toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-avgustdagi PQ-3176-son qaroriga muvofiq, shuningdek, respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekkino” MA deb ataladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Oʻzbekkino” MA tizimida “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda “Respublika kinoprokat markazi” DUK deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “Respublika kinoprokat markazi” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika kinoprokat tizimini (keyingi oʻrinlarda kinoprokat tizimi deb ataladi) tashkil etish;
kinoprokat tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish boʻyicha maqsadli dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
filmlarni namoyish qilish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarini kinoprokat tizimiga ixtiyoriy jalb qilishni tashkil etish, ushbu tizimga jalb qilingan tadbirkorlik subyektlarini filmlar bilan taʼminlash;
mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va xorijdan olib kiriladigan filmlarning respublika hududidagi kinoprokati boʻyicha distribyuterlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, milliy filmlarni xalqaro kinoprokatga olib chiqish;
zamonaviy xalqaro andozalarga muvofiq kinoteatr va kinozallarda yagona texnologik standartlarni shakllantirish va joriy qilishda ishtirok etish.
3. Quyidagilar:
Aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
2018-2019-yillarda milliy kinoprokat tizimini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʻzbekkino” MA bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Respublika kinoprokat markazi” DUK bazasida “Oʻzbekkino” MA tizimidagi kinoteatrlarning birlashtirilishi va xususiy kinoteatrlarning oʻzaro manfaatli shartlar asosida ixtiyoriy kirishini nazarda tutuvchi yagona respublika kinoprokat elektron tarmogʻini ishlab chiqish;
2018-yil 1-iyundan boshlab filmlarning kinoteatrlarga raqamli yetkazilishini taʼminlash maqsadida ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan kinoteatrlarni optik tolali aloqa liniyasi orqali yagona respublika kinoprokat elektron tarmogʻiga bosqichma-bosqich ulash;
2019-yil 1-yanvardan boshlab ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan kinoteatrlarda elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish va sotishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish boʻyicha choralar koʻrsin.
5. Belgilansinki, hududlarda yagona repertuar siyosatini amalga oshirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash “Oʻzbekkino” MAning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
6. “Oʻzbekkino” MA va “Respublika kinoprokat markazi” DUKning “Respublika kinoprokat markazi” DUK tarkibida kinoprokat tizimining yillik repertuar rejasiga kiritiladigan milliy va xorijiy filmlarning maqbul nisbatini belgilab beruvchi metodik kengash faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. “Oʻzbekkino” MA va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Toshkent shahri Mirobod tumani Mirobod koʻchasi 25-uy manzilida joylashgan binolarni tegishli hududi bilan birgalikda fasad va tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash boʻyicha ilgari ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari narxini hisobga olgan holda “Respublika kinoprokat markazi” DUKga operativ boshqaruv huquqi bilan bepul berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ushbu binolar topshirilishini, “Respublika kinoprokat markazi” DUK qabul qilib olinishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasin.
8. “Oʻzbekkino” MA bir oy muddatda “Respublika kinoprokat markazi” DUK ustavi va tuzilmasining tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ““Oʻzbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
10. “Oʻzbekkino” MA boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “Oʻzbekkino” MA Bosh direktori F.Sh. Zokirov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-aprel,
272-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 272-son qaroriga
1-ILOVA
Aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, aholiga kinovideo xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda kinovideo-tomosha tashkilotlari deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
kinovideo-tomosha tashkilotlari — filmlarni ommaviy namoyishi uchun kinotexnologik uskunalar bilan jihozlangan bino yoki uning bir qismiga ega boʻlgan tashkilot;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1012-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2018-y., 09/18/1012/2321-son)
kinovideo xizmati — kinovideo-tomosha tashkilotlari tomonidan ommaviy namoyishga moʻljallangan filmlarni va boshqa audiovizual asarlarni tomoshabinlarga taqdim qilish;
kinoseans — filmlarni yoki maʼlum bir filmlar dasturini muayyan vaqt ichida tanaffussiz bir martalik namoyish qilish vaqti;
tomoshabin — kinovideo-tomosha tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan kinovideo xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxs;
film — kinoteatr va kinozallarda ommaviy namoyish qilishga moʻljallangan audiovizual asar, televideniyeda namoyish qilishga moʻljallangan telefilm yoki teleserial bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
2-bob. Kinovideo xizmati koʻrsatishning asosiy qoidalari
5. Muayyan kinoseans uchun kirish chiptasining (shu jumladan, elektron shaklda) sotilishi bilan kinovideo-tomosha tashkiloti va tomoshabin oʻrtasida kinovideo xizmati koʻrsatishga shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi. Kirish chiptasida kinovideo-tomosha tashkilotining nomi, kinoseans vaqti va sanasi, oʻrindiq joyi va chipta narxi koʻrsatilgan boʻlishi shart.
6. Kinovideo-tomosha tashkilotlari tomoshabinlarga kinovideo xizmati koʻrsatish vaqtida kinoseansdan tashqari qoʻshimcha xizmatlarni (musiqiy dastur, kinojurnal va h.k.) ham koʻrsatishi mumkin.
7. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tizimidagi kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalari narxi Agentlik tomonidan, boshqa kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalarining narxi ushbu tashkilotlarning oʻzlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
8. Kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseansga avvaldan chiptalar savdosini tashkil qilishi mumkin.
9. Kinovideo-tomosha tashkilotlari jamoa boʻlib film tomosha qilishga keluvchilar uchun chipta buyurtma qilinishiga imkoniyat yaratib berishi lozim.
10. Kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseans boshlanishidan kamida 30 daqiqa avval belgilangan kinoseansga chiptalar savdosini boshlashi shart. Kinozalga kirish seansdan kamida 15 daqiqa oldin boshlanadi.
11. Etti yoshgacha boʻlgan bolalar voyaga yetgan kuzatuvchi hamrohligida, bolalar uchun belgilangan narxlarda kirish chiptasi bilan kinozalga kiritiladi.
12. Bolalar uchun moʻljallangan maxsus kinoseanslarga tashrif buyurgan katta yoshdagi tomoshabinlar kattalar uchun belgilangan narxlarda chipta sotib oladi.
13. Repertuarda rejalashtirilgan filmlarning almashtirilishiga faqat texnik buzilishlar, filmning ishdan chiqishi yoki yoʻqolishi, shuningdek, belgilangan muddatda film kinovideo-tomosha tashkilotiga yetib kelmagan holatlarda ruxsat beriladi.
14. Repertuarda rejalashtirilgan film kinoseans uchun kinozalga yigʻilgan tomoshabinlarning sonidan qatʼi nazar chipta sotilgan boʻlsa namoyish qilinishi shart.
15. Kinoseans vaqtida videokamera, telefon, planshet va boshqa raqamli elektron jihozlardan foydalanish, namoyish etilayotgan filmni video-foto tasvirga olish, baland ovozda gaplashish va boshqa tomoshabinlarga xalaqit berish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. 2019-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha kinovideo-tomosha tashkilotlarida namoyish qilinadigan milliy filmlar hajmlari – sutkada ikkitadan kam boʻlmasligi, 2021-yil 1-yanvardan esa shu kabi toʻliq metrajli filmlar oylik ekran vaqtining 25 foizidan kam boʻlmasligi, bayram kunlari 40 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
3-bob. Kinovideo-tomosha tashkilotlarining huquq va majburiyatlari
17. Kinovideo-tomosha tashkilotlari quyidagi huquqlarga ega:
tomoshabinlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻziga tegishli bino va inshoot hududiga, shu jumladan, kinozallarga kuzatuv kameralarini oʻrnatish, bunda kuzatuv kamerasidan tomoshabinning shaxsiy hayotiga daxldor videoyozuvlardan nusxa olish, koʻpaytirish va tarqatish qatʼiyan taqiqlanadi;
ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan taqiqlarni buzgan tomoshabinni chipta uchun toʻlangan mablagʻni qaytarmagan holda kinozalga kiritmaslik yoki kinozaldan chiqarib yuborish.
Kinovideo-tomosha tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
18. Kinovideo-tomosha tashkilotlari quyidagilarga majburdir:
kirish chiptalari sotiladigan kassasi va kirish joyida kinoteatr nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami, ish vaqti, rahbariyatining familiyasi, ismi va otasining ismining bosh harflari kabi maʼlumotlarni aks ettirish;
ushbu Nizomni oʻz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish, shuningdek, jamoat joylari, maxsus stendlar, binoning hamma koʻrishi mumkin boʻlgan boshqa joylariga osib qoʻyish yoʻli bilan tomoshabinlarning tanishishlariga imkoniyat yaratish;
kinofilmlarni sifatli namoyish qilish, zarur kinotexnologik uskunalar mavjudligini taʼminlash, tomoshabinlarga sifatli xizmat koʻrsatish, qulayliklar yaratish va ularning xavfsizligini taʼminlash;
tomoshabinlar uchun hojatxona, ona va bola xonasi, birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish vositalaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratib berish;
yongʻin xavfsizligi va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etish.
Kinovideo-tomosha tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
19. Kinovideo-tomosha tashkilotlari tomoshabinlarga quyidagilar toʻgʻrisida toʻliq va aniq maʼlumot berib borishi shart:
namoyish qilinayotgan va namoyishi rejalashtirilayotgan filmlar (film ishlab chiqarilgan yil, ishlab chiqaruvchi mamlakat, kinostudiya, bosh rol ijrochilari va xokazolar) haqidagi maʼlumotlar;
chiptalar narxi;
bolalarga moʻljallangan kinoseanslar uchun chiptalar narxi;
kinozal oʻrindiqlarining joylashuvi chizmasi;
kinoseansning aniq boshlanish vaqti va davomiyligi;
tomoshabinlarga koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar (pullik xizmatlar uchun ularning narxlari);
ayrim toifadagi tomoshabinlar uchun belgilangan imtiyozlar.
4-bob. Tomoshabinlarning huquq va majburiyatlari
20. Tomoshabinlar quyidagi huquqlarga ega:
kinovideo-tomosha tashkilotlari tomonidan tomoshabinlarga koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida toʻliq va aniq maʼlumotlar olish;
kinovideo xizmati va boshqa qoʻshimcha xizmatlardan belgilangan tartibda foydalanish;
kinovideo-tomosha tashkilotining aybi bilan repertuarda rejalashtirilgan film toʻxtatilgan, almashtirilgan yoki sifatsiz namoyish qilingan taqdirda kirish chiptasi uchun toʻlangan mablagʻni toʻlaligicha qaytarib olish;
Oldingi tahrirga qarang.
kinovideo-tomosha tashkilotlaridan muayyan filmni ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun bir martalik ruxsatnomani koʻrsatishni talab qilish;
(20-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 695-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)
film namoyishi uchun yoshga doir cheklovning (oʻz yoshiga taalluqli) mavjudligi haqida maʼlumotning yoʻqligi sababli filmni tomosha qilishdan bosh tortish va kirish chiptasi uchun toʻlangan mablagʻni toʻlaligicha qaytarib olish.
Tomoshabinlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Tomoshabinlar quyidagilarga majburdir:
kinovideo-tomosha tashkilotida ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan taqiqlarga hamda kinovideo-tomosha tashkiloti tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibga rioya qilish;
chiptani kinoseans oxirigacha saqlab qolish va nazoratchi yoki maʼmuriyat talabi bilan koʻrsatish;
oʻz chiptasida koʻrsatilgan oʻrindiqqa oʻtirish.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Ushbu Nizomda belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, shuningdek, vakolati doirasida isteʼmolchilar huquqini himoya qilish va boshqa nazorat organlari hamda jamoatchilik vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
23. Kinovideo-tomosha tashkilotlari tomonidan ushbu Nizom talablari buzilgan taqdirda, buning oqibatida tomoshabinlarga yetkazilgan zarar kinovideo-tomosha tashkiloti hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
24. Tomoshabin oʻzi sababli kinovideo-tomosha tashkilotiga yetkazilgan moddiy zarar boʻyicha belgilangan tartibda mulkiy javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 272-son qaroriga
2-ILOVA
2018-2019-yillarda milliy kinoprokat tizimini rivojlantirish boʻyicha kompleks
ChORA-TADBIRLAR REJASI

T/r

Tadbirlar nomi

Taqdim etiladigan hujjat shakli, amalga oshirish mexanizmi

Bajarish muddati

Ijro uchun masʼullar

1.

Kino namoyishiga moʻljallangan obyektlarni xatlovdan oʻtkazish hamda respublika yagona kinoprokat tarmogʻiga kiruvchi rekonstruksiya qilinadigan va qayta jihozlanishi talab etiladigan kinoteatrlar va kinozallarning roʻyxatini shakllantirish.

1. Tegishli vazirliklar va idoralardan iborat ishchi guruh tuzish.

2. Ishchi guruh tomonidan obyektlarning holati, jihozlanish darajasi va boshqa parametrlari oʻrganilishi.

3. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kino namoyishiga moʻljallangan obyektlarning kinof�lmlar namoyishi faoliyatini tiklash boʻyicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil

mart — iyun

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari

2.

Respublika yagona kinoprokat tarmogʻida kinofilmlar afishasi va stendlarning yagona standartini ishlab chiqish hamda ularni respublikadagi shahar markazlari va boshqa aholi punktlaridagi qulay joylarga oʻrnatish.

1. Stendlarning yagona standarti eskizlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2. Stendlar oʻrnatiladigan manzillar dislokatsiyasini ishlab chiqish
va tasdiqlash.

2018-yil

mart — avgust

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari

3.

“Respublika kinoprokat markazi” DUKning ustavi va tuzilmasini ishlab chiqish.

“Respublika kinoprokat markazi” DUKning ustavi va tuzilmasini tasdiqlash.

2018-yil aprel

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi

“Respublika kinoprokat markazi” DUK tarkibidagi metodik kengash haqidagi nizom loyihasini ishlab chiqish.

“Respublika kinoprokat markazi” DUK tarkibidagi metodik kengash haqidagi nizomni tasdiqlash.

2018-yil aprel

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK

4.

Respublika yagona kinoprokat tarmogʻida kinoprokatni amalga oshirishni tartibga solishni nazarda tutuvchi nizom loyihasini ishlab chiqish.

Respublika yagona kinoprokat tarmogʻida kinoprokatni amalga oshirishni tartibga solishni nazarda tutuvchi nizomni tasdiqlash.

2018-yil aprel

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK

5.

Respublikadagi kinoteatrlar
va kinozallarni elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish va sotishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulash uchun zarur boʻlgan uskunalar bilan jihozlash va joriy qilishda yagona texnologik talablarni ishlab chiqish.

Yagona texnologik talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2018-yil oktyabr

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,

Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi,
manfaatdor vazirlik va idoralar

6.

Yagona texnologik konsepsiyaga asosan respublika yagona kinoprokat tarmogʻidagi kinoteatr
va kinozallarning kinoproyeksion texnik uskunalarini unifikatsiya qilish.

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri va respublika viloyatlari markazlaridagi birinchi toifali kinoteatrlar uchun jahon standartlariga javob beradigan texnik talablarni ishlab chiqish va joriy qilish.

2. Respublikaning kichik shaharlari, tumanlar markazlari va boshqa alohida hududlardagi ikkinchi toifali kinoteatrlar va kinozallarni jihozlash uchun minimal texnik talablarni ishlab chiqish va joriy qilish.

2018-2019 yillar

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK

7.

Milliy filmlarni xalqaro kinoprokatga olib chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari
va xor�jiy davlatlar bilan kinoprokat sohasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish.

1. Markaziy Osiyo mamlakatlari va xorijiy davlatlarning distribyutorlik kompaniyalari bilan aloqalar oʻrnatish chora-tadbirlarini amalga oshirish.

2. Xalqaro kinobozorlarda milliy filmlarimiz ishtirokini taʼminlash.

3. Kinoprokat sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va xorijiy davlatlar bilan sheriklik aloqalarini oʻrnatish.

2018-2019 yillar

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi,
“Respublika kinoprokat markazi” DUK

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 272-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining ““Oʻzbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-ilovadagi “Doʻrmon kinoijodkorlar uyi” davlat unitar korxonasi blokidan keyin “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi” bloki qoʻshilsin.
2. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi toʻgʻrisida nizomda:
quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi”;
oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 13-bandga quyidagi mazmundagi 6-kichik band qoʻshilsin:
“hududlarda yagona repertuar siyosatini amalga oshirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi, shuningdek, aholiga kinovideo xizmati koʻrsatish qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydi”.
6 — 12-kichik bandlar tegishli ravishda 7 — 13-kichik bandlar deb hisoblansin
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/272/1044-son, 17.12.2018-y., 09/18/1012/2321-son. 20.08.2019-y., 09/19/695/3595-son)