toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI TO‘G‘RISIDA
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqaviy tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;
3) O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;
4) davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng, ko‘rsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da;
5) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san’at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;
6) davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;
7) rasmiy safar bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;
8) harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
9) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;
(3-moddaning 9-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10) sport maydonlarida — O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;
11) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.
(3-moddaning 10-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuniga asosan 10 va 11-bandlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ijro etilishi mumkin.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda)
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki o‘zga vokal va cholg‘u asboblari bilan ijro etilishi mumkin. Bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vokal hamda vokal-cholg‘u asboblari bilan ijro etilgan taqdirda to‘liq ijro etiladi, cholg‘u asboblarining o‘zida ijro etilgan taqdirda esa madhiya qisman ijro etilishiga yo‘l qo‘yiladi — ashulaning boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi.
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning ushbu Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmog‘i lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.
(7-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo‘lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda)
8-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini:
Oldingi tahrirga qarang.
harbiy qismlarda, harbiy kemalarda ijro etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda harbiy xizmatchilarning harbiy salom berishi — harbiy ustavlar bilan;
(8-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ichki ishlar organlarida ijro etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning salom berishi — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari bilan belgilanadigan qoidalar bilan;
(8-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ta’lim tashkilotlarida ijro etish — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib belgilab qo‘yadigan qoidalar bilan tartibga solinadi.
(8-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
9-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qo‘yadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda belgilanadi.
10-modda.
Xorijiy davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari o‘tkazadigan tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi o‘sha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilab qo‘yadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.
11-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar organlarida, ta’lim muassasalarida, sport musobaqalari vaqtida, shuningdek xorijiy davlatlar hududida O‘zbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tegishli tadbirlar o‘tkazgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalari ushbu Qonun talablariga asoslanib belgilanadi.
(11-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda.
Ushbu Qonunning ijrosini ta’minlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Ushbu Qonunning ijro etilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-273-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 484-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini hurmat qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun Jinoyat kodeksining 215-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2031-moddalariga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 10-dekabr,
№ 768-XII
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 52-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2010-y., 51-son, 484-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)