toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 11.10.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligining
buyrugʻi
Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 20-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3057]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 5-oktabrdagi 59-sonli ““Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3057-1, 11.10.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish va savdo operatsiyalarining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 24-martdagi PQ-3624-son qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyul,
219-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2018-yil 11-iyuldagi 219-son buyrugʻiga
ILOVA
Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-martdagi PQ-3624-son “Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish va savdo operatsiyalarining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat xaridi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish;
davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, maxsus axborot portali operatori va ekspert;
ixtisoslashgan tashkilot — davlat buyurtmachisi topshirigʻiga koʻra, tovarlar, ishlar, xizmatlar davlat xaridini oʻtkazishni tashkil etish xizmatini shartnoma asosida pullik ravishda koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan, ushbu Nizom talablariga muvofiq keladigan yuridik shaxs;
xarid qilish tartib-taomili — davlat xaridi boʻyicha xatti-harakatlar majmui;
eʼlon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, ushbu xaridlarning talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi koʻrsatilgan, davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladigan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
3. Ixtisoslashgan tashkilotlar quyidagi davlat xaridlari boʻyicha xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
rivojlantirish davlat dasturlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni, shuningdek davlat buyurtmachilarining xoʻjalik faoliyatini roʻyobga chiqarishda amalga oshiriladigan;
Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlari va boshqa davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro, hukumatga qarashli boʻlgan va hukumatga qarashli boʻlmagan chet el tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan.
4. Ixtisoslashgan tashkilotlarni tanlash davlat buyurtmachisi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organning Internet tarmogʻidagi veb-saytida kamida bir oyda bir marotaba eʼlon qilinadigan (yangilanadigan) roʻyxatida mavjud boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Ixtisoslashgan tashkilotlarga qoʻyiladigan talablar
5. Ixtisoslashgan tashkilotlar davlat xaridlarini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish uchun quyidagi talablarga javob berishi kerak:
Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxs boʻlishi;
ixtisoslashgan tashkilotning taʼsischisi davlat xaridi subyekti boʻlmasligi;
soliq imtiyozlarini taqdim etuvchi va (yoki) maʼlumotlarni toʻliq ochishni va bank nazoratiga maʼlumotlarni (offshor hudud) taqdim etishni koʻzda tutmagan, shuningdek yakuniy davlatlarda va hududlarda roʻyxatdan oʻtmagan ixtisoslashgan tashkilot taʼsischilari safida boʻlmasligi;
shtatida xizmat koʻrsatish boʻyicha amaliy tajribaga ega boʻlgan bir nafardan kam boʻlmagan xodimga ega boʻlishi;
maxsus axborot portaliga ulanish imkonini taʼminlovchi dasturiy texnik qurilmaga ega boʻlishi.
6. Mazkur Nizomning 5-bandi talablariga javob beradigan ixtisoslashgan tashkilot, davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organning Internet tarmogʻidagi veb-saytida eʼlon qilinadigan ixtisoslashgan tashkilotlar roʻyxatiga kiritish yuzasidan mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan shakliga muvofiq ariza bilan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organga murojaat etishga haqli. Bunda davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan murojaatlar 5 kalendar kuni davomida koʻrib chiqiladi.
7. Ixtisoslashgan tashkilot:
davlat buyurtmachisidan xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazishni tashkillashtirish uchun zarur maʼlumotni olishga haqli;
davlat buyurtmachisi talabiga muvofiq istalgan bosqichda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etishga majbur;
davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga rioya qilgan holda xizmat koʻrsatishi;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya, davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ soʻroviga koʻra mazkur Nizomga rioya etilishi yuzasidan maʼlumot taqdim etishi;
davlat xaridlarining prinsiplarining buzilishiga yoʻl qoʻymasligi;
insofsiz ishtirokchilarning davlat xaridlarida ishtirokini oldini olish boʻyicha choralar koʻrishi;
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari asosida xarid tartib-taomillarini tashkil etishi shart.
8. Ixtisoslashgan tashkilot quyidagi xizmatlarni koʻrsatadi:
tovarning (ishning, xizmatning) boshlangʻich narxini aniqlaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
marketing va boshqa tadqiqotlarni oʻtkazadi;
reklama ishlarini tashkil etadi;
xarid tartib-taomillar oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnomalarni, eʼlon matnlarini va xarid hujjatlarini (tender yoki tanlov hujjatlari, texnik shartlar) rasmiylashtiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq xarid tartib-taomili shartlari va talablari, xarid tartib-taomili boʻyicha tushuntirishlar matnlarini tayyorlaydi;
davlat buyurtmachisiga xarid tartib-taomili turlari boʻyicha taklif beradi;
davlat buyurtmachisining yozma murojaatiga koʻra qonun hujjatlariga asosan davlat xaridlari tartibi va muddatlari toʻgʻrisida maxsus axborot portalga maʼlumot joylashtiradi;
xarid tartib-taomili ishtirokchilari gʻoliblari bilan imzolanadigan shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi;
davlat buyurtmachisining yozma murojaatiga asosan maxsus axborot portali va boshqa ommaviy axborot vositalarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarni moliya manbalari mavjud boʻlgan holda joylashtiradi;
davlat buyurtmachisining yozma koʻrsatmasiga binoan xarid tartib-taomili ishtirokchilariga takliflarning amal qilish muddatlarini aniq bir muddatga uzaytirish toʻgʻrisida taklif bilan murojaat etadi;
tanlov va tender komissiyasi yigʻilish bayonlarini rasmiylashtiradi;
xarid tartib-taomili yakunlari boʻyicha hisobotlarni shakllantiradi;
xarid tartib-taomilida ishtirok etishga taklifnomalar yuborilishini taʼminlaydi;
xarid tartib-taomilini tashkil etishda ishtirok etadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
9. Ixtisoslashgan tashkilot oʻzi tashkilotchi boʻlgan xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi sifatida ishtirok eta olmaydi.
10. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organning Internet tarmogʻidagi
‎ veb-saytida eʼlon qilinadigan ixtisoslashgan tashkilotlar
‎roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatiladigan
‎MAʼLUMOTLAR

1. Ixtisoslashgan tashkilotlar roʻyxatiga kiritishingizni soʻrayman.

2. Arizachi toʻgʻrisida maʼlumotlar:

‎‎a) Yuridik shaxsning toʻliq nomi;
b) Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
‎‎v) Xizmat koʻrsatuvchi bankning nomi;
‎‎g) Bank kodi (MFO);
‎‎d) Hisob raqami;
‎‎e) Arizachining korporativ veb-sayti va litsenziyasi (agar mavjud boʻlsa).
3. Arizachining joylashgan joyi ( pochta manzili)‎‎
‎‎4. Arizachi ustav jamgʻarmasi va taʼsischilari toʻgʻrisida maʼlumot.
‎‎Arizachining umumiy taʼsischilar soni:______
‎‎Arizachining taʼsischilari toʻgʻrisida:

‎‎T/r‎

Taʼsischilar nomi (yuridik shaxslar toʻliq nomi, jismoniy shaxslar F.I.O.)

STIR

Yuridik shaxslarning yurisdiksiyasi, jismoniy shaxslarning fuqaroligi

Ustav jamgʻarmasiga kiritilgan ulush miqdori (soʻmda, AQSh dollari, yevroda)

‎‎Ulush (foizda)

‎‎1.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎

‎‎2.‎

‎‎ ‎‎ ‎‎

‎‎...‎

‎‎ ‎‎ ‎‎ ‎‎
5. Arizachining talablarga muvofiqligini tasdiqlash toʻgʻrisida:
talablar bilan tanishdim;
‎‎talablarga muvofiqligini va ularga rioya etishni tasdiqlayman;
‎‎mazkur arizadagi mavjud maʼlumotlarning haqiqiyligini tasdiqlayman;

______________________________________________
‎‎‎‎(tashkilot rahbari)

‎‎___________________________________________
‎(imzo, F.I.O.)

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2018-y., 10/18/3057/1783-son)