1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.02.00 Nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil qilish va roʻyxatga olish tartibi. Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatiga olish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamgʻarmalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari boʻyicha qoʻmitaning
Qarori
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil 29-oktabrdagi 3-sonli qarori (roʻyxat raqami 3071-2, 30.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 10/21/3071-2/1003-son)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 27-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3071]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining 2024-yil 3-maydagi 1-sonli ““Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3071-3, 10.05.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-sentabrdagi 612-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil 29-oktabrdagi 3-sonli qarori (roʻyxat raqami 3071-2, 30.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 10/21/3071-2/1003-son)
1. Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil 29-oktabrdagi 3-sonli qarori (roʻyxat raqami 3071-2, 30.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 10/21/3071-2/1003-son)
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. AKRAMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-sentabr,
1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2018-yil 26-sentabrdagi 1-son qaroriga ILOVA
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazishda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) xulosasini olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
diniy taʼlim muassasasi — muayyan konfessiyaga mansub boʻlgan, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilarini va ular uchun zarur boʻlgan diniy xodimlarni tayyorlash uchun diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha markaziy boshqaruv organi tomonidan tashkil etilgan muassasa;
diniy tashkilot — fuqarolarning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan, birgalikda dinga eʼtiqod qilish, ibodat qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarish maqsadida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz ishtirokchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan koʻngilli birlashmasi (mahalliy diniy tashkilot, diniy taʼlim muassasasi va diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha markaziy boshqaruv organi);
diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha markaziy boshqaruv organi — bir konfessiyaning mahalliy diniy tashkilotlari, shuningdek diniy taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining kamida sakkizta maʼmuriy-hududiy birligida (Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatda, Toshkent shahrida) roʻyxatdan oʻtib faoliyat koʻrsatayotgan mahalliy diniy tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan diniy tashkilot;
mahalliy diniy tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasining tegishli tumani (shahri) hududida doimiy yashayotgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, ellik nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tashabbusi bilan tashkil etilgan, faoliyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, va Toshkent shahri, tuman yoki shahar hududida amalga oshiruvchi diniy tashkilot (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, ibodatxonalar va boshqalar).
2-bob. Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan xulosa olish
2. Qoʻmitaga diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari yoki ular tomonidan vakil qilingan shaxslar xulosa olish uchun murojaat qiladi.
3. Murojaatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) markaziy boshqaruv organi uchun:
taʼsis yigʻilishining (konferensiyasining) markaziy boshqaruv organini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va boshqaruv organlarini saylash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan qarorining nusxasi;
markaziy boshqaruv organining davlat tilidagi ustavi nusxasi;
joylashgan yeridan diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkka egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
markaziy boshqaruv organining taʼsischilari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot;
markaziy boshqaruv organining rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot;
markaziy boshqaruv organining rahbarida diniy professional maʼlumot mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, bundan taʼlimoti diniy professional taʼlim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno (diniy maʼlumot haqidagi hujjat xorijiy davlatda berilganda uning tan olinganligi boʻyicha hujjat nusxasi ham taqdim qilinadi);
b) diniy taʼlim muassasalari uchun:
markaziy boshqaruv organining diniy taʼlim muassasasini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash (tayinlash) boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining nusxasi;
diniy taʼlim muassasasining davlat tilidagi ustavi nusxasi;
diniy taʼlim muassasasining rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot;
v) mahalliy diniy tashkilotlar uchun:
taʼsis yigʻilishining mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining nusxasi;
mahalliy diniy tashkilotni davlat tilidagi ustavining nusxasi;
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli tumani (shahari) hududida doimiy yashayotgan, mahalliy diniy tashkilotni oʻz tashabbusiga koʻra tuzayotgan, oʻn sakkiz yoshga yetgan ellik nafardan kam boʻlmagan mahalliy diniy tashkilotni tashkil etish tashabbuskorlari tomonidan imzolangan mazkur Nizomning 3-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot;
mahalliy diniy tashkilotning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq maʼlumot;
mahalliy diniy tashkilot rahbarida diniy professional maʼlumot mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, bundan taʼlimoti diniy professional taʼlim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno (diniy maʼlumot haqidagi hujjat xorijiy davlatda berilganda uning tan olinganligi boʻyicha hujjat nusxasi ham taqdim qilinadi);
mahalliy diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkning shaharsozlik normalari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalar ilova qilingan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xulosasining nusxasi.
4. Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun xulosa olish toʻgʻrisidagi murojaat olingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda koʻrib chiqiladi.
5. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun xulosa olish toʻgʻrisidagi murojaatlar Qoʻmitaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari orqali oʻrganiladi.
Bunda, hududiy boshqarmalarga yuborilgan murojaatlar oʻn besh kunlik muddatdan oshmasdan joyiga chiqqan holda oʻrganilib chiqiladi.
6. Qoʻmita murojaatni koʻrib chiqish yakunlariga koʻra, taqdim etilgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan murojaat qiluvchiga xulosa taqdim etadi.
7. Quyidagilar diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun xulosa olish toʻgʻrisidagi murojaatni rad etishga asos boʻladi:
mazkur Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan tegishli hujjatlarning toʻliq taqdim etilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlarda atayin notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi;
ilgari xuddi shu nomdagi yoki adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan nomdagi diniy tashkilotning roʻyxatdan oʻtkazilganligi;
hujjatlar sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar tomonidan taqdim etilganligi.
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun xulosa olish toʻgʻrisidagi murojaatni mazkur bandda nazarda tutilmagan asoslar bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun xulosa olish toʻgʻrisidagi murojaat rad etilgan taqdirda, Qoʻmita tomonidan shu kunning oʻzida murojaat qiluvchiga rad etish asoslari koʻrsatilgan xabarnoma yuboriladi.
Bunda, xabarnomada murojaat rad etilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida uning rad etilishiga asos boʻlgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda Qoʻmitaga takroran taqdim qilinishi mumkinligi koʻrsatilishi lozim.
9. Rad etilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida takroran taqdim etilgan murojaat, Qoʻmita tomonidan, u kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida, ushbu murojaatning avval rad etilishiga asos boʻlgan qismigina koʻrib chiqiladi.
10. Qoʻmitaga rad etilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni oʻtgandan keyin taqdim qilingan murojaat yangidan taqdim etilgan deb hisoblanadi hamda umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
11. Murojaatni takroran koʻrib chiqishda Qoʻmita tomonidan avvalgi rad etish uchun asoslarda bayon etilmagan sabablar keltirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, avval koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
3-bob. Yakuniy qoida
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Markaziy boshqaruv organi taʼsischilari toʻgʻrisidagi
MAʼLUMOT
T/r
Tashabbuskor diniy tashkilot nomi
Diniy tashkilot roʻyxatdan oʻtgan sanasi va raqami
Diniy tashkilot manzili
Diniy tashkilot rahbarining F.I.O.
Tashabbuskor diniy tashkilot rahbarining imzosi va diniy tashkilot muhri
Markaziy boshqaruv organi rahbari
________________________________
(F.I.O. va imzosi)
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Diniy tashkilotning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi
MAʼLUMOT
T/r
F.I.O.
Tugʻilgan yili, oy, kun
Turar joyi
Ish joyi va lavozimi
Diniy tashkilotning rahbari
________________________________________
(F.I.O. va imzosi)
Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosasini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Diniy tashkilot tashabbuskorlari toʻgʻrisidagi
MAʼLUMOT
T/r
F.I.O.
Tugʻilgan yili, oy, kun
Turar joyi
Imzo
Diniy tashkilotning rahbari
________________________________________
(F.I.O. va imzosi)
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil 29-oktabrdagi 3-sonli qarori (roʻyxat raqami 3071-2, 30.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 10/21/3071-2/1003-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2018-y., 10/18/3071/1970-son; 22.06.2020-y., 10/20/3071-1/0789-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 30.10.2021-y., 10/21/3071-2/1003-son)