toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida
Mamlakatda aholiga, birinchi navbatda, qishloq joylarida munosib uy-joy sharoitlarini yaratishga qaratilgan keng koʻlamli davlat dasturlari amalga oshirildi.
Xususan, 2009 — 2017-yillar davomida 81 992 ta uy qurildi, 6 624 ta uy-joy massivi barpo etildi, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari oʻtkazilishi taʼminlandi. 2016-yildan qishloq aholisi uchun yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurilishini nazarda tutuvchi sifat jihatidan yangi davlat dasturi amalga oshirilmoqda. 2017-yilning oʻzida qishloq joylarida 18 mingdan ortiq qulay shart-sharoitga ega boʻlgan uylar barpo etildi.
Shuningdek, fuqarolarning qonunchilikda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joy qurish huquqi kafolatlangan.
Shu bilan birga, yer tuzish va kadastr organlari tomonidan oʻtkazilgan respublika koʻchmas mulk fondining yalpi hatlovi yakka tartibda uy-joy qurish sohasida, ayniqsa qishloq joylarida qonuniylikni taʼminlash masalalarida tizimli xatolar va jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatdi.
Xususan, uy-joyga ega boʻlish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud boʻlishiga qaramasdan minglab fuqarolar koʻp yillar davomida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan.
Bunday holatlarning yuz berishiga davlat organlari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning beparvoligi sabab boʻldi.
Fuqarolarga yer uchastkalarini uy-joy qurish uchun muayyan toʻlov evaziga noqonuniy berish yuzasidan fermer va dehqon xoʻjaliklarining til biriktirishi boʻyicha koʻplab holatlar mavjud.
Natijada, ushbu muammo butun respublika boʻyicha ommaviy tus oldi va uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholida boshqa ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga, xususan haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilinishi, mulk huquqiga ega boʻlish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi.
Fuqarolarning uy-joy mulkiga kadastr hujjatlarini berishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5 mingdan ortiq, deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda — 3 mingdan ziyod murojaatlari kelib tushgan.
Uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli boʻlgan turar joylarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻmaklashish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining fuqarolarning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini (keyingi oʻrinlarda bir martalik aksiya deb yuritiladi) eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-mayga qadar:
a) mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga (keyingi oʻrinlarda oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat deb yuritiladi) nisbatan mulk huquqi ushbu obyektga oʻz shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga quyidagi shartlar asosida:
ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin boʻlmagan yer maydonida joylashmagan boʻlsa;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan boʻlsa, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasa eʼtirof etiladi. Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilmaydigan aniq holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
b) oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etiladigan Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha komissiyaning taqdimnomasiga koʻra tuman (shahar) hokimining qarori bilan;
umumiy mulk haqidagi fuqarolik va oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoidalariga amal qilish sharti bilan;
eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yigʻim toʻlangandan keyin amalga oshiriladi;
v) oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etishda mulkdorga u qurilgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilib, ortiqcha qismi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 121-moddasida nazarda tutilgan jarima solinmasdan zaxira yerlariga olib qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda mazkur Farmonning ijrosini tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagunga qadar:
sudlarga oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash boʻyicha daʼvo kiritishni toʻxtatib turilishini, qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin boʻlmagan yer maydonida joylashgan yer uchastkasida (uchastkaning bir qismida) qurilgan obyektlar bundan mustasno;
sudlarning turar joy sifatida foydalanilayotgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash toʻgʻrisidagi koʻrib chiqilayotgan daʼvolar hamda ijro qilinmagan qarorlari boʻyicha belgilangan tartibda kelishuv bitimlari tuzilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joylarda Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha komissiya faoliyatida qonuniylikning taʼminlanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish bir martalik xaraktyerga ega hamda mazkur Farmonning 2-bandida koʻrsatilgan muddatdan kechiktirilmasdan amalga oshiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, boshqa vakolatli organlarning mansabdor shaxslari keyinchalik oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga yoʻl qoʻyganliklari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagandan keyin oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish mumkinligi toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini bekor qilishni;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-aprel,
PF-5421-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2018-y., 06/18/5421/1092-son)