toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.03.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING NIZOMI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 12-martdagi 136-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini tashkil etish masalalari” haqidagi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Umumiy yigʻilishida qabul qilingan Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Nizomi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidiumi Akademiyaning barcha tuzilmalarida Nizom talablarini bajarishga doir zarur tashkiliy chora-tadbirlarni bir oy muddatda amalga oshirsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-yanvar,
26-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil
16-yanvardagi 26-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining
NIZOMI
I. UMUMIY QOIDALAR VA OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING ASOSIY VAZIFALARI
1. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi agrar fanlar sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni va Oʻzbekiston Respublikasi agrosanoat majmuini ilm-fan bilan taʼminlashni amalga oshiruvchi, oʻz-oʻzini boshqaruvchi ilmiy tashkilot hisoblanadi.
U Akademiyaning haqiqiy muxbir, faxriy va xorijiy aʼzolarini, shuningdek, uning muassasalarida ishlovchi ilmiy xodimlar va mutaxassislarni birlashtiradi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi budjet va shartnoma mablagʻlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
2. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi agrosanoat majmui oliy oʻquv yurtlari, vazirliklari va idoralari bilan yaqin aloqada ish olib boradi, ular bilan agrar ilm-fan sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi, qishloq xoʻjaligidagi fundamental va eng muhim amaliy tadqiqotlar mavzularini muvofiqlashtirib boradi.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
agrosanoat majmui sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni butun choralar bilan rivojlantirishni taʼminlash, yer-suv, meliorativ-texnika va mehnat resurslaridan, meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan oqilona hamda samarali foydalanish maqsadida agrosanoat majmui vazirliklari, idoralari va korxonalari bilan birgalikda fan yutuqlarini xalq xoʻjaligiga jadal joriy etish;
sugʻoriladigan va lalmi yerlar unumdorligini oshirishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining ularning biologik imkoniyatidan eng koʻp foydalanishni, yer va suv resurslari samaradorligini oshirishni taʼminlaydigan resurslarni tejovchi texnologiyalarini yaratish;
gʻoʻza, beda, makkajoʻxori, don, dukkakli don, meva, uzum, sabzavot, kartoshka va boshqa ekinlar, chorvachilik va ipakchilik seleksiyasi va urugʻchiligi sohasidagi tadqiqotlarni butun choralar bilan kengaytirish;
oʻrmon xoʻjaligi, ihota oʻrmonchiligi va oʻrmon melioratsiyasi sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish va kengaytirish, togʻ, choʻl, sugʻoriladigan va lalmi hududlarning hamda yaylovlarning mahsuldorligini oshirish;
oʻsimliklarni himoya qilishning biologik va uygʻunlashtirilgan usullari sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish, kam zaharli gerbitsidlar, pestitsidlar va defoliantlarni, oʻstirish regulyatorlarini hamda atrof muhit va ekologik jihatdan toza mahsulot olish uchun xavfsiz boʻlgan boshqa yuqori samarali birikmalarni qidirib topish;
yuqori unumli, ishonchli, metall va energiya kam sarflanadigan qishloq xoʻjaligi mashinalarining yangi turlarini yaratish;
veterinariya tibbiyotining nazariy asoslarini ishlab chiqish, davolash, kasallikning oldini olish tadbirlarining ilmiy asoslangan tizimlarini yaratish;
ishlab chiqarish tuzilmasini, bozor xoʻjalik mexanizmini, agrosanoat majmuini kooperatsiyalash va integratsiyalashning samarali shakllarini, ijaraning progressiv shakllarini, qishloqni ijtimoiy rivojlantirish masalalarini takomillashtirishning nazariy va amaliy muammolarini ishlab chiqish;
xorijiy mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni tashkil etish, jahon fani va amaliyoti yutuqlarini oʻrganish hamda umumlashtirish;
yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) tayyorlash;
tasarrufidagi ilmiy tashkilotlar ilmiy xodimlarining xorijiy ilmiy muassasalarda tajriba oʻrganishini tashkil etish;
Akademiya aʼzolarining va institutlarning ilmiy ishlarini nashr etish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish.
4. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi oʻziga yuklatilgan vazifalarni kompleks hal etish uchun;
ilmiy-tadqiqot muassasalarini, ularning filiallarini va boshqa yordamchi tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil qiladi, qayta tashkil qiladi va tugatadi;
oʻz muassasalari kuchi bilan tegishli yoʻnalishlar boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar dasturlarini ishlab chiqadi;
eng muhim dolzarb ilmiy muammolar boʻyicha ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, kengashlar, simpoziumlar tashkil qiladi;
fundamental va amaliy tadqiqotlarning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar, uyushmalar va boshqa birlashmalar tashkil etadi;
respublika agrosanoat majmuining ilmiy-texnika potensialini rivojlantirish, ilm-fanning moddiy bazasini mustahkamlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
yirik ilmiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar va loyihalar ekspertizasini, oʻz vakolatlari doirasida manfaatdor tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda ularning muhokamasini oʻtkazadi;
ilmiy tadqiqotlarni zarur axborotlar bilan taʼminlaydi;
belgilangan tartibda xoʻjalik shartnomalari va boshqa budjetdan tashqari manbalar boʻyicha daromadlar hisobiga ishlab chiqarishni, ilm-fanni, texnikani va moliyaviy zaxirani rivojlantirish markazlashtirilgan fondlarini tashkil qiladi.
5. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi har yili oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etadi.
II. OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING TARKIBI
6. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi ilmiy-tarmoq va hududiy tamoyillar boʻyicha tuziladi.
7. Akademiya tarkibiga tarmoq boʻlimlari, Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari (IIB) va ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI), konstruktorlik byurolari, tajriba zavodlari, xoʻjaliklar, kutubxona va boshqa ilmiy hamda ilmiy-yordamchi boʻlinmalar kiradi.
8. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tasarrufida boʻlgan asosiy fondlar va boshqa mol-mulklar uning begonalashtirish huquqisiz mulki hisoblanadi.
9. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidiumi va muassasalari huzurida belgilangan tartibda firmalar, kichik va qoʻshma korxonalar, xoʻjalik jamiyatlari, shirkatlar hamda mulkchilikning turli shakllaridagi tashkilot va korxonalarni birlashtiruvchi uyushmalar tashkil etilishi mumkin.
10. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Qoraqalpogʻiston boʻlimi, mustaqil ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari hamda ularga tenglashtirilgan tashkilotlar ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega boʻladilar.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ilmiy hamda ilmiy-yordamchi tashkilotlar va xoʻjalik muassasalari roʻyxati Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidiumi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidiumi va uning muassasalari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari shuningdek, milliy va chet el valyutasida shu jumladan xorijiy mamlakatlarda bank schyotlari ochishi mumkin.
III. OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING UMUMIY YIGʻILIShI
11. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari, muxbir aʼzolari hamda ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari va mustaqil ilmiy tadqiqot institutlari direktorlaridan iborat boʻladigan Umumiy yigʻilish Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining yuqori organi hisoblanadi.
12. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Umumiy yigʻilishi aʼzolari agar ushbu Nizomda boshqacha tartibda nazarda tutilmagan boʻlsa, Umumiy yigʻilishda koʻrib chiqiladigan barcha masalalarni hal etishda teng huquqlarga ega boʻladilar.
13. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Umumiy yigʻilishi ilm-fanni rivojlantirish va akademiyaning oʻz faoliyati eng muhim masalalarni koʻrib chiqish uchun uning Prezidiumi tomonidan har yili kamida bir marta chaqiriladi. Yigʻilishni chaqirishning navbatdagi sanasini Prezidium belgilaydi.
14. Umumiy yigʻilish:
ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hamda ularga tegishli kompleks dasturlarni muhokama qiladi va ular boʻyicha zarur qarorlar qabul qiladi;
fanlar boʻlimlari faoliyati yoʻnalishlarni hamda tarkiblarini shakllantiradi va tasdiqlaydi;
Akademiyaning haqiqiy aʼzolarini, muxbir aʼzolarini, shuningdek, faxriy va xorijiy aʼzolarini saylaydi;
Akademiya Nizomini qabul qiladi, unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritadi hamda tasdiqlash uchun uni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
Akademiya tuzilmasini hamda ilmiy tadqiqot institutlarining, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining namunaviy nizomini tasdiqlaydi;
Akademiya Prezidiumining maʼruzalari va hisobotlarini, shuningdek, Akademiya ilmiy-tadqiqotlarining qisqa muddatli va uzoq muddatli mavzuli rejalarini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda atoqli olimlar nomidagi mukofotlar va medallarni taʼsis etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi hamda mukofotlar va medallar toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq ularni fan sohasidagi yutuqlar va kashfiyotlar uchun yetakchi olimlarga, ijodiy jamoalarga beradi;
yangi ilmiy-tadqiqot institutlari tashkil etish va ularning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi masalalarni belgilangan tartibda koʻrib chiqadi;
ushbu Nizom asosida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidentini saylaydi va uni egallab turgan lavozimidan ozod qiladi, Prezidium aʼzolarini aʼzolikdan chiqaradi;
zarurat boʻlganda Akademiya faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni ham hal etish huquqiga egadir.
15. Navbatdan tashqari Umumiy yigʻilish Akademiya boʻlimlarining aʼzolarining yoki Akademiya ilmiy tadqiqot tashkilotlarining ular tomonidan taklif etilgan kun tartibini muhokama qilish uchun kamida uchdan bir qismining taklifiga koʻra chaqirilishi mumkin.
16. Umumiy yigʻilishda Akademiya Prezidiumi taklif etgan shaxslar qatnashishlari va kun tartibi boʻyicha soʻzga chiqishlari mumkin.
17. Umumiy yigʻilish Prezidiumining ayrim aʼzolarining muddatidan oldin ozod qilishi va boʻshab qolgan oʻrinlarga yangi aʼzolar saylashi mumkin.
18. Umumiy yigʻilish Akademiyani tarqatib yuborish yoki uning oʻrniga boshqa birlashma tuzish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif bilan kirish huquqiga egadir. Ushbu masala boʻyicha qaror qabul qilish uchun Akademiya Umumiy yigʻilish aʼzolari roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismining ovozini olish zarur.
19. Yigʻilishda Akademiya Umumiy yigʻilish aʼzolari roʻyxatdagi tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qarorni qabul qilish uchun qatnashchilarning koʻpchiligi ovoz berganda agar Nizomda va saylovlar toʻgʻrisidagi Nizomda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Umumiy yigʻilish toʻla huquqli boʻladi, uning qarorlari esa qabul qilingan hisoblanadi.
20. Chet elda xizmat safarida boʻlgan, salomatligining ahvoli yoki boshqa biron-bir sabab tufayli qatnashmayotganlarni Umumiy yigʻilish aʼzolari ovoz berayotganda Akademiya Prezidiumi maxsus qaror bilan hisobdan chiqarish huquqiga egadir.
Barcha shaxsiy masalalar, agar ushbu Nizomda boshqacha tartibda nazarda tutilmagan boʻlsa Umumiy yigʻilish tomonidan yopiq ovoz berish yoʻli bilan hal etiladi. Qishloq xoʻjaligi fanlari Akademiyasi Prezidiumi yashirin ovoz berish tadbirini oʻtkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerak.
21. Umumiy yigʻilish qarorlarini bajarish Akademiyaning barcha tashkilotlari aʼzolari va xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
IV. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING HAQIQIY AʼZOLARI (AKADEMIKLARI), MUXBIR AʼZOLARI, FAXRIY VA XORIJIY AʼZOLARI
22. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari Akademiyasining shaxsiy tarkibiga haqiqiy aʼzolar (akademiklar), muxbir aʼzolar, faxriy va xorijiy aʼzolar kiradi.
23. Akademiyaning haqiqiy aʼzolari, muxbir aʼzolari faxriy va xorijiy aʼzolari umrbod saylanadilar.
24. Akademiyaning haqiqiy aʼzolari ilm-fanni birinchi darajali ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy ishlar bilan boyitgan, ilmiy maktab yaratgan, ilmiy yutuqlari jahon darajasiga javob beradigan, yoshi 65 dan oshmagan muxbir aʼzolardan va fan doktorlaridan saylanadi.
Qoraqalpogʻiston boʻlimining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari ushbu mintaqalarda doimiy yashovchi va Akademiyaning mintaqaviy muassasalarida ishlovchi olimlardan saylanadi.
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari yoki muxbir aʼzolari 70 yoshga toʻlganda, Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolarini yoki muxbir aʼzolarini saylash uchun qoʻshimcha oʻrinlar ochiladi.
Akademiyaning koʻrsatib oʻtilgan yoshga toʻlgan haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari Akademiya aʼzolarining barcha huquqlari va vakolatlarini toʻliq saqlab qoladilar.
25. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining faxriy aʼzosi etib Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi jahon va mamlakat ilm-fani oldida eʼtirof qilingan xizmatlari uchun saylanishi mumkin.
26. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining xorijiy aʼzosi ilmiy yutuqlari jahon va mamlakat ilm-fani va Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligi rivojiga taʼsir koʻrsatgan xorijiy fuqarolardan saylanadi.
27. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi aʼzolari fanlar yoʻnalishlari boʻyicha fanlarning tegishli boʻlimlariga birlashadilar. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzosi va muxbir aʼzosi ovoz berishda qatnashgan boʻlim aʼzolari uchdan ikki qismining roziligi bilan boshqa boʻlimga oʻtishlari mumkin.
Fanlar boʻlimlaridan birida turuvchi akademiyaning haqiqiy aʼzosi va muxbir aʼzosi boshqa boʻlim koʻpchilik aʼzolarining roziligi bilan uning ishida qatnashishi mumkin. Bunda ular mazkur boʻlim aʼzolarining barcha huquqlaridan foydalanadilar, Akademiyaning haqiqiy aʼzolarini va muxbir aʼzolarini saylash huquqi bundan mustasno.
Akademiyaning Qoraqalpogʻiston boʻlimining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari ayni bir vaqtda oʻz mutaxassisliklari boʻyicha Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining tegishli boʻlimlari tarkibiga kiradilar.
28. Akademiyaga saylovlar ushbu Nizom hamda Prezidium tomonidan tasdiqlangan saylovlar toʻgʻrisidagi Nizom asosida oʻtkaziladi.
V. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASI HAQIQIY AʼZOLARI VA MUXBIR AʼZOLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
29. Akademiyaning haqiqiy aʼzosi ilmiy tadqiqotlarda shaxsan ishtirok etadi, tadqiqotlarning yangi yoʻnalishlarini shakllantiradi va fanning oʻzi saylangan sohasining yuksak darajada rivojlanishi uchun shaxsan javob beradi.
Akademiyaning muxbir aʼzosi oʻzining shaxsiy ilmiy tadqiqotlari va yirik ilmiy-texnikaviy muammolar yechimlari natijalari boʻyicha muhim asarlari bilan fanni boyitadi.
Akademiyaning haqiqiy va muxbir aʼzolari ilmiy kadrlar tayyorlash ishlarida va ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda bevosita ishtirok etadilar.
Akademiyaning haqiqiy va muxbir aʼzolari Akademiya Prezidiumiga:
ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda shaxsan erishgan yutuqlarini, ilmiy asarlarini oʻz ichiga olgan ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyati haqidagi yillik hisobotni taqdim etadilar;
Akademiyaning haqiqiy va muxbir aʼzolari Akademiya Prezidiumi, Akademiya Prezidenti, tegishli boʻlimlarining topshiriqlarini bajaradi, Akademiyaning Umumiy yigʻilishi va tegishli boʻlimning umumiy yigʻilish ishida qatnashadi.
30. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining haqiqiy va muxbir aʼzolari:
Akademiya muassasalarida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish;
Akademiyaning ilmiy muassasalarida tanlovdan oʻtmasdan ilmiy lavozimlarni egallash;
oʻzining ilmiy asrlarini nashr etish;
Akademiya Prezidiumi, Akademiya Umumiy yigʻilishi, boʻlim umumiy yigʻilishini koʻrib chiqishi uchun ilmiy va ilmiy tashkiliy masalalarni kiritish va ularning muhokamasida ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Akademiyaning haqiqiy va muxbir aʼzolari akademiklik unvoni uchun har oyda belgilangan gonorar oladilar va belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.
Akademiyaning faxriy va xorijiy aʼzolari Akademiyaning haqiqiy aʼzolariga tegishli barcha huquqlardan foydalanadilar. Akademiyaning rahbariyatiga saylanish, akademiya aʼzolarini saylashda ovoz berish akademiklik unvoni uchun gonorar olish bundan mustasnodir.
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi aʼzolari Oʻzbekiston fuqaroligini boshqa mamlakat fuqaroligiga almashtirgan taqdirda akademiyaning xorijiy aʼzolari tarkibiga oʻtishlari mumkin. Bunday hollarda ovoz berishning belgilangan qoidalari qoʻllaniladi.
VI. OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLAR AKADEMIYASINING HAQIQIY, MUXBIR, FAXRIY VA XORIJIY AʼZOLARINI SAYLASh TARTIBI
31. Akademiyaning haqiqiy aʼzolari (akademiklar)ni muxbir, faxriy va xorijiy aʼzolarini saylash har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.
32. Akademiyaning boʻsh oʻrinlarini va yangi aʼzolar saylash uchun yangidan ochiladigan oʻrinlarni Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidiumi tavsiyasiga binoan ilm-fan sohalari va mutaxassisliklarning turli yoʻnalishlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Prezidiumning Akademiyaning haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari saylovlari oʻtkazilishi haqidagi xabari saylovlar oʻtkazilishidan kamida ikki oy oldin respublika matbuotida eʼlon qilinadi.
33. Akademiyaning faxriy va xorijiy aʼzolari boʻlimlarining tavsiyasi va Prezidiumning taqdimnomasiga binoan Akademiyaning Umumiy yigʻilishida ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
34. Eʼlonda koʻrsatilgan ixtisosliklar boʻyicha haqiqiy muxbir aʼzolikka nomzodlar koʻrsatish huquqi Akademiya aʼzolari, ilmiy kengashlar, ilmiy muassasalar, oliy oʻquv yurtlariga beriladi.
35. Ilmiy muassasalar, oliy oʻquv yurtlari tomonidan nomzodlar koʻrsatish ilmiy va ilmiy-texnika kengashlari majlislarida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Ovoz berishda qatnashgan kishilarning kamida 50 foiz ovozini olganlar nomzodlikka koʻrsatilgan hisoblanadi. Ovoz berishda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashishi shart.
Akademiyaning haqiqiy va muxbir aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatgan muassasalar nomzodlarning ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyatini tavsiflovchi barcha hujjatlarni 20 kun muddatda Akademiya Prezidiumining Ilmiy kadrlar boshqarmasiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etadi. Nomzodlar koʻrsatish uchun belgilangan muddat tugagandan keyin nomzodlar haqidagi hujjatlar koʻrib chiqish uchun 10 kun ichida tegishli fanlar boʻlimlariga topshirilishi zarur.
Fanlar boʻlimlarida nomzodlarning hujjatlari ekspertizadan oʻtkaziladi, ularning ilmiy faoliyati yoʻnalishlari eʼlon qilingan ixtisosliklarga mos yoki mos emasligi aniqlanadi va saylovda ishtirok etishga ruxsat berilgan nomzodlarning roʻyxati respublika matbuotida saylovdan kamida 20 kun oldin eʼlon qilinadi.
Matbuotda eʼlon qilingan nomzodlarning ilmiy va ilmiy-tashkilotchilik faoliyati haqidagi materiallar Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan Umumiy yigʻilishning aʼzolari oʻrtasida tarqatiladi.
36. Fanlar boʻlimlarining umumiy yigʻilishlarida mutaxassislar ishtirokida nomzodlarning ilmiy maʼruzalari tinglanadi va muhokama qilinadi va soʻngra ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan Akademiyaning Umumiy yigʻilishida saylash uchun nomzodlar tanlanadi.
Nomzodlarni haqiqiy va muxbir aʼzolikka tanlashda haqiqiy va muxbir aʼzolar, ushbu fan boʻlimi mustaqil institutlarning direktorlari hal qiluvchi ovoz huquqiga egadirlar. Bunda ushbu boʻlim hisobidagi haqiqiy va muxbir aʼzolarning, institutlar direktorlarining kamida uchdan ikki qismi yigʻilishida qatnashgan taqdirda boʻlim yigʻilishi ovoz berishni oʻtkazish vakolatiga ega boʻladi. 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod Akademiyaning Umumiy yigʻilishida saylash uchun tavsiya etilgan hisoblanadi.
37. Haqiqiy va muxbir aʼzolikka saylovlar Akademiyaning Umumiy yigʻilishida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Haqiqiy va muxbir aʼzolarni saylashda, Umumiy yigʻilishning barcha aʼzolarini saylashda Umumiy yigʻilishning barcha aʼzolari hal qiluvchi ovoz berish huquqiga ega boʻladilar. Akademiya Umumiy yigʻilishi roʻyxatidagi aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ovoz berishda qatnashishlari shart.
38. Ovoz berishda qatnashgan Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ovozini olgan nomzodlar saylangan hisoblanadilar.
39. Agar dastlabki saylovda nomzodlardan birortasi ham saylanish uchun yetarli miqdorda ovoz ololmasa, Umumiy yigʻilish uch marta qayta saylov oʻtkazish huquqiga egadir. Keyingi saylovlarga ovoz berishda qatnashganlarning kamida uchdan bir qismi yoki undan koʻp qismi qoʻllab-quvvatlagan nomzodlar qoʻyiladi.
Ovoz berishning uchinchi martasiga ikkinchi martasida eng koʻp ovoz olgan nomzod qoʻyiladi.
40. Saylovlarni oʻtkazish uchun Akademiya Umumiy yigʻilishi tomonidan sanoq komissiyasi saylanadi. Sanoq komissiyasi saylov yakunlari boʻyicha bayon tayyorlaydi. Sanoq komissiyasining bayoni Umumiy yigʻilish tomonidan tasdiqlanadi.
41. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tarkibiga saylangan yangi aʼzolar roʻyxati matbuotda eʼlon qilinadi.
VII. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING PREZIDIUMI
42. Akademiya Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan, ochiq ovoz berish natijasida Umumiy yigʻilish aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan Akademiya aʼzolari orasidan saylanadi.
43. Umumiy yigʻilish sessiyalari oʻrtasidagi davrda Akademiya faoliyatiga Prezidium rahbarlik qiladi. Prezidium aʼzolari soni Umumiy yigʻilish tomonidan belgilanadi. Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Prezidenti bajarayotgan vazifasiga koʻra Prezidium tarkibiga kiradi. Prezidiumning qolgan aʼzolari Umumiy yigʻilishi tomonidan Akademiyaning haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi.
44. Prezidium aʼzolari saylovi Akademiya Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida oʻtkaziladi. Prezidium har 5 yilda bir marta saylanadi. Zarurat boʻlganda Akademiya Prezidiumi aʼzolarining bir qismini tasdiqlangan Nizomga muvofiq rotatsiya qilish mumkin.
45. Akademiya Prezidenti Prezidium aʼzolari etib saylangan haqiqiy aʼzolar va muxbir aʼzolar orasidan Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining vitse-prezidentlarini va bosh ilmiy kotibini tayinlaydi.
46. Fanlar boʻlimlari, Qoraqalpogʻiston boʻlimi raislari Akademiya Prezidenti tomonidan Prezidiumning saylangan aʼzolari orasidan tayinlanadi. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidiumi Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, bosh ilmiy kotibi va Qoraqalpogʻiston hududiy boʻlimi raisining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
47. Akademiya Prezidiumi oʻz faoliyatida Akademiya Umumiy yigʻilishida hisobot beradi, unga Umumiy yigʻilishlar oʻrtasidagi davrda qilingan ishlar haqida axborot beradi.
48. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidiumi:
fanlar boʻlimlari tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining roʻyxatini tasdiqlaydi;
Akademiyaning tegishli boʻlimlari orqali ilmiy tadqiqot muassasalarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi va boshqa organlari bilan birgalikda fan va taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
fanning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy maʼruzalar va axborotlarni eshitadi;
davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan fundamental tadqiqotlarning ilmiy darajasini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
agrar fanning eng muhim muammolari boʻyicha ilmiy kengashlar, qoʻmita va komissiyalarni tasdiqlaydi va ularning faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Akademiya zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun ilmiy-tadqiqot va ilmiy-yordamchi muassasalar va korxonalarni belgilangan tartibda tashkil etadi hamda bu muassasalar va korxonalar haqidagi Nizomlarni yoki ularning ustavlarini tasdiqlaydi, shuningdek, tashkil etilayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ish yoʻnalishi va ixtisoslashuvini belgilaydi;
Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishini chaqiradi;
Akademiya aʼzolari saylovini belgilaydi va tashkil etadi;
ilmiy konferensiyalar va kengashlar chaqiradi, munozaralar oʻtkazadi, tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil qiladi;
Akademiyaning fan va texnika taraqqiyoti yoʻnalishlari boʻyicha faoliyati haqidagi yillik hisobotlarni tasdiqlash uchun Umumiy yigʻilishga taqdim etadi;
Akademiya tizimida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ish rejalarini muhokama etadi va unga rahbarlik qiladi;
fan-texnika faoliyatida bozor munosabatlari mexanizmlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi;
Akademiya boʻlimlari va ilmiy muassasalarga fan uchun ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi haqida boʻlimlar va muassasalarning hisobotlarini eshitadi;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, jamoat tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan birgalikdagi ishlarni va hamkorlikni amalga oshiradi;
Akademiyaning xalqaro aloqalarini rejalashtiradi; uning xorijiy mamlakatlar akademiyalari va ilmiy muassasalari bilan ilmiy va iqtisodiy aloqalarni oʻrnatadi;
yirik fundamental va amaliy tadqiqotlarni hayotga joriy etish uchun xalqaro va xorijiy muassasalar bilan birgalikda qoʻshma korxonalar, ilmiy markazlar va boshqa tuzilmalar tashkil qiladi;
fanlar boʻlimlari tavsiyasiga binoan ilmiy muassasalardagi ilmiy kengashlar tarkibini tasdiqlaydilar;
dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar tarkibini tasdiqlash uchun Oliy attestatsiya komissiyasiga taklif kiritadi va ixtisoslashtirilgan kengashlar raislarining kengashlar faoliyati haqidagi hisobotlarini eshitadi;
ilmiy-tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlari natijalaridan amalda foydalanishga koʻmaklashadi;
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining barcha muassasalari va mansabdor shaxslar tomonidan mazkur Nizomga rioya etilishni nazorat qiladi;
Nizomga binoan kadrlar masalalarini koʻrib chiqadi;
Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi mukofotlarini berish uchun Umumiy yigʻilishga nomzodlarni tavsiya etadi.
49. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidiumi oʻz aʼzolarining uchdan ikki qismi yigʻilishida ishtirok etgan taqdirdagina qarorlar qabul qilish huquqiga ega boʻladi. Qarorlar ochiq ovoz berish orqali koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Prezident Prezidium qaroridan norozi boʻlgan hollar bundan mustasnodir. Qayta muhokama qilishda Prezidium aʼzolarining uchdan ikki qismi ovoz bergan qarorlar qabul qilingan hisoblanadi. Shuningdek, Prezidiumning istalgan qarori yashirin ovoz berish yoʻli bilan ham qabul qilinishi mumkin.
Prezidium qarori Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Prezidenti va bosh ilmiy kotib tomonidan imzolanadi.
50. Akademiyaning xoʻjalik-ishlab chiqarish tashkilotlariga, shu jumladan kapital qurilishga rahbarlikni Prezidentning umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari amalga oshiradi.
Prezidentning umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarining huquq va burchlari Akademiya Prezidiumi tasdiqlagan Nizom bilan belgilanadi.
51. Prezident, vitse-prezidentlar va bosh ilmiy kotib, shuningdek Akademiya Prezidiumining boshqa aʼzolari surunkasiga koʻpi bilan ikki muddatga saylanishlari mumkin.
52. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidenti:
Akademiyaga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va kundalik masalalarni hal etadi, Akademiyadagi ishlarning ahvoli uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hamda Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi oldida shaxsan javob beradi;
davlat yuqori organlari, ilmiy muassasalar va xorijiy tashkilotlar oldida Akademiya nomidan ish koʻradi va uning manfaatlarini himoya qiladi;
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidiumi va uning apparati ishini tashkil qiladi;
qishloq xoʻjaligi, texnikaviy va ijtimoiy fanlar boʻyicha eng muhim ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Akademiyaning nashr rejalarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
ilmiy kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishiga rahbarlik qiladi;
dolzarb ilmiy, ilmiy-texnikaviy muammolarni, shuningdek tashkiliy masalalarni hal etish uchun olimlar va mutaxassislarning doimiy hamda muvaqqat ilmiy va maslahatchi jamoalarini tuzadi;
fan boʻlimlari tavsiyasi boʻyicha institutlar, ilmiy ishlab-chiqarish birlashmalari direktorlarini va ularning fan boʻyicha oʻrinbosarlarini kontrakt asosida lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
Akademiya moliya resurslarining asosiy boshqaruvchisi hisoblanadi va ularning toʻgʻri sarflanishini nazorat qiladi.
53. Akademiya Prezidiumi, ilmiy-tadqiqot va xoʻjalik muassasalarining faoliyati bilan bogʻliq kundalik masalalarni hal qilish, shuningdek Prezidiumda koʻrib chiqiladigan masalalarni tayyorlash uchun Akademiya Prezidenti, vitse-prezidentlari va bosh ilmiy kotibidan iborat tarkibda prezidium byurosi tashkil etiladi.
VIII. AKADEMIYANING FAN BOʻLIMLARI
54. Fan boʻlimlari bir yoki bir necha fan tarmoqlari olimlarini birlashtiruvchi Akademiyaning ilmiy va ilmiy tashkiliy boʻlinmasi hisoblanadi. Boʻlim oʻz tarkibiga kiruvchi institutlar va boshqa ilmiy muassasalarga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Akademiyaning fan boʻlimlari respublikada fanning tegishli sohasi boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarning rivojlantirilishiga va muvofiqlashtirilishiga, xalqaro aloqalarning kengaytirilishiga koʻmaklashadi, fan-texnika taraqqiyotini va respublika agrosanoat majmuini rivojlantirishni tezlashtirishga oid takliflarni umumlashtiradi hamda ularni Akademiya Prezidiumiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
55. Akademiyaning boʻlimi tarkibiga kiruvchi haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining hamda Akademiya ilmiy institutlari direktorlarining umumiy yigʻilishi shu fan boʻlimining yuqori organi hisoblanadi.
Boʻlimlarning umumiy yigʻilishi:
fan yoʻnalishlarida muhim ilmiy natijalarga erishishga hamda ularni amaliyotga joriy qilishga koʻmaklashadi;
Akademiyaning ilmiy muassasalaridagi ilmiy ishlar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash haqidagi hisobotlarni eshitadi va tahlil qiladi;
tarmoq institutlari va ilmiy muassasalarga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
fanning tegishli tarmoqlari boʻyicha ilmiy muammolarni va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun ilmiy sessiyalar, konferensiyalar va kengashlar chaqiradi;
yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining haqiqiy va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni, shuningdek faxriy va xorijiy aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etadi;
ilmiy tadqiqotlarni rejalashtiradi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida boshqa masalalarni ham koʻrib chiqadi.
56. Umumiy yigʻilishlar oʻrtasidagi davrda boʻlimlarning ishlariga boʻlimning byurosi va uning raisi rahbarlik qiladi.
Boʻlimlarning byuro aʼzolari boʻlim umumiy yigʻilishi tomonidan boʻlim aʼzolari va shu boʻlim ilmiy tadqiqot institutlari direktorlari orasidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan besh yil muddatga saylanadilar. Ovoz berishda qatnashgan Akademiyaning haqiqiy muxbir aʼzolari va shu boʻlimga qarashli ilmiy tadqiqot institutlari direktorlarining yarmidan koʻprogʻi ovoz berganda nomzodlar saylangan hisoblanadilar.
Boʻlimlarning rahbarlarini saylashda rahbariyatining yangilanib turish va uzviyligi prinsipiga rioya qilinadi. Boʻlimlarning raislarini Akademiya Prezidiumi tasdiqlaydi.
57. Boʻlimlarning ilmiy kotiblari Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
58. Boʻlimlarning byurosi:
boʻlimlarning umumiy yigʻilishlarini chaqiradi;
boʻlimlarning vakolatlari doirasiga kiruvchi ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalarni umumiy yigʻilishida koʻrib chiqishni tashkil etadi, uning qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
ilmiy tadqiqot institutlari direktorlarining hisobotlarini koʻrib chiqadi, institutlar faoliyati natijalariga baho beradi:
ilmiy muassasalarning ish yoʻnalishlarini oʻzgartirish haqidagi masalalarni koʻrib chiqadi va shu masalalar yuzasidan Akademiya Prezidiumiga tegishli takliflar kiritadi;
ilmiy tadqiqot ishlari dasturlarini va ularning bajarilishi haqidagi hisobotlarni, shuningdek Akademiyaning shu boʻlimga qarashli haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarining hisobotlarini koʻrib chiqadi;
dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengashlar faoliyatiga koʻmaklashadi va uni nazorat qiladi;
boʻlimlar tarkibiga kiruvchi ilmiy jamiyatlarga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
eng muhim muammolar boʻyicha ilmiy kengashlar ishni va ular faoliyati natijalarini muhokama qilishni uyushtiradi;
xorijiy ilmiy markazlarda muddatli tajriba oʻrganish maqsadida nomzodlar tanlashni amalga oshiradi va boʻlim ixtisosiga kiruvchi mutaxassisliklar boʻyicha ilmiy kadrlar tayyorlash ishini nazorat qiladi;
Akademiyaning ilmiy tadqiqot institutlari hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda fundamental va amaliy tadqiqotlar dasturlarini shakllantiradi, ushbu dasturlarning ilmiy darajasini belgilovchi ekspert komissiyalarini tuzadi va keyinchalik ularni koʻrib chiqish uchun Akademiya Prezidiumiga taqdim etadi.
59. Boʻlimlarning byurolari boʻlimlar umumiy yigʻilishiga va Akademiya Prezidiumiga boʻysunadi va har yili boʻlimlar umumiy yigʻilishiga oʻz ishi haqida hisobot berib turadi.
IX. OʻZBEKISTON QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING QORAQALPOGʻISTON BOʻLIMI
60. Qoraqalpogʻiston boʻlimi oʻz faoliyatini Qoraqalpogʻiston boʻlimi nizomiga muvofiq amalga oshiradi va bevosita Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Prezidentiga boʻysunadi.
Boʻlim muassasalariga ilmiy-uslubiy rahbarlikni uning Prezidiumi amalga oshiradi. Uning tarkibiga rais, rais oʻrinbosari, bosh ilmiy kotib va Prezidium aʼzolari kiradi.
61. Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisining oʻrinbosari va bosh ilmiy kotib Qoraqalpogʻiston boʻlimi Prezidiumi raisining tavsiyasiga binoan Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tomonidan 5 yil muddatga tasdiqlanadilar.
Qoraqalpogʻiston boʻlimi oʻz boʻlimi boʻyicha ajratiladigan haqiqiy aʼzolar va muxbir aʼzolarning boʻsh oʻrinlariga nomzodlarni muhokama qiladi va sohalar boʻyicha saylash uchun oʻz tavsiyasini Akademiyaning tegishli fan boʻlimlariga beradi.
Qoraqalpogʻiston boʻlimi Prezidiumini saylashda uning tarkibini muntazam ravishda yangilab turish va rahbarlikning davomiyligi prinsipiga rioya qilinishi lozim.
Qoraqalpogʻiston boʻlimining Prezidiumi Akademiyaning Umumiy yigʻilishi qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi va boʻlimlarning faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Qoraqalpogʻiston boʻlimining Prezidiumi yuridik shaxs hisoblanadi va boʻlimlarning barcha moliyaviy masalalarini hal qiladi.
Qoraqalpogʻiston boʻlimining Prezidiumi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Prezidiumiga boʻysunadi.
62. Qoraqalpogʻiston boʻlimining Nizomi Akademiyaning Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadi.
63. Qoraqalpogʻiston boʻlimi Prezidiumining raisi egallab turgan lavozimiga koʻra Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining vitse-prezidenti hisoblanadi.
X. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLARI AKADEMIYASINING ILMIY-TADQIQOT MUASSASALARI (INSTITUTLARI, ILMIY-IShLAB ChIQARISh BIRLAShMALARI, KONSTRUKTORLIK BYuROLARI)
64. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy tadqiqot muassasalarida (institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik byurolarida) jamlangandir. Institut va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi faoliyati yoʻnalishiga muvofiq Akademiya boʻlimlari tarkibiga kiradi.
Institut, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi oʻz faoliyatini Akademiya boʻlimining ilmiy-uslubiy rahbarligida amalga oshiradi.
65. Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining bosh direktorlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining direktorlari, direktorlarning oʻrinbosarlari Akademiya Prezidenti tomonidan 65 yoshdan oshmagan yirik olimlar, odatda fan doktorlari orasidan kontrakt asosida 5 yilgacha muddatga tayinlanadilar.
Institut, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi direktori oʻzi rahbarlik qilayotgan ilmiy muassasaning muvaffaqiyatli faoliyati uchun shaxsan javobgardir.
66. Institutning ilmiy kotibi, ilmiy-tadqiqot boʻlinmasi (institut, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi boʻlimi, sektori, laboratoriyasi) mudiri institut ilmiy kengashida tanlovdan oʻtgan, odatda, fan doktorlaridan kontrakt asosida direktor tomonidan tayinlanadi. Fan nomzodi laboratoriya mudiri lavozimiga koʻpi bilan ikki muddatga tayinlanishi mumkin.
67. Ilmiy-tadqiqot instituti, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi huzurida belgilangan tartibda zavodlar, konstruktorlik, texnologik va loyiha byurolari, hisoblash markazlari, eksperimental xoʻjaliklar, zavodlar, ustaxonalar, sexlar, shuningdek, kooperativlar, kichik korxonalar, qoʻshma korxonalar tashkil qilinishi mumkin.
68. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot muassasalari (institutlar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, konstruktorlik byurolari) ushbu Nizomga hamda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Umumiy yigʻilishida tasdiqlanadigan ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Namunaviy nizomiga muvofiq ish yuritadilar.
XI. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLAR AKADEMIYASI FAOLIYATINING IQTISODIY ASOSLARI
69. Akademiya faoliyatining iqtisodiy asosini ularning mulkchilik shakllarini oʻzgartirmagan holda egalik qilish va foydalanish uchun oʻziga davlat tomonidan berilgan asosiy fondlar va boshqa mol-mulklar tashkil etadi.
Akademiya oʻz faoliyatini oʻziga mulk sifatida va foydalanish uchun berilgan fondlar va boshqa davlat mol-mulklariga tayanib, davlat topshiriqlari asosida va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida amalga oshiradi.
70. Akademiyani mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy manbai Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining mablagʻi hisoblanadi. Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar FTDQ tomonidan tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun yoʻllanadi. Ilmiy tadqiqotlar davlat fondlaridan, jamoat va xususiy jamgʻarmalardan olinadigan mablagʻlar, shuningdek, manfaatdor buyurtmachilar bilan tuziladigan shartnomalar, bitimlar va kontraktlardan olinadigan mablagʻlar mablagʻ bilan taʼminlashning qoʻshimcha manbalari hisoblanadi.
71. Ilmiy-tadqiqot, xoʻjalik, tashqi iqtisodiy faoliyatdan, tashkilotlar va ayrim shaxslar badallaridan tushadigan mablagʻlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning xayriya badallari va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa yoʻllar bilan olingan mablagʻlar Akademiyaning mulki hisoblanadi.
72. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot tashkilotlari kundalik va boshqa ishlarini bajarishda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tasarrufidagi asosiy va oborot fondlaridan foydalanadilar.
73. Akademiyaning mol-mulki va mablagʻlarini uning muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida taqsimlash va ulardan foydalanish qoidalari amaldagi qonunchilik va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Nizomiga koʻra Akademiya Prezidiumi tomonidan amalga oshiriladi.
74. Akademiya va uning tashkilotlarining ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishda, kadrlarni tayyorlash va moddiy-texnika hamda ijtimoiy bazasini rivojlantirishda ilmiy tadqiqot institutlari va davlat budjetidagi boshqa tashkilotlar xoʻjalik faoliyatlarini oʻz nizomlariga muvofiq yuritadilar va bu faoliyatdan olingan daromadlarni tasarruf qilish huquqiga ega boʻladilar.
75. Akademiyaning xoʻjalik hisobidagi muassasalari, birlashmalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻz xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatlarini shu faoliyatdan olinadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiradilar.
76. Akademiya Prezidiumi, tashkilotlari va muassasalari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar hisobiga birlashmalarning taʼsischisi boʻlish huquqiga egadirlar. Ular shunday faoliyatdan, ilmiy ishlanmalar natijalaridan, shuningdek, kichik seriyadagi priborlarni, koʻp ilm talab qiladigan asbob-uskunalarni, materiallarni, ilmiy-texnika va reklama-tijorat xizmatlarini ichki va tashqi bozorda sotishdan olinadigan foydaga egalik qilish va tasarruf etish subyektlari hisoblanadilar.
77. Davlat budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalari Akademiya olimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mualliflik huquqini himoya qilish normalariga rioya etgan holda davlatga topshiriladi.
78. Akademiyaning ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarning ilmiy xodimlari va mutaxassislari shu tashkilotlarda yaratilgan intellektual mulkka nisbatan mualliflik huquqiga ega boʻlgan subyektlar hisoblanadilar.
Akademiyaning muassasalari, tashkilotlari va boshqa boʻlinmalari shu muassasalar xodimlari bilan amaldagi qonunchilik asosida shartnomalar tuzish yoʻli bilan intellektual mulkka va uning obyektlariga (ilmiy tadqiqot ishlari natijalari), ekspremental-konstruktorlik ishlanmalari, kashfiyotlar, sanoat namunalari, seleksiya-urugʻchilik yutuqlari va boshqalarga egalik qilish huquqiga ega boʻladilar.
79. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi oʻz mablagʻlari (budjetdan tashqari) va oʻz muassasalarining xoʻjalik hamda tadbirkorlik faoliyatlaridan olinadigan daromadning bir qismi, shuningdek, jalb qilingan boshqa mablagʻlar hisobiga maxsus moliya va innovatsiya fondlarni (ilmiy-texnika va ijtimoiy rivojlantirish, olimlarni, innovatsiyalarni ijtimoiy himoyalash va boshqa fondlar) tashkil etish mumkin. Bunday fondlarni tashkil etish va ularning mablagʻlarini sarflash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Akademiya tomonidan ishlab chiqilgan maxsus nizomga muvofiq belgilanadi.
XII. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLAR AKADEMIYASINING ALOHIDA HUQUQLARI
80. Akademiya olimlarining qoʻlyozmalari va arxivlarini, shuningdek, oʻz muassasalarining fan uchun ahamiyatli boʻlgan arxiv va boshqa materiallarini saqlash huquqiga egadir.
81. Akademiya boshqa mamlakatlarning ilmiy muassasalari, oliy oʻquv yurtlari, kutubxonalari, muzeylari, nashriyotlari va muassasalari bilan matbaa nashrlarni ayirboshlash huquqiga egadir.
XIII. QIShLOQ XOʻJALIGI FANLAR AKADEMIYASI NIZOMINING AMALDA BOʻLIShI VA UNI OʻZGARTIRISh TARTIBI
82. Akademiyaning Nizomi Akademiya Umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasining Nizomi tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi.
83. Nizomni oʻzgartirish Umumiy yigʻilishning koʻpchilik ovozi bilan — Akademiya Umumiy yigʻilishi aʼzolari roʻyxatidagi tarkibning kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qilingan qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Bu oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1996-y., 1-son, 2-modda)