toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
2018-yil oktyabr oyida Fransiyaga oliy darajadagi tashrifga oʻz vaqtida va sifatli tayyorgarlik koʻrilishini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Fransiya madaniyat markazini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifining madaniy-gumanitar qismiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Masʼul vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifining madaniy-gumanitar qismini tayyorlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar puxta ishlab chiqilishi va soʻzsiz ijro etilishini taʼminlasinlar.
3. Fransiyaga oliy darajadagi tashrif doirasidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Ishchi guruh tashkil etilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Quyidagilar Fransiyaga oliy darajadagi tashrif doirasidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining faoliyati tizimli asosda muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomida boʻlajak madaniy-gumanitar tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq va tashrifdan keyingi tashkiliy-texnik masalalarni hal etish;
oliy darajadagi tadbirlar haqida sifatli axborot berilishini, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tezkor yoritilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi doirasida Rahbariyat topshiriqlariga muvofiq boshqa vazifalar.
5. Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomida boʻlajak madaniy-gumanitar tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishi uchun shaxsiy masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
6. Ishchi guruh (A.A. Abduxakimov):
tashrif yakunlaridan kelib chiqadigan majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilishiga alohida eʼtiborni qaratsin, erishilgan ahdlashuvlar amalga oshirilishi doimiy nazorat qilinishini taʼminlasin;
oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlikning borishini koʻrib chiqqan hamda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy hisobotlarini eshitgan holda Ishchi guruh majlislarini har haftada oʻtkazsin;
zaruratga koʻra Fransiyaga borib amalga oshiriladigan tayyorgarlik ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi amalda nazorat qilinishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi 2018-yil 30-avgustgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari boʻyicha Ishchi guruh bilan kelishilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasini kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga, istisno tariqasida, oliy darajadagi tashrifning madaniy-gumanitar qismiga tayyorgarlik doirasida tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan tovarlarni yetkazib beruvchilar, ishlarni bajaruvchilar va xizmatlar koʻrsatuvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKOdagi doimiy vakilining maqomini elchi darajasigacha oshirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa mamlakatlaridagi elchilarini oliy darajadagi boʻlajak tashrifning tashkiliy va mazmundorligi masalalarini hal etishda koʻmaklashish uchun jalb etish va, zarurat boʻlganda, xizmat safariga yuborish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Sen yolgʻiz emassan” respublika ijtimoiy bolalar jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fransiya madaniyat markazini tashkil etish va Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Istiqlol koʻchasi, 47-uy manzilida joylashgan mulkiy majmuani tutash hududi bilan birgalikda unga operativ boshqarish huquqi bilan berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markaziga berilayotgan mulkiy majmuadan foydalanish va uni saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, oʻz mablagʻlari, binolardan foydalanishdan olinadigan daromadlar, xayriya ehsonlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga Moliya vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
tasdiqlash uchun taʼsis hujjatlarini, shtat jadvalini tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markazi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan ushbu qarorning 10-bandida koʻrsatilgan mulkiy majmuani mukammal taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida ushbu qarorning 10-bandida koʻrsatilgan mulkiy majmuani mukammal taʼmirlashni moliyalashtirish manbalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-avgust,
679-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/679/1790-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)