1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.13.00 Kinematografiya]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2018-2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qaroriga muvofiq, shuningdek, milliy kino san’atini yanada rivojlantirish, mahalliy kino mahsulotlari prokati uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, yoshlarning bo‘sh vaqtidan oqilona foydalanish, ularga kino san’atiga muhabbatni singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekkino” Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zbekkino” MA deb ataladi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (keyingi o‘rinlarda “O‘zmilliybank” deb ataladi), O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “O‘zshaharsozlikLITI” DUK bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganish asosida zamonaviy va retro filmlar uchun ikki zalli kinoteatrlarning hamda yozgi kinoteatrlarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish boshlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. 2018-2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. “O‘zbekkino” MA “O‘zmilliybank”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018-yil 1-iyungacha bo‘lgan muddatda kinoteatrlar qurilishi bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun tashabbuskorlarni — tadbirkorlik subyektlarini belgilasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, zamonaviy kinoteatrlar (keyingi o‘rinlarda kinoteatrlar deb ataladi) tarmog‘ini barpo etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qarori bilan belgilangan mablag‘lar hisobiga tegishli tashabbuskorlar — tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, kinoteatrlarni qurish tashabbuskorlari — tadbirkorlik subyektlarining o‘z mablag‘lari va “O‘zmilliybank”ning loyiha qiymatining 75 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdordagi kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son — 2020-yil 18-apreldan kuchga kiradi)
5. Belgilansinki, qurilayotgan kinoteatrlar o‘zaro foydali bitimlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy namoyish qilish maqsadida kinoteatrlarga xorijiy va mahalliy kino mahsulotlarini markazlashtirilgan raqamli on-layn yetkazib berishni ta’minlaydigan yagona respublika kinoprokat elektron tarmog‘iga kiradi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
zamonaviy kinoteatrlar, shu jumladan, ustun darajada madaniyat va istirohat bog‘lari hududida yozgi kinoteatrlar barpo etish (qurish) bo‘yicha ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari berilishini, shuningdek, ularning hududi tayyorlanishini hamda binolar va inshootlar buzilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarilishini ta’minlasinlar;
tashabbuskorlar — tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda tutashib ketgan hudud obodonlashtirilishi va ko‘kalamzorlashtirilishi, elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash choralarini ta’minlasinlar.
7. “O‘zbekkino” MA 2018-yil 1-iyungacha xorijiy tajribani hamda yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini o‘rganish asosida kinoteatrlarni jihozlash uchun zarur bo‘lgan kino namoyish qiladigan asbob-uskunalarning namunaviy parametrlarini belgilasin va tashabbuskorlarga — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi kinoteatrlarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda qurilish-montaj ishlari bajarilishi va shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.
9. Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan kinoteatrlar obyektlarining buyurtmachilari — qurilish tashabbuskorlari qurilish davrida maqbul loyiha yechimlari qabul qilinishi yuzasidan qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi, loyiha qiymati shakllantirilishi, ularda zarur infratuzilma obyektlari (avtotransportni vaqtincha saqlash joylari, hududlarni obodonlashtirish), shuningdek, xavfsizlik talablari (kuzatish kameralari va yong‘in xavfsizligi tizimi) joylashtirilishi tizimli nazorat qilinishini belgilasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va “O‘zbekkino” MA bosh direktori F.Sh. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-may,
372-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2018-y., 09/18/372/1255-son; 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son)