toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Innovatsion rivojlantirish va vinochilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish manbalarini kengaytirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Vino mahsulotlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarining ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirishga va vino xomashyosi bazasini kengaytirishga koʻmaklashuvchi, uzumchilik, shu bilan birga uzumning yangi seleksiya navlarini oʻzlashtirishda innovatsion gʻoyalarni, zamonaviy texnologiyalarni faol tatbiq etish, shuningdek, fan va innovatsion yechimlar natijadorligini taʼminlash uchun qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantirish va jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzsharobsanoat” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Oʻzsharobsanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan uzumchilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishlarini bepul moliyalashtirish maqsadida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda “Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
“Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini boshqaruv kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzsharobsanoat” AJ ning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilova muvofiq tasdiqlansin.
3. Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagi asosiy manbalar hisobidan shakllantirilishi belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan subsidiyalar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarzlari) va grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-son Farmoni bilan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijro etuvchi direksiyasining boshqaruv xodimlariga yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tarif koeffitsiyentlariga 1,7 hamda xizmat koʻrsatuvchi (texnik) xodimlariga 1,3 miqdorida oshiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllaniladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzsharobsanoat” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmalari asosida 2018-yilning oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga 15 milliard soʻm va Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 15 milliard soʻm ajratsin;
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi va keyingi yillarning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozini va davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi va Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ehtiyojlari uchun ajratiladigan mablagʻlar har yili kamida 10 foizga indeksatsiya qilingan holda, tegishli ravishda 80 milliard va 100 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
(5-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzsharobsanoat” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi va Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishi yuzasidan tizimli nazorat va monitoring olib borsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
792-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 792-son qaroriga
1-ILOVA
“Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini boshqarish kengashi tarkibi

Mustafayev O.

“Oʻzsharobsanoat” AJ boshqaruvi raisi, Kengash raisi

Karimov A.

Moliya vazirining oʻrinbosari, Kengash raisining oʻrinbosari

Niyazmatov B.

Iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari

Vaxabov A.

Qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari

Fayzibayev O.

Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

Abdullayev T.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

Pulatov J.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining birinchi oʻrinbosari v.v.b.

Umarov S.

“Oʻzsharobsanoat” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari

lavozimi boʻyicha

Viloyat hokimining qishloq xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari (moliyalashtirilayotgan loyihani joylashuv hududi boʻyicha)

Vapayev N.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi, Kengash kotibi

Izoh.
Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Kengash tarkibiga ularning lavozimiga yangi tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 792-son qaroriga
2-ILOVA
“Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. “Oʻzsharobsanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinda tashkilot deb ataladi) tomonidan uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarni begʻaraz moliyalashtirish Jamgʻarmani tashkil etishning maqsadi hisoblanadi.
3. Jamgʻarma yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etiladi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida ochilgan “Oʻzsharobsanoat” AJ gʻaznachilik shaxsiy hisob varagʻida jamlanadi hamda mazkur Nizomda belgilangan tartib asosida foydalaniladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllanishi va ulardan foydalanish
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarining manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi budjetidan har yili ajratiladigan begʻaraz subsidiya mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat tashkilotlarining kredit (qarzlar) va grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga ajratiladi:
uzum koʻchatlarini sotib olish va ularni ekishni tashkil etish;
irrigatsiya tadbirlarini oʻtkazish, shu jumladan dalalarga suv yetkazib berish, tomchilatib sugʻorish uskunalarini sotib olish, artezian quduqlarini, skvajina va suv saqlash ombori (rezervuarlar) yaratish, suv yetkazib berish uchun nasos hamda quvurlarni sotib olish, suvni saqlash uchun sigʻimlar sotib olish va boshqalar;
shpalerlar, simlar va toʻsiqlar sotib olish;
elektroenergiya va boshqa resurslarning avtonom (transformator,gaz taqsimlovchi va nasos stansiyalari va boshqalar) manbalari bilan taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatlarini sotib olish;
uzumning seleksion texnik navlarini yaratish;
“Oʻzsharobsanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlarning uzum plantatsiyalarini tashkil etish va rivojlantirish uchun olingan kredit va zayomlar boʻyicha majburiyatlarini soʻndirish.
Shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari doirasidagi uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda ham foydalanilishi mumkin.
6. Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlardan qatʼiy ravishda ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalaniladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
7. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish va ularni taqsimlash Jamgʻarmani boshqarish kengashi (keyingi oʻrinda Kengash deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma kengashining yigʻilishini oʻtkazish uchun ishtirokchilar soni Kengash aʼzolarining 50 foizidan kam boʻlmasligi kerak. Yigʻilishda koʻrilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy — koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash yigʻilishi rejaga asosan har oyda yoki zaruriyat boʻlganda oʻtkaziladi.
8. Kengash:
har yili 25-dekabrga qadar Jamgʻarmaning keyingi yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maqsadlarni Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar roʻyxatini belgilaydi;
zaruriyat boʻlganda Jamgʻarmaning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari boʻyicha hisobotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaga xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etishda amaliy yordam koʻrsatadi;
Jamgʻarmaning tashkil etilishi va mablagʻlardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Jamgʻarmaning ishchi organi — ekspert guruhi boʻlib, u Kengash tomonidan tasdiqlanadi. Ekspert guruhi tarkibi “Oʻzsharobsanoat” AJ xodimlaridan shakllantiriladi.
10. Ekspert guruhi:
uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan loyihalar boʻyicha hujjatlarni qabul qilib, tahlil qiladi va Kengash koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi;
Jamgʻarmaning keyingi yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasi reja koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini tushumi miqdorini koʻpaytirish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarma tushum manbalari hamda xarajatlarining asosiy yoʻnalishlari hisobini olib boradi;
Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli foydalanishining texnik va moliyaviy nazoratini amalga oshiradi;
korxonalarda Jamgʻarmadan olingan mablagʻlarni ishlatilishi va bajarilgan ishlar boʻyicha hisobotni qabul qiladi va umumlashtiradi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha har chorakda hisobotlar tayyorlaydi va Kengashga taqdim etadi.
4-bob. Uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish tartibi
11. Uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni Jamgʻarma hisobidan moliyalashtirilishi mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan sxema asosida amalga oshiriladi.
12. Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun tashkilotlar “Oʻzsharobsanoat” AJga quyidagi hujjatlarni yozma ravishda yoki elektron shaklda taqdim etadilar:
mablagʻ ajratish uchun ariza, unda yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan manzili (pochta adresi), bank filialining nomi va bankdagi hisob raqami koʻrsatilgan boʻlishi lozim;
taʼsis hujjatlari nusxasi (Ustav yoki taʼsis shartnomasi) va Davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
uzumchilikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha aksiyadorlik jamiyati aksiyadori va taʼsischilari (Kuzatuv kengashi, Boshqaruv), Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar taʼsischilari (paychilar, ishtirokchilar) roziligi toʻgʻrisidagi umumiy yigʻilish bayonnomasi;
uzumchilikni rivojlantirish loyihasining biznes-rejasi;
tashkilotning oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya hisoboti nusxasi, toʻliq ilovalari bilan birga;
xizmat koʻrsatuvchi bankdan barcha hisob raqamlaridagi pul mablagʻlari aylanmasi, hisob raqami holati va 2-sonli kartoteka mavjud emasligi haqida maʼlumotnoma.
Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
13. Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirish masalasi, taqdim etilgan loyiha qiymatining 20 foizidan kam boʻlmagan miqdorda tashkilotning oʻz mablagʻlari yoki ularga tenglashtirilgan boshqa moliyalashtirish manbalari bilan ishtiroki boʻlgan taqdirda koʻrib chiqiladi, Oʻzbekiston Respublikasi va Vazirlar Mahkamasi qarori va topshiriqlari doirasidagi loyihalar bundan mustasno.
14. Tashkilotning loyihadagi ishtiroki quyidagilar bilan taʼminlanishi lozim, agrotexnik tadbirlarni moliyalashtirish (jumladan yer haydash va erni ekishga tayyorlash, chizellash va boshqalar), qishloq xoʻjalik texnikalari uchun yonilgʻi-moylash materiallari sotib olish, mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalar sotib olish va boshqa moddiy aktivlar (koʻchmas mulk, asbob-uskunalar, pul mablagʻlari).
15. Jamgʻarmadan loyihani moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratish yoki mablagʻ ajratishni rad etish haqidagi qaror, ariza kelib tushgan kundan boshlab 15 kun muddatda qabul qilinadi;
16. Tashkilotning Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun taqdim etilgan hujjatlari ekspert guruhining masʼul shaxslari tomonidan qabul qilinadi va mazkur Nizomning 12 — 14 bandlarida koʻrsatilgan talablarga mosligi tekshiriladi.
17. Mazkur Nizom talablariga muvofiq boʻlgan tashkilot tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, ekspert guruhi tomonidan 10 kun muddatda Kengash tomonidan koʻrib chiqilishi uchun taqdim etiladi.
18. Kengash Jamgʻarmadan mablagʻ olish uchun tashkilot tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni 5 kun muddatda koʻrib chiqadi va ushbu mablagʻlarni ajratish yoki ajratishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
19. Ekspert guruhi qabul qilingan qaror yuzasidan tashkilotni 1 kun muddatda xabardor qiladi.
20. Uzumchilikni rivojlantirish loyihasini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish boʻyicha Kengash tomonidan qabul qilingan qaror asosida begʻaraz moliyaviy yordam ajratish toʻgʻrisidagi shartnoma “Oʻzsharobsanoat” AJ va tashkilot oʻrtasida 3 kun muddatda tuziladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi, ulardan foydalanish yuzasidan hisobot va nazorat
21. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish “Oʻzsharobsanoat” AJning boshqa mablagʻlari hisobidan alohida amalga oshiriladi.
22. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasi qonunchilikda belgilangan tartibda (tushum manbalari va mablagʻlarni foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha choraklar kesimida) tuziladi.
23. Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi boʻyicha va bajarilgan ishlar haqida tashkilotlar “Oʻzsharobsanoat” AJga hisobot taqdim etadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari haqidagi hisobotlar har chorakda, hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasidan, yil yakunlari boʻyicha esa keyingi yilning 30-yanvaridan kechiktirmagan holda taqdim etiladi.
25. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari qaytarib olinmaydi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda keyingi yilda foydalanish uchun qoldiriladi.
26. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi va “Oʻzsharobsanoat” AJ bilan birgalikda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Oʻzsharobsanoat” AJning Uzumchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 09/18/792/1996-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)