toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Kasb-hunar taʼlimi markazining:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Harbiylashtirilgan maxsus maktab-internat negizida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatini (keyingi oʻrinlarda ixtisoslashtirilgan maktab-internat deb ataladi) tashkil etish;
ixtisoslashtirilgan maktab-internatni Toshkent shahar, Uchtepa tumani, M. Shayxzoda koʻchasi, 64-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli Toshkent akademik litseyi binosiga joylashtirish;
Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Gyote koʻchasi, 54-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulugʻbek tumani politexnika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli Toshkent akademik litseyiga operativ boshqaruv huquqi asosida, shuningdek, boshqa asosiy vositalarini (ustaxonalardagi jihozlar bundan mustasno) bepul berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, Mirzo Ulugʻbek tumani politexnika kasb-hunar kollejiga 2016-2017 oʻquv yilida oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar oʻqishlarini oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ushbu kasb-hunar kolleji binosida tamomlaydilar va ularga davlat namunasidagi diplomlar belgilangan tartibda beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 734-sonli “Boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi sobiq Harbiylashtirilgan maxsus maktab-internatning amaldagi 6 — 9-sinf oʻquvchilari ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilari uchun belgilangan huquq va imtiyozlar asosida oʻqishni davom ettiradilar.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-fevraldagi 107-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2019-y., 09/19/107/2588-son)
2. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan, shuningdek, xizmatni oʻtash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining (keyingi oʻrinda xodimlar deb ataladi) farzandlariga taʼlim va tarbiya berish hamda ularning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini taʼminlash;
oʻquvchilarni umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti talablariga muvofiq sifatli oʻqitishni tashkil etish, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari va harbiy akademik litseylarda oʻqishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli boʻlgan chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini taʼminlash;
taʼlim jarayoniga milliy, umuminsoniy va maʼnaviy qadriyatlar, tarixda ajdodlarimiz koʻrsatgan jasorat va bugungi kundagi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining qahramonlik anʼanalari asosida oʻquvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish.
3. Belgilansinki:
ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
oʻquv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam koʻrsatish, darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar, multimedia ilovalari bilan taʼminlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
ixtisoslashtirilgan maktab-internat xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan maktab-internatning shahodatlangan xodimlari qonunchilik hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun belgilangan barcha turdagi huquq va imtiyozlardan foydalanadi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan maktab-internatni saqlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻqishga har yilgi qabul kvotasi 50 nafar oʻquvchini tashkil etib, uning 80 foizi xodimlar va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandlariga taqsimlanadi. Mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, qabul kvotasiga oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan kiritiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻqishga har yilgi qabul qilishning umumiy sonidan 5 foizgacha ajratiladigan qoʻshimcha kvotaga Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi qaroriga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining yoʻllanmasiga muvofiq ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar tanlovsiz qabul qilinadi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-maydagi 239-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2026-y., 09/26/239/0481-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻqishga har yilgi qabul kvotasiga ajratiladigan 5 foizgacha qoʻshimcha kvotaga hududiy idoralararo komissiyaning ota-ona yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslar nazoratsiz va qarovsiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan oilalarda yashayotgan hamda davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj boʻlgan boshqa voyaga yetmaganlarning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlarini inobatga olgan holda tavsiya etilayotgan voyaga yetmaganlar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda tanlovsiz qabul qilinadi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-oktabrdagi 880-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2019-y., 09/19/880/3934-son)
ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻqishga xodimlar va boshqa fuqarolarning umumtaʼlim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan farzandlari (oʻgʻil bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda, jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar oʻtkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy taʼminlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok boʻlgan xodimlarning farzandlari oʻqishga tanlovsiz qabul qilinadi;
ixtisoslashtirilgan maktab-internatda oʻquvchilar 5-sinfdan 9-sinfgacha belgilangan umumtaʼlim dasturlari asosida, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq oʻqish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar, tibbiy xizmat bilan bepul taʼminlangan holda doimiy yashab taʼlim oladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf bitiruvchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan talab va imtiyozlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga oʻqishga qabul qilinadi;
(3-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 20-oktabrdagi 286-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish uchun tanlovlar oʻtkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3089, 22.11.2018-y.).
ixtisoslashtirilgan maktab-internatning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga oʻqishga kirish boʻyicha belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki ushbu akademik litseylarda oʻqishni davom ettirish istagini bildirmagan 9-sinf bitiruvchilari belgilangan tartibda oʻzlarining doimiy yashash manzilida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 10-sinflarida oʻqishni davom ettirishi yoki boshqa akademik litseylarga oʻqishga kirish uchun saralash imtihonlarida ishtirok etishlari mumkin.
4. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning xarajatlari:
a) 2018-yilda — zaruratga koʻra mebel, oʻquv-laboratoriya, zamonaviy kompyuter texnikasi, sport anjomlari bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
b) saqlash xarajatlari:
2018-yilda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida mudofaa va huquq-tartibot organlari uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida;
2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari asosida Moliya vazirligi tomonidan nazarda tutiladigan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli “Tadbirkorlik subyektlari boʻlmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat taʼlim standartlari asosida ixtisoslashtirilgan maktab-internatda chuqur oʻrgatilishi lozim boʻlgan fanlarni nazarda tutgan holda oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish, oʻquvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning oʻqishini koʻchirish qoidalarini nazarda tutadigan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlasin;
Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab-internatga yuklangan vazifalarni samarali bajarish uchun zarur boʻladigan boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarning yangilangan shtatlar jadvalini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilarini oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan taʼminlash meʼyorlarini tasdiqlasin;
bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-iyun,
459-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2018-y., 09/18/459/1376-son; 08.02.2019-y., 09/19/107/2588-son, 18.10.2019-y., 09/19/880/3934-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.05.2026-y., 09/26/239/0481-son)