toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-iyuldagi PF-6262-sonli “Respublikada oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda karantindagi zararli organizmlar Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni taʼminlash, shuningdek, oʻsimlik va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunday sharoitda xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalligi, begona oʻtlardan respublika hududining ishonchli himoyasini taʼminlovchi ichki va tashqi oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlarning ahvolini oʻrganish fitosanitar xavfsizlikni toʻlaqonli taʼminlashga hamda chet el mamlakatlari, kompaniya va korporatsiyalar bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirishga, eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlarni tashqi bozorlariga olib chiqishga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligini aniqladi.
Oʻsimliklar karantini sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro normalar va qoidalarga muvofiqlashtirish yuzasidan faol ishlar olib borilmayapti, buning natijasida xorijiy hamkorlar tomonidan mahalliy mahsulotlarning oʻrnatilgan standartlarga muvofiq emasligi oʻz davlatlarining bozorlariga olib kirilishini rad etish holatlari qayd etilmoqda hamda chet eldan moliyaviy va grant mablagʻlarini jalb etish jarayoni murakkablashmoqda.
Respublika mintaqalarida hozirgi kunga qadar eksportga joʻnatiladigan hamda karantin zararkunandalari, oʻsimliklar kasalliklari, begona oʻtlar tashuvchisi boʻlishi mumkin boʻlgan chet davlatlardan olib kiriladigan urugʻlar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha laboratoriyalar mavjud emas.
Oʻsimliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning taʼsirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida, mutaxassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish koʻnikmalari oshirilishini taʼminlanmayapti.
Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati boʻlinmalarining zaif moddiy-texnik taʼminoti, ulardagi xodimlar, ayniqsa, joylarda ishlovchilarning karantin tadbirlarini oʻtkazish uchun zarur uskunalar bilan taʼminlanmagani hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy taʼminoti yetarli darajada boʻlmaganligi oʻzlariga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali va sifatli bajarish imkonini bermaydi.
Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, mamlakatda fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash sohasida davlat nazoratining yaxlit tizimini yaratish maqsadida hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻsimliklar karantini sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻsimliklar karantini sohasidagi ishlar holatini kompleks oʻrganish;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklar karantini sohasidagi xalqaro shartnomalarga, shu jumladan Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro Konvensiyaga (Rim, 1951-yil) qoʻshilishi boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini oʻsimliklar karantini sohasidagi barcha xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash yuzasidan takliflar tayyorlash;
xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan (Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Tailand Qirolligi, Yaponiya, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya Respublikasi, Bangladesh, Hindiston Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi va boshqalar) oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qilish boʻyicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqish, shu jumladan bunday bitimlar loyihalarini tayyorlash.
Oldingi tahrirga qarang.
(2 — 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
5. Inspeksiya boshligʻiga quyidagi huquq berilsin:
zarur hollarda, Inspeksiyaning markaziy apparati, oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari va uning tarkibiga kiruvchi boshqa tashkilotlar tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Inspeksiya xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Inspeksiya boshligʻi va oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari boshliqlari lavozimiga koʻra tegishlicha Oʻsimliklar karantini boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar;
oʻsimliklar karantini boʻyicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlari xizmat majburiyatlarini bajarishda maxsus formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarini kiyib yuradilar;
inspektorlarni formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilar bilan taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarning namunalarini tasdiqlasin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda oʻsimliklarning agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan oʻsimliklar klinikasi tashkil etilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Inspeksiya, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻsimliklar klinikasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
9. Inspeksiya Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda karantin laboratoriyalarining tashkil qilinishini hamda ularning karantin tadbirlarini amalga oshirish uchun kerakli boʻlgan barcha zarur laboratoriya uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
10. 2018-yilning 1-aprelidan Inspeksiya va oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlaridan kelib tushadigan davlat boji va yigʻimi koʻrinishidagi tushumlar Jamgʻarmaga 80 foiz miqdorida, shu jumladan Inspeksiya xodimlarining moddiy ragʻbatlantirilishiga — Jamgʻarmaga kelib tushadigan mablagʻlarning 10 foizidan ortiq boʻlmagan miqdori yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin.
2017-yilning 1-dekabridan 2018-yilning 1-apreligacha budjetga oʻtkazilishi lozim boʻlgan davlat boji va yigʻimi koʻrinishidagi tushumlar Inspeksiya tomonidan 2018-yilning oxiriga qadar qoplanishi belgilansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Chora-tadbirlar dasturida koʻrsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Inspeksiyaning asoslantirilgan buyurtmasi asosida Inspeksiyaga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan maqsadli yoʻnaltiriladigan 15 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
12. Quyidagilar:
oʻsimliklar klinikasi 2018-yilning 1-iyulidan 2022-yilning 1-yanvariga qadar yer soligʻi, yuridik shaxslarning daromad va mol-mulk soligʻidan hamda yagona soliq toʻlovlarini toʻlashdan;
2020-yilning 1-yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlarga koʻra oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda mamlakatda karantin holatni yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoki yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asbob va priborlar, mashina va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinsin.
13. 2018-yil 1-maydan oʻsimliklar karantini boʻyicha tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlariga, qonun hujjatlarida belgilangan ustama va qoʻshimcha toʻlovlardan tashqari, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har chorak yakuni boʻyicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Inspeksiya boshligʻi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan faoliyatni baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar beriladi:
70 balldan 80 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 50 foizgacha;
80 balldan 90 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 100 foizgacha;
90 balldan 100 ballgacha toʻplagan inspektorlarga — lavozim maoshiga 150 foizgacha.
14. Inspeksiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida, uning Nukus va Termez shaharlaridagi filiallarida, Andijon qishloq hoʻjaligi institutida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan har uch yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladigan Inspeksiya xodimlarini, birinchi navbatda tuman va shahar inspektorlari, avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;
Toshkent davlat agrar universitetida oʻsimliklar karantini va himoyasi kafedrasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2018 — 2020-yillarda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati xodimlarini chet elda qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturini tasdiqlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3249-son qarorining 1 va 2-bandlari, hamda uning 1, 2, 3, 3a, 3b va 4-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Inspeksiya manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar boʻyicha takliflar kiritsin:
oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishiga nisbatan maʼmuriy javobgarlikni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-mart,
PQ-3626-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-martdagi PQ-3626-son qaroriga
7-ILOVA
2018 — 2020-yillarda Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish
ChORA-TADBIRLARI DASTURI

T/r

Chora-tadbirlarning nomi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

Hujjat turi, kutilayotgan natija

I. RESPUBLIKADAGI FITOSANITARIYA HOLATINI TAKOMILLAShTIRISh

1.

Oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari
va begona oʻtlarga qarshi kimyoviy va biologik himoya vositalari roʻyxatiga kiritish maqsadida zararli karantin organizmlarga qarshi pestitsidlarning taʼsirini, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida foydalanishga ruxsat berilgan defoliantlar va oʻsish regulyatorlarini aniqlash boʻyicha ishlarni amalga oshirish.

Doimiy ravishda

Oʻzdavkarantin, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, zagrokimyohimoya” AJ

Chora-tadbirlar dasturi.

Samarali kimyoviy preparatlarni Roʻyxatga kiritish hamda oʻsimliklarning zararli karantin organizmlariga qarshi kurashish maqsadida ularni ishlab chiqarishga koʻmaklashish.

2.

Oʻsimliklarning karantin va boshqa zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarning tarqalishini monitoring qilish va prognozlashtirish mexanizmini tatbiq etish.

2018-yil 1-oktabrgacha

Oʻzdavkarantin, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagrokimyohimoya” AJ

Chora-tadbirlar dasturi.

Oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarni oʻz vaqtida aniqlash hamda zararkunandalar, kasalliklar va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni tezkor ishlab chiqish.

3.

Feromon tutqichlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirgan holda respublikaning barcha hududlariga 55231 ta feromon tutqichlarni oʻrnatish, shuningdek, Oʻzdavkarantin qoʻmitasining Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ularni dala va laboratoriya sharoitida sinovdan oʻtkazish.

2018-2019 yillarda

Oʻzdavkarantin, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Eksport qilinadigan qish�oq xoʻjaligi mahsulotlarini zararsizlantirish boʻyicha ishlar oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlash.

4.

Mamlakatimizda karantin zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashish uchun zarur boʻlgan oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha kimyoviy vositalar va fumigatsiya preparatlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar tayyorlash.

2018-yil 1-iyulgacha

Fanlar akademiyasi, Oʻzkimyosanoat AJ, Oʻzagrokimyohimoya” AJ,

Oʻzdavkarantin

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Bozorlarning oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan toʻyinishini taʼminlash.

II. OʻSIMLIKLAR KARANTINI BOʻYIChA DAVLAT XIZMATINING MODDIY-TEXNIK BAZASINI MUSTAHKAMLASh

5.

Oʻzdavkarantin qoʻmitasining markaziy apparati binosini kapital taʼmirlash (zarur boʻlganda, yangi bino ajratish), zarur mebel va orgtexnika, shuningdek, aloqa vositalari bilan taʼminlash.

2018-yil davomida

Oʻzdavkarantin, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi

Chora-tadbirlar dasturi.

Yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish.

6.

Oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalarini zarur binolar bilan taʼminlash.

2018-yil 1-noyabrgacha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Davlat raqobat qoʻmitasi, Oʻzdavkarantin

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qarorlari.

Yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish.

7.

Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi laboratoriyasining moddiy-texnik bazasini xalqaro standartlarga mos keladigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlash orqali mustahkamlash.

2018-yil 1-iyulgacha

Oʻzdavkarantin, Moliya vazirligi

Tashkiliy-chora-tadbirlar.

Markazning fitos�nitariyaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish.

8.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatini taʼminlash maqsadida xizmat va maxsus avtotransport vositalarini saqlash uchun zarur limitlarni ajratish, shu jumladan:

oʻsimliklar karantini boʻyicha tumanlar va shaharlar inspektorlari uchun — 2018-yilda 169 ta mototsikl;

fumigatsiya otryadlari uchun — 15 ta “Damas VAN” avtomobili (2018-yilda — 6 ta, 2019 yilda — 6 ta, 2020 yilda 3 ta);

oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari uchun — 58 ta “Damas” avtomobili (2018-yilda 25ta, 2019 yilda 25ta, 2020 yilda 8ta);

karantin laboratoriyalari uchun — 15 ta maxsus avtomashina (koʻchma laboratoriya) (2018-yilda 6ta, 2019 yilda 4ta, 2020 yilda 5ta);

“Oʻzdavkarantin” qoʻmitasi va oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari uchun — 45 ta xizmat va navbatchi avtomobil(2018-yilda –20ta, 2019 yilda 20ta, 2020 yilda 5ta).

2018 — 2020 yillarda

Oʻzdavkarantin, Moliya vazirligi

Tashkiliy-chora-tadbirlar.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirish.

Oʻsimliklarning zararli karantin organizmlarni oʻrganish va ularga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro fitosanitar standartlar talablarining bajarilishini taʼminlash.

9.

Quyidagilarni:

oʻsimliklar karantini boʻyicha tumanlar va shaharlar inspektorlari uchun lupa, maxsus qaychi, utilizatsiya paketlari, kimyoviy respiratorlar, konteynerlar va boshqalardan iborat 138 ta karantin-dala sumkalarini, karantin mahsulotlarni zararsizlantirish maqsadida fumigatsiya otryadlari uchun 40 ta maxsus kiyimlarni;

avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlari uchun zarur uskunalarni (turli modifikatsiyadagi lupalar, dumaloq va uzunchoq toʻrlar);

oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun 93 ta zamonaviy monoblok va 87 ta printerlarni xarid qilish.

2018-yil yakuniga qadar

Oʻzdavkarantin

Zarur vositalarni xarid qilish.

Karantin zararkunanda organizmlarni yoʻqotish boʻyicha ishlar samaradorligi va sifatini oshirish, chora-tadbirlarni oʻz vaqtida qabul qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash.

10.

Viloyatlarda karantin laboratoriyalarini qurish hamda ularni zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash, shu jumladan: 2018-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida;

2019-yilda — Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida.

2018-2019-yillarda

Oʻzdavkarantin, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Laboratoriya tahlillari va ekspertizalari ishonchliligini taʼminlash, oʻsimlik mahsulotlari importi va eksporti nazoratini kuchaytirish, respublikadagi fitosanitariya holatini yaxshilash.

11.

Toshkent shahar markaziy karantin laboratoriyasi binosini kengaytirish va uni zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash.

2018-yil 1-avgustgacha

Oʻzdavkarantin, Toshkent shahar hokimligi

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Poytaxt karantin laboratoriyasi quvvatlarini oshirish, infratuzilmasini yaxshilash.

12.

Tumanlar va shaharlar dehqon bozorlarida oʻsimliklar karantini boʻyicha tumanlar va shaharlar inspektorlari uchun xonalar ajratish, shuningdek zararlangan mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya qilish) uchun 3 metr kub hajmgacha boʻlgan fumigatsiya kameralarini joylashtirish.

2018-yil 1-dekabrgacha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzdavkarantin

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari qarorlari.

Qishloq xoʻjaligi va oʻsimlik mahsulotlarini saqlash davrida zararli karantin organizmlar bilan zararlanish va uning kengayishining oldini olish, shuningdek, aholini sifatli va zararsiz mahsulotlar bilan taʼminlash.

13.

Oʻsimlik mahsulotlarini oʻtkazuvchi asosiy chegara punktlariga yaqin hududda maxsus zararsizlantiruvchi (fumigatsiya) kameralarni bosqichma-bosqich qurish, shu jumladan:

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Dovut-ota”, “Qoraqalpogʻiston”;

Andijon viloyatidagi “Dstlik”;

Buxoro viloyatidagi Olot”, “Xoʻja-Davlat”;

Namangan viloyatidagi “Uchqoʻrgʻon”;

Surxondaryo viloyatida “Ayritom”, “Quduqli”;

Sirdaryo viloyatidagi Sirdaryo”;

Toshkent viloyatidagi “Nazarbek”, “Oybek” “Yallama” “Najimov”, “Navoiy punktlari.

2018-2019-yillarda

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Moliya vazirligi, IIV, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston temir yoʻllari AJ, DBQ, DXXning Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzdavkarantin

Chora-tadbirlar dasturi.

Karantin-zararli organizmlar tarqalishining oldini olish, shuningdek, import va eksport qilinadigan oʻsimlik mahsulotlarini zararsizlantirish.

14.

Mavjud viloyatlararo yoʻl-patrul xizmati postlarida oʻsimliklar karantini boʻyicha postlar faoliyatini tashkil etish.

2018-yil yakuniga qadar

Oʻzdavkarantin,

IIV

Chora-tadbirlar dasturi.

Fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, karantin-zararli organizmlar tarqalishining oldini olish va bartaraf etish.

15.

Chegara zonalari hududida yogʻoch-taxta materiallar va karantin ostidagi boshqa mahsulotlarni (yogʻoch tagliklar, yogʻoch yashiklar va boshqalar) zararsizlantirish uchun maxsus termik kameralar qurish.

2019 yil 1-iyulgacha

Oʻzdavkarantin,

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, DBQ

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Yogʻoch va taxta materiallarni import va eksport qilish boʻyicha xalqaro fitosanitar standartlarning ijro etilishi ustidan nazoratni taʼminlash.

16.

Paxta tolasini eksportga yuklab joʻnatuvchi paxta terminallarida zararsizlantiruvchi (fumigatsiya) kameralarni qurish.

2019 yil 1-oktabrgacha

Oʻzpaxtasanoat AJ,

Oʻzdavkarantin, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari

Tashkiliy chora-tadbirlar. Eksport qilinadigan paxta tolasi va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zararsizlantirish boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlash.

III. OʻSIMLIKLAR KARANTINI BOʻYIChA DAVLAT XIZMATINI MALAKALI KADRLAR BILAN TAʼMINLASh

17.

2018 — 2020-yillarda oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati xodimlarini xorijiy davlatlarda qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

2018-yil 1-iyungacha

Vazirlar Mahkamasi, Oʻzdavkarantin, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

Vazirlar Mahkamasi qarori.

Oʻsimliklar karantini sohasidagi mutaxassislarning malakasini va professional darajasini oshirishni taʼminlash. Ularning bilim darajasini oshirish va amaliy koʻnikmalarini yaxshilash.

18.

Ilmiy-taʼlim muassasalarida oʻsimliklar karantini sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash.

2018-yil 1-iyulgacha

Oʻzdavkarantin, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi

Tashkiliy chora-tadbirlar.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatini malakali kadrlar bilan taʼminlash.

19.

Oʻsimliklar karantini va ularni himoya qilish boʻyicha Xalqaro Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar bilan idoralararo va davlatlararo aloqalarni oʻrnatish va mustahkamlash.

2018-2019 yillarda

Oʻzdavkarantin, Tashqi ishlar vazirligi

Xalqaro fitosanitar standartlar talablarining bajarilishini taʼminlash, oʻsimliklarning zararli karantin organizmlariga qarshi kurashishning samarali choralarini qoʻllash.

20.

Oʻsimliklar karantini boʻyicha tumanlar va shaharlar inspektorlari, avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt inspektorlarini ularning faoliyatini baholashning reyting tizimiga asosan Oʻzdavkarantin Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlash.

2018-yil 1-maygacha

Oʻzdavkarantin, Moliya vazirligi

Idoraviy hujjat.

Xodimlarni ragʻbatlantirish, yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish.

 LexUZ sharhi
7-ilova norasmiy tarjima.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2018-y., 07/18/3626/0957-son; 14.10.2020-y., 07/20/4861/1384-son)