toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligining samarali tizimini yaratish davlatning qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti tahlili, shuningdek, xalq bilan bevosita muloqot natijalari ushbu sohada bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi, xususan:
birinchidan, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha va sud jarayonida qonuniylikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligi;
ikkinchidan, jinoyatlarni profilaktika qilish va oldini olish, shuningdek, fuqarolarga yuksak huquqiy madaniyat va qonunga hurmat hissini singdirish borasidagi huquqiy mexanizmlarning yetarli darajada samarador emasligi;
uchinchidan, alohida turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sanksiyalar qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga nomuvofiqligi, jumladan jazoning muqobil turlari, rag‘batlantiruvchi normalar va jamoat ta’sir choralari yetarli darajada qo‘llanilmasligi va samarasizligi;
to‘rtinchidan, tezkor-tergov tadbirlarini o‘tkazish sifatining qoniqarsizligi va protsessual qonunchilik talablarini buzgan holda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanilishi;
beshinchidan, xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan jinoyat-huquqiy institutlarning yetarli darajada implementatsiya qilinmaganligi, jumladan yuridik shaxslar jinoiy javobgarligining mavjud emasligi;
oltinchidan, sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish juda past darajada ekanligi.
Zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning mutlaqo yangi ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilansin:
jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish;
jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish;
fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarining ta’sirchan va ishonchli muhofaza qilinishini ta’minlash;
jinoyat-protsessual qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish;
jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklari kafolatlarini ishonchli ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish;
jinoyat protsessining yangi shakl va tartib-taomillarini kiritish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan jinoyat ishlarini yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvni elektron shaklda yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtida surishtiruv organlarining prokuratura organlari, sudlar va jazoni ijro etish organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan ma’lumotlar almashinuvi imkoniyatini beruvchi himoyalangan tizimni, jumladan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha statistika yuritishni avtomatlashtirish orqali joriy qilish;
hujjatning yagona identifikatorini joriy etishni hisobga olgan holda jismoniy va yuridik shaxslarning surishtiruv organlari, sudlar, prokuratura organlari bilan Internet tarmog‘i orqali axborot almashinuvini ta’minlash;
jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv amaliyotida jinoyat-protsessual hujjatlarining yagona elektron shaklini ishlab chiqish;
jinoyat ishlarini yuritish jarayonlarini, shu jumladan jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish;
protsessual harakatlarni amalga oshirish tartiblarini, jumladan elektron shaklda sanksiyalar olish, dalillarni to‘plash, ekspertizalar, sud muhokamasi o‘tkazish va sud qarorlarini ijro etish orqali soddalashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb yuritiladi) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Idoralararo komissiya (O.B. Murodov):
ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish, shuningdek, “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etsin va ularning ish rejalarini tasdiqlasin;
2018-yil 1-dekabrga qadar Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasi (keyingi o‘rinlarda — dastlabki loyiha) amalga kiritilsin;
2019-yil 1-oktabrga qadar dastlabki loyihaning sinovlari natijalaridan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvi joriy qilinishi munosabati bilan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin;
2019-yil 1-dekabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihalarini kiritsin.
Ushbu bandda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida:
jinoyat va jinoyat-protsessual huquqi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani, umume’tirof etilgan norma va standartlarni, jumladan joylarga chiqqan holda o‘rganishni;
ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlari tashkil etishni ta’minlasin.
5. Dastlabki loyiha ishtirokchilari ro‘yxati va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, dastlabki loyihani amalga oshirish doirasida:
bir vaqtning o‘zida hujjatlarning qog‘oz va elektron shakllaridan foydalaniladi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi “Elektron jinoyat ishi” loyihasining amalga oshirilishi va yuritilishiga mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi;
ish o‘rinlarini jihozlash, ichki lokal-hisoblash tarmoqlarini tashkil etish tegishli vazirlik va idoralar — dastlabki loyiha ishtirokchilarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
aloqa kanallari bilan ta’minlash “O‘zbektelekom” AK tomonidan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;
“Elektron jinoyat ishi” tizimini yaratish va joriy etish, uni dastlabki loyiha ishtirokchilarining mavjud axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘rish, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish “UZICON.UZ” DUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi bilan birgalikda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
7. Idoralararo komissiya raisiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralarning mutaxassislari, respublikaning ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar maslahatchilarini jalb qilish huquqi berilsin.
8. Vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu qarorning o‘z vaqtida va samarali ijrosi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Idoralararo komissiyaga xorijiy mamlakatlarga safarlarni tashkil etish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning davlat organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazishda har tomonlama ko‘maklashsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mas’ul vazirlik va idoralar ushbu qaror bilan belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy va amaliy choralar ko‘rilishini ta’minlasin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
PQ-3723-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3723-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish
KONSEPSIYASI
1994-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari shaxsni jinoiy tajovuzlardan samarali muhofaza qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlash uchun huquqiy poydevor yaratdi.
O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida uning normalarini takomillashtirishga, jinoyat protsessiga jalb etiladigan fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlash maqsadida ilg‘or xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni implementatsiya qilishga qaratilgan sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi.
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab bergan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi sud-huquq tizimini isloh qilishning tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bosqichi bo‘ldi.
Xususan, jinoyat qonunchiligining yanada liberallashuvi hamda alohida toifadagi jinoyatlarni jinoiy yurisdiksiyadan chiqarish amalga oshirildi, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar ro‘yxati kengaytirildi.
“Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini kengaytirish, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, shuningdek, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Har bir xodim tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” degan ezgu g‘oyani amalga oshirishga asoslangan holda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini tashkil etish tubdan qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, sud-tergov amaliyotida, jumladan mamlakatning jinoiy-huquqiy siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligidagi ayrim normalarning mukammal emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda, xususan:
jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha va sud jarayonida qonuniylikni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligi;
jinoyatlarni profilaktika qilish va oldini olish, shuningdek, fuqarolarga yuksak huquqiy madaniyat va qonunga hurmat hissini singdirish borasidagi mexanizmlarning yetarli darajada tartibga solinmaganligi;
alohida turdagi jinoyatlar uchun sanksiyalar qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga nomuvofiqligi, jumladan jazoning muqobil turlari, rag‘batlantiruvchi normalar va jamoat ta’sir choralari yetarli darajada qo‘llanilmasligi va samarasizligi;
tezkor-tergov tadbirlari o‘tkazish sifatining qoniqarsizligi va protsessual qonunchilik talablarini buzgan holda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanilishi;
xalqaro huquq va xorijiy amaliyotda e’tirof etilgan jinoyat-huquqiy institutlarning yetarli darajada, jumladan yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligini belgilash sohasida implementatsiya qilinmaganligi;
sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish juda past darajada ekanligi.
Yuqoridagilar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi davlat jinoyat-huquqiy siyosatining mutlaqo yangi ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi:
I. JINOYAT QONUNChILIGINI TAKOMILLAShTIRISh
1. Jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish
1. Jinoyat qonunchiligini xalqaro standartlarga unifikatsiya qilinganligi va muvofiqlashtirilganligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish.
2. Turlicha sharhlash yoki korrupsiya holatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘yadigan yoxud ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakteri jinoyat qonunchiligi prinsiplariga mos kelmaydigan qilmishlar uchun javobgarlik belgilanishiga yo‘l qo‘yadigan normalarni chiqarib tashlash.
3. Jinoyat kodeksidagi fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiladigan huquqiy bo‘shliqlar, qarama-qarshiliklar va “oq dog‘lar”ni bartaraf etish.
4. Jinoyat kodeksida qo‘llaniladigan atama va tushunchalarni ularning mazmuniga aniq ta’rif berish va yagona shaklda qo‘llash orqali takomillashtirish.
5. Jinoyatlarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, fuqarolarga yuksak huquqiy madaniyatni singdirish, ularni Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish ruhida tarbiyalash.
2. Jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish
1. Jinoiy qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakterini belgilovchi muqobil ko‘rsatkichlarni joriy etish orqali jinoyatlarni tasniflash tizimi va mezonlarini qaytadan ko‘rib chiqish.
2. Jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik muqarrarligining ishonchli kafolatini ta’minlash.
3. Jazolar tizimi va ularni tayinlash mexanizmlarini qaytadan ko‘rib chiqish, eskirgan hamda zamonaviy talablarga javob bermaydigan jazolar shakli va turlarini chiqarib tashlash.
4. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni tarbiyalash, shuningdek, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan jazo turlari va boshqa huquqiy ta’sir choralarini joriy etish.
5. Tamom bo‘lmagan jinoyat, jinoyatda ishtirokchilik va bir qancha jinoyat sodir etish institutlarini ularning mezonlari va xususiyatlarini aniqlashtirish orqali takomillashtirish, shuningdek, ular o‘rtasida mavjud ziddiyatlarni bartaraf etish.
6. Rag‘batlantiruvchi normalarni, jumladan jazoni yengillashtirish yoki shaxsni jinoiy javobgarlik yoxud jazodan ozod qilish shartlarini o‘rnatuvchi normalarni kengaytirish.
7. Qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlarni belgilovchi normalarni takomillashtirish.
8. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash institutini, jumladan mazkur choralarni qo‘llash asoslarini kengaytirish orqali rivojlantirish.
3. Fuqarolar huquqlari va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini amalda va ishonchli himoya qilishni ta’minlash
1. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarning alohida tarkibini bosqichma-bosqich jinoiy yurisdiksiyadan chiqarish siyosatini davom ettirish.
2. Jinoiy jazolarning sanksiyalarini jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakteri bilan qat’iy muvofiqlashtirish, jazolarning muqobil turlarini oqilona va mutanosib ravishda qo‘llashni ta’minlash.
3. Jinoyat qonunchiligining, ayniqsa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni birinchi marotaba sodir etgan, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari — voyaga yetmaganlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, homilador ayollar va qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslarga nisbatan yanada insonparvarligini ta’minlash.
4. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan terrorizm, ekstremizm va korrupsiyaviy jinoyatlarni, shu bilan birga uyushgan guruh hamda jinoiy uyushma tarkibida qiynoqqa solish usullaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan keskin jinoiy siyosatni davom ettirish.
5. Jinoyat protsessiga jalb etilgan voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan jinoiy-huquqiy normalarni takomillashtirish.
6. Jinoyat qonunchiligiga dunyo hamjamiyatida tobora ortib borayotgan xavflarni hisobga olgan holda transmilliy va xalqaro jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kiritish.
7. Texnologik taraqqiyot, jumladan kiberjinoyat bilan bog‘liq jinoyat turlarining kengayganligini hisobga olgan holda axborot texnologiyalari sohasida javobgarlikni nazarda tutuvchi normalarni qayta ko‘rib chiqish.
II. JINOYAT-PROTSESSUAL QONUNChILIKNI TAKOMILLAShTIRISh
1. Jinoyat-protsessual qonunchilik normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish
1. Jinoyat-protsessual qonunchilikni xalqaro standartlarga unifikatsiya qilinganligi va muvofiqlashtirilganligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish.
2. Turlicha talqin qilinadigan yoki ularni qo‘llash bo‘yicha tushuntirish talab etuvchi jinoyat-protsessual normalardan voz kechish, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanuvchi qonunlardan foydalanish amaliyotiga to‘liq o‘tish.
3. Jinoyat-protsessual qonunchilik tizimini normalar va institutlarni huquqiy jihatdan qo‘llashning samaradorligini hisobga olgan holda ularning mantiqiy ketma-ketligini ta’minlash nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, takrorlanuvchi normalardan voz kechish.
4. Jinoyat-protsessual tamoyillar tizimini zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or xalqaro standartlar va xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda yanada takomillashtirish.
5. Jinoyat-protsessual qonunchilikdagi fuqarolarning huquq hamda erkinliklari, jamiyat va davlatning manfaatlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish.
6. Xalqaro hamkorlik masalalarini tartibga soluvchi jinoyat-protsessual normalarni O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiqlashtirish.
2. Jinoyat protsessida shaxs huquq va erkinliklarining ishonchli kafolatini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish
1. Sud-tergov faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvda jamoatchilik ishtiroki institutini kuchaytirish.
2. Advokatlarning protsessual huquq va vakolatlarini kuchaytirish orqali taraflarning o‘zaro tortishuv tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish, ularning haqqoniy mustaqilligini ta’minlash, shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha himoyachining ishtiroki shart bo‘lgan ishlarga oid asoslarni kengaytirish.
3. “Xabeas korpus” institutini qo‘llash ko‘lamini, jumladan sudgacha bo‘lgan bosqichda amalga oshiriladigan protsessual qarorlar va harakatlar ustidan sudga shikoyat qilish institutini joriy etish orqali kengaytirish.
4. Surishtiruv va dastlabki tergov jinoyat-protsessual institutlarini yanada takomillashtirish, jinoyat ishlarining ketma-ketligini tartibga soluvchi jinoyat-protsessual normalarni differensiatsiyalash.
5. Tergovga qadar tekshiruv va sud bosqichlarida ishlarni ko‘rib chiqishda yarashuv institutini qo‘llash doirasini kengaytirish.
6. Voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan jinoyat-protsessual normalarni takomillashtirish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, shuningdek, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni profilaktika qilish va oldini olish bo‘yicha choralarni kuchaytirish.
7. Tergovga qadar tekshiruv jarayoniga jalb etilgan, shuningdek, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlangan shaxslarning protsessual maqomini aniqlashtirish.
8. Huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammo va kamchiliklarni hisobga olgan holda jinoyat ishlarini to‘xtatish va jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish tartibi hamda asoslarini takomillashtirish.
9. To‘xtatilgan jinoyat ishlari doirasida taqiq qo‘yilgan va garovga olingan mol-mulklar, ashyoviy dalillar taqdirini tartibga soluvchi jinoyat-protsessual normalarni qayta ko‘rib chiqish.
10. Reabilitatsiya institutini qo‘llash asoslarini va uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish.
11. Sudga qadar va sud bosqichida ekspertiza o‘tkazish va taftish qilishning aniq mezon hamda tartib-taomillarini joriy etish.
12. Sudga qadar va sud bosqichida mutaxassisning protsessual maqomini aniqlashtirish, shuningdek, mutaxassis fikriga protsessual tus berish.
13. Protsessual muddatlarni hisoblab chiqish va protsessual chiqimlarni qoplash tartibini takomillashtirish.
14. Jinoyatdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash va ko‘maklashishning samarali mexanizmlarini o‘rnatish.
15. Mahkumlarga nisbatan amnistiya va afv etish shaklidagi insonparvarlik aktlarini qo‘llash tartibini takomillashtirish.
3. Jinoyat protsessining yangi shakl va tartib-taomillarini joriy etish
1. Sudga qadar va sud bosqichida soddalashtirilgan ish yuritish tartib-tamoyillarini yanada rivojlantirish, sud-tergov harakatlarining innovatsion shakllari va uslublarini joriy etish.
2. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida ayrim protsessual va tergov harakatlarini amalga oshirishning optimal mexanizmlarini yaratish.
3. Taraflarning o‘zaro tortishuv tamoyilini ta’minlash asosida dastlabki eshitish institutini joriy etish orqali jinoyat ishini sud muhokamasiga tayinlash bosqichini isloh qilish.
4. Sud muhokamasida ayblovni o‘zgartirishni, jumladan yanada og‘irroq ayblovga o‘tishni nazarda tutuvchi mexanizmlarni, shuningdek, prokuror ayblovdan voz kechishining protsessual mexanizmini yaratish.
5. Guvoh, jabrlanuvchi va jinoyatdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan jinoyat-protsessual hamda tashkiliy choralarni joriy etish.
6. Guvoh va jabrlanuvchilar ko‘rsatuvlarini, birinchi navbatda, ularni obyektiv sabablarga ko‘ra kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan hollarda, oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniya qilish) institutini joriy etish.
7. Sud-tergov faoliyatida, xususan “Elektron jinoyat ishi” va “masofadan so‘roq qilish” tizimlarini joriy etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni ta’minlash.
8. Yangi jinoyat protsessual institutlarni joriy etishni hisobga olgan holda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini yanada rivojlantirish.
9. Sud hukmi, ajrimi va qarorlarining ijrosiga taalluqli muammolarni hal etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish.
III. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni jahon hamjamiyatining jadal rivojlanish tendensiyalarini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasi, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish.
Bunda quyidagi maqsadlarga erishish alohida ahamiyat kasb etadi:
jinoyatning oldini olish va fuqarolarni qonunlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy madaniyatini oshirishning amaliy va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish;
sud-tergov faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvda jamoatchilik ishtiroki institutini kuchaytirish;
milliy xususiyatlar va sharoitlarni e’tiborga olgan holda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikka ilg‘or xorijiy tajribani implementatsiya qilish;
jinoiy qilmishdan jabr ko‘rgan shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash mexanizmlarining samaradorligini oshirish;
sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish.
Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasini samarali amalga oshirishning pirovard natijasida “Qonun ustuvor — jazo muqarrar” tamoyili hayotga to‘liq tatbiq etilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3723-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha Idoralararo komissiya
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

O.B. Murodov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Komissiya raisi

2.

B.M. Mavlonov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Komissiya raisi o‘rinbosari

3.

B.Sh. Mirbabayev

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi

4.

K.F. Kamilov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi

5.

D.X. Igamov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati raisining o‘rinbosari

6.

P.R. Bobojonov

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri

7.

R.K. Davletov

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri

8.

M.B. Azimov

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi

9.

A.I. Axmedxodjayev

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

10.

Sh.Sh. Sadikov

O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi

11.

Muxamedov U.S.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari

12.

Sh.A. Aminov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari

13.

E.S. Kanyazov

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori

14.

Achilov J.A.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i

15.

U.X. Muxamedov

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari

Izoh.
Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga tayinlanganlar yoxud tegishli funksiyalar bajarilishi yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoni tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3723-son qaroriga
3-ILOVA
Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasi ishtirokchilarining
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi

2.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman prokuraturasi

3.

Toshkent shahar Mirobod tuman prokuraturasi

4.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

5.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Yakkasaroy tumani bo‘limi

6.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Mirobod tumani bo‘limi

7.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi

8.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani bo‘limi

9.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Mirobod tumani bo‘limi

10.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

11.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani sudi

12.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi

13.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi

14.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi

15.

Toshkent shahar Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi

16.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi

17.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi

(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PF-5547-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3723-son qaroriga
4-ILOVA
Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasini amalga oshirish bo‘yicha
ChORA-TADBIRLAR DASTURI

T/p

Tadbirlar

Amalga oshirish shakllari

Ijro muddatlari

Mas’ul ijrochilar

I. Tashkiliy chora-tadbirlar

1.

Surishtiruv organlari bilan munosabatlarning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida prokuratura, IIV, DBQ, sud organlari, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat yuridik masalalar bo‘yicha ishchi guruhi (1-ishchi guruh) tarkibi, ish rejasini tasdiqlash va uning ustuvor vazifalarini belgilash.

1-ishchi guruh tarkibi va ish rejasini tasdiqlash

Ikki hafta

Komissiya (O. Murodov)

2.

Surishtiruv organlari bilan tashkiliy-texnik hamkorlikni yaratish uchun prokuratura, IIV, DBQ, sud organlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “UNICON. UZ” DUK, “O‘zbektelekom” AK, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish Markazi vakillaridan iborat ishchi guruhi (2-ishchi guruh) tarkibi, ish rejasini tasdiqlash va uning ustuvor vazifalarini belgilash.

2-ishchi guruh tarkibi va ish rejasini tasdiqlash

Ikki hafta

Komissiya (O. Murodov)

3.

Jinoyat ishlari yuritishni samarali raqamlashtirishni ta’minlash maqsadida quyidagilarni o‘rganishni nazarda tutgan holda sud-tergov faoliyatini tanqidiy tahlil qilish:

surishtiruvchilar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyat ishlari bo‘yicha amaldagi jino�t-protsessual ishlarini yuritish tartibini;

surishtiruv organlarining davlat organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish tartibini;

prokuror va sud organining sanksiyasini olish, shuningdek prokuror nazoratini amalga oshirish tartibini;

sud muhokamasi tartibini;

jinoyat ishlarini yuritish jarayonlari tartibini, shu jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvida tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash yo‘li orqali optimallashtirish nuqtai nazaridan;

sud qarorlarining Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan amaldagi jinoiy-ijro qilish tartibini.

Tahliliy ma’lumotnoma

2018-yil 1-iyunga qadar

1-ishchi guruh, manfaatdor vazirlik va idoralar

4.

Dastlabki loyiha ishtirokchilari bo‘lgan organlarning axborot-kommunikatsiyaviy infratuzilmasini, shu jumladan ularda qo‘llanilayotgan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazasini tanqidiy o‘rganish va tegishli takliflar tayyorlash.

Tahliliy ma’lumot

2018-yil 1-iyunga qadar

2-ishchi guruh

5.

Jinoyat ishlarini yuritishni raqamlashtirish uchun kerak bo‘lgan texnik va dasturiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish.

Texnik loyihani ishlab chiqib va tasdiqlash.

Texnik loyiha

2018-yil 15-iyunga qadar

2-ishchi guruh, “UNICON. UZ” DUK, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish markazi

6.

Jinoyat protsessini raqamlashtirish sohasidagi xorijiy davlatlarning ilg‘or xalqaro tajribasini, jumladan joylarga safar qilish orqali o‘rganish.

Tahliliy ma’lum�t

2018-yil 1-iyulga qadar

Komissiya (O. Murodov) TIV (B. Asadov)

7.

Quyidagilarni nazarda tutgan holda “Elektron jinoyat ishi” tizimini yaratishning texnik shartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash:

surishtiruvni va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish tartiblarini, shu jumladan, elektron shaklda sanksiyalar olish, dalillarni to‘plash, ekspertizalar, sud muhokamasi o‘tkazish va sud qarorlarini ijro etish orqali soddalashtirishni;

tergov harakatlarini amalga oshirishda dalillarni protsessual mustahkamlash mexanizmlarini;

tizimni surishtiruv organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvini;

jinoyat ishi bo‘yicha dalillar va protsessual hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning tizimda ishonchli himoyalanishini ta’minlash, jinoyat protsessi bosqichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga himoyalangan tarzdan kirishni ta’minlash;

jinoyat ishlari bo‘yicha statistikani yuritishni avtomatlashtirish va elektron xabar berishni joriy qilishni;

hujjatning yagona identifikatorini joriy etish;

jismoniy va yuridik shaxslar, ularning qonuniy vakillarini tizim bilan o‘zaro munosabatlari uchun Internet tarmog‘ida veb-sayt yaratish;

surishtiruv, prokuratura, sud organlari, Majburiy ijro byurosi xodimlaridan iborat bo‘lgan tizim foydalanuvchilari uchun idoralararo himoyalangan veb-sayt yaratish.

Texnik topshiriq

2018-yil 1-avgustga qadar

“UNICON. UZ” DUK, 1,2-ishchi guruhlar, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish markazi

8.

Jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritishning elektron shaklini va idoralararo axborot almashinuvini joriy etish, surishtiruv ish yurituvida jinoyat-protsessual hujjatlarning yagona elektron shakllarini shakllantirishni ko‘zda tutuvchi “Elektron jinoyat ishi” axborot tizimini ishlab chiqish.

Axborot tizimlari kompleksi

2018-yil 1-noyabrga qadar

“UNICON. UZ” DUK, 1,2-ishchi guruhlar, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish markazi

9.

Dastlabki loyiha doirasida jinoyat ishlarini yuritish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish va tizimdan foydalanuvchilarga yetkazish, dastlabki loyiha ishtirokchilari — organlar mas’ul xodimlarini jinoyat ishlarini elektron yuritish bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha kurslar tashkil etish.

Uslubiy tavsiyalar

O‘quv kurslari

2018-yil 1-sentabrga qadar

1,2 — ishchi guruhlar

10.

Fuqarolik jamiyati institutlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar vakillari va xorijiy ekspertlarni keng jalb qilgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot-anjumanlari tashkil etish.

Uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot-anjumanlari tashkil etish

Dastlabki loyihasini amalga oshirish davrida

Komissiya (O. Murodov), Dastlabki loyiha ishtirokchilari, manfaatdor vazirlik va idoralar

11.

Dastlabki loyiha ishtirokchilari bo‘lgan organlarning axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini respublika miqyosida, shu jumladan ularda qo‘llanilayotgan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazasini tanqidiy o‘rganish va tegishli takliflar tayyorlash.

Tahliliy ma’lumot

2019-yil 15-yanvarga qadar

Komissiya (O. Murodov), Dastlabki loyiha ishtirokchilari

12.

“Elektron jinoyat ishi” tizimini respublika bo‘yicha bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish.

“Yo‘l xaritasi” loyihasi

2019-yil 1-martga qadar

Komissiya (O. Murodov), 1,2 — ishchi guruh

II. Tashkiliy-texnik tadbirlar

13.

Zarur kompyuter va ofis texnikasi, planshetlar, elektron raqamli imzo kalitlari bilan jihozlangan ishchi o‘rinlarini tashkil etish.

Texnik jihozlangan ish o‘rinlari

2018-yil 1-oktabrga qadar

Komissiya (O. Murodov), Dastlabki loyiha ishtirokchilari, “UNICON. UZ” DUK

14.

Dastlabki loyiha ishtirokchilarining tumanlarda joylashgan organlari binolarigacha optik tolali aloqa tarmoqlarini o‘tkazish.

Optik jihozlarni sotib olish va o‘rnatish.

Foydalanishga topshirish akti

2018-yil 1-noyabrga qadar

“O‘zbektelekom” AK

15.

Dastlabki loyiha ishtirokchilarining tumanlar miqyosidagi organlarining ichki lokal hisoblash tarmog‘ini tashkil etish (zarur bo‘lgan taqdirda).

Faoliyat yuritayotgan tarmoq

2018-yil 1-noyabrga qadar

Manfaatdor vazirlik va idoralar

16.

Ma’lumotlarni uzatuvchi himoyalangan idoralararo tarmoq yaratish.

Faoliyat yuritayotgan tarmoq

2018-yil 15-noyabrga qadar

“O‘zbektelekom” AK

17.

“Elektron jinoyat ishi” tizimida jinoyat ishi materiallariga nisbatan tegishli tarzdagi elektron rekvizitlarni (imzo, muhr, shtamp va boshqalar), shuningdek elektron protsessual va boshqa elektron hujjatlarning yagona shakllarini qo‘llash.

Axborot tizimlari kompleksi

2018-yil 1-dekabrga qadar

1,2 — ishchi guruh, “UNICON. UZ” DUK, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish markazi

18.

“Elektron jinoyat ishi” tizimini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida tizim serverini joylashtirgan holda ishga tushirish.

Faoliyat yuritayotgan tizim (veb-saytlar bilan)

2018-yil 1-dekabrga qadar

Komissiya (O. Murodov), “UNICON. UZ” DUK, Majburiy ijro byurosi AKT joriy etish markazi, 2 — ishchi guruh

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2018-y., 07/18/3723/1225-son, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)