli nazorat topshiriqlarining bajarish muddatlari yaqinlashgani to‘g‘risida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali muntazam xabardor qilinadilar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining nazorat bandlari ijro etilgani natijalariga asosan mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimida belgilangan muddatlarda hisobotga (nazorat topshirig‘iga beriladigan javobga) tegishli axborot (isbotlovchi hujjatlar) PDF formatida ilova qilinadi.
13. Nazorat bandlarini bajarish natijalari to‘g‘risidagi hisobotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarga erishishning aniq yo‘nalishlari ko‘rsatib beriladi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidagi tegishli mas’ul ijrochilar tomonidan nazorat bandlarini bajarish natijalarini kelishib olish bir ish kunidan kechiktirmagan holda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
nazorat bandlari qoniqarsiz bajarilganida ijro natijalari qayta ishlash uchun mas’ul ijrochiga yuboriladi;
nazoratga olingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining nazorat bandlari qoniqarli darajada bajarilganida “Ijro.gov.uz” tizimiga tasdiq ma’lumoti kiritiladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining nazorat bandlarini bajarish natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida ko‘zda tutilgan nazorat bandlari mas’ul ijrochilar tomonidan to‘liq va sifatli bajarilganida vakolatli davlat organi tomonidan ushbu topshiriqlar “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratdan olinadi;
Nazorat bandlarini bajarish natijalari qoniqarsiz deb topilganida vakolatli organ tomonidan ushbu nazorat bandini qayta ishlash uchun tegishli mas’ul bajaruvchiga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali boshqatdan yuboriladi.
16. Vakolatli davlat organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan nazorat bandlarini ijro natijalari to‘g‘risidagi axborotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam taqdim etiladi.
4-bob. Foydalanuvchilarning “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishlarini tashkil qilish tartibi
17. Foydalanuvchilarning “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishlarini tashkil qilish operator tomonidan amalga oshiriladi.
18. “Ijro.gov.uz” tizimining ishlashini texnik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash maqsadida operator quyidagilarni amalga oshiradi:
“Ijro.gov.uz” tizimi foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish, ulash va o‘qitish;
“Ijro.gov.uz” tizimini modernizatsiyalash va “Ijro.gov.uz” tizimining yangi versiyalarini ishga tushirish;
“Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchilariga Call-markaz orqali “Ijro.gov.uz” tizimini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha, shu jumladan “Ijro.gov.uz” tizimida foydalanuvchilarning xato yoki noto‘g‘ri ishlashlarining oldini olish bo‘yicha maslahatlar berish;
“Ijro.gov.uz” ishining funksional va foydalanish xarakteristikalarini yaxshilash maqsadida tizimning ishlashini tahlil qilish.
19. “Ijro.gov.uz” tizimiga yangi foydalanuvchilarni ulash uchun operatorning pochta manziliga belgilangan shakldagi to‘ldirilgan arizalar yuboriladi. Arizalarning shakllarini “Ijro.gov.uz” tizimidan olish mumkin.
20. Operator arizani olgan kundan boshlab uch ish kuni davomida “Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchisi bilan shartnoma tuzishi lozim.
21. “Ijro.gov.uz” tizimiga ulanish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgandan va operatorning bankdagi hisob raqamiga to‘lov kelib tushgandan so‘ng operator uch ish kuni davomida:
himoyalangan apparat qurilmalarida ulanayotgan yangi foydalanuvchining elektron raqamli imzosining yopiq kalitini va ochiq kalitining sertifikatini generatsiyalashni;
“Ijro.gov.uz” tizimining yangi foydalanuvchisiga yoki ishtirokchisining ishonchli vakiliga elektron raqamli imzoning yopiq kaliti va ochiq kalitining sertifikati bo‘lgan himoyalangan apparat qurilmasi berilishini ta’minlashi shart.
5-bob. “Ijro.gov.uz” tizimida foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqarish
22. “Ijro.gov.uz” tizimining ishtirokchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning boshqarilishini operator ta’minlaydi.
23. “Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqarish (ma’lumotlarni kiritish, o‘zgartirish, yangilash, o‘chirish) “Ijro.gov.uz” tizimining ishtirokchisi — tashkilot kadrlar bo‘linmasining xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
24. “Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchisi to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgandan keyin unga elektron raqamli imzoning yozilgan yopiq kaliti va ochiq kalitining sertifikatiga ega himoyalangan apparat qurilmasi beriladi.
25. “Ijro.gov.uz” tizimiga kirish uchun “Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchisi tomonidan himoyalangan apparat qurilmasidan foydalaniladi.
26. Xodim (“Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchisi) bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda himoyalangan apparat qurilmasi “Ijro.gov.uz” tizimining ishtirokchisi — tashkilotning kadrlar bo‘linmasiga topshirilishi kerak.
27. “Ijro.gov.uz” tizimining ishtirokchisi — tashkilotning kadrlar bo‘linmasiga topshirilgan himoyalangan apparat qurilmasi, kadrlar bo‘linmasi tomonidan himoyalangan apparat qurilmasining egasini almashtirish uchun operatorga so‘rov yuborilgandan so‘ng, “Ijro.gov.uz” tizimining yangi foydalanuvchisiga berilishi mumkin.
6-bob. Yakuniy qoidalar
28. “Ijro.gov.uz” tizimining foydalanuvchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishning borishi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli taqdim etilishi, shuningdek, “Ijro.gov.uz” tizimida ishlaganda axborot xavfsizligini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadilar.
29. “Ijro.gov.uz” tizimi ishtirokchilarining rahbarlari ko‘tarilgan masalalarni va yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga, shuningdek, oldindan qo‘yilgan maqsadlarga erishishni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish natijalarini o‘z vaqtida va sifatli taqdim etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar.
30. Operator “Ijro.gov.uz” tizimining uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
31. Zarur bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosining nazoratini tashkil qilish joylarga chiqqan holda amalga oshirilishi mumkin.
32. Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirmaydigan davlat organlarida va tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini va nazoratini tashkil qilish ham ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
33. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari bajarilishining nazoratini “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali tashkil qilish
SXEMASI
Izoh:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini tashkil qilish va ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son, 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son hujjatlariga asosida ham amalga oshiriladi.
(izohning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5846-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)
2. Zarur bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishining nazoratini tashkil qilish joylarga chiqqan holda amalga oshirilishi mumkin.
3. Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirmaydigan davlat organlari va tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini va ijrosi nazoratini tashkil qilish ham ushbu Sxemada ko‘zda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.10.2018-y., 07/18/3962/2004-son; 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)