toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublikada ishlab chiqarishni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ekin maydonlari sezilarli ravishda kengaytirildi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash boʻyicha quvvatlar ishga tushirildi, moliyaviy resurslar, jumladan, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari faol ravishda jalb etilmoqda.
Shu bilan birga xorijiy meva-sabzavot mahsulotlari bozorlaridagi yuqori darajadagi raqobat agrotexnikaning xamda ishlab chiqarish va mahsulot yetkazib berish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy uslublarini jadal ravishda joriy etishni talab qilmoqda.
Biroq qator salbiy omillar mamlakatimiz agrosanoat sohasi salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Ular jumlasiga kuyidagilar kiradi:
birinchidan, meva-sabzavot mahsuloti ishlab chiqaruvchilari va tayyorlovchilari oʻrtasida meva-sabzavot ekinlari bozorida xaridorgir ekinlar va ularning navlarini joylashtirish masalalarida oʻzaro hamkorlikning bozor mexanizmlaridan toʻliq foydalanmaslik;
ikkinchidan, tuzilgan shartnomalarni oʻz vaqtida, sifatli, toʻliq yoki mutlaqo bajarmaslik kabi harakatlarda namoyon boʻluvchi kichik qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan shartnoma intizomiga rioya qilish darajasining pastligi;
uchinchidan, qishloq xoʻjaligi mehnatini mexanizatsiyalashtirish, zamonaviy intensiv, avvalo, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ularni saqlash va transportirovka qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mustaqil ravishda tashqi bozorga chiqishi uchun moliya resurslarini jamgʻarish uchun qulay imkoniyatlarning yoʻqligi;
toʻrtinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining bozorlarda xaridorgir boʻlgan yuqori hosildorlikka ega va sifatli navlarning urugʻi, koʻchati bilan qoniqarli ravishda taʼminlanmaganligi;
beshinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining real ehtiyojlariga javob bermaydigan kadrlar tayyorlash tizimining past darajasi, jumladan, zamonaviy bilimlarga ega oʻrta va oliy boʻgʻinning yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmaganligi;
oltinchidan, logistika va transport infratuzilmasi rivojlanmaganligi hosilning bir qismi nobud boʻlishi, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotni arzon narxlarda sotish va natijada qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarining qoniqarsiz moliyaviy koʻrsatkichlariga sabab boʻlmoqda;
yettinchidan, turli ekinlar agrotexnologiyalarining dolzarb masalalari va ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning yoʻqligi, ilmiy institutlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning past darajasi.
Meva-sabzavotchilikni jadal va samarali rivojlantirishni taʼminlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga chiqarish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari sohasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida klaster usulini yaratishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba yoʻlga qoʻyilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tumanlar hokimliklari joriy qishloq xoʻjaligi yilidan boshlab:
meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to sotishgacha boʻlgan belgilangan jarayonni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi yagona yoki oʻzaro bogʻliq korxonalar guruhi doirasida;
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xoʻjaligi yumushlarini tashkil qilish uchun ekish materiali, avans toʻlovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksport qiluvchilar oʻrtasida kafolatlangan shartnomalar asosida “urugʻ-koʻchat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga yetkazish” tamoyili boʻyicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni koʻzda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini (keyingi oʻrinlarda meva-sabzavot klasterlari deb yuritiladi) keng joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni qabul qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari tegishli tartibda chigitdan boʻshagan yerlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekishda:
logistika markazlari (meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash boʻyicha quvvatlar, qishloq xoʻjaligi texnikasi), shuningdek, ichki va tashqi bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish tajribasiga ega;
zamonaviy issiqxona xoʻjaliklari va intensiv bogʻlar yaratish va ulardan foydalanish tajribasiga ega;
qoʻshimcha qiymatlar zanjiri boʻyicha klaster usulida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablagʻlariga ega;
meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, jumladan eksport qilishni tashkil qilish, zamonaviy resurs va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yangi ish oʻrinlari yaratish vazifalarini oʻz zimmasiga oladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlariga (oʻzaro bogʻliq korxonalar guruhiga) birinchi navbatda yerdan uzoq muddatli ijara shartlarida foydalanish huquqini taqdim etsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
2018-yilda har bir hududda 1-2 ta meva-sabzavot klasterlari tashkil etsin va 2019-yildan boshlab meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan barcha tumanlarni qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakliga jalb etsin;
meva-sabzavot klasterlariga ichki hamda tashqi bozordagi ehtiyoj va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, mahsulot yetishtirish hajmi, ularning navi va turini belgilash, shuningdek, fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan ular tomonidan tayyorlanayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish huquqi taqdim etilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga irrigatsiya va kollektor qurilmalarini tozalashda yordam koʻrsatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.R. Xolmurodov Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda;
xalqaro moliya tashkilotlari va institutlari kredit liniyalarini, jumladan meva-sabzavot klasterlari ustav kapitaliga keyinchalik ushbu hissalarni muassislar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan sotib olish huquqi bilan jalb etish;
meva-sabzavot klasterlarini, boshqa meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini eksportoldi moliyalashtirish uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish;
koʻchatzorlarni tashkil qilish, meva-sabzavot klasterlari logistika markazlari, issiqxonalar qurish va intensiv bogʻlar barpo etish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hajmini kengaytirish;
agronomlar va meva-sabzavot klasterlari, zamonaviy intensiv bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarining boshqa xodimlarini bir yilgacha boʻlgan muddatga yetakchi ixtisoslashgan xorijiy kompaniyalarga taʼlim olish va stajirovka oʻtashga yuborish uchun grant mablagʻlari va xalqaro tashkilotlarning texnik koʻmak mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflar kiritsin.
6. Quyidagilar 2021-yil 1-yanvarga qadar:
koʻchatxonalar va issiqxonalarda urugʻ, koʻchat va payvandtag yetishtiruvchi va ularni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yetkazib beruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari barcha turdagi soliq va yigʻimlar toʻlashdan (yagona ijtimoiy toʻlov bundan mustasno);
chetdan olib kirilayotgan urugʻlar, koʻchatlar va payvandtaglar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari ilovaga muvofiq bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi PF-5755-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — 2019-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
7. 2018-yilning 1-yanvaridan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi tashkilotlarga daromadga vositachi tashkilotlar uchun koʻzda tutilgan stavka boʻyicha soliq solgan xolda mukofot summasidan yagona soliq toʻlovini toʻlash huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va tayyorlovchilari oʻrtasida kontraktatsiya shartnomalarini sugʻurtalash mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda, tajriba tariqasida, real natijalardan va hosilning saqlanishidan kelib chiqib yakuniy hisob-kitoblarning amalga oshirilishi va mukofot olishini hisobga olgan xolda fitosanitariya taʼminotini, oʻsimliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoyalashni taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2018-yilning 1-sentabrigacha boʻlgan muddatga Oʻsimliklarni zararkunandalar, kasalliklar, begona oʻtlar, bakteriyalar va viruslardan kompleks himoyalash, fitosanitariya nazoratini kuchaytirish va respublikada maqbul fitosanitariya holatini taʼminlash boʻyicha davlat dasturini ishlab chiqsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi 2018-yil 1-noyabrga qadar barcha qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari erkin foydalana oladigan salohiyatli xorijiy bozorlarning elektron maʼlumotlar bazasini yaratishni taʼminlasin, bunda meva-sabzavot mahsulotlari turlari, navlari, asosiy isteʼmolchilari boʻyicha ehtiyojlarning taxminiy hajmi, shuningdek, qoʻyiladigan talablari boʻyicha axborot olish imkoniyati koʻzda tutilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, xorijiy bozorlar boʻyicha maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari va savdo vakolatxonalarining xodimlarini jalb qilgan holda, shakllantiriladi va yangilanadi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb etgan holda, qurgʻoqchilik, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli qishloq xoʻjaligi ekinlarining seleksiyasini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
14. “Oʻzbekenergo” AJ (U. Mustafayev), “Oʻztransgaz” AJ (A. Mustafayev), shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga meva-sabzavot klasterlarining ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini elektr energiya va tabiiy gaz bilan ularning tabiiy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov, Tashqi savdo vazirligi (J. Xodjayev) va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (X. Xasilov)ga bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:
meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga eksport kontraktlari bajarilishini taʼminlovchi muddatlarda temir yoʻl vagonlari, shu jumladan, vagon-refrijeratorlar berish tartibini maqbullashtirish va soddalashtirish;
shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilgan holda zamonaviy refrijeratorli konteynerlar ishlab chiqarilishi, xalqaro registrlarda sertifikatsiyalash va roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil qilish, shuningdek, ularni meva-sabzavot klasterlari, tayyorlov tashkilotlari va boshqa manfaatdor foydalanuvchilarga, shu jumladan, lizing orqali sotish tartibini belgilash boʻyicha.
16. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda agrotexnologiyalar sohasida yuqori malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga koʻra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun 12 oygacha boʻlgan muddatga kirish vizalari va koʻp martalik vizalar rasmiylashtirishni taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga koʻra jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun davlat bojini undirmagan xolda koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish hamda muddatini uzaytirishni taʼminlasin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
19. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi meva-sabzavot klasterlari buyurtmalariga koʻra belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga qishloq xoʻjaligi boʻyicha yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnomalar berilishi, shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat berish (uzaytirish)ni taʼminlasin.
20. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.S. Otajonov, Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-mart,
PF-5388-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PF-5388-son Farmoniga
ILOVA
Boj toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinadigan urugʻlik, koʻchatlar va payvand qoʻyiladigan tuplar, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, energiya tejaydigan zamonaviy issiqxonalarning butlovchi buyumlari
ROʻYXATI

T/r

Tovarlar nomlanishi

TIF TN kodlari*

1.

Koʻchatlar va payvand qoʻyiladigan tuplar

060210, 060220

2.

Gidroponika tizimi uchun kokos substrati

5305000000

3.

Kokos substrati uchun PVX yoki PPdan tayyorlangan novlar

3926909705

4.

Mineral oʻgʻitlar, insektitsidlar, rodentitsidlar, fungitsidlar, gerbitsidlar, begona oʻtlar chiqishiga qarshi vositalar va oʻsimliklarning oʻsishi regulatorlari, dezinfeksiya qiluvchi vositalar

3101 — 3105, 3808

5.

Tukli arilarning klassik uyalari

010641

6.

Issiqxona qoplamalari

3920108900, 5608199000, 7312108909, 7326200009

7.

Energiyani tejash va soya tushirish tizimi

5603121000, 7312104900, 7326905000

8.

Issiqxonani boshqarish tizimi

8501510000, 8483908909, 8425390004, 8537101000

9.

Iqlimning kompyuter nazorati tizimi

8537109100

10.

Tumanlashtirish tizimi

8424890009

11.

Isitish tizimi

8402200009, 8416202000, 7310299000, 8481409000 8419110000

12.

Tomchilatib sugʻorish tizimi

8424821000

13.

Sirkulyatsiya qiluvchi va tortuvchi ventilyatorlar

8414510000, 8414598000

14.

Zamonaviy issiqxona komplekslarining boshqa butlovchi buyumlari va detallari

3926909709, 7326909807

* Tovarlarning TIF TN boʻyicha uzil-kesil kodlari ularni bojxonada rasmiylashtirish vaqtida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2018-y., 06/18/5388/0970-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son; 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)