toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ixtisoslashtirilgan, shoshilinch va tez tibbiy yordamni, fuqarolarning sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash sohasidagi faoliyatni takomillashtirishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Erishilgan ijobiy natijalarga qaramay, allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:
birinchidan, allergologiyaning fundamental va amaliy asoslari amaliy tibbiyotdan ajralgan holda rivojlanishi prinsipial yangi, molekulyar darajada allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etishga hamda qoʻllashga yetarlicha eʼtibor qaratish imkonini bermayapti;
ikkinchidan, tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan taʼminlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qoʻllanilishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, joylarda allergik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi oldini olish, ixtisoslashgan allergologik yordamni taʼminlash borasida zarur chora-tadbirlar koʻrilmayapti, oqibatda bemorlar viloyat markazlarida va respublikaning poytaxtida davolanishga majbur boʻlmoqdalar;
toʻrtinchidan, mazkur sohada kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermaydi, buning oqibatida tibbiyot muassasalarini malakali vrach-allergolog va immunologlar bilan toʻldirish qoniqarsiz ahvolda qolmoqda;
beshinchidan, axborot toʻplash, tahlil qilish va almashish, ishonchli statistik hisobot yuritishning samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan, allergologik yordam koʻrsatish sohasida tibbiyot muassasalarining ixtisoslashgan boʻlimlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha yagona tizim mavjud emas;
oltinchidan, tibbiyot muassasalarining, jumladan, Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganlik darajasi allergik kasalliklarga samarali tashxis qoʻyish va ularni davolash imkonini bermaydi.
Ixtisoslashtirilgan allergologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish, uning sifatini yaxshilash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolashda ilgʻor uslublarni joriy etish, shuningdek, sohada faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
allergologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga molekulyar tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha yagona markazlashtirilgan tizimni yaratish hamda allergik kasalliklarni erta aniqlovchi skrining dasturlarni barcha joylarda bosqichma-bosqich joriy etish;
sogʻliqni saqlash amaliyotiga ilm-fanning ijobiy natijalarini joriy etish imkonini beradigan biotibbiyotning umumjahon yutuqlari bilan bogʻliq holda allergologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish;
allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun zarur boʻlgan dori-darmon vositalari, tibbiyotda qoʻllash uchun moʻljallangan buyumlar va tibbiyot texnikasi, jumladan, tashxis qoʻyish va davolash allergenlari, reagentlari va sarflash materiallari bilan taʼminlash darajasini oshirish;
klinik allergologiya va immunologiya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, tibbiyot muassasalarining kadrlar salohiyatini oshirish, bu sohada yetakchi xorijiy tibbiyot taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish;
qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, allergologiya sohasiga grantlar va investitsiyalarni jalb qilish, tajriba almashish maqsadida xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, allergologiya sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar oʻtkazish.
2. Allergik kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga toʻlmagan va xavf ostida boʻlgan bolalarni 2019-yil 1-yanvardan 1-iyulgacha tekshirish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini (keyingi oʻrinlarda — bir martalik aksiya) eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, bir martalik aksiya oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida, shuningdek, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga borgan holda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining faol ishtirokida bepul asosda oʻtkaziladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha har yili nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari doirasida:
ushbu qarorda belgilangan vazifalar va yoʻnalishlarni hisobga olgan holda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmasini va taʼsis hujjatlarini tasdiqlasin;
davlat tibbiyot muassasalarining davolash-tashxis qoʻyish allergenlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlasin hamda davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun oʻz vaqtida va uzluksiz yetkazib berish maqsadida ularni xarid qilishni tashkil etish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “Dori-Darmon” AK va Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi bilan birgalikda 2018-yil 1-sentabrga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab eng yuqori boʻlgan davolash-tashxis allergenlari davlat tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda allergiyaga qarshi dori vositalarini, profilaktika rekombinant allergiya vaksinalarini, davolash va tashxis qoʻyish allergenlarini ustuvor ravishda erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda:
a) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro standartlariga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasini tashkil etish boʻyicha taklif kiritsin;
b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy oʻrganish asosida:
Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini tashkil etish;
2018/2019 oʻquv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasini koʻpaytirish;
2019/2020 oʻquv yilidan “allergologiya va klinik immunologiya” mutaxassisligi boʻyicha magistratura yoʻnalishini ochish;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish oʻquv dasturlarini takomillashtirish;
allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur boʻlgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini yaratish va ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy yutuqlarni hisobga olgan holda farmatsevtika tarmogʻi uchun kadrlarni tayyorlashning oʻquv dasturlarini takomillashtirish choralarini koʻrsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish uchun texnik vazifalarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin, uni bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
g) respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida tibbiy xizmat koʻrsatish hajmini nazarda tutuvchi allergologiya yoʻnalishida tibbiy yordam koʻrsatish tartibini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda allergologiya xonasi va boʻlimini jihozlash standartlarini tasdiqlasin;
d) Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-taʼlim jarayoniga xorijiy oʻqituvchilar va mutaxassislarni jalb qilish, ilmiy-pedagogik kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovka oʻtashini tashkil etish maqsadida allergologiya va immunologiya sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar va muassasalar, jumladan, Allergologlar va klinik immunologlarning Yevropa akademiyasi bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish va izchil rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-amaliy choralarni koʻrsin.
Belgilansinki, mazkur bandda koʻrsatilgan taʼlim jarayonlarini tashkil etish oliy tibbiyot taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalari allergologiya boʻlinmalari va yetakchi xorijiy klinikalarning ilmiy-amaliy bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tajribani hisobga olgan holda:
Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda allergen oʻsimliklar changi toʻplanishini kuzatishni va muayyan hududda allergiya patologiyasi bilan kasallangan bemorlarni xabardor qilishni nazarda tutadigan aerobiologik monitoring tizimini yaratish;
Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda allergik kasalliklar tashxisini ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qoʻllagan holda tashkil etish, shuningdek, kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi aholisining “allergik pasportini” ishlab chiqish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda allergologiya va immunologiya sohasida ilmiy-tashxis, taʼlim va ishlab chiqarish innovatsiyalarini rivojlantirish maqsadida laboratoriya va ilmiy amaliyotning xalqaro standartlariga (GLP, GSP) javob beruvchi Xalqaro molekulyar allergologiya va immunologiya markazini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi orasida allergik kasalliklarni profilaktika qilish, barvaqt tashxis qoʻyish va davolash masalalari boʻyicha tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlarni olib borsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.S. Qosimov, R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-may,
PQ-3715-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi PQ-3715-son qaroriga
ILOVA
Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni takomillashtirishga doir
KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Moliyalashtirish manbalari

Bajarish muddatlari

Ijrochilar

I. Allergologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish

1.

Allergologiya sohasida allergik kasalliklar shakllanishining tizimli mexanizmlari va sabablaridagi oʻxshash va farqli jihatlarni oʻrganishga qaratilgan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, tashxis qoʻyish va davolashning yangi metodlarini ishlab chiqish uchun tahliliy hamda texnologik asoslarni tayyorlash

Ilmiy-tadqiqot hisobotlari

Davlat maqsadli grantlari, xalqaro moliya institutlari hamda donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari

doimiy

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Fanlar akademiyasi (Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abdurahmonov)

2.

Allergologiya sohasida kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, erta tashxis qoʻyish metodikalarini ishlab chiqish, allergik kasalliklar xavfi va skriningi omillarini aniqlash

Ilmiy-tadqiqot hisobotlari va boshqa ilmiy-texnik hujjatlar

Davlat maqsadli grantlari, xalqaro moliya institutlari hamda donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari

doimiy

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Fanlar akademiyasi (Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abdurahmonov)

II. Ixtisoslashtirilgan allergologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish va aholining allergik kasalliklarga qarshi dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish

3.

Allergologiya va klinik immunologiya boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish tartibini, shu jumladan shifokor-allergolog kabineti faoliyatini tashkil etish qoidalari hamda uni jihozlash standartlarini; allergologiya boʻlimlari faoliyatini tashkil etish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2018 yil
1-avgust

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov)

4.

Isbotlovchi tibbiyotga asoslangan zamonaviy usullar va texnologiyalarni joriy etishni hisobga olgan holda, respublika, viloyat va tuman (shahar) darajalarida tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiy yordam koʻrsatish turlari, allergik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning standartlari, klinik protokollarini ishlab chiqish va tasdiqlash

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2018 yil
1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov)

5.

Allergenlar – maxsus immunoterapiyadan foydalangan holda allergik kasalliklarga ixtisoslashtirilgan tashxis qoʻyish va davolashni keng qoʻllash, uni har bir hududning sogʻliqni saqlash tizimi amaliyotiga joriy etish

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

2018 yil
1-dekabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov)

6.

Allergik kasalliklarga chalingan bemorlarning hujayra va gumoral immunitetini tadqiq qilish;

ekstraksiyalangan allergenni qoʻllagan holda molekulyar allergologiyani rivojlantirish orqali tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy, yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan usullarini Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi amaliyotiga tatbiq etish

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi

Har yili ajratiladigan budjet ajratmalari doirasida, xalqaro moliya institutlari hamda donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari

2019 yildan boshlab

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov)

7.

Allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan, shu jumladan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlari tomonidan aniqlangan allergik reaksiyalar va kasalliklar boʻyicha maʼlumotlarni kiritish imkoniyatini nazarda tutuvchi axborot tizimini yaratish uchun texnik topshiriq ishlab chiqish va tasdiqlash, uni bosqichma-bosqich tatbiq etish choralarini koʻrish

Texnik topshiriq

Avtomatlashtirilgan axborot tizimi

Sogʻliqni saqlash sohasida zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish dasturlari doirasida

2018 yil
15-iyul

20182020 yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov),
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Axmedxodjayev)

8.

Talab eng yuqori boʻlgan allergenlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish

2018 yil
1-sentabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov),
Dori-darmon AK (Azimov)

9.

Davlat tibbiyot muassasalarining davolash-diagnostika allergenlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash hamda davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun oʻz vaqtida va uzluksiz yetkazib berish maqsadida ularni xarid qilishni tashkillashtirish choralarini koʻrish

Tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar

2018 yil
15-iyul

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov)

10.

Asosan erkin iqtisodiy zonalar hududida allergiyaga qarshi mahalliy dori vositalari va davolash-diagnostika allergenlari ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritish

Tahliliy maʼlumotnoma

2018 yil
15-avgust

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (Bekenov),
Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov)

III. Allergologiya va immunologiya sohasida tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

11.

Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasini ochish;

allergologlar va immunologlar tayyorlash boʻyicha magistratura yoʻnalishini ochish;

har bir tibbiyot instituti huzurida klinik ordinatura kvotasini koʻpaytirish;
tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining allergologiya va immunologiya boʻyicha oʻquv dasturlarini qayta koʻrib, ishlab chiqish orqali allergolog-immunolog mutaxassislarning kadrlar salohiyatini mustahkamlash boʻyicha takliflar kiritish

Kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar

Har yili ajratiladigan budjet ajratmalari doirasida

2018 yil
15-iyul

2019/2020

oʻquv yili
2018/2019

oʻquv yili
2018 yil
1-sentabr

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri (Majidov)

12.

Yetakchi xorijiy mutaxassislarni, ayniqsa sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinida ishlayotgan mintaqaviy mutaxassislarni jalb etgan holda klinik allergologiya va immunologiya boʻyicha seminar-treninglar, mahorat darslari, vebinarlar va telekoʻpriklar tashkil etish

Kompleks chora-tadbirlar

muntazam

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov),
TIV (Komilov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

13.

Yetakchi xorijiy tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va klinikalarida “allergologiya va immunologiya” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkillashtirish

Davlat maqsadli grantlari, xalqaro moliya institutlari hamda donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari, homiylik mablagʻlari

2018 2020 yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov),
TIV (Komilov),
manfaatdor vazirliklar va idoralar

14.

Allergologiya va immunologiya sohasida yetakchi xorijiy tashkilotlar va muassasalar bilan, shu jumladan Yevropa Allergologlari va klinik immunologlari akademiyasi bilan sheriklik munosabatlari oʻrnatish

Tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar, sheriklik bitimlari tuzish

2018 yil
15-iyul

Sogʻliqni saqlash vazirligi(Shodmonov),

IV. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash

15.

Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida rekonstruksiya ishlarini olib borib, uning koyka fondini kengaytirish

Davlat rivojlanish dasturi doirasida

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari

2019-2020 yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov),
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafoyev),
Moliya vazirligi
(Haydarov)

16.

Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazini yuqori texnologiyali tibbiyot uskunalari va laboratoriya bilan jihozlash

Davlat rivojlanish dasturi doirasida

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari hamda donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari

2019-2020 yillar

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Shodmonov),
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafoyev),

Moliya vazirligi

(Haydarov),

Innovatsion rivojlanish vazirligi

(Abdurahmonov)

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 07/18/3715/1200-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)