1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 974-sonli “Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son qaroriga muvofiq Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk va yer uchastkalari, shu jumladan, suv havzalari negizida “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Boshqaruv xodimlarining umumiy soni 5 nafardan iborat boʻlgan “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi tashkil etilsin (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb yuritiladi).
Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashiga, zarurat boʻlganda, Direksiyaning tuzilmasi va xodimlari soniga investitsiyalar hajmi va loyihalar sonidan kelib chiqqan holda oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar:
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining ustavi 2-ilovaga muvofiq;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi 3054,6 gektar yer maydonining chegara hududlari tavsifi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi qatnashchilariga yer uchastkalari berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-yanvardagi 29-son qarori bilan tasdiqlangan Erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilariga yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun rivojlanish davlat dasturini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasining muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasida baliq yetishtirishni yanada rivojlantirish, investorlarni jalb etish va ularni joylashtirish “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksiga kiritsin;
kelgusi yillarda oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish sharti bilan 2018 — 2020-yillar davomida Direksiyaga mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha zarur mablagʻlar ajratsin;
ikkita avtotransport vositasi, jumladan bitta yengil va bitta yoʻl tanlamaydigan avtomobil xarid qilish uchun zarur mablagʻlar, shuningdek, ularni saqlash uchun limit ajratsin;
bir oy muddatda Direksiyani Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Qoʻrgʻoncha qishlogʻi “Baliqchi” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini taʼminlasin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-yanvardagi 29-son qarori bilan tasdiqlangan Erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Nizomning amal qilishi baliqchilik yoʻnalishidagi erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Toshkent viloyati hokimi Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-avgust,
677-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-avgustdagi 677-son qaroriga 1-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining
tashkiliy tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 5 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-avgustdagi 677-son qaroriga 2-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasining
ustavi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb yuritiladi) operativ boshqaruv huquqi asosida oʻziga berilgan davlat mulkida, jumladan suv havzalari negizida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi.
Direksiya oʻziga biriktirilgan mulkka nisbatan, qonunda belgilangan doirada, oʻz faoliyati maqsadlariga, mulkdor (yoki uning topshirigʻi bilan u tomonidan masʼul etib tayinlangan davlat organi — muassis) topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi.
2. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Ustavga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
3. Direksiya yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mulkka, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga, emblemaga, shtamplar va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
Direksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Baliq ishlab chiqaruvchi erkin iqtisodiy zonasi direktsiyasi” Davlat unitar korxonasi;
qisqartirilgan nomi — “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ direktsiyasi” DUK;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye unitarnoye predpriyatiye “Direksiya svobodnoy ekonomicheskoy zoni “Baliq ishlab chiqaruvchi”;
qisqartirilgan nomi — GUP “Direksiya SEZ “Baliq ishlab chiqaruvchi”;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi – “Directorate of free economic zone “Baliq ishlab chiqaruvchi” State Unitary Company;
qisqartirilgan nomi — “Directorate of FEZ “Baliq ishlab chiqaruvchi” SUC.
4. Direksiyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Qoʻrgʻoncha qishlogʻi, “Baliqchi” mahalla fuqarolar yigʻini.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Direksiyaning muassisi (keyingi oʻrinlarda — Muassis) hisoblanadi.
6. Direksiya oʻz nomidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi, nizolarni hal etishda boshqa organlarda vakillik qilishi mumkin.
7. Direksiya Muassisning roziligiga koʻra tijorat tashkilotlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxslarning qatnashishiga yoʻl qoʻyiladigan notijorat tashkilotlarida qatnashchi (aksiyador, aʼzo) boʻlishi mumkin.
8. Direksiya boshqa davlat korxonasining muassisi boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Direksiyaning asosiy maqsadi, vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari
9. “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda — “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ) rivojlantirish dasturlarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, shuningdek, “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini taʼminlash yoʻli bilan operativ boshqarish, “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilariga xizmatlar koʻrsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlar (xizmatlar)ni bajarishdan (koʻrsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
10. Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
yuqori mahsuldorlikka ega baliq turlarining ota-ona toʻdalarini shakllantirish, parvarishlash uchun innovatsion texnologiyalarini joriy etish va naslchilik xoʻjaligini tashkil etish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilariga baliq chavoqlari yetkazib berish maqsadida zamonaviy inkubatsiya sexi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
mavjud suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta taʼmirlashni tashkil etish;
baliqchilik xoʻjaliklari uchun oqsilga boy ozuqa-em ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy quvvatlarni ishga tushirish hisobiga ozuqa bazasini mustahkamlash;
baliq yetishtirish boʻyicha innovatsion va intensiv texnologiyalarni yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, yopiq suv aylanma tizimida, kichik suv hovuzlarida baliq yetishtirish hamda sunʼiy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini koʻpaytirishni tashkil etish;
aholi isteʼmoli uchun qayta ishlangan baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish boʻyicha xalqaro talablarga mos zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yoʻlga qoʻyish;
suvning gidrokimyoviy tarkibini tahlil etish, baliqlarni kasalliklardan himoya qilish va davolash uchun zamonaviy laboratoriya faoliyatini tashkil etish;
baliq yetishtirishda innovatsion gʻoyalar va intensiv texnologiyalarni joriy etishda ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek, taʼlim muassasalari talabalari uchun baliqchilik tarmogʻida amaliyot oʻtashni tashkillashtirish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning reyestrini yuritish, ularga tegishli guvohnomalar berish;
belgilangan tartibda tanlangan investorlar bilan “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning Toshkent viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonasi Maʼmuriy kengashi (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy kengash) qarorlariga muvofiq “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida investitsiyalar kiritish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
belgilangan tartibda tanlangan investorlar tomonidan oʻz zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish, keyinchalik uning natijalarini Maʼmuriy kengashga taqdim etish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni qidirish va jalb etish;
ishlab chiqilgan “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ bosh rejasi va Maʼmuriy kengash qarori bilan maʼqullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida joylashgan davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini Direksiyaga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilariga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, tashkilotlarni ishga tushirish va ularning faoliyati uchun zarur boʻlgan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, kirish yoʻllari va boshqalar) bilan taʼminlash masalalarni hal etishda koʻmaklashish;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilariga, shu jumladan davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yoʻli bilan xizmatlar koʻrsatish;
Maʼmuriy kengash vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha uning majlislarida koʻrib chiqish uchun maʼlumotlar tayyorlash.
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ushbu Ustavda nazarda tutilgan tegishli faoliyat turining litsenziyalanishi zarurligi belgilangan taqdirda, Direksiya faoliyatning ushbu turini litsenziya olmasdan, tegishli litsenziyalovchi organ bilan tuzilgan litsenziya bitimi asosida amalga oshirishga haqlidir.
11. Direksiya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Direksiya faoliyatini boshqarish
12. Direksiya Muassisga, Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) va Maʼmuriy kengashga hisobot beradi.
13. Muassis quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatining maqsadi va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiya Ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Direksiyaning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qoʻyish va tasarruf etish;
Direksiyaga berilgan mulkdan foydalanishdan olingan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish;
Direksiya mulki bilan amalga oshirilgan bitimlarni haqqoniy emas deb eʼtirof etish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish;
Direksiyaga yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida daʼvo taqdim etish;
Direksiyani qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;
mehnatga oid qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Direksiya rahbari bilan mehnat shartnomasini muddatidan oldin tugatish.
Muassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Respublika kengashi quyidagi huquqlarga ega:
Direksiyaning “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZni rivojlantirish boʻyicha faoliyati strategik vazifalari va yoʻnalishlarini belgilash;
Direksiyaning moliya-xoʻjalik faoliyatini har chorakda oʻrganishni tashkil qilish;
har chorakda Direksiya faoliyati haqidagi hisobotni eshitish;
Direksiyaning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash.
Respublika kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Maʼmuriy kengash quyidagi huquqlarga ega:
Direksiya faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish;
Direksiya faoliyatini nazorat qilish;
Direksiya direktori lavozimiga nomzodlarni tasdiqlash uchun Respublika kengashiga kiritish;
Direksiya mutaxassislarini tanlab olish;
Direksiyaning shtat jadvallari va xarajatlar smetasini kelishish;
Direksiya faoliyatini rejali tashkillashtirish, Direksiyaning choraklik ish rejalarini tasdiqlash va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning mustaqil budjetidan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.
Maʼmuriy kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
Maʼmuriy kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Direksiya faoliyatiga taalluqli boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish huquqiga ega. Olingan hujjatlardan Maʼmuriy kengash tomonidan faqat xizmat maqsadlarida foydalaniladi.
16. Direksiyani “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi tomonidan, Muassis bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi.
17. Direktor:
qonun hujjatlari talablarini bajarishga, Direksiya xodimlarining mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilashga, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi norma va qoidalarga rioya etilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va joriy etadi;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZni rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishini tashkil etadi;
Direksiyaning asosiy faoliyatini takomillashtirishga, boshqarishning eng zamonaviy usullarini joriy etishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Direksiya nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, barcha tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzadi hamda ularni oʻzgartiradi va bekor qiladi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Direksiyaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar va koʻrsatmalar qabul qiladi;
Direksiyaning ichki ish tartibini va xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlaydi;
Direksiya tomonidan qonun hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlaydi;
Direksiyaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Direktor:
Muassis, Respublika kengashi va Maʼmuriy kengash oldida Direksiya faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobot beradi;
Direksiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Maʼmuriy kengash tomonidan tasdiqlanadigan mustaqil budjet mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi;
Direksiyaning mustaqil budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
19. Direktor oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shuningdek, Direksiyaga berilgan davlat mulkining saqlanishi va undan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4-bob. Direksiyaning ustav fondi
20. Direksiyaning ustav fondi “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ faoliyatini operativ boshqarish uchun Muassis tomonidan oʻziga berilgan mablagʻlar, mol-mulk va boshqa aktivlar yigʻindisidan iborat.
21. Direksiya ustav fondining miqdori 1 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
5-bob. Direksiya mulkini tasarruf etish
22. Muassis tomonidan Direksiyaga operativ boshqarish huquqi asosida berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar Direksiya mol-mulkini tashkil etadi.
23. Direksiyaning asosiy fondlari va aylanma mablagʻlari boʻlinmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) boʻyicha taqsimlanishi mumkin emas.
24. Respublika kengashi Direksiyaga berilgan davlat mulkidan belgilangan maqsadda foydalanilishini va uning saqlanishini, shuningdek, oʻzgaga berilishini Muassis nomidan nazorat qiladi.
25. Direktor Muassis bilan kelishgan holda Direksiya mulkini quyidagi holatlarda tasarruf etishi mumkin:
asosiy vositalarni sotish, ularni ijaraga yoki garovga berish;
mol-mulkni boshqa xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga ulush sifatida kiritish;
boshqa xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalari (ulushlari)ni sotib olish va sotish;
Direksiya faoliyati maqsadlariga muvofiq boʻlmagan mol-mulkni boshqacha tarzda tasarruf etish.
6-bob. Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari
26. Quyidagilar Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulki boʻlgan va “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida joylashgan binolar va inshootlarni ijaraga berishdan olingan daromadlarining bir qismi;
xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
Respublika kengashi tomonidan belgilangan miqdorda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilarining ajratmalari va EIZ qatnashchilari sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlovlari;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlaridagi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7-bob. Zaxira va boshqa fondlarni shakllantirish tartibi
27. Direksiya oʻz tasarrufida qoladigan sof foyda hisobiga zaxira fondini, shuningdek, boshqa fondlarni tashkil etishi mumkin, ularning miqdori, shakllantirish va foydalanish tartibi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
8-bob. Hisobotlarni taqdim etish tartibi
28. Direksiya hisobot davri tugagach vakolatli organlarga moliya hisobotini va roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning davlat tomonidan saqlashga berilishi yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
29. Direksiya faoliyatini nazorat qilish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Respublika kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
30. Direktor Direksiya faoliyati natijalari, maʼqullangan investitsiya loyihalari va tasdiqlangan rivojlanish dasturlarini amalga oshirilishi toʻgʻrisida har chorakda Respublika kengashiga hisobot taqdim etadi.
9-bob. Direksiyaning javobgarligi
31. Direksiya oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli mulk bilan javob beradi. Muassis Direksiyaning mulki yetarli boʻlmagan taqdirda uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlikni amalga oshiradi.
32. Direksiya Muassis majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
10-bob. Direksiyani tugatish va qayta tashkil etish
33. Direksiya Muassisning qaroriga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoki sud qaroriga binoan tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi mumkin.
34. Direksiya tugatilganda uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmaydi. Direksiya qayta tashkil etilgan taqdirda uning huquqi va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-avgustdagi 677-son qaroriga 3-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ deb yuritiladi) hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etish Toshkent viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi (keyingi oʻrinlarda — Maʼmuriy kengash) va “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ direksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) yuklanadi.
3. Maʼmuriy kengashning “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududiga ekvivalenti 5,0 mln. AQSh dollaridan yuqori qiymatli investitsiya loyihasini joylashtirish boʻyicha qarori erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ investitsiya loyihalarini joylashtirishning asosiy ustuvor mezonlari hisoblanadi:
ijaraga beriladigan umumiy suv havza maydonining kamida 10 foiz qismida intensiv usulda baliq yetishtirish va har bir gektar havzadan 8 tonnadan kam boʻlmagan hosildorlikka erishish;
yopiq suv aylanma tizimi inshooti (UZV) qurish va har bir gektaridan kamida 300 tonna baliq yetishtirish;
suv tarmogʻi drenaj tizimlarining yaxlitligini saqlab qolish va umumiy foydalanishda boʻlishini taʼminlash;
yuqori mahsuldor naslli ona baliq toʻdalarini shakllantirish;
tashkilotning ehtiyoji uchun talab etiladigan yuqori oqsilga boy ozuqa bazasini shakllantirish.
2-bob. Investitsiya loyihalarini tanlab olish uchun “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasiga hujjatlarni topshirish tartibi
5. “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Investor Direksiyaga ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq “Baliqishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududida investitsiya loyihasini joylashtirish uchun toʻldirilgan investitsiya buyurtmanomasini (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya buyurtmanomasi) taqdim etadi.
Investitsiya buyurtmanomasiga quyidagilar ilova qilinadi:
a) yuridik shaxsning (investorning) davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi;
b) tavsiya qilinayotgan investitsiya loyihasining biznes-rejasi;
v) investorning tegishli sohadagi va (yoki) shunga oʻxshash loyihalarni amalga oshirishdagi ish tajribasi mavjudligini tasdiqlovchi maʼlumot. Agar investorning tegishli sohada va (yoki) oʻxshash investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha ish tajribasi mavjud boʻlmasa, investor Direksiyaga investitsiya loyihasini amalga oshirishga jalb etayotgan texnologik hamkorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etadi;
d) investorning oxirgi uch yildagi moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot.
Agarda investitsiya buyurtmanomasini topshirish vaqtida investor:
moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritmagan yoki bir yildan kam yuritgan boʻlsa, investor Direksiyaga investorning bittadan kam boʻlmagan muassisining moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi;
1 yildan 3 yilgacha xoʻjalik faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, investor Direksiyaga oʻzining haqiqatda faoliyat yuritgan davri uchun moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etadi.
Hujjatlar investor tomonidan Direksiyaga davlat yoki rus tilida taqdim etilishi mumkin. Investor taqdim etilayotgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻgʻriligi yuzasidan javob beradi.
7. Direksiyaga taqdim etilayotgan biznes-rejada quyidagilar aks ettirilgan boʻlishi kerak:
ishga qabul qilinadigan xodimlar toifasi (kollej bitiruvchilari, mehnat birjasi tomonidan yoʻnaltirilgan shaxslar, boshqa tashkilotlar ishchilari va chet eldan mutaxassis jalb etish) hamda tashkil etilayotgan ish oʻrinlari soni;
yetishtiriladigan va qayta ishlanadigan baliq va baliq mahsuloti, hajmi va tabiiy xususiyati;
mahsulotning moʻljallanayotgan sotish bahosi hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish hajmlarini koʻrsatgan holda;
mahsulot sotish boʻyicha ichki va tashqi bozorlar marketing tadqiqotlari;
taklif etilayotgan loyihani amalga oshirish hamda ishlab chiqarishning barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan infratuzilma va muhandislik inshootlari (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va texnik suv, kanalizatsiya, avtoyoʻl) hajmi;
ishlab chiqarish va suv havzalarini oqilona joylashtirish uchun ijaraga olish rejalashtirilgan yer uchastkasi va suv havzasi oʻlchamlari;
asosiy ishlab chiqarish sexi, uskuna va texnologik liniyalar, maʼmuriy-maishiy, ombor va boshqa yordamchi binolarning joylashuvi koʻrsatilgan dastlabki chizmasi;
ishlab chiqarish texnologiyasining (ekologik talablar hisobga olingan holda) texnologik uskunalar, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va davlatlari roʻyxati koʻrsatilgan tavsifi;
ishlab chiqarishda foydalanilishi moʻljallanayotgan texnologik asbob-uskunalarning xususiyati, ularning zamonaviy texnologik talablarga muvofiqligi, investitsiya loyihasida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan menejment tizimining joriy etilishi;
moʻljallanayotgan investitsiyalarning hajmi, turi va muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kredit jalb etilgan taqdirda moʻljallanayotgan taʼminot turi;
investitsiya loyihasi amalga oshirilishining iqtisodiy samaradorligi koʻrsatkichlari va moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar.
3-bob. Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish tartibi
8. Direksiya taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligi yuzasidan ikki ish kunida oʻrganib chiqadi.
9. Ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablari buzilgan holda taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomasi, kamchiliklari koʻrsatilgan holda, investorga qaytariladi.
10. Investor tomonidan ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablariga muvofiq taqdim etilgan investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilingan hujjatlar Direksiya tomonidan Maʼmuriy kengashga yuboriladi. Bunda, investitsiya buyurtmanomasiga ushbu Nizomning 6 va 7-bandlari talablariga muvofiqligi yuzasidan Direksiya direktori tomonidan imzolangan tegishli xulosa ilova qilinadi.
11. “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihasini tanlab olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda Maʼmuriy kengash quyidagilarni koʻrib chiqadi:
investitsiya loyihasining ushbu Nizomning 4-bandida keltirilgan ustuvor mezonlarga muvofiqligi;
baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha texnologik zanjirning bosqichma-bosqich tashkil etilishi;
muassislarining oʻz mablagʻlari va ular tomonidan jalb etilgan kreditlar hisobiga investitsiyalarni amalga oshirishi;
investorning moliyaviy barqarorligi, texnik va texnologik bazaga egaligi;
loyihaning umumiy iqtisodiy samaradorligi va uni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi (ishlab chiqarish quvvatlarining maqbul joylashtirilishi, tashkil etiladigan ish oʻrinlari, tarmoqdagi tarkibiy qayta oʻzgartirishlarga taʼsiri, ishlayotgan quvvatlardan foydalanilishi, zarur xomashyo, materiallar va infratuzilmaning mavjudligi);
texnologik uskunalarning zamonaviyligi, investitsiya loyihasida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan boshqarish tizimining mavjudligi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur mablagʻ bilan taʼminlanganligi.
Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqishda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida:
innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, shu jumladan, yopiq suv aylanma tizimi qurilmalarida hamda kichik suv havzalarida baliq yetishtirish va sunʼiy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini koʻpaytirish;
yuqori mahsuldorlikka ega baliq turlarining ota-ona toʻdalarini shakllantirish, ularni parvarishlashning innovatsion texnologiyalarini joriy etish;
tovar baliq va reproduktor suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta taʼmirlash;
toʻla qiymatli va yuqori oqsilli (ekstrudirlangan) ozuqalarni ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy quvvatlarni yaratish;
baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini (konserva, ikra, baliq uni va boshqalarni) ishlab chiqarishning xalqaro talablarga mos zamonaviy kompleksini, eksportga moʻljallangan, ishlab chiqarishning toʻliq sikli taʼminlanishini nazarda tutadigan, shuningdek, xodim sifatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga jalb etuvchi loyihalarga ustunlik beriladi.
12. Maʼmuriy kengash investitsiya buyurtmanomasini Direksiya tomonidan kiritgan kundan boshlab besh ish kunida koʻrib chiqadi va quyidagi mazmundagi qarorlardan birini qabul qiladi:
investorga “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomini berish, sunʼiy suv havzasi, yer uchastkasi, bino, inshootlar, ishlab chiqarish quvvatlarini ajratib berish, ularning umumiy maydoni va joylashgan joyini koʻrsatgan holda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish toʻgʻrisida;
kamchiliklarni koʻrsatgan holda taqdim etilgan hujjatlarni takomillashtirish zarurligi toʻgʻrisida;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida investitsiya loyihasini amalga oshirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida.
Investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqishda Maʼmuriy kengash tomonidan investorning oʻzi toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganligi aniqlansa, mazkur buyurtmanomani koʻrib chiqish toʻxtatiladi va xulosa bilan Direksiyaga yuboriladi.
13. Investitsiya buyurtmanomalari Direksiyaga elektron tarzda taqdim etilishi mumkin.
14. Investor tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Maʼmuriy kengash koʻrib chiqishi natijasida aniqlangan kamchiliklar asosida takomillashtirilgan investitsiya buyurtmanomasi takroran Direksiyaga koʻrib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
Investitsiya buyurtmanomasini Direksiya tomonidan takroran koʻrib chiqish muddati uch ish kunini tashkil etadi.
16. Maʼmuriy kengashning investitsiya buyurtmanomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qarori uning aʼzolari tomonidan oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va Maʼmuriy kengash yigʻilishi bayoni bilan rasmiylashtiriladi hamda Direksiya va investor (investorlar) oʻrtasida “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududiga investitsiyalar kiritish toʻgʻrisida shartnoma (keyingi oʻrinlarda investitsiya kiritish toʻgʻrisida — shartnoma) tuzish uchun asos boʻladi.
17. Maʼmuriy kengash yigʻilishining bayoni Direksiya direktori, Maʼmuriy kengash aʼzolari tomonidan imzolanadi va Maʼmuriy kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Maʼmuriy kengash majlisi bayonidan koʻchirma u tasdiqlangan kundan eʼtiboran bir ish kuni mobaynida Direksiya tomonidan investorga yoki uning vakolatli shaxsiga yuboriladi.
4-bob. Investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha Maʼmuriy kengashning qarorlarini Respublika kengashi bilan kelishish tartibi
19. Maʼmuriy kengashning qiymati ekvivalentda 5,0 mln. AQSh dollaridan yuqori boʻlgan investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha ijobiy qarori, u tasdiqlangan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida kelishish uchun Respublika kengashiga, investitsiya buyurtmanomasi va loyiha biznes-rejasi bilan birga yuboriladi.
20. Respublika kengashi Maʼmuriy kengashning qarorini olgan kundan boshlab yetti ish kuni ichida Respublika kengashi yigʻilishida koʻrib chiqadi. Investitsiya loyihasini kelishish Respublika kengashi aʼzolarining hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning quyidagi xulosalarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi — hududni, sanoat va baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib, loyiha amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi qismi boʻyicha, qayta ishlash va ishlab chiqarishni zarur xomashyo resurslari bilan taʼminlanganligi, valyuta qoplanuvchanligi va tashkil etilayotgan ish oʻrinlari belgilangan koʻrsatkichlariga muvofiqligi qismi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi — yangidan barpo etilayotgan ishlab chiqarishlarni zamonaviy uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlash, investorlarning salohiyati hamda loyihani amalga oshirish uchun moliyaviy va texnologik imkoniyatlarning yetarliligi qismi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi — baliqchilik tarmoqlarini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib loyihalarni amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi qismi boʻyicha;
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi — baliqchilik tarmoqlarini rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib loyihalarni amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi, havza hosildorligi, intensiv usulda baliq yetishtirish, yopiq suv aylanma tizimini (UZV) joriy etishda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni qoʻllash, inkubatsiya sexlarida lichinka ishlab chiqarish, baliqlar uchun yuqori oqsilga boy omuxta yemning xorijiy yetakchi ishlab chiqaruvchilarga mosligi qismi boʻyicha;
tegishli tijorat banklari — loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun kredit ajratish qismi boʻyicha.
21. Investitsiya loyihalari boʻyicha ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan xulosalar vakolatli tashkilotlar tomonidan ularga loyihaning investitsiya buyurtmanomasi va biznes-rejasi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga umumlashtirish va Respublika kengashi yigʻilishining bayoni loyihasini tayyorlash uchun yuboriladi.
22. Respublika kengashi “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida investitsiya loyihasini joylashtirish boʻyicha Maʼmuriy kengash qarorini kelishish boʻyicha yigʻilish bayoni loyihasini avval ijobiy xulosa taqdim etgan Respublika kengashi aʼzolari bilan kelishish talab etilmaydi.
5-bob. Investitsiya kiritish toʻgʻrisida shartnoma tuzish va “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
23. Investitsiya kiritish toʻgʻrisida shartnoma loyihasi davlat, ingliz va rus tillarida Direksiyaning rasmiy veb sahifasida joylashtiriladi yoki Maʼmuriy kengashning investor tomonidan koʻrib chiqish uchun kiritgan investitsiya buyurtmanomasini maʼqullash boʻyicha yigʻilishining bayoni tasdiqlangandan keyin bir ish kuni ichida Direksiya tomonidan investorga taqdim etiladi.
24. Investitsiya kiritish toʻgʻrisida shartnoma qoidalarini kelishish maqsadida Direksiya va investorlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilishi mumkin.
25. Investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyat koʻrsatish muddatidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
26. Investor va Direksiya oʻrtasidagi investitsiya kiritish toʻgʻrisida taraflar tomonidan imzolangan shartnoma investor tomonidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyekti “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
27. Investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilishi:
investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan muddat tamom boʻlgach;
tadbirkorlik subyekti “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganda;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ muddatidan oldin tugatilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda tugatiladi.
28. “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida joylashtirish uchun investor tomonidan tashkil etilgan tashkilotni (keyingi oʻrinlarda — Tashkilot) davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
29. Tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin investor tomonidan Direksiyaga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi;
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
30. Direksiya ushbu Nizomning 29-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida Tashkilotni “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazadi va belgilangan shakl boʻyicha “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi guvohnomasini beradi.
31. Direksiya Tashkilot “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida xoʻjalik yurituvchi subyekt joylashgan joydagi davlat soliq va bojxona xizmati organlarini xabardor qiladi.
32. Direksiya Tashkilot “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida barcha zarur hujjatlarni Tashkilotga yer uchastkasi ajratish uchun tegishli viloyat yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri boʻyicha davlat korxonasiga beradi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Tashkilotni “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum qilish yoki toʻxtatib turish Respublika kengashi tomonidan Maʼmuriy kengash yoki vakolatli tashkilotlarning asoslangan takliflari asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Tashkilotni “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan ixtiyoriy tartibda mahrum qilish toʻgʻrisidagi qaror Tashkilotning uni bunday maqomdan mahrum qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra yoxud u Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tugatilgan taqdirda Maʼmuriy kengash tomonidan qabul qilinishi mumkin.
“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va (yoki) investitsiya kiritish toʻgʻrisida shartnoma shartlari buzilishi yuzasidan nizo mavjud boʻlganda Tashkilotni “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etish sud tartibida amalga oshiriladi.
Direksiya “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilari reyestriga Tashkilotning qatnashchi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi sudning qarori kuchga kirgan sanadan boshlab uch ish kunida Tashkilotning “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritadi.
35. Direksiya “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchilari reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan boshlab bir ish kunida davlat soliq va bojxona organlarini Tashkilotning “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ qatnashchisi maqomidan mahrum etilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish
sxemasi
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasiga
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi hududiga investitsiya loyihasini joylashtirish uchun investitsiya
BUYuRTMANOMASI
1. Investor (investorlar) toʻgʻrisida maʼlumotlar
Murojaatchi (investor yoki investorlar) tashkilotning nomi, kelib chiqqan davlati
Investor (yoki investorlar) toʻgʻrisida maʼlumot, jumladan davlat roʻyxatidan oʻtgan sanasi va joyi, muassis(lar) va boshqalar
Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli, muassislarning ustav fondidagi ulushining taqsimlanishi va kapital qoʻyilmalarning shakli
Murojaatchi tashkilotning yuridik manzili
2. Investitsiya loyihasi toʻgʻrisida maʼlumotlar
Investitsiya loyihasining nomi
Investitsiya loyihasining maqsadi va qisqacha tavsifi, jumladan ishlab chiqarishning yillik quvvati
Ijaraga beriladigan umumiy suv havzasi maydonining kamida 10 foiz qismida intensiv usulda baliq yetishtirishga moslashtirish va ushbu maydonning har bir gektaridan 8 tonnadan kam boʻlmagan hosildorlikka erishish
Yopiq suv aylanma tizimi inshooti (UZV) qurish va har bir gektardan kamida 300 tonna baliq yetishtirishni tashkil etish
Suv tarmogʻi drenaj tizimlarining yaxlitligini saqlab qolish va umumiy foydalanishda boʻlishini taʼminlash
Yuqori mahsuldor naslli ona baliqlar toʻdalarini shakllantirish
Tashkilotning ehtiyoji uchun talab etiladigan yuqori oqsilga boy ozuqa bazasini shakllantirish
Ishlab chiqariladigan mahsulotning nomi, qoʻllanilishi va asosiy belgilari
Mahsulotning oʻrtacha yillik ishlab chiqarish hajmi, eksportga va ichki bozorga yoʻnaltiriladigan hajmini (natura koʻrinishida va ekv. AQSh dollarida) hisobga olgan holda
Asosiy xomashyo va material (mahalliy va import), ularning tayyor mahsulotdagi ulushi, foiz hisobida
Xom ashyo va materiallarga boʻlgan yillik talab (ekv. AQSh dollarida), shu jumladan mahalliy va import
Mahsulot standartlari — GOST, OST, TU, OʼzDst, ISO 9001 va ISO 14001 va boshqalar
Ishlab chiqarishning boshlanish sanasi
Tashkil etilayotgan ish oʻrinlari, jumladan, mahalliy ishchi xodimlar
3. Zarur maydon va infratuzilmalar toʻgʻrisida maʼlumotlar
Baliq yetishtirish uchun talab etiladigan suv havzasi maydoni (ga):
shu jumladan intensiv usulda (ga)
Yopiq suv aylanma tizimida (UZV) baliq yetishtirish uchun talab etiladigan maydon (ga)
Naslli ona baliqlar toʻdasini shakllantirish uchun talab etiladigan suv havzasi maydoni (ga)
Naslli baliq chavoqlarini yetishtirish maqsadida reproduktor havza tashkil etish uchun talab etiladigan maydon (ga)
Inkubatsiya sexini tashkil etish uchun talab etiladigan maydon (ga)
Baliqni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun talab etiladigan maydon (kv.m.)
Baliqlar uchun oqsilga boy omuxta yem ishlab chiqarish uchun talab etiladigan maydon (kv.m.)
Elektr energiyaga boʻlgan talab (yiliga kVt/soat), oʻrnatiladigan quvvat (kVt yoki MVt)
Tabiiy gazga boʻlgan talab (yiliga kub.m.), bosim (atm.)
Qayta ishlash va ishlab chiqarish uchun ichimlik va texnik suvga boʻlgan talab (yiliga kub.m.)
Baliq yetishtiriladigan suv havzasi uchun suvga boʻlgan talab (yiliga kub.m.)
4. Loyihaning moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlari
Loyihaning qiymati (ekv.AQSh dollarida)
Moliyalashtirish manbalari (toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar, mahalliy muassislarning mablagʻlari, tijorat banklari kreditlari)
Mashina, tirik baliq tashish transporti, melioratsiya ishlarini bajaruvchi texnika va asbob-uskunalar qiymati (ekv. AQSh dollarida), jumladan mahalliy va import
QMI qiymati (ekv.AQSh dollarida)
Aylanma mablagʻlar summasi (ekv. AQSh dollarida)
Investitsiyalarni kiritish shakli va jadvali
Loyihaning qoplanish muddati (biznes-rejaga muvofiq)
Izoh. Import qilinayotgan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning valyutadagi qiymati bojxona toʻlovlari bilan birga hisoblanadi. Mahalliy yetkazib beruvchilardan olingan import xomashyo mahalliy hisoblanmaydi.
M.Oʻ.Rahbar
_____________ (imzo)
_________________________ (F.I.O.)
_____________ (sana)
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-avgustdagi 677-son qaroriga 4-ILOVA
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi yer maydonining chegara hududlari tavsifi
Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, “Baliqchi” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi yer maydonlari:
shimol tomondan — “Ogonyok” masʼuliyati cheklangan jamiyati yerlari;
sharqiy tomondan — Eski Toshkent kanali;
gʻarbiy tomondan — Sirdaryo daryosi muhofaza mintaqasi yerlari;
janubiy tomondan — Sirdaryo daryosi muhofaza mintaqasi yerlari.
Yer xaritasiga koʻra chegaradosh hududlar quyidagicha izohlanadi:
A dan B gacha — “Ogonyok” masʼuliyati cheklangan jamiyati yerlari;
B dan V gacha — “Abdugʻani ota sulolasi” xususiy korxonasi;
V dan G gacha — Abay nomli massiv;
G dan D gacha — Yulduz nomli massiv;
D dan E gacha — Ujakent nomli massiv;
E dan J gacha — Doʻstlik nomli massiv;
J dan Z gacha — Sirdaryo muhofaza mintaqasi yerlari 3 uchastkasi;
Z dan I gacha — Sirdaryo viloyati;
I dan K gacha — Sirdaryo muhofaza mintaqasi yerlari 2 uchastkasi;
K dan L gacha — Sirdaryo viloyati;
L dan A gacha — Sirdaryo muhofaza mintaqasi yerlari 1 uchastkasi.
“Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi chegara hududlari tavsifiga kiritilgan jami yer maydoni 3054,6 gektarni tashkil etadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2018-y., 09/18/677/1781-son)