1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.04.00 Iqtisod sohalarini moliyalashtirish. Investitsiyalash]
[TSZ:
1.Moliya / Investitsiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini boshqarish mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar mablagʻlarini faol jalb etish boʻyicha izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Iqtisodiy jihatdan asoslantirilgan investitsiya loyihalarining ularni moliyalashtirish manbalari aniq belgilangan holda samarali amalga oshirilishini taʼminlaydigan, shuningdek, ularni amalga oshirish boʻyicha mablagʻlarning nooqilona sarflanishini istisno etadigan, mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning sifat jihatdan yangi tartibi joriy etildi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil natijalari xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda XMI va XHMT deb yuritiladi) ishtirokidagi investitsiya loyihalarini boshqarish tizimida mazkur sohadagi ishlarni samarali tashkil etishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatdi, jumladan:
birinchidan, investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazoratni tashkil etishga doir tizimli yondashuvning mavjud emasligi sansalorlikka, ajratilayotgan qarz va grant mablagʻlarining oʻz vaqtida oʻzlashtirilmasligiga, shuningdek, loyihalarni yakunlash muddatlari asossiz ravishda choʻzib yuborilishiga olib kelmoqda;
ikkinchidan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan tegishli tuzilmalar faoliyatini tashkil etish masalalari lozim darajada tartibga solinmagani loyihalarni amalga oshirishga doir majburiyatlarning takrorlanishiga hamda bu uchun zarur resurs va imkoniyatlarga ega boʻlmagan tashkilotlar zimmasiga yuklanishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi tor idoraviy yondashuvlar loyihalarni amalga oshirish (muvofiqlashtirish) guruhlarining (keyingi oʻrinlarda — LAOG) ishi samarasiz tashkil etilishiga, shuningdek, LAOG xodimlari investitsiya loyihalarining asosiy vazifa va maqsadlari bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyatga chalgʻishiga sabab boʻlmoqda;
toʻrtinchidan, bir ijro etuvchi agentlik doirasida koʻplab tarqoq LAOGlar mavjudligi investitsiya loyihalarini boshqarish uchun xarajatlarning asossiz ravishda ortishiga olib kelmoqda;
beshinchidan, LAOGlar uchun xodimlar tanlab olish ishlari talab darajasida emasligi LAOGlarni ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga qodir boʻlgan malakali kadrlar bilan toʻldirish imkonini bermayapti.
LAOGlarning XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir faoliyati samaradorligini oshirish, qarz va grant mablagʻlarining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, investitsiya loyihalari doirasida koʻzlangan maqsadlarga erishish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
a) XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasidagi ijro etuvchi agentliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vakolatiga ega boʻlgan Loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklash;
b) LAOGlarni ijro etuvchi agentliklar boʻysunuvidan chiqarish va Loyiha ofisi boʻysunuviga oʻtkazish;
v) tegishli loyihalar doirasida belgilangan ijro etuvchi agentliklar zimmasiga quyidagilar uchun masʼul boʻlgan investitsiya loyihasi buyurtmachisi funksiyalarini yuklash:
investitsiya loyihasining natijalariga doir asosiy talablarni belgilash va uni amalga oshirish samaradorligining muhim koʻrsatkichlariga erishish;
investitsiya loyihalarining loyihaoldi, loyiha va tender (tanlov) hujjatlari qonun hujjatlarida, zarur hollarda esa, XMI va XHMT qoidalari va tartib-taomillarida belgilangan tartibda ishlab chiqilishini tashkil etish;
Loyiha ofisi bilan birgalikda investitsiya loyihasi amalga oshirilishining borishini taʼsirchan monitoring qilish hamda loyiha hujjatlarida tasdiqlangan parametrlarga erishish ustidan nazoratni amalga oshirish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishning oraliq va yakuniy natijalarini qabul qilib olishni tashkil etish.
2. Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib belgilansin:
LAOGlar faoliyatini tizimli ravishda tanqidiy oʻrganishni hamda muvofiqlashtirishni amalga oshirish, uni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
investitsiya loyihalarining loyihaoldi, loyiha va tender (tanlov) hujjatlari qonun hujjatlarida, zarur hollarda esa, XMI va XHMT qoidalari va tartib-taomillarida belgilangan tartibda oʻz vaqtida ishlab chiqilishini nazorat qilish;
tasdiqlangan tarmoq jadvallariga muvofiq investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
LAOGlarga rahbarlar tanlash va ularni tasdiqlash hamda LAOGlar tarkibini malakali mutaxassislardan shakllantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish, shuningdek, ular malaka darajasining investitsiya loyihalarini boshqarish sohasidagi talablarga mosligini aniqlash;
tasdiqlangan tender (tanlov) hujjatlariga muvofiq tender (tanlov) savdolarining tashkil etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
investitsiya loyihalarining tuzilgan shartnomalarga muvofiq oʻz vaqtida moliyalashtirilishini hamda qarz va grant mablagʻlarining XMI va XHMT bilan kelishuvlarga muvofiq oʻzlashtirilishini monitoring qilish;
investitsiya loyihalari buyurtmachilari bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini hamda loyiha hujjatlari bilan tasdiqlangan parametrlarga erishishni taʼminlash borasida oʻzaro hamkorlik qilish;
LAOGlarning XMI va XHMT, investitsiya loyihalari buyurtmachilari, shuningdek, vakolatli vazirlik va idoralar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasidagi oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish;
LAOGlardan investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida hisobotlar va zarur axborot olish hamda, zarur hollarda, taqdim etilgan axborotning haqqoniyligini oʻrganish maqsadida joylarga chiqish;
investitsiya loyihalarini samarali va oʻz vaqtida amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni hal etishda, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish orqali koʻmaklashish;
XMI va XHMT ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish shartlari boʻyicha muzokaralar olib borish hamda ularni muvofiqlashtirish;
XMI va XHMT ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari boʻyicha XMI va XHMTning baholasholdi hamda baholash missiyalari ishini tashkil etishda koʻmaklashish, shuningdek, XMI va XHMT delegatsiyalari, missiyalari, vakillariga tashkiliy, axborot va maslahat yordamini koʻrsatish.
Loyiha ofisi qonun hujjatlariga, shuningdek, XMI va XHMT qoidalari hamda tartib-taomillariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Loyiha ofisi investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi;
Loyiha ofisining XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir qarorlari ijro etuvchi agentliklar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari uchun majburiydir.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha, jumladan, ijro etuvchi agentliklarning loyihalarni amalga oshirish uchun javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida xalqaro konsultantlarni jalb etishni taʼminlasin;
b) bir oy muddatda amaldagi LAOGlar faoliyatini, uning samaradorligini, LAOGlar faoliyatini tashkil etishda qonun hujjatlariga rioya etilishi, shuningdek, ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi holatini oʻrgansin hamda chuqur tahlil qilsin;
v) 2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda xalqaro konsultantlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar va LAOGlar faoliyati samaradorligini tahlil qilish natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining:
moliyalashtiruvchi XMI va XHMT bilan kelishilgan holda LAOGlar sonini ularni birlashtirish yoki tugatish orqali qisqartirishni, shuningdek, ularda mehnat qilayotgan xodimlar sonini maqbullashtirishni;
XMI va XHMT ishtirokida koʻrib chiqilatyogan va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini idoralararo muvofiqlashtirish tartibini belgilashni, shuningdek, loyihalarni boshqarish, jumladan, davlat xaridlarini amalga oshirish hamda buxgalteriya hisobini yuritish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutuvchi qarori loyihasini kiritsin.
5. Belgilansinki, mazkur qarorning 4-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingunga qadar LAOGlar va ijro etuvchi agentliklarning investitsiya loyihalari boʻyicha joriy tadbirlarni bajarishga doir funksiyalari avval belgilangan tartibga muvofiq saqlanib qoladi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-iyun,
PQ-3796-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2018-y., 07/18/3796/1379-son)