toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida
Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, oʻrganishlar natijalari mazkur sohada bir maromda iqtisodiy oʻsishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar yigʻiluvchanligining zarur darajasini taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni koʻrsatdi, xususan:
birinchidan, umumbelgilangan soliqlarni toʻlovchilar uchun soliq yuki darajasining yuqoriligi, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni toʻlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi soliq yuki darajasidagi farqning sezilarliligi;
ikkinchidan, qoʻshilgan qiymat soligʻini undirishning samarasiz tizimi, soliq toʻlovchilarning aylanma mablagʻlarini jalb qiladigan, shuningdek, isteʼmol mahsulotining oraliq va yakuniy qiymati qimmatlashishiga olib keladigan hamda yirik va kichik biznes oʻrtasidagi kooperatsiyaning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladigan majburiy toʻlovlarning mavjudligi;
uchinchidan, soliq toʻlovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga haq toʻlash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq toʻlash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi;
toʻrtinchidan, imtiyozlarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish boʻyicha taʼsirchan tizimning mavjud emasligi sababli sogʻlom raqobatni taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni soliq va bojxona, shu jumladan individual xususiyatga ega boʻlgan imtiyozlar hisobiga qoʻllab-quvvatlash amaliyotining keng tarqalganligi;
beshinchidan, davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida axborot almashish mexanizmlarining, elektron soliq maʼmuriyatchiligi hamda soliq nazoratini amalga oshirish shakl va uslublarining takomillashmaganligi;
oltinchidan, oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarining sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi va insofli tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga aralashishlarni kamaytirishga toʻsqinlik qiluvchi nazorat faoliyatini amalga oshirishda xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning aniq tizimi yoʻqligi;
yettinchidan, mahalliy soliq va yigʻimlarning maʼmuriyatchiligi mexanizmlarining samarasizligi oqibatida ularning yigʻiluvchanlik darajasi yetarli emasligi, shuningdek, koʻchmas mulk va yer uchastkalarini toʻliq hisobga olish va qiymatini obyektiv aniqlashning mavjud emasligi.
Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyotga soliq yukining darajasini kamaytirish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi boʻyicha soliqlarni toʻlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi soliq yuki darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish;
soliqlarni unifikatsiya qilish orqali ularning sonini optimallashtirish, shuningdek, oʻxshash soliq solish bazasiga ega boʻlgan soliqlarni birlashtirish, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, operatsion xarajatlarni minimallashtirish;
makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligini, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va uning daromadlarini shakllantirishning mustahkamligini taʼminlash;
soliq qonunchiligini soddalashtirish, soliq munosabatlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish, insofli soliq toʻlovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish;
soliq solish masalalarini tartibga soladigan havolaki normalar va qonun osti hujjatlarini maksimal darajada cheklagan holda, soliq qonunchiligining barqarorligini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlash, shu jumladan kodeksda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarining miqdorlarini belgilash;
xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash;
soliq nazoratining shakl va mexanizmlarini, shu jumladan soliq solish obyektlari hamda soliq toʻlovchilarni yanada toʻliq qamrab olish va hisobini taʼminlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfer narxlarni shakllantirish bilan bogʻliq operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etish.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019-yil 1-yanvardan boshlab:
a) birinchidan, mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yuki quyidagilar orqali kamaytiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yoʻnaltirish. Bunda, ayrim toifadagi fuqarolarning mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1,41 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;
(2-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini bekor qilish;
pensiya tizimining barqarorligini taʼminlash maqsadida budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar, ustav jamgʻarmasi (kapitali)ning 50 foizi va undan koʻproq miqdori davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy toʻlovni 25 foiz miqdorida belgilash, shuningdek, boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu toʻlov stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish;
b) ikkinchidan, oborot (tushum)dan soliqlarni optimallashtirgan holda umumbelgilangan va soddalashtirilgan soliqlar toʻlovchilarni soliqqa tortish, shuningdek, soliq solishning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish mezonlari quyidagilar orqali takomillashtiriladi:
davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish;
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun — 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, shuningdek, mobil aloqa xizmati koʻrsatayotgan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib ular uchun qoʻshimcha foyda soligʻi hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish;
dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha toʻlov manbaidan ushlab qolinadigan foyda soligʻi stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard soʻmdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkazish;
(2-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan oboroti (tushumi) 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;
qoʻshimcha foyda soligʻini hisoblash va toʻlash tartibini, shu jumladan royalti toʻlashni joriy etish orqali takomillashtirish;
v) uchinchidan, soliq solishning soddalashtirilgan tartibi boʻyicha soliq toʻlovchilarga soliq siyosatini takomillashtirishning salbiy taʼsirini kamaytirish choralari quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan ilgari xususiylashtirilgan obyektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun oshirilgan stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda, 5 foizdan 2 foizga pasaytirish;
yillik oboroti (tushumi) 1 milliard soʻmgacha boʻlgan soliq toʻlovchilar uchun oborotdan (tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va toʻlash tartibini hamda qoʻshilgan qiymat soligʻini ixtiyoriy ravishda toʻlash imkoniyatini belgilash;
yagona yer soligʻi toʻlovchilar uchun soliq solish tartibini saqlab qolish.
g) toʻrtinchidan, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻini hisoblash va toʻlash tartibi quyidagilar orqali takomillashtiriladi:
qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻliq hisobga olish tizimini joriy etish, soliq solish bazasini aniqlashtirish va imtiyozlar sonini kamaytirish, shuningdek, 2019-yil yakuni boʻyicha mazkur soliq stavkasi miqdorini pasaytirish orqali qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foiz miqdordagi amaldagi stavkasini saqlab qolish;
hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan obyektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish;
tegishli tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlarni respublika budjetiga oʻtkazgan holda, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun har bir ishlab chiqariladigan mahsulot birligiga oʻrnatilgan aksiz va yigʻimlarni birlashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini bekor qilish boʻyicha ishchi komissiyaning yangilangan tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi komissiya (B. Mavlonov):
bir hafta muddatda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ekspert guruhlari faoliyatini, shu jumladan ular ishiga soliqqa tortish sohasida amaliy tajribaga ega ekspertlar va biznes vakillarini jalb qilgan holda tashkil etsin;
2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarini bekor qilish, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq va Bojxona kodekslariga muvofiq doimiy amal qiluvchi soliq hamda bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibini joriy qilish boʻyicha takliflar tayyorlanishini taʼminlasin;
2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, uning keng jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashda va Oʻzbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilishda texnik jihatdan koʻmaklashishni taʼminlash uchun Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
a) soliq majburiyatlarini bajaruvchi soliq toʻlovchilar maʼmuriy xarajatlarining keskin oshishini oldini olishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks tadbirlarni tasdiqlasin:
davlat soliq xizmati organlari xodimlari va soliq toʻlovchilarning, shu jumladan qoʻshilgan qiymat soligʻi va yuridik shaxslarning foyda soligʻini hisoblab chiqish va toʻlash boʻyicha malakasini oshirish;
soliq hisobotini soddalashtirish va uning avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobini yurituvchi dasturiy mahsulotlar bilan integratsiyalashuvini taʼminlash;
soliq maʼmuriyatchiligini, shu jumladan soliqlarni toʻlash davriyligini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini;
pensiyalarni hisoblash uchun zarur boʻlgan hisoblangan ish haqining personallashtirilgan hisobini yuritish tartibini joriy qilish;
b) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari tanqidiy qayta koʻrib chiqilishi va qisqartirilishini taʼminlasin;
v) maʼlumotlar bazalari soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot-resurs bazasiga integratsiya qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining roʻyxatini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda vazirlik va idoralarning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazalarining ishonchliligini oʻrgansin hamda ularning ishonchliligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ommaviy baholash oʻtkazish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yuridik shaxslar koʻchmas mulkining bozor qiymatini aniqlash mexanizmini joriy qilish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-avgustga qadar muddatda strategik rejalashtirish va prognozlashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda va mazkur Farmonda soliq tizimini isloh qilish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2019 — 2021-yillarga moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozini ishlab chiqishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov:
2019-yil uchun budjetnomada ushbu Farmon bilan belgilangan norma va qoidalarni nazarda tutsin;
2019-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini taqdim etish bilan bir vaqtda Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarining 2020-2021-yillarga moʻljallangan oʻrta muddatli budjet yoʻnalishlarini kiritsin;
2019 — 2021-yillarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini ishlab chiqishda xorijdan jalb qilinadigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladigan sarf-xarajatlarni inobatga olmagan holda uning mutanosibligini taʼminlasin.
8. Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi rahbarlari, shuningdek, ularning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari budjet tizimi budjetlarining prognoz parametrlari bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
9. Moliya-budjet intizomini mustahkamlash va Oʻzbekiston Respublikasi budjetining balanslashgan ijrosini taʼminlash uchun:
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar va idoralar, ishonchli boshqaruvchilar 2019-yildan boshlab ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik birlashmalari tomonidan dividendlar soʻzsiz hisoblanishini, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat unitar korxonalari tomonidan ularning sof foydasidan 30 foiz miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratilishini taʼminlasin;
(9-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi 2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda davlat mulki boʻyicha ijara toʻlovlarining minimal stavkalarini har bir hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq yigʻilishini, ish bilan band fuqarolarning maksimal qonuniylashtirilishini va ish haqi fondini koʻpaytirishni taʼminlash boʻyicha qatʼiy choralar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati, davlat soliq xizmati, moliya va boshqa organlarning, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining aniq bosqichma-bosqich harakatlarini va qatʼiy javobgarligini nazarda tutgan holda, soliq solish bazasini kengaytirish, budjetga qoʻshimcha tushum manbalarini aniqlash, shuningdek, uning mutanosibligini hamda defitsit yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlash boʻyicha tumanlar va shaharlar kesimida “Yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish ishlarini, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali tizimli ravishda tashkil etsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Hisob palatasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda soliq toʻlovchilarning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash holatlariga barham berishga, jismoniy va yuridik shaxslarning soliqlarni oʻz vaqtida va toʻliq toʻlamaganligi uchun javobgarligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish boʻyicha takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-iyun,
PF-5468-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish hamda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini bekor qilish boʻyicha ishchi komissiyaning yangilangan
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

B.M. Mavlonov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, ishchi komissiya rahbari

2.

D.R. Li

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, ishchi komissiya rahbarining oʻrinbosari

3.

O.B. Rustamov

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari

4.

S.S. Saidkarimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari

5.

R.K. Davletov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri

6.

M.M. Mirzayev

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari

7.

A.Y. Xaydarov

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

8.

B.A. Musayev

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

9.

J.O. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

10.

I.K. Jasimov

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari

11.

A.M. Musayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼul xodimi

12.

M.P. Olloyorov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari

Ishchi komissiya kotibiyati:

13.

Sh.F. Ozodzoda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining masʼul xodimi

14.

L.M. Xismatova

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining boshqarma boshligʻi

15.

J.B. Nigmatov

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari institutining direktori

16.

D.Sh. Sultanov

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti bosh boshqarmasining boshligʻi

17.

X.B. Ismatov

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bosh boshqarmasining boshligʻi, ishchi komissiya kotibi

Izoh: Ishchi komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2018-y., 06/18/5468/1420-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)