1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.02.00.00 Advokatura / 18.02.02.00 Advokatura faoliyatining tashkiliy asoslari]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Advokatura]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-maydagi PF-5441-son Farmoniga muvofiq, professional yuridik yordam koʻrsatish sifatini oshirish va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olish tartibotini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlarining reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tegishli hududlarda yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari reyestrini yuritadilar.
Yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari, shuningdek ushbu tashkilotlarda ishlayotgan yuridik maslahatchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining advokatlik faoliyatini quyidagi ixtisosliklar boʻyicha litsenziyalash haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish;
maʼmuriy va jinoiy sud ishlarini yuritish.
Belgilansinki, ixtisoslashuv faqat fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy va jinoyat ishlarini yuritishda advokatlar tomonidan malakali yuridik yordam koʻrsatishda talab qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda faoliyat yuritayotgan advokatlarni attestatsiyadan oʻtkazmasdan, ular tanlagan har ikki ixtisoslik yoki ularning biri boʻyicha advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarning qayta rasmiylashtirilishini, shuningdek ularni davlat bojlari va yigʻimlarini toʻlashdan ozod etilishini taʼminlasin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/432/0717-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-avgust,
675-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 675-son qaroriga 1-ILOVA
Tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilab beradi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yuridik maslahat xizmati — tijorat tashkilotlarining yuridik va jismoniy shaxslarga (keyingi oʻrinlarda mijoz deb ataladi) shartnoma asosida yuridik maslahat xizmatlari koʻrsatish borasidagi faoliyati;
yuridik maslahatchilar tashkiloti — yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi va yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari reyestriga (keyingi oʻrinlarda reyestr deb ataladi) kiritilgan yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkiloti;
yuridik maslahatchi — oliy yuridik maʼlumotga yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini tugatib belgilangan namunadagi diplomga va yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan va yuridik maslahatchilar tashkiloti shtatida turgan jismoniy shaxs.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
3. Yuridik maslahat xizmati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
qonun ustuvorligi;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
faoliyatda mustaqillik va maxfiylik;
shartnoma majburiyatlariga rioya etish.
2-bob. Yuridik maslahatchilar tashkiloti faoliyatini tashkil etish va uning asosiy yoʻnalishlari
4. Yuridik maslahatchilar tashkilotlari quyidagi yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatishlari mumkin:
roʻyxatdan oʻtish, qayta tashkil etish, yuridik shaxslarni tugatish, xorijiy kompaniyalar va tashkilotlar vakolatxonalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, guvohnomalar va boshqa ruxsatnomalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olishda koʻmaklashish;
biznesga yuridik koʻmaklashish (xizmat koʻrsatish), shu jumladan tashkilotning joriy masalalari boʻyicha maslahat berish;
tashkiliy masalalar va korporativ boshqaruv masalalari boʻyicha tashkilotning turli xil ichki hujjatlarini ishlab chiqish;
shartnomalar, kontraktlar, kelishuvlar, arizalar, shikoyatlar va boshqa huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ekspertizadan oʻtkazish;
yuridik masalalarni muhokama qilishni oʻz ichiga olgan muzokaralarda jismoniy va yuridik shaxslarning vakilligi;
qonun hujjatlari va mazkur Nizom bilan taqiqlanmagan boshqa xuquqiy masalalar boʻyicha mijozlarga maslahat berish.
5. Yuridik maslahatchilar tashkilotlari:
davlat sirini tashkil etuvchi axborot boʻyicha huquqiy maslahatlar berish;
fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy, jinoiy ishlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarda koʻriladigan materiallar boʻyicha yuridik maslahat berish va vakillik qilish;
himoyachining vazifalari va dastlabki tergovda ishtirok etish;
qonun hujjatlari va mazkur Nizomda taqiqlangan boshqa faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega emas.
6. Yuridik maslahatchilar tashkiloti aksiyadorlik jamiyatidan tashqari, istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Yuridik maslahatchilar tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Yuridik maslahatchilar tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
7. Yuridik maslahatchilar tashkilotlarini soliqqa tortish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 70-bobi.
8. Yuridik maslahatchilar tashkilotlarini tashkil etish va faoliyat koʻrsatishining majburiy sharti shtatda kamida bitta yuridik maslahatchi boʻlishi hisoblanadi. Agar shtatda faqat bitta yuridik maslahatchi boʻlsa, u holda u Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi lozim.
Yuridik maslahatchilar tashkilotida yuridik maslahatchi shtati bittadan ortiq boʻlgan taqdirda, ushbu tashkilotning yuridik maslahatchilari umumiy sonining kamida 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlishi shart.
9. Yuridik maslahatchi yuridik maslahatchilar tashkilotini reyestrga kiritish vaqtida bu haqda xabar qilgan holda, xalqaro huquq va xorijiy davlat qonunchiligi boʻyicha maslahat berishi mumkin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 407-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
10. Advokat maqomi oʻz arizasiga koʻra toʻxtatib turilgan shaxs yuridik maslahatchi sifatida ishlashi mumkin.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar yuridik maslahatchi sifatida ishlashi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 31-bobi.
3-bob. Yuridik maslahatchilar tashkiloti huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
11. Yuridik maslahatchilar tashkiloti:
mijozdan yuridik maslahat xizmatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni olish;
yuridik maslahat jarayonida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha mijozdan ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
davlat organlariga huquqiy masalalar boʻyicha (takliflar, arizalar, shikoyatlar va boshqalar) murojaat qilish va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob olish;
yuridik maslahat berishda mijozning roziligi bilan shartnoma asosida advokatlar va turdosh sohalarning boshqa mutaxassislarini (soliqqa tortish, buxgalteriya hisoboti, audit va boshqalar) ishtirok etishga jalb qilish;
yuridik maslahat uchun zarur boʻlgan hujjatlar va boshqa maʼlumotlar mijoz tomonidan taqdim qilinmagan taqdirda xizmat koʻrsatishni rad etish huquqiga ega.
Yuridik maslahatchilar tashkiloti yuridik xizmat koʻrsatish shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Yuridik maslahatchilar tashkiloti:
har ikki mijozning xizmat koʻrsatishni davom ettirish haqida yozma roziligi olingan holatlardan tashqari, boshqa mijoz bilan manfaatlar toʻqnashuvini ifodalovchi holatlar aniqlanganda mijozga bu haqida xabar berish va xizmat koʻrsatishni rad etish,
yuridik maslahatchilarning ish sifati va manfaatlar toʻqnashuvini tekshirishning ichki nazorati qoidalarini belgilash va ularga rioya qilish;
yuridik yordam koʻrsatish vaqtida mijozdan va uchinchi shaxslardan olingan hujjatlarning lozim darajada saqlanishini taʼminlashga majbur.
Yuridik maslahatchilar tashkiloti yuridik xizmatlarni koʻrsatish haqida shartnomaga asosan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
13. Yuridik maslahatchilar tashkiloti quyidagi hollarda yuridik xizmat koʻrsatish haqida topshiriqni qabul qilishga haqli emas:
agar xizmatlar koʻrsatish joriy yoki sobiq mijoz manfaatlariga zid boʻlsa;
agar bunday xizmatlar koʻrsatish qonun hujjatlari talablariga zid boʻlsa.
14. Yuridik xizmatlar mijoz va yuridik xizmat koʻrsatish tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida koʻrsatiladi.
15. Quyidagilar yuridik xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning asosiy shartlari hisoblanadi:
shartnoma predmeti, ijrochi — yuridik maslahatchi haqida maʼlumotlar va taqdim etiladigan yuridik xizmatlar roʻyxati;
koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov miqdori, muddatlari va shartlari;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
yuridik xizmat koʻrsatishda foydalaniladigan maʼlumotlarning maxfiyligi;
yuridik xizmatlar koʻrsatish muddati;
tomonlarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganligi uchun javobgarligi.
Yuridik xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
16. Yuridik maslahatchilar tashkiloti yuridik xizmatlar koʻrsatish jarayonida olingan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi shart.
Yuridik maslahatchilar tashkiloti xodimlariga maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilish va bu maʼlumotlarni oʻz manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari uchun foydalanish taqiqlanadi.
Yuridik maslahatchilar tashkilotlari tomonidan maxfiy maʼlumotni uchinchi shaxslarga faqat mijozdan yozma rozilik olinganida yoki sud, prokuratura, tergov organlarida mijozga yoki uning mansabdor shaxslariga nisbatan ishlar yuritilayotganligi sababli ularning talabiga binoan taqdim etiladi.
4-bob. Yuridik maslahatchilar tashkiloti faoliyatining kafolatlari
17. Yuridik maslahatchilar tashkilotining professional faoliyati qonun bilan himoyalanadi.
18. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ishlaydigan shaxslar yuridik maslahatchilar tashkilotida mehnat faoliyatini amalga oshirishi va yuridik maslahat xizmatiga jalb qilinishi mumkin emas.
19. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar yuridik maslahatchilar tashkilotining taʼsischisi (ishtirokchisi) boʻla olmaydilar.
20. Yuridik maslahatchilar va (yoki) yuridik maslahatchilar tashkilotlari kasbiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlariga muvofiq assotsiatsiyalar (ittifoq) va boshqa birlashmalarga birlashishlari mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
reyestr yuritilishini taʼminlaydi;
yuridik maslahatchilar tashkilotlari tomonidan ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 675-son qaroriga 2-ILOVA
Yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlarining reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari reyestrini (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) yuritish tartibi belgilaydi.
2. Yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlarini (keyingi oʻrinlarda yuridik maslahatchilar tashkiloti deb yuritiladi) Reyestrga kiritish ularning maqomini va vakolatlarining rasmiy tasdigʻi hisoblanadi va ushbu tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reyestrga kiritish va bu haqda tegishli yozma bildirishnoma berish orqali amalga oshiriladi.
Reyestrga kiritishda yuridik maslahatchilar tashkilotini tashkil etishning maqsadga muvofiqligi koʻrib chiqilmaydi hamda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Yuridik maslahatchilar tashkiloti Reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisida yozma bildirishnoma olganidan soʻng faoliyatini boshlaydi.
4. Reyestr tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda adliya organlari deb ataladi) tomonidan yuritiladi.
5. Yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrga kiritish uchun toʻlov undirilmaydi.
6. Reyestr har chorakda kamida bir marta yangilanishi kerak.
2-bob. Yuridik maslahatchilar tashkiloti reyestrini yuritish
7. Yuridik maslahatchilar tashkiloti Reyestrda hisobga olishni amalga oshirish uchun tashkilot joylashgan joydagi adliya organiga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda ariza yuboradi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yuridik maslahatchilar tashkiloti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
yuridik maslahatchilarning roʻyxati, shu jumladan yuridik maslahatchi maslahat beradigan mamlakat huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
yuridik maslahatchilarning oliy yuridik maʼlumot yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha qayta tayyorlash kurslarida taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi diplom nusxasi (agar yuridik maslahatchi Oʻzbekiston Respublikasi huquqi boʻyicha maslahat beradigan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi oliy yuridik taʼlim muassasasi tomonidan berilgan oliy maʼlumot yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha qayta tayyorlash kurslarida taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi diplomi nusxasi yoxud xorijiy oliy oʻquv yurtida olingan oliy yuridik maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning ekvivalentligini eʼtirof etish boʻyicha vakolatli davlat organining guvohnomasi);
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)
mehnat daftarchalari nusxalari yoki yuridik maslahatchilarning ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
8. Hujjatlar yuridik maslahatchilar tashkiloti tomonidan adliya organiga bevosita, pochta aloqa boʻlimi orqali yoki elektron shaklda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingan holda taqdim etiladi.
9. Ariza beruvchi taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi va qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradi.
10. Adliya organi bir kun muddatda taqdim etilgan hujjatlarga asosan yuridik maslahatchilar roʻyxatiga kiritiladigan nomzodlarni Tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiqligini oʻrganib chiqadi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
Yuridik maslahatchilar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar koʻrsatib oʻtilgan talablarga muvofiq boʻlgan taqdirda adliya organi yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrga kiritadi. Yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha kiritiladi.
Yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrga kiritish hududiy adliya organi rahbarining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
11. Reyestrlar elektron shaklda yuritiladi.
12. Reyestrda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
yuridik maslahatchilar tashkilotining nomi;
yuridik maslahatchilar tashkilotining davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan raqami va sanasi;
yuridik maslahatchilar tashkilotining joylashgan joyi (pochta manzili);
yuridik maslahatchilarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
yuridik maslahatchi maslahat beradigan davlat huquqi;
Reyestrdan chiqarish;
Reyestrda yuridik maslahatchilar tashkiloti faoliyati bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin.
13. Adliya organi yuridik maslahatchilar tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Reyestrga kiritilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga tegishli bildirishnoma yuboradi.
14. Yuridik maslahatchilar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan yoki tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan yoxud toʻliq boʻlmagan hujjatlar taqdim qilingan taqdirda adliya organi ariza kelib tushgan kunidan boshlab uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga aniqlangan kamchiliklar haqida bildirishnoma yuboradi.
15. Yuridik maslahatchilar tashkiloti faoliyatin toʻxtatgan taqdirda oʻn ish kuni mobaynida adliya organiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Adliya organi barcha zarur hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida Reyestrga tegishli yozuvni kiritadi.
16. Yuridik maslahatchilar tarkibi oʻzgargan taqdirda, yuridik maslahatchilar tashkiloti tegishli oʻzgartirishlar boʻlgan kundan boshlab oʻn ish kun mobaynida adliya organiga mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda bildirishnoma yuboradi.
17. Yuridik maslahatchilar tashkiloti koʻrsatib oʻtilgan talablarga mos kelgan taqdirda adliya organi Reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
3-bob. Yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrdan chiqarish tartibi
18. Yuridik maslahatchilar tashkiloti quyidagi hollarda Reyestrdan chiqarilishi mumkin:
adliya organiga ixtiyoriy ravishda Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida ariza berganda;
yuridik maslahatchilar tashkiloti tugatilganda;
Tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizom talablariga ular faoliyati muvofiq kelmaganda.
Yuridik maslahatchilar tashkilotini Reyestrdan chiqarish hududiy adliya organi rahbarining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
19. Agar adliya organi tomonidan yuridik maslahatchilar tashkiloti faoliyatida Tijorat tashkilotlari tomonidan yuridik maslahat xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, adliya organi aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddati koʻrsatilgan holda talabnoma yuboradi.
20. Talabnoma bajarilmagan taqdirda, adliya organi belgilangan tartibda yuridik maslahatchilar tashkilotining yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini toʻxtatib turish haqida sudga ariza bilan murojaat qiladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
21. Yuridik maslahatchilar tashkilotini tashkil etish va tugatish haqidagi axborot hududiy adliya organlari tomonidan davriy ravishda, ammo har chorakda kamida bir marta umumlashtirish va tizimlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi.
Ushbu axborot Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tizimlashtiriladi va uning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1971-moddasi.
Yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
________________________________________________________________________________________________ (Reyestrga kiritishni amalga oshiruvchi adliya organ nomi) ________________________________________________________________________________________________ yuridik maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi tijorat tashkilotlari reyestriga kiritish haqida ARIZA
________________________________________________________________________________________________ (yuridik shaxsning toʻliq nomi,
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-sonli qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/432/0717-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2018-y., 09/18/675/1885-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 06.08.2022-y., 09/22/432/0717-son; 22.08.2023-y., 09/23/407/0638-son; 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)