toggle_night_mode
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining
Qarori
Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek, yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2991]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-son “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi qaror qiladi:
1. Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek, yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Elektr energetikasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻi D. ISAKULOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-mart,
5-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi N. AGZAMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-mart,
7-son
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2018-yil 29-martdagi 5, 7-son qaroriga
ILOVA
Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-son “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek, yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1025-son “Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandiga asosan Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (bundan buyon matnda “Oʻzdavenergonazorat” deb yuritiladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi (bundan buyon matnda “Oʻzdavneftgazinspeksiya” deb yuritiladi) “Energiyani tejash milliy kompaniyasi” AJ bilan birgalikda ushbu qarorga ilovada koʻrsatilgan tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) ular tomonidan qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar (bundan buyon matnda xulosa deb yuritiladi) berilishini taʼminlaydi.
2. Xulosalar tashkilot tomonidan qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlari nazarda tutilgan standartlashtirishga doir normativ hujjatlar (bundan buyon matnda standartlashtirishga doir normativ hujjat deb yuritiladi) mavjud boʻlganda beriladi.
2-bob. Xulosani rasmiylashtirish va berish
3. Tashkilot xulosa olish uchun tegishliligicha “Oʻzdavenergonazorat” yoki “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimiga ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda arizaga standartlashtirishga doir normativ hujjatning nusxasi ilova qilinishi shart.
Ariza anʼanaviy yoxud elektron shaklda yuborilishi mumkin.
4. “Oʻzdavenergonazorat” yoxud “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimi arizani qabul qilib olgan kunning oʻzida arizani hamda unga ilova qilingan hujjatlarni 2 nusxada koʻpaytirilishini hamda ularning bir nusxasini “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJga, ikkinchi nusxasini esa — tegishlicha “Oʻzdavenergonazorat” yoki “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimiga yuborilishini taʼminlaydi.
5. Oʻzdavenergonazorat” hamda “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimlari mutaxassislari ariza berilgan kundan boshlab 5 kun ichida arizani bergan tashkilotga borgan holda tashkilotda qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanilayotganligini standartlashtirishga doir normativ hujjatga muvofiqligini oʻrganadi.
6. Oʻrganishda:
“Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimi mutaxassisi ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotda mahsulot birligiga sarflanayotgan elektr energiyasining standartlashtirishga doir normativ hujjatdagi koʻrsatkichlarga muvofiqligini, shuningdek faoliyati ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotda asbob-uskunalarning elektr energiyasining sarfi standartlashtirishga doir normativ hujjatdagi koʻrsatkichlarga muvofiqligini;
“Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimi mutaxassisi ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotda mahsulot birligiga sarflanayotgan gazning standartlashtirishga doir normativ hujjatdagi koʻrsatkichlarga muvofiqligini, shuningdek faoliyati ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotda asbob-uskunalarning gaz sarfi standartlashtirishga doir normativ hujjatdagi koʻrsatkichlarga muvofiqligini oʻrganadi.
Mutaxassislar tashkilotda sertifikatlangan va energiya jihatidan samarali uskunalar va priborlar qoʻllanilayotganini ham oʻrganadi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur bandda nazarda tutilmagan masalalar oʻrganilishi taqiqlanadi.
7. Oʻzdavenergonazorat” hamda “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimlari mutaxassislari tomonidan tashkilotda oʻtkazilgan oʻrganish natijalari yuzasidan 2 nusxada maʼlumotnoma tuziladi.
Oʻrganish jarayonida tashkilotda mazkur Nizomga asosan oʻrganish predmetiga kiradigan masalalar mavjud boʻlmaganda, bu haqda maʼlumotnomada koʻrsatiladi.
Maʼlumotnoma “Oʻzdavenergonazorat” hamda “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimlari mutaxassislari, tashkilotning rahbari yoki vakili tomonidan imzolanadi.
8. “Oʻzdavenergonazorat” hamda “Oʻzdavneftgazinspeksiya”ning hududiy boʻlimlari mutaxassislari tomonidan oʻrganish natijalari yuzasidan tuzilgan maʼlumotnoma u imzolangan kunning oʻzida (biroq, ariza berilgan kundan boshlab 5 kundan kechiktirmay) “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJga yuboriladi.
9. “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimlari mutaxassislari tomonidan oʻrganish natijalari yuzasidan tuzilgan maʼlumotnomani u yuborilgan kundan boshlab 10 kun ichida oʻrganib chiqadi.
10. “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ oʻrganish natijasida tashkilotda qoʻllanilayotgan texnologiyalar va asbob-uskunalar energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiq (yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalaniladi), deb topganda mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda xulosani rasmiylashtiradi va uni shu kunning oʻzida tegishlicha “Oʻzdavneftgazinspeksiya” yoki “Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimiga keyinchalik tashkilotga berish uchun yuboradi.
11. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” yoki “Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimi “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan rasmiylashtirilgan xulosani u kelib tushgan kunning oʻzida tashkilotga yuborilishini taʼminlaydi.
12. Xulosa “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ rahbari hamda “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimlari rahbarlari tomonidan imzolangan va mazkur tashkilotlarning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Xulosaga uni asoslantiruvchi maʼlumotlar ilova qilinadi.
Xulosa 5 yil muddatga beriladi.
13. Tashkilotda qoʻllanilayotgan texnologiyalar va asbob-uskunalar energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiq emas, deb topilganda murojaat etuvchi shaxsga asoslantirilgan javob xati tayyorlanadi va uni murojaat etuvchiga taqdim etish uchun tegishlicha “Oʻzdavneftgazinspeksiya” yoki “Oʻzdavenergonazorat”ning hududiy boʻlimiga yuboradi.
3-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Oʻzbekenergo” AJ bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
2018-yil 29-mart
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R. GULYAMOV
2018-yil 28-mart
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KARIMOV
2018-yil 27-mart
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 26-mart
“Energiya tejash milliy kompaniyasi” AJ boshqaruv raisi B. GANIYEV
2018-yil 26-mart
“Oʻztransgaz” AJ boshqaruv raisi A. MUSTAFAYEV
2018-yil 24-mart
“Oʻzbekenergo” AJ boshqaruv raisi U. MUSTAFOYEV
2018-yil 23-mart
Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

‎‎Qoʻllaniladigan texnologiyalar va asbob-uskunalarning energiya jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligi, shuningdek yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanishi toʻgʻrisidagi

‎XULOSA

______-son‎‎ ‎‎20__ yil “___” ____________

‎‎Ushbu xulosa __________________________________________________________________________________ ning
‎(oʻrganish oʻtkazilgan tashkilotning nomi)
‎_______________________________________________________________________________________________ da
‎(oʻrganish oʻtkazilgan obyektning manzili)

‎‎joylashgan obyektda:
‎qoʻllanilayotgan texnologiyalarning;
‎quyidagi asbob-uskunalarning:
‎________________________________________________________________________________________________;
‎_________________________________________________________________________________________________
‎energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqligini tasdiqlaydi.
‎Tashkilotda yoqilgʻining quyidagi muqobil turlaridan foydalaniladi:
‎_________________________________________________________________________________________________;
‎_________________________________________________________________________________________________.

‎Ushbu xulosaga ilova qilinayotgan asoslantiruvchi maʼlumotlar uning ajralmas qismi hisoblanadi.

‎Ilova ____ varaqda.

‎‎“Oʻzdavenergonazorat”
‎hududiy boʻlimi boshligʻi

_________________________
‎‎‎(F.I.O.)


‎M.Oʻ‎

____________‎‎(imzo)

“Oʻzdavneftgazinspeksiya” hududiy boʻlimi boshligʻi

‎‎_________________________ ‎‎‎(F.I.O.)


‎‎M.Oʻ

‎‎____________‎‎(imzo)

‎“Energiya tejash milliy
‎kompaniyasi” AJ bosh direktori

‎‎‎‎_________________________ ‎‎‎(F.I.O.)

‎‎
‎M.Oʻ

‎‎‎‎____________‎‎(imzo)

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2991/0986-son)