toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash, milliy madaniy va maʼnaviy merosni saqlash hamda koʻpaytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ushbu sohada madaniyat va sanʼatni yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjud. Jumladan:
birinchidan, metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni ragʻbatlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yoʻqligi respublika madaniyat va sanʼat muassasalari faoliyatini, eng avvalo, muqobil manbalar hisobidan munosib tarzda moliyalashtirishni taʼminlash imkonini bermayapti, bu esa budjet mablagʻlariga haddan ortiq qaramlikni keltirib chiqarmoqda;
ikkinchidan, xodimlarning kasbga tayyorgarlik darajasi hamda madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifati zamonaviy talablarga va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jalb etuvchanligini pasaytirmoqda;
uchinchidan, mahalliy madaniyat va sanʼat muassasalarining jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qilinmaganligi mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda va mintaqaning madaniy markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashda mavjud boy madaniy-tarixiy merosdan hamda madaniyat va sanʼatning zamonaviy yoʻnalishlaridan toʻliq foydalanish imkonini bermayapti;
toʻrtinchidan, madaniy meros obyektlari, respublikaning muzey, arxiv, kutubxona va boshqa jamgʻarmalari butligini taʼminlashga lozim darajada eʼtibor qaratilmayapti, bu esa mamlakat madaniy-tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga kompleks yondashish imkonini bermayapti.
Madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishni taʼminlash, madaniyat va sanʼat muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, aholining ularga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish, mamlakatimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuvini taʼminlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi), Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi Muzeylar renovatsiya dasturini (keyingi oʻrinlarda — Renovatsiya dasturi) eksperiment tarzida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)
muzeylar budjetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobidan, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar budjetining kamida 15 foizini xayriya mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi oʻzini oʻzi taʼminlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;
muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali koʻrsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan, “smart”-texnologiyalarni (axborot doʻkonchalari, 3-D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;
aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun moʻljallangan, Internet tarmogʻidan foydalangan holda, muzeylarning faoliyatiga innovatsion axborot texnologiyalari keng joriy etish va muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini koʻrish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;
koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish uchun muzeylarning maʼmuriy tuzilmasini takomillashtirish;
xodimlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni eng yaxshi jahon amaliyotlariga muvofiq muzeylarning rahbar lavozimlariga ochiq tanlov asosida jalb qilish amaliyotini joriy etish;
mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish va tanitish maqsadida muzeylarning ijtimoiy makonga toʻliq integratsiyalashuvini taʼminlash;
muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat koʻrsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;
muzeylarda akademik tadqiqotlarni, shu jumladan, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish orqali mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilgan holda rivojlantirish.
Belgilab qoʻyilsinki:
Renovatsiya dasturi Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyida (Toshkent shahri), I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi;
Renovatsiya dasturi Jamgʻarma, mahalliy hamda xorijiy donorlar va metsenatlar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direktori zimmasiga Renovatsiya dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
respublikada madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifat darajasini oshirish;
madaniyat va sanʼat muassasalari xodimlari malakasini oshirish.
Vazirlik va idoralar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Renovatsiya dasturini, “Yoʻl xaritasi”ni hamda respublikaning madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalarini yaratish maqsadida Jamgʻarmaga lotereyalar tashkil etish va oʻtkazish huquqi berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
lotereyalar tashkil etish va oʻtkazishdan tushadigan daromadlar Jamgʻarmaning ixtiyorida qoladi va ulardan ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan maqsadlar uchun foydalaniladi;
lotereya chiptalarini tarqatish va ular boʻyicha yutuqlarni toʻlash Jamgʻarma bilan tuzilgan agentlik bitimlari asosida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ va aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi;
lotereya chiptalari reklamasi ijtimoiy reklama axboroti hisoblanadi.
4. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarmaning xarajatlar smetasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin, unda lotereya tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan, zarur tiraj uskunasini xarid qilish va lotereyalarni uyushtiruvchilarga qonun hujjatlariga muvofiq qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlarini qondirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar nazarda tutilsin.
5. Lotereya tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologiyalar va asbob-uskunalarni belgilangan tartibda tuziladigan roʻyxat boʻyicha olib kirishda Jamgʻarma 2021-yil 1-sentabrgacha bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilsin (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlovlar mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamgʻarma va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin. Qonun loyihasida boshqalar qatorida quyidagilar nazarda tutilsin:
madaniyat va sanʼat muassasalariga, shu jumladan, jismoniy shaxslarga yordam koʻrsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslar yaratish;
soliq imtiyozlari (chegirmalar) olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va sanʼat muassasalarini qoʻllab-quvvatlash shakllarini va uslublarini kengaytirish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, mol-mulk huquqini berish va hokazo);
madaniyat va sanʼat muassasalarini jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy uslublarini joriy etish;
metsenatlik va homiylik yordamini olayotganlarning hisob berish tizimini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni takomillashtirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamgʻarma, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
madaniyat va sanʼat muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (keyingi oʻrinlarda — CHOYAET) joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash;
CHOYAETga ulangan respublika madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish;
elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish;
elektron chiptalar rekvizitlariga, shuningdek, madaniyat va sanʼat muassasalarining elektron chiptalarni muomalaga chiqarish, hisobga olish va tasdiqlash uchun foydalanadigan moddiy-texnik bazasiga eng kam talablarni joriy etish;
CHOYAET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish boʻyicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yoʻl qoʻymaslikka doir choralarga eng kam talablarni joriy etish;
CHOYAET doirasida chiptalarni sotishdan tushgan tushumdan CHOYAETni saqlash, shuningdek, Renovatsiya dasturida va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga yuboriladigan yigʻim joriy etish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-avgust,
PQ-3920-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PQ-3920-son qaroriga
ILOVA
2018 ― 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddatlari

Masʼul ijrochilar

I. Madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirishninghuquqiy asoslarini takomillashtirish

1.

Ilgʻor xorijiy tajribani va xalqaro standartlarni eʼtiborga olgan holda, madaniyat va sanʼat sohasida metsenatlik va homiylik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish, bunda, boshqalar bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutish:

madaniyat va sanʼat muassasalariga yordam koʻrsatayotgan metsenatlar va homiylarga, shu jumladan jismoniy shaxslarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish;

soliq imtiyozlari (chegirmalari)ni olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va sanʼat muassasalariga yordam koʻrsatish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, mulkiy huquqlarni topshirish) shakl va usullarini kengaytirish;

madaniyat va sanʼat muassasalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash zamonaviy usullarini joriy etish;

metsenatlar va homiylardan madad oluvchilarning hisobot berishi, shuningdek, undan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tizimini takomillashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasining “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi

2018-yil IV chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
SSP (A. Ikramov),
DSQ (B. Musayev),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

2.

Blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda madaniyat va sanʼat muassasalarida shaffoflik tamoyilini hisobga olib Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini yaratish va tatbiq etish.

Hukumat qarori loyihasi

2019-yil II chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sodiqov),
Moliya vazirligi (A. Haydarov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

3.

Oʻz faoliyatlarini moliyalashtirishning muqobil manbalarini jalb qilish maqsadida muvaffaqiyatli biznes vakillari va boshqa salohiyatli metsenetlar hamda homiylardan tuziladigan madaniyat va sanʼat muassasalari huzuridagi Vasiylik kengashlari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish.

Hukumat qarori loyihasi

2019-yil II chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Badiiy akademiyasi (A. Nuritdinov),
Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

4.

Madaniyat va sanʼat muassasalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning maqsadli kapitali va maqsadli kapital jamgʻarmalari (endaumentlar) holidagi innovatsion shakllarini joriy etish uchun huquqiy asoslarni yaratish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2019-yil III chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Moliya vazirligi (A. Haydarov),
SSP (A. Ikramov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

II. Respublika madaniyat va sanʼat muassasalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati darajasini oshirish

5.

Oʻzbekiston Amaliy sanʼat muzeyida (Toshkent shahri), I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat sanʼat muzeyida (Nukus shahri) va Oybek uy-muzeyida (Toshkent shahri) Muzeylar renovatsiya dasturini eksperiment tarzida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Hukumat qarori loyihasi

2019-yil III chorak

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi
(S. Gafurova),
Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Moliya vazirligi (A. Haydarov),
Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi
(I. Abduraxmonov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

6.

Blokcheyn texnologiyasini qoʻllagan holda eng yaxshi jahon amaliyoti tajribasiga mos keladigan va Internet tarmogʻidagi katalogdan ochiq foydalaniladigan, sanksiyasiz oʻzgartirishlar kiritishdan himoya qilishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy muzey fondi elektron katalogini yaratishning zamonaviy tizimini joriy etish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil III chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sodiqov),
TIV (B. Asadov),
Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (S. Xolmurodov),
mahalliy va xorijiy metsenatlar va homiylar

7.

Madaniyat va sanʼat sohasidagi xalqaro tashkilotlar va yetakchi xorijiy muassasalarning mutaxassislarini jalb etgan holda innovatsion menejment, zamonaviy marketing texnologiyalarini ishlab chiqish hamda madaniyat va sanʼat muassasalari faoliyatiga, jumladan autsorsing shartlari asosida joriy etish.

Tashkiliy tadbirlar

2019-yil IV chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),

Badiiy akademiyasi (A. Nuritdinov),
Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev),
TIV (B. Asadov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

8.

Respublikaning yirik muzeylari huzurida mavjud arxiv materiallari negizida jamoatchilik uchun ochiq kutubxonalar tarmogʻini shakllantirish, ularning fondini muntazam toʻldirib borish.

Muzeylar huzurida davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida, shu jumladan bolalar uchun mavzular boʻyicha koʻngilochar markazlar va dam olish joylarini tashkil etish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil I chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),

Badiiy akademiyasi (A. Nuritdinov),
Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

9.

Madaniyat va sanʼat muassasalari hamda ulardagi madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni madaniyat va sanʼat muassasalariga tashrif buyurish hamda “on-layn” yoʻlovchi transporti xizmatlaridan foydalanishga elektron chiptalar sotish joylashtirish marshrutizator opsiyalari bilan interaktiv xarita koʻrinishida nazarda tutilgan Internet tarmogʻida axborot resursini yaratish.

Tashkiliy tadbirlar

2020-yil II chorak

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sodiqov),
Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev)

10.

Axborot resursida madaniyat va sanʼat muassasalari, shuningdek, ulardagi madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish, madaniyat va sanʼat muassasalariga tashrif buyurish hamda “on-layn” yoʻlovchi transporti xizmatlaridan foydalanish uchun elektron chiptalarni sotish imkoniyatini taʼminlash.

Tashkiliy tadbirlar

doimiy asosda

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (B. Umarov),
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK (B. Xakimov),
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (F. Sagdullayev)

11.

Respublikamiz va xorijiy mamlakatlar fuqarolari orasida ommalashtirish va targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyati va sanʼatining asosiy obyektlari boʻyicha Google Cultural Institute bilan hamkorlikda 3D-turlarni ishlab chiqish.

Tegishli shartnomalar tuzish

2020-yil II chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
TIV (B. Asadov),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sodiqov),
Moliya vazirligi (A. Haydarov)

12.

Respublika muzeylarida imkoniyati cheklangan shaxslar, maktabgacha yoshdagi bolalar, keksalar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar foydalana olishlari uchun sharoit yaratish maqsadida inklyuzivlik dasturini ishlab chiqish va tatbiq etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2019-yil III chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shodmonov),
Qurilish vazirligi (A. Toʻxtayev)

13.

Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy mamlakatlarning koʻrgazma loyihalarini tashkil etishda ularning saqlanishi va qaytarilishini taʼminlashga davlat kafolatlarini berishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2019-yil IV chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Adliya vazirligi (R. Davletov),
TIV (B. Asadov)

14.

Toshkent shahrida zamonaviy sanʼat markazini tashkil etish orqali hozirgi zamon sanʼatini rivojlantirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2019-2020-yillar

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Adliya vazirligi (R. Davletov),
Toshkent shahar hokimligi

III. Madaniyat va sanʼat muassasalari xodimlarining malakasini oshirish

15.

Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan kurslar va xorijiy tajriba almashish dasturini shakllantirish orqali madaniyat va sanʼat sohasidagi kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.

Tashkiliy tadbirlar

doimiy,
tasdiqlangan oʻquv dasturlari asosida

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov),
TIV(B. Asadov),
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (B. Umarov),
Badiiy akademiyasi (A. Nuritdinov),
Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev),
MTRK (A. Xodjayev)

16.

Madaniyat va sanʼat sohasida mamlakat nufuzini oshirishda, shuningdek, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun metsenatlar va homiylarning mablagʻlarini jalb etishda Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari rolini kuchaytirish.

Tashkiliy tadbirlar

2018 ― 2020-yillar

TIV(B. Asadov),
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (B. Umarov),
Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev)

17.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Badiiy ekspertiza boshqarmasi faoliyatini zamonaviy maxsus uskunalar bilan taʼminlash hamda mutaxassislarining malakasini oshirish yoʻli orqali takomillashtirish.

Tadbirlar rejasi

2020-yil IV chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),

Moliya vazirligi (A. Haydarov),
Badiiy akademiyasi (A. Nuritdinov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

18.

Zamonaviy talablarni eʼtiborga olgan holda maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tizimida musiqiy sanʼatlarni oʻqitish metodologiyasini takomillashtirish.

Tadbirlar rejasi

2019-yil II chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi
(S. Gafurova),
XTV (Sh. Shermatov),
MTV (A. Shin)

19.

Madaniyat va sanʼat muassasalari xodimlarini, shuningdek, taʼlim muassasalari oʻquvchilarini chet ellarda oʻqitishi va stajirovkadan oʻtishlarini tashkillashtirish uchun Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maqsadli grantlar ajratish dasturlarini joriy etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2018-yil IV chorak

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov),
Moliya vazirligi (A. Haydarov),
TIV (B. Asadov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

20.

Yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Davlat sanʼat va madaniyat institutida madaniyat va sanʼat sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash fakultetini, shuningdek, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida “Kreativ industriyani boshqarish” boʻyicha magistratura yoʻnalishlarini tashkil etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2019-2020-yillar

Madaniyat vazirligi (B. Sayfullayev),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I. Majidov),
TIV (B. Asadov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2018-y., 07/18/3920/1799-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2021-y., 07/21/36/1143-son; 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)