toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 08.01.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq toʻlovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining zamonaviy taʼlim jarayoni talablariga javob beradigan qayta tayyorlash va malakasini oshirish kompleks tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3802-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Soliq akademiyasi deb ataladi) negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) etib qayta tashkil qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Markaz:
davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda soliq maʼmuriyatchiligi va soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha tayanch oʻquv-uslubiy va ilmiy muassasa hisoblanadi;
davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga hamda davlat tilidagi oʻz nomiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida gʻaznachilik shaxsiy hisob raqamlariga ega boʻladi.
Soliq akademiyasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblansin:
birinchidan, uzoq muddat asosida murakkab va oʻzgaruvchan muhitda orttirilgan bilimlarni tizimlashtirish va amaliy masalalarni hal etish boʻyicha tizimli yondashuv koʻnikmalarini ishlab chiqish maqsadida qoʻshimcha kasb-hunar dasturlarini shakllantirish;
ikkinchidan, soliq organlarining innovatsion rivojlanishini taʼminlay oladigan davlat soliq xizmati organlari kadrlar salohiyatini oshirish va takomillashtirish;
uchinchidan, soliq maʼmuriyatchiligi va soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
toʻrtinchidan, ilgʻor xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar bilan xodimlar malakasini oshirish borasida tajriba almashish yoʻli bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, hamkorlikda taʼlim dasturlarini amalga oshirish, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirishni va stajirovka oʻtashi taʼminlash,
beshinchidan, koʻrsatadigan xizmatlar boʻyicha belgilangan maqsadlarga erishish uchun tinglovchilarni oʻqitish, pedagog va boshqa toifadagi ishchilarning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
oltinchidan, buxgaltyerlar, auditorlar va soliq maslahatchilarini shartnoma asosida oʻqitish va malakasini oshirish;
yettinchidan, masofaviy taʼlim va treninglar oʻtkazishning zamonaviy usullarini taʼlim jarayoniga tatbiq etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Malaka oshirish markazining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisiga zarur hollarda belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Soliq akademiyasi qayta tashkil etilishi munosabati bilan boʻshayotgan 50 ta shtat birligi Markazga oʻtkazilsin.
6. Markazda quyidagi kurslar tashkil etilishi belgilansin:
davomiyligi bir oygacha boʻlgan, kasbiy bilimlarini chuqur oʻzlashtirish va tahliliy ishlarni yuritishni bilish, meʼyoriy hujjatlar yaratilishida ishtirok etish, shuningdek, ish tashkil etish va boshqaruv asoslarini innovatsion shakl va usullarni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan davlat soliq xizmati organlarida rahbar lavozimlarga tayinlash uchun zaxiraga olingan xodimlar malakasini oshirish;
davomiyligi uch oygacha boʻlgan, soliq qonunchiligi va maʼmuriyatchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslarini oʻqitishga yoʻnaltirilgan davlat soliq xizmati organlariga yangi ishga olinadigan shaxslarni qayta tayyorlash;
davomiyligi bir oygacha boʻlgan, ilgʻor axborot texnologiyalari va masofaviy oʻqitishning zamonaviy usullarini qoʻllagan xolda malaka oshirish dasturlari asosida qisqa muddatli, shu jumladan, hududiy filiallarda tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlarini oʻqitish;
buxgaltyerlar, auditorlar va soliq maslahatchilarini soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va moliya sohasida shartnoma asosida oʻqitish va ularning malakasini oshirish.
7. Markazga:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan xolda oʻquv kurslari tinglovchilari kontingentini tashkil etish va shakllantirish tartibini, oʻquv reja va oʻquv dasturlarini, shuningdek, taʼlim jarayonini tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa oʻquv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
shartnoma asosida, shu jumladan soatbay ish haqi toʻlash sharti bilan sud va huquqni muhofaza qilish organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa davlat boshqaruv organlari, shuningdek, notijorat tashkilotlar ekspertlari, biznes tuzilmalari vakillarini va xalqaro ekspertlarni jalb etishga ruxsat berilsin.
8. Belgilansinki,
Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Markaz direktori lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining boshqarma boshligʻi lavozimiga tenglashtiriladi;
Markazning rahbar, boshqaruv, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
Markaz professor-oʻqituvchilari tarkibining lavozim maoshlari oliy taʼlim muassasalari tegishli xodimlarining bazaviy ish haqi miqdorida belgilanadi;
Markazning rahbarlik, boshqaruv xodimlari va professor-oʻqituvchilari tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati organlarida xizmatni oʻtash shartlari tatbiq etiladi, maxsus unvonga ega shaxslarga maxsus unvon va uzoq yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz xodimlariga mehnatga haq toʻlash miqdori va shartlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Quyidagilar Markaz va uning hududiy filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Markaz tomonidan shartnoma asosida bajarilgan ish va koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari huzurida, Toshkent shahar va Toshkent viloyatidan tashqari, Markazning yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi hududiy filiallari tashkil etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi 2018/2019 oʻquv yili boshlangunga qadar tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha:
Toshkent moliya institutiga — qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining “Soliqlar va soliqqa tortish” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat 2 va 4-kurs talabalarini, ularga davlat granti asosida oʻqish shaklini saqlagan xolda;
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga — qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining “Soliqlar va soliqqa tortish” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat 3-kurs talabalarini, ularga davlat granti asosida oʻqish shaklini saqlagan holda hamda 2-kurs magistrantlarini ularga toʻlov-kontrakt asosida oʻqish shaklini saqlagan holda oʻtkazilishi taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi oʻquv muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga Soliq akademiyasining qayta tashkil etilishi munosabati bilan 2018/2019 oʻquv yili uchun Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining qabul kvotalari boʻyicha takliflar kiritsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilangan tartibda:
bir oy muddatda Markaz Ustavini ishlab chiqish va tasdiqlashni, shuningdek, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Markazning shtat jadvali va xarajatlar smetasi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin;
Markazni malakali xodimlar bilan toʻldirsin;
Markazning rahbar va professor-oʻqituvchilar tarkibining xorijiy stajirovkasini tashkil etsin;
Soliq akademiyasining harbiy kafedrasi mulkini Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga belgilangan tartibda bersin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat resurslari vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Soliq akademiyasining qayta tashkil etilishi munosabati bilan ishdan ozod qilinayotgan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
14. Markaz Toshkent shahar, Kichik halqa yoʻli, 3-uy manzilida joylashtirilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi buyurtmalari va tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2019-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturini shakllantirishda Markazning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va qurish uchun kapital qoʻyilmalar limiti ajratilishini nazarda tutsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Markazning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va qurish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishni, shuningdek, Markaz va uning hududiy filiallarini zarur kompyuter va tashkiliy texnika, oʻqitishning, shu jumladan, masofaviy va onlayn-taʼlimni tashkil etish uchun zarur texnik vositalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
18. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosari moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliqqoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-avgust,
704-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 704-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Malaka oshirish markazining tarkibiy
tuzilmasi
Markaz ishchilarining cheklangan soni (professor-oʻqituvchilari va texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-koʻmaklashuvchi personal hisobga olinmagan holda) — 50 kishi.
Professor-oʻqituvchilar soni Markazning tinglovchilari sonidan kelib chiqib aniqlanadi.
* Texnik va xoʻjalik taʼminoti boʻlimining texnik va xizmat koʻrsatuvchi personali, tinglovchilar yotoqxonasi va kafedralarni oʻquv-koʻmaklashuvchi personali soni Oliy oʻquv yurtlari uchun oʻrnatilgan meʼyorlardan kelib chiqib aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 704-son qaroriga
2 -ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2001-yil 10-yanvardagi 16-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 1-son, 1-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 296-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2019-y., 09/19/296/2922-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2001-yil 10-yanvardagi 16-son qaroriga oʻzgartirish kiritish haqida” 2006-yil 1-avgustdagi 155-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 8-son, 59-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-360-son “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-398-son qonunlari)” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qarorining 1-ilovasi 35-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 4-son, 28-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2018-y., 09/18/704/1828-son; 11.04.2019-y., 09/19/296/2922-son)