1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish boʻyicha umumiy masalalar / 11.01.01.00 Asosiy qoidalar]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlashning hamda davlat budjeti daromadlarini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Hozirgi vaqtda mamlakatda mineral xomashyo resurslaridan foydalanishga investitsiyalarni jalb etish hamda tabiiy qazilma boyliklardan oqilona va samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu yoʻnalishda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning holati tabiiy qazilma boyliklardan tartibli foydalanish hamda davlat budjetiga undiriladigan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq undirilishiga toʻsqinlik qilayotgan bir qator muammo va kamchiliklar borligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, respublika boʻyicha noruda foydali qazilma boyliklarni qazib oluvchi tashkilotlarning roʻyxati va ular tomonidan qazib olingan foydali qazilmalar zaxiralari hajmining yagona integratsiyalashgan idoralararo elektron bazasi mavjud emas;
ikkinchidan, soliqlar toʻlashdan boʻyin tovlashning turli sxemalari yaratilishiga olib kelayotgan, yer qaʼridan foydalanuvchilar faoliyatini nazorat qilish boʻyicha berilgan vakolatlardan samarasiz foydalanilmoqda;
uchinchidan, yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan (ajratib olingan) noruda foydali qazilmalar miqdorini hisobotlarda kamaytirib koʻrsatish holatlari aniqlanmoqda, bu esa soliq summalarining toʻliq hisoblanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802 son qaroriga muvofiq, tabiiy qazilma boyliklardan oqilona va samarali foydalanishni hamda ularning haqqoniy hisobini yuritishni taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq barcha yer qaʼridan foydalanuvchi tashkilotlar har yili bir marta yillik qazib olingan foydali qazilmalar hajmlari toʻgʻrisida ilovaga muvofiq marksheyderlik xulosasini tuzadilar va Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish hududiy inspeksiyalariga taqdim etadilar. Bunda marksheyderlik xulosasi:
2018-yilda — joriy yil 15-dekabrga qadar;
2019-yildan boshlab — hisobot yilidan keyingi yilning 1-martiga qadar taqdim etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda Davlat soliq qoʻmitasining yer qaʼridan qazib olingan noruda foydali qazilmalar hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mazkur faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar boʻyicha elektron bazasini yaratish hamda uni 2019-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasiga hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmalar hajmining marksheyderlik xulosasiga muvofiqligi yuzasidan monitoring oʻtkazish huquqi berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmalar hajmining monitoringi bir yilda ikki marotabadan oshmagan holda amalga oshiriladi;
monitoring joylarga borgan holda, soliq toʻlovchi foydalanadigan obyektlarda va hududlarda soliq toʻlovchining mansabdor shaxslari yoki ularning vakillari ishtirokida, qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmalar hajmini aniqlash hamda maʼlumotnoma bilan rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi barcha yer qaʼridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan noruda foydali qazilmalarni qazib olish (ajratib olish) hajmlarini tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan marksheyderlik xulosalarini toʻplagan holda 2018-yil 15-dekabrga qadar yalpi xatlovdan oʻtkazsin va toʻplangan xatlov natijalarini yaratilgan elektron bazasiga kiritgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga 2019-yil 1-yanvarga qadar taqdim etilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qazib olingan (ajratib olingan) noruda foydali qazilmalarning haqiqiy hajmidan kelib chiqqan holda soliqlarning toʻgʻri hisoblanishi, oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.S. Sultanov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-sentabr,
720-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-sentabrdagi 720-son qaroriga ILOVA
Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan (ajratib olingan) noruda foydali qazilmalar miqdori haqida