toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi vaqtlarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha sezilarli chora-tadbirlar koʻrildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi.
Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 9 200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishishda muhim rol oʻynamoqda.
Shu bilan birga ushbu sohadagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, davlatning fuqarolik jamiyati bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmagan, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmayapti, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmagan;
ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi barcha ijtimoiy guruhlarning turli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ifodalanadigan manfaatlarini chuqur oʻrganish hamda inobatga olishga imkon bermayapti;
uchinchidan, yetarli qonunchilik bazasi yaratilganligiga qaramay, ijtimoiy sheriklik davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida fuqarolarning keng koʻlamli ijtimoiy muammolarini hal qilishga, ularning, ayniqsa yoshlarning tashabbuslari va zamonaviy gʻoyalarini haqiqatda ilgari surishga qaratilgan hamkorlikning samarali mexanizmiga aylana olmadi;
toʻrtinchidan, mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish boʻyicha innovatsion gʻoyalarni taklif qiluvchi faol, oʻzining tashabbuslariga tayanib faoliyat koʻrsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralari lozim darajada amalga oshirilmayapti;
beshinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarini roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va gʻovlar nazarda tutilgan boʻlib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermaydi;
oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qoʻllanilayotgan idoralararo hamkorlik usullari samarasizdir, davlat organlari oʻrtasida maʼlumotlar va axborot almashishning yagona mexanizmlari mavjud emas;
yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-texnika taʼminoti hanuzgacha qoniqarsiz holatda qolmoqda, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar oʻrta muddatli va uzoq muddatli keng koʻlamli hamda umumrespublika miqyosidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga imkon bermayapti.
Mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi (keyingi oʻrinlarda Maslahat kengashi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida ularning yuqori darajadagi tizimli va samarali muloqotini yoʻlga qoʻyish;
oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, mazkur sektorning holati va rivojlanish tendensiyasi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini muntazam ravishda xabardor qilish;
davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlarini, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralarini joriy qilish boʻyicha takliflar tayyorlash;
ilmiy va ekspertlar guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan tashabbus koʻrsatish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli ravishda oʻrganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritish;
fuqarolik jamiyatining rivojlanishini, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish, bu koʻrsatkichlar asosida davriy va maxsus, shu jumladan muqobil maʼruzalar tayyorlanishini tashkil etish;
fuqarolik jamiyati institutlariga ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda, ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganishda va ushbu tajribani Oʻzbekiston sharoitida joriy etishda koʻmaklashish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Maslahat kengashi faoliyati bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Maslahat kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, 2018-yil 1-iyundan boshlab:
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtiriladi;
nodavlat notijorat tashkilotlarining hisobvaraqlariga chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan ularning ustavlarida (nizomlarida) nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun kelib tushgan pul mablagʻlaridan va mol-mulkdan, ularni olish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan soʻng, biron-bir toʻsiqlarsiz foydalaniladi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ajratilgan grant mablagʻlari mazkur tashkilotlarning mamlakatdagi istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushadi;
mehnatga haq toʻlash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan kelib tushgan mablagʻlar hisobidan shakllantiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi;
jamoat fondi maʼmuriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi aʼzolariga beriladigan mukofot puli toʻlovlarining va ular oʻz vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi kerak;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda quyidagilarga doir hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish imkoniyatini taʼminlovchi elektron tizimni ishlab chiqsin va joriy etsin:
nodavlat notijorat tashkilotlarini va ularning ramzlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishga, qayta roʻyxatdan oʻtkazishga;
nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilishga;
nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotlariga;
nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni kelishishga;
b) ikki oy muddatda:
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va oʻrganish turlari, muddatlari, davriyligi va boshqa tartib-taomillarini nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi, soliq va statistika organlariga taqdim etiladigan hisobot shakllarini hamda uni taqdim etish tartibini soddalashtirish boʻyicha choralar koʻrsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishiladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlarini tashkil qilsin hamda ular oʻz faoliyatini amalga oshirishni davom ettirishi uchun 2019-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan, mahalliy budjetlardan zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
8. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlarining muassislaridir.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, boʻshab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etsin;
mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini ijara toʻlovining “nol” stavkasini qoʻllagan holda joylashtirish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oliy sud, Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy undiruvlarni qayta koʻrib chiqish va sezilarli darajada qisqartirish boʻyicha takliflar kiritsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga:
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalarni tashkil etish;
nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga doir masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining eshituvlarini tashkil etishni amaliyotga kiritish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
qonun hujjatlarini buzayotgan va taqiqlangan faoliyat bilan shugʻullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha adliya organlarining boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida qaror qabul qilsin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 854-sonli qarori bilan tasdiqlangan Adliya organlarining qonun hujjatlarini buzayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
gumanitar yordam olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish tartib-taomilini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish choralarini koʻrgan holda, shuningdek, ushbu sohada yagona vakolatli organni belgilagan holda, Gumanitar yordam yuklarini qabul qilish, hisobga olish, aniq yoʻnaltirilgan tarzda taqsimlash va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish hamda gumanitar loyihalar ustidan monitoring oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni qayta koʻrib chiqsin va uning yangi tahririni tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasida volonterlar (koʻngillilar) harakatini rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
13. Manfaatdor vazirlik va idoralar amaldagi shtatlar soni doirasida rahbar oʻrinbosarlaridan birini nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha masʼul etib belgilasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining mamlakatda nodavlat notijorat sektorini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan jamoat tuzilmalari vakillariga hamda tashabbuskor fuqarolarga fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta taʼsir koʻrsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida hukumat qarorini qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi PQ-4017-sonli ““Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga Tanlov oʻtkazish va muvaffaqiyatli ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirganlik uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga har yili mukofot berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi nodavlat notijorat tashkilotlarining amaliy faoliyati aholi orasida muntazam ravishda va keng yoritilishini taʼminlasin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar bir oy muddatda oʻzi qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.R. Inoyatov va R.T. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-may,
PF-5430-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PF-5430-sonli Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

A.X. Saidov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, Maslahat kengashi rahbari

2.

R.S. Kasimov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori

3.

K.K. Kuranbayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi raisi

4.

O.B. Murodov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori

5.

B.M. Mavlonov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari

6.

R.T. Mamatov

Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri

7.

R.K. Davletov

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri

8.

K.M. Rafikov

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi

9.

G.O. Abdukarimov

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori

10.

I.I. Nasriyev

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi

11.

Sh.S. Javlonov

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi

12.

Sh.I. Jalilov

“Nuroniy” jamgʻarmasi raisi

13.

A.I. Ikramov

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoa? palatasi raisi

14.

A.A. Xaitov

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

15.

O.N. Xusanov

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi direktori

16.

S.K. Yusupov

Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori

17.

F.F. Abduxoliqov

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi

18.

R.A. Ubaydullayeva

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori

19.

A.E. Burxanov

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori

20.

A.K. Kadirov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori

21.

Sh.T. Kudratxodjayev

Halqaro press-klub rahbari

22.

D.N. Kabulova

Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori

23.

lavozimi boʻyicha

Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori

24.

A.I. Abramashvili

“Iqtidorli bolalar” Xalqaro innovatsion jamoat birlashmasi raisi

25.

U.T. Abdullayev

“Hunarmand” uyushmasi raisi

26.

G.G. Maxmudova

“Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi

27.

A.A. Alimov

Oʻzbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qoʻllab-quvvatlash markazi direktori

28.

J.T. Sarimsakov

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi

29.

I.T. Yusupova

Bolalar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi

30.

U.M. Axmadjonov

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti

31.

K.K. Abdullayev

Oʻzbekiston nogironlar jamiyati raisi

32.

S.T. Inamova

“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondi raisi

33.

M.Z. Usmonov

“Ezgu maqsad” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi

34.

G.R. Iskandarova

“Menga umr baxsh et” xalqaro xayriya tashkiloti raisi

35.

X.Y. Karimov

Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati raisi

36.

S.A. Xodjayeva

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori

37.

S.X. Xakimov

Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi

38.

S.S. Saidov

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi

39.

A.R. Karimov

Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi

40.

S.Sh. Rashidova

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi

41.

Sh.A. Ayupov

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi

42.

M.A. Gulyamov

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti sektor rahbari, Maslahat kengashining masʼul kotibi

Izoh: Maslahat kengashining aʼzolari boshqa lavozimga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2018-y., 06/18/5430/1164-son, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son; 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)